Burhoniddin marg‘inoniy


Download 13.65 Kb.
Sana19.06.2023
Hajmi13.65 Kb.
#1602428
Bog'liq
Burhoniddin al-Marg\'inoniy

BURHONIDDIN MARG‘INONIY

(1123–1197)

O‘rta osiyolik faqihlarning har biri o‘z ilmiy uslubi va yashagan davri sharoitiga qarab islom huquqi, ayniqsa, hanafiy mazhabi rivoji yo‘lida unutilmas xizmatlar qilib, o‘zlaridan barhayot asarlar qoldirganlar. Ular orasida Imom Marg‘inoniy yozgan qimmatli huquqiy kodeks «al-Hidoya» o‘z ixchamligi, mukammalligi, hanafiy mazhabini boshqa sunniylik mazhablari bilan qiyosiy uslubda o‘rganib, har tomonlama yoritgani uchun o‘ziga xos katta nazariy va amaliy ahamiyat kasb etadi.

«Al-Hidoya» asari sakkiz asrdan buyon hanafiy mazhabi bo‘yicha eng muhim va mo‘tabar qo‘llanma sifatida barcha musulmon mamlakatlari madrasalari va islom oliy o‘quv yurtlarida o‘qitilib kelinmoqda. Uning matni va qisqartmalari bo‘yicha mashhur faqihlar tomonidan 60 dan ortiq sharh va hoshiyalar yozilib, ushbu mazhabning tarqalishi yo‘lida ta’sirchan omil sifatida xizmat qilib kelgan.

«Al-Hidoya» fors, ingliz va rus tillariga tarjima qilinib, g‘arb olimlari uchun ham hanafiy mazhabini o‘rganishda muhim manba sifatida xizmat qilgan.

Imom Burhoniddin Abulhasan Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Farg‘oniy Marg‘inoniy 1123-yil hozirgi Marg‘ilon yaqinidagi Rishton tumanida tug‘ilib, 1197-yil Samarqandda vafot etgan.

Marg‘inoniy o‘z oilasi tarbiyasida o‘sib, yoshligidanoq tinimsiz ilm o‘rganib, davrining eng mashhur va iqtidorli olimlaridan dars olib, yuksak iste’dodi va izchil faoliyati tufayli hanafiy mazhabi bo‘yicha buyuk faqih va mujtahid darajasiga ko‘tarildi, shayxul-islom laqabiga sazovor bo‘ldi.

Burhoniddin Marg‘inoniyning fiqh ilmi bo‘yicha bunday yuksak darajaga ko‘tarilishida quyidagi omillar sabab bo‘lgan deyish mumkin:

Birinchidan, u yuksak iste’dod, o‘tkir tafakkur sohibi va ilmu fan shaydosi edi. Ilmu irfonga qiziqishi tufayli uzoq safarlarga borib, o‘sha davrning asosiy fanlarini o‘zlashtirdi. Avvalambor, fiqh ilmini o‘z otasidan, undan keyin Imom Bahouddin Ali ibn Muhammad ibn Ismoil Asbijobiydan (vaf. 1142 y.) o‘rgandi. (Asbijob hozirgi Sayram). Uning mashhur ustozlari Abdulaziz Marg‘inoniy, «Qozixon fatovosi»ning muallifi Faxruddin Abul Mafoxir Hasan ibn Mansur O‘zgandiy (vaf. 1196 y.), «al-Aqoid an-Nasafiya» kitobi va fiqh hamda boshqa shariat ilmlari bo‘yicha yuzga yaqin asarlar muallifi Najmuddin Abu Hafs Muhammad ibn Ahmad Nasafiy (vaf. 1143 y.), Sadrush-shahid Hisomuddin Umar ibn Abdulaziz ibn Umar ibn Moza (vaf. 1140 y.) va Saraxsiyning shogirdi bo‘lmish Abu Amr Usmon ibn Ali Boykandiy edi. Marg‘inoniy Abu Iso Termiziyning «al-Jome’» asaridagi hadislarni Qurashiyda zikr etilgan isnodlar bilan Abu Muhammad Said ibn Asaddan va Hasan ibn Ali Marg‘inoniydan o‘qib eshitgan. Hatto ayrim manbalarga ko‘ra, u o‘z ustozlaridan ancha yuqori darajalarga ko‘tarilgan edi.

Ikkinchidan, u yashagan davr Sharq uyg‘onish davri-ning birinchi bosqichi bo‘lmish IX–XII asrlarga, ya’ni, O‘rta Osiyoda jamiyat taraqqiyoti uchun fiqh ilmiga katta zarurat tug‘ilgan bir davrga to‘g‘ri keldi. Fiqh ilmi bo‘yicha u yozgan asarlar, ayniqsa, «al-Hidoya» asari o‘sha davr huquqiy muammolarini yechib berishga qaratilgan edi.

Uchinchidan, Marg‘inoniyning Imomi A’zam Abu Hanifa No‘mon ibn Sobit asos solgan hanafiy mazhabi, ya’ni huquqiy maktabiga mansubligi ham uning o‘sib, kamolot cho‘qqisiga ko‘tarilishi uchun katta omil bo‘ldi. Binobarin, Abu Hanifa shariatning uchta asosiy manbai (Qur’on, Sunna, ijmo)dan keyin, to‘rtinchi manba bo‘lmish ratsional manba, ya’ni, qiyosga boshqa mazhablarga nisbatan ko‘proq e’tibor qaratgani bilan ajralib turadi. Shuningdek, xalq ichida yoyilib, ularning hayotiga chuqur singib ketgan urf-odatlar hanafiy mazhabida huquqiy muammolarni hal qilishda qo‘shimcha manba sifatida kengroq ko‘lamda qo‘llaniladi.

Mazkur omillar, ayniqsa, hanafiy mazhabining ra’y va qiyosga tayangani Burhoniddin Marg‘inoniyga o‘z malakasini oshirib, islom huquqi falsafasining tub mohiyatini teran anglab olish va bu cheksiz jabhada erkin, bemalol fikr yuritish uchun munosib sharoit yaratib berdi. Manbalarda aytilishicha, Marg‘inoniy o‘sha davrda rasm bo‘lganidek, o‘z o‘qiganlarini daftarlarda qayd etib borgan ekan. Afsuski, ular bizgacha yetib kelmagan. Buyuk alloma umrining oxirlarida Samarqandda yashab, ijod etib, 1197-yili o‘sha joyda dunyodan o‘tgan. Shomiyning «Durr al muxtor»da yozishicha, ulug‘ faqih Samarqanddagi 400 ga yaqin Muhammad ismli faqihlar dafn etilgan Muhammadiylar qabristoni «Turbat al- Muhammadiyyin»da dafn etilgan ekan. Kotib Chalabiy, Abulhasanot Muhammad Abdulhay Laknaviy, «al-Hidoya»ning ayrim sharhlovchilari, «Islom ensiklopediyasi» ma’lumotlariga ko‘ra, quyidagi asarlar Burhoniddin Marg‘inoniy qalamiga mansub bo‘lib, tekshirishlar orqali ularning qo‘lyozmalari borligi aniqlangan:

1. «Nashr al-mazhab» (mazhab tarqalishi). 2. «Kitobu tanosik al-xos» (Manosik al-haj). 3. «Kitob fil - faroiz» (Meros bo‘yicha kitob). 4. «At-Tajnis va-l-maziyd» (Ikkita fatvolar majmuasi). 5. «Muxtorot an-navozil» (Majmu’ an-navozil). 6. «Maziyd fi furu’ al-hanafiya» 7. Imom Shayboniyning muhim asari bo‘lmish «al- Jome’ al-kabir»ga sharh. 8. «Bidoyat al-mubtadiy». 9. «Kifoyat al-muntahiy». 10. Imom Marg‘inoniyning shoh asari bo‘lmish «al-Hidoya».

Burhoniddin Marg‘inoniy «al-Hidoya» asarini yozishda o‘ziga xos uslub yaratdi. Uning har bir iborasi nihoyatda qisqa va muxtasar, fiqhiy hukmlarni ifodalovchi jumlalarning har biri bir umumiy qoida shaklida beriladi. Uning iboralari mo‘‘jaz, ya’ni, qisqa va sermazmun, so‘zlarining tarkibi puxta, nuqsonsiz bo‘lib, sun’iylikdan uzoq. U ko‘p zarurat sezmasa, sinonim so‘zlardan foydalanmaydi. Hashv va zavoidni (kerak bo‘lmagan ortiqcha so‘zlarni) ishlatmaydi. Uning yozish uslubi «sahli mumtani’» (oson, sodda, lekin uningdek qilib yozish ilojsiz).

Muallif «al-Hidoya»ni yozishda o‘ziga xos bo‘lgan qisqa so‘zlar, istilohlar (atamalar) va ixcham iboralarni ishlatadi. Ushbu iboralar «al-Hidoya»ga yozilgan ko‘p sharhlar va hoshiyalarda mualliflari tomonidan ko‘rsatib berilgan. Mazkur manbalarga asoslanib, Hoji Xalifa (Kotib Chalabiy), Shayx Abdulhaq Dehlaviy va Abdulhay Laknaviy o‘z asarlarida ularni izohlabo‘tganlar. Ulardan ayrimlari haqida to‘xtalamiz:

«Fi diyorino» (Bizning diyorimizda) deganda, u Movarounnahr mintaqasini nazarda tutadi.

«Qola mashoyixuno» (Bizning shayxlarimiz, ya’ni ustozlarimiz debdurlar) deganda, u Movarounnahr (Buxoro, Samarqand) olimlarini nazarda tutadi.

«Fiqh» so‘zi bilan esa, aqliy dalilni ifodalaydi. Masalan, «Va-l-fiqhu fiyhi», ya’ni ushbu masala haqida aqliy dalil quyidagidek...

Abu Su’udning yozishicha, «al-Hidoya» muallifi o‘z fikrini bildirmoqchi bo‘lganda «Qola al-abd az-zaif afo anhu» (bu ojiz banda – Xudo uni kechirsin – bunday deydi) iborasini ishlatgan. Lekin uning vafotidan keyin ayrim shogirdlari ushbu jumlani «Qola roziyallohuanhu» (Xudo undan rozi bo‘lsin, bunday deydilar) iborasi bilan almashtirganlar.

Muallif o‘zini xudbinlikdan saqlash maqsadida «men» so‘zini o‘z fikrini bildirishda ishlatmagan. Uning odatlaridan yana biri shundaki, nazarida ma’qul ko‘ringan mazhab dalilini asar oxirida keltiradi. Qozizoda Rumiy laqabi bilan mashhur bo‘lgan Zayniddin Shayx Muhammad Afandi «Natoijal afkor» kitobida yozishicha, muallif turli mavzular uchun dalil keltirish jarayonida eng kuchli dalilni hammasidan oxirida keltiradi. Bundan uning maqsadi, oxirgi so‘zni ilgari zikr etilgan matlablar uchun dalil sifatida qo‘llashdir.

Muallif ilgari zikr etilgan oyatga «bimo talavna» (tilovat qilganimizga binoan), hadisga «bimo rovayno» (rivoyat qilganimizga binoan) va ilgari keltirilgan aqliy, mantiqiy dalilga «bimo zakarno» (zikr etganimizga binoan) degan iboralari bilan ishora qiladi. Shuningdek, u «nass», ya’ni oyat yo hadis matnida kelgan illat, yo sababni tekshiriladigan masalani isbotlash uchun mantiqiy dalil qilib ishlatadi. U ko‘pincha aqliy dalilni naqliy dalildan keyin keltiradi. Tug‘ilishi mumkin bo‘lgan savol yo e’tirozga esa, «fain qiyla kazo, qulna kazo» (agar bunday deyilsa, biz bunday deb javob beramiz) iborasi bilan javob qaytaradi. U ko‘pincha, avval, Abu Hanifaning mashhur shogirdlari Abu Yusuf va Shayboniyning qarashlarini, so‘ngra dalilini keltiradi, undan keyin Abu Hanifaning fikrini zikr etib, uning dalilini shunday izohlab o‘tadiki, har ikkalasi uchun javob bo‘ladi. Muallifning yozish uslubi, u ishlatgan o‘ziga xos iboralar va atamalarni yaxshi bilib olishi «al-Hidoya»ni o‘qib, undan foydalanishga katta yordam beradi.

«Al-Hidoya» asarining yana bir xususiyati shundan iboratki, unda «ilm al-xilof» (dalilga qarshi dalil keltirish ilmi) orqali belgilab berilgan qoidalar keng ko‘lamda nazarda tutiladi. Chunki Marg‘inoniy ushbu fan sohasida ham katta olim va mutaxassis hisoblangan.

«Ilm al-xilof» faniga birinchi bo‘lib asos solgan alloma Abu Zayd Dabusiy edi. Burhoniddin Marg‘inoniy «al-Hidoya»da huquqiy muammolarni yechish jarayonida faqat asosiy mazhablargagina emas, balki Zohiriy va Avzo‘iy mazhablariga doir fikr-mulohazalarni ham o‘rni kelganda muhokama qiladi va har biri haqida o‘z nuqtai nazarini bildiradi. Shu nuqtai nazardan «al- Hidoya» «ilm al-xilof»ni keng ko‘lamda o‘rganish uchun ham muhim va e’tiborli manba hisoblanadi. Ayni holda uni hozirgi davrda yangi bir fan sifatida yuzaga kelgan «qiyosiy huquq»ning o‘ziga xos bir shakli, debqarash mumkin.

Marg‘inoniy fiqhiy nuqtai nazardan, huquqiy masalalarni izohlash jarayonida, ularning mashru’ (ravo, qonuniy) yoki nomashru’ (noravo, g‘ayriqonuniy) ekanligini naqliy dalillardan keyin, aqliy dalillar bilan yoritib o‘tadi. Ushbu nuqtai nazardan «al-Hidoya»ni islom huquqi falsafasi va keyingi davrlarda keng rivojlangan «huquq falsafasi» fanining manbalaridan biri deb e’tiborga olish mumkin.

Shunday qilib, Burhoniddin Marg‘inoniy yozgan to‘rt jildlik «al-Hidoya» kitobi sunniylik yo‘nalishida hanafiy mazhabi bo‘yicha bir muhim va mukammal huquqiy kodeks sifatida 55 dan ortiq kitob, yuzlab bobu fasldan tarkib topgan bo‘lib, meros huquqidan tashqari, islom huquqining barcha sohalarini qamrab oladi.

Burhoniddin Marg‘inoniyning shoh asari «al-Hidoya» eng mo‘‘tabar huquqiy qo‘llanma sifatida sakkiz asrdan buyon butun islom dunyosi, ayniqsa, Markaziy Osiyo mamlakatlari, Hind yarim oroli, Turkiya va ko‘p arab mamlakatlari uchun eng muhim va ishonchli manbalardan biri vazifasini o‘tab kelmoqda.

«Al-Hidoya» Misr Arab Respublikasidagi eng qadimiy «al-Azhar» universiteti va islom olamidagi boshqa mashhur dorulfununlarning o‘quv dasturlariga kiritilgan. Bu ulug‘ kitob qonun tuzish tizimini rivojlantirish uchun asosiy manbalardan biri sifatida qo‘llanib kelinmoqda. Afg‘oniston va Hind yarim orolida «Kanz» va «al-Quduriy» kitoblaridan keyin, «al-Hidoya»ni yetuk ustozdan o‘qib tamomlamagan tolib haqiqiy fiqh olimi hisoblanmaydi.

«Al-Hidoya» Sharqiy Hindiston shirkati tasarrufidagi Bengaliya viloyati mahkamalari uchun 1776-yil G‘ulom Yahyoxon tomonidan fors tiliga tarjima qilinadi. Ushbu tarjima 1807-yil Kalkutta shahrida chop etilgan. Taajjubli joyi shundaki, «al-Hidoya» birinchi marta arab yoki fors tilida emas, balki Charls Xamelton tarjimasi asosida ingliz tilida 1791-yil Londonda nashr etilgan. Ushbu 4 jildlik tarjima juda qimmat va noyob bo‘lgani uchun 1870-yil S.G.Gariyning nazorati ostida yangi bir jildlik holda chop etilgan. Oxirgi marta inglizcha tarjimasi 1982-yil Lohurda bosmadan chiqqan.

N.I.Grodekov «al-Hidoya»ni inglizcha tarjimasidan rus tiliga o‘girgan va u 1893-yil Toshkentda nashrdan chiqqan. Olmoniyalik olim Ekart Shiyvak to‘plagan ma’lumotlarga ko‘ra, «al-Hidoya»ning mashhur nashrlari quyidagilardan iborat: arabcha asl matni 1818-yil Kalkuttada, so‘ngra Bombay, Laknav, Kavnpur, Dehlida chop etilgan. XIX asrda Qohirada, shu asrning oxirida (1888 y.) Qozon shahrida bosilgan. Uning birinchi tanqidiy matni 1908-yil Qohira shahrida nashr etilgan va eng yangi tanqidiy matni ham 1980-yili Qohirada nashrdan chiqarilgan.

«Al-Hidoya»ning ruscha tarjimasi nusxalari kamayib, yo‘qolish darajasiga yetgan edi. Shu sababli 1994-yili professor Akmal Saidov tomonidan «O‘zbekiston» nashriyotida uning birinchi jildi katta adadda nashr qilinishi muhim va xayrli ish bo‘ldi. Asarning boshqa jildlarini nashr etish ham nazarda tutilgan.

«Al-Hidoya» arab tilidan o‘zbek tiliga taniqli olim Salohiddin Muhiddinov rahbarligida bir guruh yosh olimlar tomonidan tarjima qilinib, uning birinchi jildi 2000-yil «Adolat» nashriyotida bosmadan chiqarildi. Kitobning boshqa jildlari ham nashrga tayyorlanmoqda. «Al-Hidoya» faqat islom huquqshunoslari uchun emas, balki Fapb huquqshunos olimlari uchun ham juda e’tiborli huquqiy manba sifatida xizmat qilib kelmoqda. 1958-yili Majid Hadduriy va Hebert J.Libesni tomonidan nashr etilgan «Islomda huquq» nomli kitobda «al-Hidoya»dan foydalangan. Kitob mualliflari fikricha: «Burhoniddin Marg‘inoniy yozgan «al-Hidoya» asari hanafiy mazhabi huquqshunosligining kengayib, rivojlanishini boshqa barcha asarlarga nisbatan ko‘proq va yaxshiroq bayon qilgan. Ushbu asarni o‘qigan har bir kishi shuni bilib olishi mumkinki, muallif juda ko‘p o‘rinlarda o‘z mustaqil fikru aqidasini ilgari surish va takomillashtirishga harakat qilgan. Kitobni yozishdan ham uning asosiy maqsadi shu bo‘lgan». Burhoniddin Marg‘inoniyning nomi mustaqillik yillarida ham e’zozlanib 2000-yilda olim tavalludining 900-yilligi nafaqat respublika, balki xalqaro YUNESKO tashkiloti bilan hamkorlikda keng k o‘ lamda nishonlandi. 2000-yilda Marg‘ilon shahri va Rishton tuman markazida faqihga bag‘ishlab xiyobonlar tashkil etildi. Ushbu shaharlardagi markaziy ko‘chalar buyuk faqih nomi bilan ataladigan bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan «Burhoniddin Marg‘inoniy» fondi ta’sis etildi. Shuningdek, Islom Karimov taklifi bilan u kishiga berilgan «al-Hidoya» asarining eng qadimgi nusxasi 2003-yil Toshkent islom universitetining manbalar xazinasiga topshirildi. Hozirda mazkur qo‘lyozma nusxasi asosida «al Hidoya»ning o‘zbek tilida yangi nashrini tayyorlash ustida ishlar olib borilmoqda.


Ilhom Bekmirzayev
Download 13.65 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling