N.D.Kondratyevning 30-yillarda ilmiy-texnika o'zgarishlariga asoslangan «uzun
to'lqinlar» nazariyasi mavjud. Shuningdek, amerikalik olim R.Vernonning (XX asr
o'rtalari) eksport tovarining hayot sikli to'g'risidagi g'oyasi ham yangiliklarning
diffuziyasi va texnologik determinizm bilan bog'liq.
Diffuziya (fizik atama bo'lib), singish va tarqalish xususiyatiga ega bo'lgan
holatdir. Birinchisida yangilikning amaliy tatbiq doirasi asta-sekin singib boradi,
ikkinchisida esa bu birin-ketin sodir bo'ladi, yangilik biridan ikkinchisiga ko'chadi.
Xuddi shu xususda amerikalik iqtisodchi M. Porterning (1993) markazdan chetga
kashfiyotlarning, yangi texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarining
ko'chishi, bir mamlakatdan ikkinchi, uchinchiga va h.k. darajalarga kaskadsimon
o'tishi, migratsiyasi haqidagi ilmiy ishlanmalari ham bor.
Sobiq Ittifoqning parchalanishi va mustaqil davlatlarning paydo bo'lishi bilan
geosiyosiy vaziyat o'zgardi. Ana shunday sharoitda chegara atrofi mintaqalarini
o'rganish, «Markaz-chekka» (perifiriya) munosabatlarini tadqiq qilish masalalari ham
ishlab chiqarishni tashkil etish bilan bevosita aloqadordir.
Jahon xo'jaligi tizimi (bu tushuncha asoschisi amerikalik I. Vallerstayn),
uning taraqqiyotidagi sikllar davriy, tarixiy xususiyatga ega. Bunday yondashuvni tik
emas, gorizontal, ya'ni geografik jihatdan ham qo'llash mumkin. Natijada, iqtisodiyot
rivojlanishining hududdan-hududga o'tishi, bizning iboramizda «geografik konveyr»
yoki estafeta ko'z oldimizga keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |