Buxoro atrofidagi qizbibilar, ayol avliyo va qadamjolar
Mavzuning o’rganilish darajasi
Download 398.89 Kb.
|
Buxoro atrofidagi Qizbibilar, ayol avliyo va qadamjolar (1)
- Bu sahifa navigatsiya:
- Kurs ishining maqsadi va vazifasi
- Kurs ishining tuzilishi
Mavzuning o’rganilish darajasi: “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida’’gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Buxorodagi moddiy madaniy merosning ob’ektlarining milliy ro‘yxati e’lon qilingan. Shunga muvofiq Buxoro shahrida 448 ta moddiy madaniy merosning ob’ektlari mavjud. Arxeologiya yodgorliklari sifatida Karvonsaroy va Hammom qoldiqlari (XIV — XVI) asrlar va Tali Murda Partau (IV — XII asrlar) ikkita yodgorliklar mavjud. Buxoro eng qadimiy shaharlardan biri bo‘lib, YUNESKOning Butunjahon me’moriy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Turli davrlarda bunyod etilgan nafis san’at va me’morchilik durdonlaridan iborat shahar 1997 -yilda o‘zining 2500 yilligini nishonladi.Buxoro atrofidagi Qizbibilar,ayol avliyolar haqida Sadriddin Salim Buxoriy “Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari”,Jo’rayev M,Saidova P “Buxoro afsonalari “, Yo’ldoshev N “Buxorodagi ayrim avliyolar tarixi “,Sh.Bobojonov “Sharif shahar yodgorliklari “kabi asarlarida qiziqarli va muhim ma’lumotlarni keltirib o’tgan.
Kurs ishining maqsadi va vazifasi: Yuqorida keltirib o‘tilgan fikrlar ilmiy ish mavzusining g‘oyat dolzarbligidan dalolat beradi. Kurs ishining maqsadi ham ana shulardan kelib chiqadi. Ushbu tadqiqot o‘z oldiga quyidagi vazifalarni qo‘yadi: - Bibi Mahsumaipok mozori va u haqida keltirilgan rivoyatlarni o’rganish; - Childuxtaron ziyoratgohi haqida ma’lumotlar to’plash va ularni tadrijiy o’rganish; - Qizbibi majmuasini boshqa ziyoratgohlarga o’xshash va farqli jihatlarini o’rganish. Kurs ishining tuzilishi: kirish, 3 bo’lim, xulosa, foydalanilgan adabiyotlar va ilovadan iborat. 1.Bibi Mahsumaipok ziyoratgohi va u haqida rivoyatlar Bola talab ayollarning ham sig’inadigan Muqaddas joylari bo’lgan. Tuya kajavasida ketayotgan Bibi Robiya Allohdan yagona tilak — farzand soʻraydi. Jannatmonand yurt Buxoroga yetib kelganda 21 yil intiqib kutilgan farzand Bibi Masturaxon dunyoga keladi. Yoshligidan bilim va ilmga chanqoq qizaloqning yana bir xislati voqealarni oldindan koʻrish edi. Buni sezgan ota-onasi uni koʻchaga chiqarmaslikka, yomon koʻzdan asrashga harakat qiladi. Ota onasining vafotidan soʻng Bibi Masturaxon, yaʼni Qizbibi hozirgi Jondor tumanida, Buxorodan 30 chaqirim narida qamishdan chaylalar yasab, atrofiga qizlarni toʻplab oʻqita boshlaydi1. Shikorga chiqqan Amir Farrux chaylani koʻrib, qiziqib bu yerga keladi va saboq olayotgan qizlarni koʻrib, unda madrasa bunyod etish fikri tugʻiladi. Yerni qazib, xumdonlar yasab, pishiq gʻishtdan hozir Qizbibi nomini olgan masjid oʻrnida madrasa bunyod etiladi, qizlarning yashab, saboq olishlari uchun hovlini aylanasiga hujralar quriladi. Qizbibi keyinchalik homiysi Amir Farruxga turmushga chiqadi va ikkita farzand koʻradi. Bir rivoyatda ikki oʻgʻil, boshqasida bir qiz, bir oʻgʻilli boʻlgan deyiladi. Qizlar Amir Farruxni Ogʻoyi buzruk, yaʼni arab tilida avliyolar ulugʻi deb atashgan. Chunki u juda ilmli boʻlgan. Buxoro taxti asrlar davomida talash boʻlgan. Mir Arab gʻoyibdan Qizbibiga oshiq boʻlgani va Buxoro ahliga savol yoʻllagani haqida taxminlar mavjud2. Savolga olimu ulamolar javob bera olmaydi, shunda saroy ayonlaridan biri Buxoro xonligining chekkasida, choʻlda bir olima yashashini, bu savollarga faqat u javob bera olishini aytadi. Ikkita chopar yoʻlga chiqadi. Bu paytda Qizbibi savollarga javob yozib xizmatkori Halim Chori boboga beradi va “Podshoni choparlari otdan tushib oʻtirishmasin, savollariga javob mana shu” deydi. Choparlar hayron boʻlganicha, javobni olib ortga qaytishadi va boʻlgan voqeani podshoga aytishadi. Podsho voqeani eshitib hayrati oshadi va Qizbibini ustoz sifatida tan oladi. Oʻsha paytda Qizbibining turmush oʻrtogʻi vafot etganiga 4 yil boʻlgandi. Podsho gʻoyibdan Qizbibiga oshiq boʻlib, unga sovchi yuboradi. Chori bobo ularni madrasa ostonasida kutib olib, Qizbibining javobi tayyor ekanligini “U bir marta turmush qurib, qayta erga chiqmasligini, bundan tashqari podsho uni “ustozi” deb tan olgan ekan, shogirdi bilan birga yashay olmasligini, men u kishiga nomahram”, degan soʻzlarini yetkazadi3. Buni eshitgan podsho gʻazablanib, sovchilarni qayta joʻnatadi va “oshiq yosh yoki qari boʻlsin oshiqligicha qoladi” degan gaplarini Qizbibiga yetkazishni buyuradi. Choparlar hali kelib ulgurmasidan Chori bobo yana ularga peshvoz chiqib, “Qizbibi aytdilar, zudlik bilan ortga qaytar ekansizlar, chunki podshoi olam jon talvasasida, uni tirik koʻrishga ulgurmasligingiz mumkin” deydi. Sovchilar kulib, “axir biz xayrlashganimizda podsho soppa-sogʻ” edilar, deyishadi. Ortga qaytgan sovchilar haqiqatan ham yosh podshohni vafot etganidan xabardor boʻlib, hayron qolishadi. Podsho tuproqqa qoʻyilgach, vaziru ulamolar “Qizbibi yosh podshohimizni jodu qilib oʻldirdi, borib qizlarni bandi qilinglar, madrasani esa kulini koʻkka sovuringlar” deya askarlarni joʻnatishadi. Bundan gʻoyibdan xabar topgan Qizbibi Halim Chori boboga qirqta qizlarni olib choʻlga qochishga buyuradi. Oʻzi esa ikkita shogirdi bilan ichkariga berkinib, “Ey Allohim biz jonimizni haqqa topshirdik, omonatimizni qabul qilgin” deya iltijo qilishadi va madrasa xuddi bu yerda hech kim yashamagandek qarovsiz holatga kelib qoladi4. Rivoyatlarda turli xil vaziyatlar keltiriladi. Bittasida Qizbibi oʻzining ikki shogirdi bilan bir birini yuvib kafanlangan desa, ikkinchisida oʻsha hujrada toʻsatdan gʻoyib boʻlishgan, deyiladi. Podsho askarlari madrasaga kelib, huvillab yotgan maskanni koʻrib, hech kimni topa olmagach, qizlarni choʻlga qochgan deya gumon qilib, orqalaridan quvishadi. Bu orada Halim bobo dashtdagi toshlar orasida bir gʻorni koʻrib, qizlar unga kirishi bilan, gʻorning ogʻzi yopiladi5, Halim boboning yonida esa oʻn oʻnbeshta qoʻy paydo boʻlib, u choʻpon holida gʻorning oldida oʻtiradi. Askarlar uni ushlab, soʻroqqa tutishadi. Shunda Halim bobo: “Men butun umr shu yerda yashab, choʻponlik qilaman, ammo na bu yerda, na qarovsiz madrasada bir necha yildan buyon biron zot yashaganini koʻrganim yoʻq. Siz koʻrgan qizlar farishtalar boʻlgan” deganidan soʻng, jangchilar ichida Qizbibining oldiga kelib ketgan choparlar “ U koʻrmay turib podshoni savoliga javob berdi, hali kelmasimizdan uning oʻlganini aytdi, haqiqatdan ham bu ayol va qizlar yo avliyo yoki farishta boʻlsa kerak” deya ortga qaytishadi. Bobo vafot etgach, shu madrasa poyiga dafn etilgan. Mazkur rivoyat, Jondor tumani “Romish” MFYdagi aholining aksariyatida ogʻizdan-ogʻizga koʻchib kelmoqda6. Tarixiy manbalarga koʻra mazkur joy bilan bogʻliq bir necha rivoyatlar mavjud. Ularning bir nechtasi “Qizbibi” jomeʼ masjidi imom xatibi Asqad Rahmonov tomonidan toʻplangan. Birinchi qadimiy rivoyatga koʻra, Qizbibi Sulaymonning qizi hisoblanadi7. Ikkinchi rivoyat boʻyicha, Qizbibi xonaqohi Buxorodagi Mir Arab madrasasi bilan bir paytda, yaʼni XVI asrning 30-yillarida barpo etilgan va madrasani qurgan quruvchi tomonidan Qizbibiga yuborilgan sovchilik muvaffaqiyat qozona olmagan. Ushbu maʼlumotni “Mazhar al-ajoyib va majmua al-gʻaroyib” (Ajoyib voqealar majmuasi) asari muallifi tasdiqlaydi. Naqshbandiya tariqati mahalliy tarmoqlaridan birining murshidasi Masturaxonim yoki Ogʻoyi Buzruk ushbu mansabni Shayx Shodi Gʻidyuti va uning rafiqasidan soʻng egallaydi. U bobosi va otasi tarafidan murshid(a)lik ruhida tarbiyalanadi. Uning muridlari orasida erkak va ayollar, jumladan, Moʻgʻul – xonim (yoki Oysha-xonim), yaʼni Boburning opasi – Shayboniyxonning rafiqasi ham bor edi. Qizbibi hijriy 929-yil 16 ramazonda, milodiy 1523-yil 30-iyulda vafot etadi8. Uchinchi rivoyat Mirzo Sharif bilan Bibi Sharifaning turmush qurgani toʻgʻrisida xabar beradi. Bibi Sharifa yaqin orada qiz koʻrishini va u qiz 14 yoshgacha ota-onasi bilan birga yashashini, soʻngra ota-ona uyini tark etib, olima boʻlishini, soʻngra esa “Ogʻoyi Buzruk” degan joyga borib, u yerda Xudo va odamlar oʻrtasida vositachilik qilib umrguzaronlik qilishini bashorat qiladi. Darhaqiqat, dunyoga kelgan Bibi Hanifa ismli qiz 14 yoshida savod egallab, onasi bashorat qilgan joyga kelib oʻrnashadi va oʻzini ibodat va tabobatga bagʻishlaydi. Kunlarning birida u hujralardan biriga kirib, yoʻqolib qoladi. Ayollar har juma kuni muayyan bir joyga uning uchun suv, qatiq va taroq olib kelishgan. Qizbibi hech kimga koʻrinmay, yuvingan. Bir soʻfiy Qizbibi bilan odamlar oʻrtasida vositachilik qiladi. Bu soʻfiy keyinchalik xonaqoh binolarining birida dafn qilinadi9. “Qizbibi” yoki Ogʻoyi Buzruk ayollar xonaqosi Buxoro viloyati Jondor tumanida, Buxoro shahridan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan. Maydoni 0,5 gektar. Majmua binolari asosan XIX asr davomida qad koʻtargan va toʻrt hovli atrofida joylashgan. Qishgi va yozgi xonalardan tashkil topgan ulkan gumbazli masjid-xonaqoh baland boʻlib, majmuani birlashtirib turadi. Uning silliqlangan gʻishtlar bilan bezatilgan mahobatli peshtoqli old tomoni Sharqqa, Qizbibi mozoriga qaragan. Kichik peshtoqli Shimoliy old tomoni uch tomondan hujralar bilan oʻralgan ibodatxona hovlisi bilan tutash. Hujralarda oʻchoqsimon pech va tashnov mavjud boʻlib, ular ziyoratchilarning bu yerda uzoq muddat istiqomat qilishiga moʻljallangan. Xonaqohning Janubiy qismiga ziyoratchilarning qisqa muddatli turishiga moslashtirilgan darvozaxonali hovli tutashtirilgan. Qibla devorda, mehrobning ikki tomoni boʻylab, shifobaxsh suvli quduqqa chiqadigan ikki eshik oʻrni boʻlgan. Ushbu qismda hammom va tahoratxona qurilgandan soʻng, eshiklar oʻrni suvab tashlangan10. Qizbibi mozori taxminan XVIII asr oxirlarida ikki xilxonali etib qurilgan maqbaraga ega. Uning yagona bezakli binosi hisoblangan ayvon keyinroq masjid-xonaqohning bosh peshtoqiga qaratilib qurilgan. Ayvon oynali yogʻoch oʻymakorlik uslubi bilan bezatilgan. Bezaklar saqlanmagan. Ayvon tagida qora-kulrang marmar qabrtosh mavjud. Uning shakli noanʼanaviy, yaʼni oʻrtasi teshik toʻrtburchak toshtaxta koʻrinishida. Qabrtoshda quyidagi mazmundagi yozuv mavjud: “Bu xushboʻy, nurafshon maqbara Ogʻoyi Buzruknikidir. Kamtarin qul Niyoz Muhammad kotib yozdi. Hijriy 1223 [milodiy 1808] yil”. Maqbaraning Shimoliy devori oldida panjali tugʻ qad koʻtarib turibdi. Panjada “Hijriy 1227-yil” degan yozuv mavjud11. Qizbibi maqbarasining Janubida mozorga oʻtishni maxsus qiyinlashtiradigan bir qancha imoratlar barpo etilgan. Shuningdek, bu yerda mehmonxona, ayollar masjidi va hovlichalar boʻlgan. Ularning maqbaradan tashqari barchasi XX asrning 30-yillarida buzib tashlangan. Maqbara va xonaqohning ayollarga moʻljallangan qismiga erkaklar hech qachon kirmagan. Bu odat hozirgacha saqlanmoqda. Majmuani Shimoliy sharq tomondan oshxona yoki halimxona va xoʻjalik hovlisi oʻrab turadi. Bu yerda koʻplab oʻchoq va tandirlar joylashgan. Shuningdek, uy-roʻzgʻor anjomlari, jumladan, halisa (halim) tayyorlash uchun katta qozonlar saqlangan. Nomi bizga nomaʼlum saxovatpesha shaxs tomonidan 1913-1914-yillarda majmuaning ayollar qismi va oshxona quriladi. Buning uchun majmua yaqinida xumdon qurilib, unda “saldoti”, “yevropacha” deb atalgan mashhur toʻgʻri burchakli gʻishtlar pishirilgan. Xonaqohning tashqi tarafida, bosh kirish joyiga yaqin yerda joylashgan binoda devorga zanjirband qilingan ruhiy xasta kishilar saqlangan12. XX asrning 80-yillari boshlariga qadar xonaqohning yarmidan koʻpi koʻchuvchi qumlar ostida qolib ketgan edi. Shunga qaramay, bu joy atrof qishloqlar aholisi oʻrtasida ziyoratgoh sifatida mashhur boʻlib qolaverdi. Afsonalar pardasi ortidagi “Qizbibi” mana shunday tarixga ega. Bugungi kunda Qizbibi qabri farzand, baxt talablar, ishlari yurishmagan, uzoq safarga ketadigan ziyoratchilar ixlosidadir. Ziyoratgoh atrofi obodonlashtirilib, respublikamiz va xorijdan sayyohlarni jalb qilish uchun ushbu betakror, oʻziga xos tarixga ega, afsonalar pardasi bilan oʻralgan majmuani kengroq targʻib etish lozim. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligining 2018-yil 21-apreldagi Buxoro viloyatidagi sayyohlarni jalb qilish jihatidan yuqori salohiyatga ega boʻlgan moddiy madaniy meros obyektlari va ziyoratgohlarda amalga oshiriladigan ishlarning tarmoq jadvali ishlab chiqilgan boʻlib, mazkur “Qizbibi” ziyoratgohini ham mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan13. Download 398.89 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling