G‘avvoslar kiyimining birinchi ko‘rinishi
Leonardo - insonning suv ostida uzoq muddat qolishi imkoniyatlarini o‘rgangan birinchi olim emasdi. Masalan, Leon Battista Alberti Nemi ko‘li tubidagi ayrim Rim kemalarini yuzaga olib chiqishni rejalashtirgan. Leonardo esa quruq rejalardan ancha o‘zib ketdi. U suv o‘tmaydigan teridan tayyorlanuvchi g‘avvoslik kiyimi loyihasini yaratgan. Mazkur kiyimda g‘avvosning suv yuzasiga chiqishini osonlashtiradigan, ichi havo bilan to‘ldirilgan katta ko‘krak cho‘ntagi bo‘lishi kerak edi. Leonardoning g‘avvosi nafas olish uchun egiluvchan naycha bilan ta'minlangandi. Mazkur naycha uning shlemini suv yuzasidagi suzuvchi qubba bilan bog‘lab turgan.
Vertolyotning "bobokalon"i
Ma'lumki, Leonardo da Vinchi, shuningdek, hozirgi vertolyotlarning "bobokalon"i chizmalarini ham ishlab chiqqan. Uning loyihasiga ko‘ra, parrak radiusi 4,8 metrni tashkil etishi kerak edi. U metall hoshiya va kanop surpdan qilingan qoplamaga ega bo‘ladi. Parrak o‘q atrofida aylangan va odamlar tomonidan harakatga keltiriladi. «O‘ylashimcha, agar bu parrakli mexanizm puxta tayyorlansa, ya'ni mato kraxmallangan (yirtilib ketmasligi uchun) bo‘lsa va tez aylantirilsa, u holda mashina havoda bemalol turib, balandlikka uchib chiqa oladi», - deb yozadi da Vinchi.
O‘zi harakatlanadigan arava
Leonardoning mashhur suratlaridan birida avtomobilning qadimgi ishlanmalari aks etgan. O‘zi harakatlanadigan arava murakkab arbalet mexanizmi yordamida oldinga siljishi lozim bo‘lgan. Bu mexanizm rulga birlashtirilgan qurilmalarga energiya yetkazib berishi ko‘zda tutilgan. Orqa g‘ildiraklar differentsiyalangan uzatmalarga ega bo‘lib, ular mustaqil ravishda harakatlana olgan. To‘rtinchi g‘ildirak rul bilan birlashtirilgan bo‘lib, uning yordamida aravani boshqarish mumkin edi. Dastlab mazkur transport vositasi qirollik saroyi ahlining vaqti chog‘ligi uchun mo‘ljallangan va o‘rta asrlar hamda Uyg‘onish davri muhandislari tomonidan yaratilgan o‘zi harakatlanuvchi boshqa mashinalar jumlasiga kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |