Abituriyentlar orasida kirish imtihonlarida xorijiy til fanidan maksimal ball olish imkonini beruvchi til sertifikatlariga qiziqish ortib bormoqda.
Davlat test markazi Chet tilini bilish va egallash darajasini baholash boshqarmasi bergan ma'lumotga ko‘ra, 2019/20 o‘quv yili avvalida OTMlarning bakalavriat ta'lim yo‘nalishi uchun hujjat topshirgan 1 066 926 nafar abituriyentning 11 250 nafarida chet tili bo‘yicha imtiyoz beruvchi sertifikat bo‘lgan.
Mazkur sertifikatlarning asosiy qismini IELTS va DTM imtihoni asosida beriladigan CEFR milliy sertifikati tashkil qilgan.
DTMda ingliz tilidan tashqari yana 13ta til uchun imtihon asosida milliy sertifikat berish tizimi bor.
Imtiyoz uchun talab qilinadigan daraja
2020/21 o‘quv yilidan boshlab, fanlar majmuasiga chet tili kiritilgan bakalavriat ta'lim yo‘nalishlaridan birini tanlagan abituriyent imtiyoz olishni xohlasa, til bo‘yicha B2 va undan yuqori darajadagi sertifikatga ega bo‘lish talab etiladi.
Agar abituriyent V2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lsa, unga ushbu fandan belgilangan maksimal ball beriladi.
O‘tgan yil bilan solishtirganda
2019/20 o‘quv yilida chet tili birinchi fan bo‘lgan ta'lim yo‘nalishlari uchun DTM tomonidan berilgan chet tilini bilish to‘g‘risidagi sertifikat (milliy sertifikat) yoki IELTS (5,5), TOEFL IBT (72 ball) xalqaro imtihon tizimlari bo‘yicha V2 va undan yuqori til bilish darajasi talab qilingan.
Chet tili asosiy fan bo‘lmagan ta'lim yo‘nalishlari uchun esa mos ravishda IELTS imtihonidan 4,5, TOEFL IBT’dan 42 ball, SEFR imtihonidan V1 va undan yuqori daraja so‘ralgan.
«Barcha tillar uchun B2 daraja zarur va istisnoli holat mavjud...»
2019 yil 13 maydagi prezident qaroriga binoan, 2020/21 o‘quv yilidan boshlab, test sinovlari majmuasiga chet tili kiritilgan barcha bakalavriat yo‘nalishlari uchun sertifikatdagi til darajasi bir xil (birinchi, ikkinchi fanga qarab darajalanmaydi) etib belgilangan.
Bunda barcha bakalavriat yo‘nalishlariga ingliz tili uchun milliy sertifikat yoki IELTS (5,5), TOEFL IBT (72), Cambridge Assessment English FCE uchun V2 va undan yuqori daraja talab etiladi.
Lekin istisnoli holat shundaki, 2019 yilga qadar DTMdan olingan milliy sertifikatning amal qilish muddati ushbu sertifikatning amal qilish muddati davrida saqlab qolinishi ham qarorda ko‘zda tutilgan.
Bu degani 2019 yilga qadar DTM tomonidan berilgan V1 darajadagi milliy sertifikat (amal qilish muddati tugamagan bo‘lsa) ham abituriyentga kirish imtihonida imtiyoz berishi mumkin.
DTM matbuot xizmati xodimi Jamshidbek Odilovning avvalroq Kun.uz`ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, bu istisno xalqaro sertifikatlarga nisbatan qo‘llanmaydi. Chunki xalqaro sertifikatlar ilk marta 2019 yildan milliy OTMga kirish uchun imtiyoz sifatida tan olindi. Shuning uchun 2019 yildan oldin olingan B1 darajadagi xalqaro sertifikatlarning imtiyozi 2020/21 o‘quv yili uchun imtihonda abituriyentga maksimal ball bermaydi.
Ya'ni barcha tillar bo‘yicha xalqaro sertifikatlarning darajasi muddatidan qat'i nazar, B2 darajada bo‘lishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |