Inqilobning boshlanishi.
Vaziyat inqilob yuz berishining oldini olishni talab etardi. Shunday sharoitda Lyudovik XVI 1694- yildan beri chaqirilmay qo`ygan General shtatlarini 1789- yilda qayta chaqirdi.
Barcha tabaqalarga General shtatlarga o`z talablarini yozma ravishda topshirish huquqi ham berildi. Qirol bo`shab qolgan mamlakat xazinasini to`ldirish uchun yangi soliqlar joriy etilishini va General shtatlar uni tasdiqlashi zarurligini ma'lum qildi. Biroq uchinchi tabaqa yuqori imtiyozli tabaqalarning mol-mulkini soliqqa tortishni talab qildi. Oqibatda parlamentda bo`linish yuz berdi. Parij aholisi uchinchi tabaqaning talabini qo`llab-quvvatladi. 1789- yilning 17- iyunida uchinchi tabaqa deputatlari o`zlarini butun millat vakillari deb e'lon qildilar. Shuningdek, yangi parlament - Milliy Kengash tuzdilar.
9- iyulda Milliy Kengash o`zini «Ta'sis majlisi» deb e'lon qildi. Xalq qurollana boshladi. 14- iyul kuni Fransiya mutlaq monarxiyasining tayanchi Bastiliya (davlat turmasi) egallandi. Qattiq qo`rqib ketgan Lyudovik XVI yon berishga majbur bo`ldi. U Ta'sis majlisining qonuniyligini tan oldi. Poytaxtda hokimiyat inqilobchilar vakillaridan tuzilgan Parij Kommunasi (Parij Kengashi) qo`liga o`tdi. Shu tariqa Fransiyada mutlaq monarxiya quladi. Hokimiyat tepasiga yirik burjuaziya - savdo-sanoat burjuaziyasi keldi. Bu burjuaziya Buyuk Britaniyadagidek cheklangan monarxiya tarafdori edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |