I taliyalik buyuk rassom va haykaltarosh Leonardo da Vinchiga dunyoni hayratda qoldirish uchun birgina "Mona Liza"ning o‘zi kifoya qilgan edi. Lekin Leonardoning olamni anglashga bo‘lgan qiziqishi uning o‘z davridan ancha ilgarilab ketishiga sabab bo‘ldi. Uning mexanika va boshqa bir qator sohalarda amalga oshirgan kashfiyotlari xuddi betakror asarlari kabi yuksak e'tirofga loyiqdir. Qizig‘i shundaki, uning faqat bir kashfiyotigina hayotlik chog‘ida to‘la ma'noda tan olingan va amaliyotga tatbiq etilgan ekan. Leonardoning hayot yo‘li qiyinchiliklar, inqirozlarga to‘liq. Uning o‘nlab kashfiyotlaridan olimning tavallud sanasidan 555 yil o‘tib ham foydalanib kelinayotgani esa ana shu zahmatlarning mevasidir.
Tan olingan yagona kashfiyot
Yuqorida aytilganidek, olimning faqat birgina kashfiyoti uning hayotlik chog‘ida tan olingan. Bu - to‘pponcha uchun chaqmoq zatvor. Avvaliga bu mexanizmning qo‘llanish doirasi juda tor edi, lekin XVI asr o‘rtalariga kelib, u zodagonlar, ayniqsa, suvoriylar orasida juda ommalashib ketdi. To‘pponcha uchun mo‘ljallangan chaqmoq zatvor shu darajada mukammal ediki, hatto uni XIX asrda ham uchratish mumkin bo‘lgan.
Lekin ulug‘larning buyuk ishlari ba'zan ular vafotidan so‘ng o‘z e'tirofini topadi. Da Vinchining ko‘plab kashfiyotlariga qo‘shimchalar kiritilib, takomillashtirildi. Hozir esa ularning aksariyatidan kundalik hayotimizda, bunga Leonardo da Vinchi chizmalari asos bo‘lganligini xayolimizga ham keltirmay, foydalanamiz.
Konditsioner besh asrlik tarixga ega
Masalan, Leonardo da Vinchi havoni siqib, uni quvurlarga haydovchi qurilma yaratgan. Mazkur kashfiyotning qo‘llanish doirasi juda katta: pechlarni qizdirishdan tortib, xona ventilyatsiyasigacha.
|