Bugun muqobil energetika dunyo yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirishda tobora muhim o‘rin tutmoqda. Jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan inqirozli hodisalarga qaramasdan, muqobil energetika sohasiga va eng avvalo


Download 16.45 Kb.
Sana19.09.2023
Hajmi16.45 Kb.
#1680959
Bog'liq
2 dars maruza


Bugun muqobil energetika dunyo yoqilg‘i-energetika kompleksini rivojlantirishda tobora muhim o‘rin tutmoqda. Jahon iqtisodiyotida ro‘y berayotgan inqirozli hodisalarga qaramasdan, muqobil energetika sohasiga va eng avvalo, qayta tiklanadigan energiya manbalarini o‘zlashtirishga investitsiya sarflanayotgani kuzatilmoqda.
Atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologiya va energetika xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy vazifalarni hal etish, aholi turmush sifatini yuksaltirish, kelgusi avlodlar uchun qayta tiklanmaydigan uglevodorod energiya resurslari zaxirasini saqlash qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan asosiy omillardir. 
Prezidentimiz rahnamoligida energetika tarmog‘ini isloh qilish, muqobil manbalarni yanada rivojlantirish va ulardan foydalanishni kengaytirish hisobidan uning quvvatlarini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Chunonchi, ayni paytda ushbu yo‘nalishda quyosh energiyasidan foydalanishni kengaytirishni nazarda tutadigan muhim tashkiliy va amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilmoqda. Zero, O‘zbekistonda yiliga 320 kun quyosh charaqlab turadi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 1-martdagi “Muqobil energiya manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida mamlakatimizda qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish strategiyasi belgilab berilgan. Ushbu hujjatda dunyo tajribasi inobatga olingan holda, ilg‘or ilmiy-texnik darajadagi tadqiqot va tajriba-sanoat ishlanmalarini amalga oshirish, shuningdek, ushbu soha uchun zamonaviy uskunalar va yangi texnologiyalarni mamlakatimizda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish vazifalari belgilangan.
Bu borada Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etgan holda, quyosh va biogaz energiyasini qo‘llash bo‘yicha sinov va tajriba loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish, ushbu energiya turlarini ishlab chiqaruvchilar va ulardan foydalanuvchilarni rag‘batlantirish, ularga soliq va bojxona imtiyozlari, boshqa preferensiyalar taqdim etish, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasiga ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida fotoelektrik panellar ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona barpo etish, Samarqand viloyatida quyosh fotoelektrik stansiyasini qurish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2011-yilning mart oyida imzolangan O‘zaro anglashuv memorandumiga muvofiq, «Quyosh energetikasini rivojlantirish» xalqaro loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha doirasida quyosh energetikasini rivojlantirishning «yo‘l xaritasi» va mamlakatimizning turli hududlarida oltita quyosh elektr stansiyasi qurish uchun texnik-iqtisodiy asos ishlab chiqildi. Xususan, Samarqand viloyatida quyosh fotoelektrik stansiyasini barpo etish loyihasi tayyorlandi va yuqori samaradorlikka ega bo‘lgan yangi texnologiyalar asosida yana bir necha yirik quyosh elektr stansiyalarini qurish uchun maqbul bo‘lgan olti hududning quyosh radiatsiyasi quvvatlari taqsimotini belgilash ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2013-yil 1-martdagi qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining qator ilmiy muassasalari bazasida Xalqaro quyosh energiyasi instituti tashkil etildi. Xalqaro hamkorlikni kengaytirish asosida quyosh energiyasidan foydalanish sohasida ilmiy va eksperimental tadqiqotlar hamda innovatsion ishlanmalarni amalga oshirish, ilg‘or va iqtisodiy jihatdan samarali quyosh texnologiyalari va geliouskunalar asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlari va ijtimoiy sohada quyosh energetikasi salohiyatini amaliy qo‘llashga doir takliflar ishlab chiqish ushbu institutning asosiy vazifalaridir.
Noyob ilmiy obyekt – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi Materialshunoslik institutining Katta quyosh pechini modernizatsiya qilish va Xalqaro quyosh energiyasi institutini laboratoriya-o‘lchov priborlari hamda boshqa uskunalar bilan ta’minlashga texnik ko‘maklashish loyihasini hayotga tatbiq etish ishlari ham olib borilmoqda.
Yaqin yillarda Xitoyning yirik kompaniyalari investitsiyalari ishtirokida «Navoiy» erkin industrial-iqtisodiy zonasida fotoelektrik panellar, «Jizzax» maxsus industrial zonasida quyosh issiqlik kollektorlari ishlab chiqaradigan korxonalar tashkil etish rejalashtirilmoqda. 
Navoiyda Janubiy Koreyaning «Neoplant» kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 12 ming tonna texnik kremniy ishlab chiqarish quvvatiga ega zavod foydalanishga topshirildi. “Angren” maxsus industrial zonasi hududida “Shindong Enerkom” (Koreya Respublikasi) kompaniyasi ishtirokida kremniy ishlab chiqaruvchi ikkinchi zavod qurilishi nihoyasiga yetkazildi. Kelajakda ushbu mahsulot quyosh elektr stansiyalari uchun yuqori samarali fotoelektr quyosh panellari, issiqlik texnik va maishiy maqsadlarga mo‘ljallangan qurilmalar ishlab chiqarish uchun xomashyo manbai bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 
Mamlakatimiz olimlari turli maqsadlarga mo‘ljallangan geliotexnik qurilma va uskunalarni takomillashtirishga salmoqli hissa qo‘shmoqda. Xususan, suv isitish quyosh kollektorlarining yangi avlodi ishlab chiqildi. Ular hajman kichik bo‘lsa-da, yuqori darajada issiqlik ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yoqilg‘ini 35-40 foiz tejaydigan, energiya samaradorligi va yorug‘lik o‘tkazuvchanlik darajasi yuqori bo‘lgan istiqbolli insolyatsion tizimlar, olis aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha suvni chuchuklashtiradigan quyosh qurilmalari yaratildi. 
Bundan tashqari, mahalliy iqlim sharoitlariga moslashtirilgan yangi texnologiyalar ishlab chiqilib, ular asosida yuqori samarali quyosh fotoelementlari va modullari yaratildi. Fotoelektr batareyalari va quyosh kollektorlaridan iborat ko‘p funksiyali tizimlar yaratilishi hisobidan quyosh elementlari samaradorligini oshirishga erishildi. 
Yuqori haroratli materialshunoslik quyosh energiyasidan foydalanish ko‘lamini kengaytirishning yana bir muhim yo‘nalishidir. Bu boradagi ishlar Parkent tumanidagi Katta quyosh pechining o‘ziga xos imkoniyatlaridan foydalangan holda amalga oshirilmoqda. Mazkur yirik tajriba kompleksi «Fizika-Quyosh» ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Materialshunoslik instituti olimlariga mahalliy xomashyo asosida sanoat ehtiyojlari uchun maxsus sopol olish texnologiyasini yaratish, to‘qimachilik, elektrotexnik, kimyo, mashinasozlik, tibbiyot va neft-gaz tarmoqlari uchun sopol buyumlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi.
VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi institutlari tomonidan iste’molchilarga, birinchi navbatda, fermer xo‘jaliklariga muqobil energetika mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha qiymati 2,6 milliard so‘mlik shartnomalar imzolandi. Yarmarkada olisda joylashgan kichik aholi punktlari va fermer xo‘jaliklarida elektr energiyasini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan quyosh fotogeneratorlari, shuningdek, magistral sug‘orish kanallari va boshqa yirik suv oqimlarida barpo etiladigan mini-GESlarga katta qiziqish bildirildi. 
Yaqin yillarda asosan olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi 1300 umumta’lim maktabi va kasb-hunar kolleji quyosh kollektorlari bilan ta’minlanishi rejalashtirilmoqda. 600 dan ortiq qishloq vrachlik punktlariga energiya to‘playdigan qurilmali quyosh fotoelektrik panellari o‘rnatiladi. Ushbu ilg‘or texnologiyalarning keng qo‘llanishi samarasida yaqin vaqt ichida mamlakatimiz energiya tizimida ishlab chiqarilayotgan 2 milliard kilovatt-soat energiyani tejash, qariyb 2 million gigakaloriya issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu esa yiliga 250 million dollardan ortiq qiymatdagi energiya resursini iqtisod qilishni ta’minlaydi. 
Jahon tendensiyalari inobatga olingan holda, qayta tiklanadigan energiya manbalarini yanada rivojlantirish uchun maxsus ijtimoiy yo‘naltirilgan dastur va loyihalar, masalan, «quyosh yordamida isitiladigan 1000 qishloq uyi» loyihasini amalga oshirish, iste’molchilarga muqobil energetika uskunalarini xarid qilish uchun imtiyozli kredit mablag‘lari berish, ularni muayyan soliq turlaridan ozod etish, qayta tiklanadigan energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini xarid qilish uchun maxsus kafolatlangan imtiyozli tariflar, shuningdek, ushbu elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha elektr tarmoqlari uchun kafolatlangan majburiyatlarni belgilash, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida yangi ishlanmalarni rag‘batlantirish bo‘yicha maxsus fond tashkil etish maqsadga muvofiqdir.
Zero, bularning barchasi mamlakatimiz energetika mustaqilligini ta’minlash, umuman, iqtisodiy qudratimizni yanada yuksaltirish va Vatanimizni taraqqiy ettirishga xizmat qiladi.


R.Zohidov,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar 
akademiyasining Energetika va avtomatika 
instituti bo‘lim mudiri, akademik.
Download 16.45 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling