Daholar oramizda yashaydi, chunki aytishlaricha hatto besh yoshgacha bo‘lgan har bir go‘dakda ham daholik sifatlari mavjud bo‘lar ekan
Download 28.44 Kb.
|
Daholar maqola.l
DAHOLIK Daholar oramizda yashaydi, chunki aytishlaricha hatto besh yoshgacha bo‘lgan har bir go‘dakda ham daholik sifatlari mavjud bo‘lar ekan. Ammo yon-atrof talablariga, an’analariga moslashish go‘dakdagi betakror sifatlarni so‘ndiradi, uni bir qolipda fikrlaydigan va bir tarzda yashaydigan ommadan biriga aylantirib qo‘yadi. To‘g‘ri, yon-atrof hammani ham o‘ziga to‘la mute etolmaydi, ayrim o‘jar zotlar mavjud tartiblarga, dogmalarga va siyqa hayot tarziga qarshi chiqadi; ular o‘zlari topgan allaqanday g‘oyalarga telbanamo ergashadi, savdoyilik va devonalikni ixtiyoriy tarzda o‘z ustiga oladi. Aynan ushbu hol daholikda iste’doddan, iqtidordan va zakiy aqldan boshqa nimadir bor degan o‘yga olib keladi. Va beixtiyor italiyalik ruhshunos olim S.Lombrozo esga tushadi. U o‘zining mashhur «Daholik va telbalik» asarida «Telbalar orasida daholik uchqunlariga ega sub’ektlar bo‘lganidek, daho kishilar orasida ham telbalar bor», deb yozadi. Shu bilan birga u uqtiradi, «Bundan daho shaxslar telba bo‘lishi kerak, deb xulosa chiqarish katta gumrohlikdir». Demak, daholik bilan telbalik aynan voqeliklar emas, biroq ular o‘rtasida nimalardadir o‘xshashlik mavjud. Telbalik telbalarda barqaror, daholarda o‘tkinchi holatdir. Telbalar ham ijod qiladi, ammo ularning yaratganlarida mantiq, ijobiy maqsad kam, daholarning ijodi, yaratganlari dark, ijobiy maqsad amridadir. Telbalar mantiqni buzadilar va buni salbiy hodisa deb bilmaydilar, daholar mantiqdan o‘zadilar va ushbu harakatini ongli tarzda amalga oshiradilar. Telbalar uchun haqiqatan ham qonun yo‘q, ular ijtimoiy tartiblarni buzayotganlarini idrok etmaydilar, daholar ijtimoiy tartiblarni ijodiy zo‘riqish paytida buzadilar, ushbu on o‘tgach, ular mavjud tartiblarga bo‘ysunadilar. Telbalar ijodi kimlargadir, nimalargadir xizmat qilishi zarurligi haqida deyarli fikr yuritmaydilar, daholar esa har bir asari, fikri kimlargadir zavq va aqliy quvvat bag‘ishlashi kerakligini unutmaydilar. To‘g‘ri, daholar ijodiy zo‘riqish onlarida o‘quvchilarni, tomoshabinlarni eslamasligi, hatto ularning badiiy-estetik didiga, ijtimoiy tasavvurlari va qarashlariga qarshi chiqishi mumkin, lekin bu ularning kimlar uchun, nima uchun ijod qilayotganini unutgani emas. Telbalar yaratgan narsalarini izchillik bilan yanada takomillashtirish mumkinligini bilmaydilar, daho shaxslar esa asarlari ustida tinmay ishlaydilar, ularni yanada mukammallashtirish yo‘llarini izchil qidiradilar. Telbalarda «men»ni ijobiy, betakror voqelik sifatida qadrlash tajribasi yo‘q, daho shaxslar «men»ini noyob, muazzam narsa sifatida ulug‘laydilar, ularda nartsizm – o‘zini sevish kuchli. Telbalarning yon-atrofga da’volarida hissiyotga, havoyi o‘ylarga berilish, bulhavaslik ustun turadi, daholar ijodiy zo‘riqish onlarida fanolikka berilsa-da, o‘zining talab va da’volarini ratsional asoslay oladilar. Telbalar bilan daholar o‘rtasida yaqinlik, muntabiqlik ham mavjud: birinchidan, ular o‘zining izlanishlariga, sohasiga mashrabona oshiqdirlar; ikkinchidan, ularning ikkalasini ham zamondoshlari tushunmaydi, tan olmaydi, goho esa o‘z davrasidan quvadi; uchinchidan, ular ijodida g‘ayrihayotiylik va erotikaga berilish bo‘rtib turadi... Olam rang-barang. Faqat oq va qora ranglar uyg‘unligidan ming-minglab oraliq rang (poluton)lar hosil bo‘lar, ong sezgir va mohir musavvirlar ulardan 600 tasini ilg‘ashi mumkin ekan. Ijtimoiy hayot va kishilararo munosabatlardagi rang-barangliklar ulardan ham ziyod, behisobdir. Shuning uchun inson hayoti, sa’y-harakatlari ikki – ezgulik va yovuzlik kabi munofiy qutblaridangina iborat emas. Oddiy kishi yoki o‘rtamiyona iqtidor egasi ushbu rang-barang, behisob munosabatlarni shunchaki qayd etishi yoki ularning uch-to‘rttasini tasvirlashi mumkin. Daho ijodkorlar oddiy aql anglab yetmagan, ilg‘amagan, hatto ilg‘agan bo‘lsa-da, mahorati, iste’dodi kamligi bois ochib berolmagan voqeliklar tubidagi voqeliklarni, kishi qalbi, ruhi tubidagi mavhum, sersir to‘lqinlar va jilg‘alarni tasvirlab, odam va olam haqidagi tasavvurlarni yangi pog‘onaga ko‘taradi. Aynan ushbu xislat daho ijodkorlarni sertuyg‘u, ta’sirchan va o‘ta nafis hissiyotli qiladi. Go‘yoki ular hayoti va ijodida dunyoning bor rang-barangligi, ziddiyatlari, kishilararo munosabatlaridagi goh shod, goh g‘amgin fikrlar uyg‘otuvchi munofiy taraflarning to‘qnashuvlari to‘la o‘z ifodasini topgandek. Mutlaq betakrorlik va mutlaq yangilik izlash daho ijodkorlar umr bo‘yi amal qiladigan tamoyildir. Aynan ushbu fazilati ularni o‘rtamiyona iqtidorlar davrasidan yiroqlashtiradi. Bu o‘rinda Qadimgi Xitoy mutafakkiri, daosizm asoschisi Lao-tszi misol bo‘lishi mumkin. Donishmandning fikrlari har doim hayrat uyg‘otib kelgan. «To‘g‘ri – noto‘g‘ri, - deb yozadi u, - shunday shunday emas. Agar to‘g‘ri haqiqatan ham to‘g‘ri bo‘lganida noto‘g‘ridan shunchalik farq qilardiki, bahsga hech qanday hojat qolmasdi. Agar shunday haqiqat ham shunday bo‘lganida shunday emasdan shunchalik farq qilardiki, tortishuvga hech o‘rin qolmasdi. Vaqtni unuting, farqlarni unuting! Cheksizlik bag‘riga sho‘ng‘ing, uni o‘z kulbangizga aylantiring!». Hamma «to‘g‘ri» deb topgan narsani qanday qilib noto‘g‘riga chiqarish, hamma «shunday» deb tan olgan narsani qaysi asosga tayanib «shunday emas» deyishi mumkin? Vaqtni, narsalar o‘rtasidagi ko‘rinib turgan farqlarni unutib bo‘ladimi? Axir aqlu idrok ob’ektiv borliqdan, reallikdan bila turib voz kechishi mumkinmi? Agar «Cheksizlik bag‘riga sho‘ng‘ing!» da’vosi bo‘lmaganida yuqoridagi so‘zlarni telba aytayapti deyishingiz turgan gap. «To‘g‘ri – noto‘g‘ri», «Shunday-shunday emas» degan tushunchalar dark kashfiyotlaridir. Cheksizlik uchun bunday tushunchalar ham, holatlar ham yo‘q, faqat Cheksizlik mavjud, barcha narsalar ushbu Cheksizlikka monand va uning ichidadir. Antinomiyalar bilan fikrlaydigan kishi ziddiyatlar ichida yashashga majbur, u hayotni qarama-qarshiliklarsiz tasavvur etolmaydi. Cheksizlik intiladigan Yaxlitlik, Umumiylik u uchun mavhum tushunchalardir. Bunday kishi hech qachon hayotdan, borliqdan qoniqmaydi, u nafaqat o‘zining, shuningdek, boshqalarning ham boshiga kulfatlar keltiradi. Ongi toza, antinomiyalardan xoli kishi Mavjudlik bilan inoq, uyg‘un va murosada yashaydi, uning uchun har bir on – mutlaq yangilik, har bir narsa – mutlaq betakror, Cheksizlik betakrorlik va yangilik manbaidir. Dao esa Cheksiz tomon boriladigan mudom cheksiz yo‘ldir. Daosizm huzurni, yutuqni, unvonni tan olmaydi, burchni, axloqni, tartiblarni zo‘rlab singdirishga qarshi. Daho shaxslarda ham shunday yondashishlar ko‘zga tashlanadi, ammo ular ushbu tamoyilni mutlaqlashtirmaydilar, goho ular huzur, hazzga, unvon va shon topishga beriladilar. Daosizm uzoqqa mo‘ljallangan rejalar tuzishni, dunyoni, yon-atrofni o‘zgartirishni borliqdagi garmoniyani buzish deb biladi, u borliqni shundayligicha ko‘rish, shundayligicha asrash tarafdoridir. Daho shaxslar ko‘pincha dunyoni o‘zgartirish, yangi tartiblarni shakllantirish tarafdorlari bo‘lib chiqadilar, aynan shunday tashabbus, sa’y-harakatlar ularning faoliyatiga ijtimoiy mohiyat baxsh etadi. Iste’dodsiz, iqtidorsiz ijodkorlik va daholik yo‘q, ammo hamma iste’dod, iqtidor egalari ham daho ijodkor bo‘lavermaydi. Iste’dod daholik tomon tashlangan ilk qadamdir, xolos. Jamiyat aslida iqtidorli kishilarning ko‘p bo‘lishini istaydi, unga daholar emas, iqtidorli kishilar kerak. Shuning uchun daholar jamiyat xohishiga zid tarzda paydo bo‘ladilar, ulardagi qaysarlik ham shundandir. Daholar azaldan noyob hodisa hisoblanadi, bundan keyin ham ular ko‘p bo‘lmaydi. Tarbiya bilan o‘rtamiyona iqtidor egalarini shakllantirish mumkin, lekin daholarni emas. Daholar o‘zini o‘zi shakllantiradilar. «Tarbiya vositasida ayiqni raqsga tushishga o‘rgatish mumkin, ammo daho kishini yetishtirish amrimaholdir» (Gelvetsiy). Haqiqatan ham, daho shaxslarda tarbiyaga, an’analarga, odatiy hayot tarziga bo‘ysinmaydigan qandaydir o‘jar kuch mavjud. Yuksak iqtidor va iste’dod egasi, daho shaxslar mavjudlikdan qoniqmaydi, uni rad etadi va tubdan o‘zgartirish tashabbuskorlari, nazariyotchilari bo‘lib chiqadilar. Kishilar an’anaviy fikrlash va hayot tarziga moyil bo‘lganlari uchun ushbu tashabbuslarga, nazariyalarga qarshi turadilar; bu daholar bilan jamiyat o‘rtasida ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Shuning uchun muhtojlikda, quvg‘inda va ahad yashash daholarning qismati bo‘lib kelgan. Daho ijodkorlar afsonalarni sevadilar va o‘zlari ham afsonalar to‘qiydilar. Afsonalarda g‘ayrihayotiylik mavjud, daholar hayotdan, reallikdan o‘zish uchun (to‘g‘rirog‘i, ibtidoiy tasavvurlarni tiklash uchun) afsonalarni sevimli mavzulariga aylantiradilar. Yu.Meyer «Iqtidorli kishining fantaziyasi mavjud narsalarni o‘zidek tasvirlaydi, daho shaxsning fantaziyasi mutlaq yangi narsa, afsona yaratadi» deganida haq edi. Daho shaxslarda o‘zining bilimiga, kuchiga, boshqalardan dovyurakligiga, muvaffaqiyat qozonishiga ishonish, jangovarlik tuyg‘usi yuqori bo‘ladi. Ushbu xislatlar Yuliy Sezar, Kir, Aleksandr Makedonskiy, Chingizxonda tojparastlik, shuhratparastlik va dunyoga yakka hukmronlik qilish, Napoleon va Stalinda nekrofillik bilan chatishib keladi, shu bois ular kurashishni, yovlar bilan olishib yashashni hayot tarziga aylantirganlar. Ular kimlarningdir ustidan g‘olib kelayotganidan zavq olganlar, hatto hamrohlarini, yaqin kishilarini qurbon berish ham ularni iztirobga, g‘amga solmagan. Agar bunday shaxslar insonparvar, xalqparvar bo‘lsa, ular bor bilimini va kuchini kishilarni zulmdan, adolatsizlikdan xalos qilishga sarflaydilar. Masalan, Mxatma Gandi shunday shaxsdir. Qadimgi Hindiston mutafakkirlarining kuch ishlatmaslik g‘oyalariga tayangan M.Gandi hind xalqini Buyuk Britaniya mustamlakachiligiga qarshi ko‘taradi. Zo‘ravonlik, intiqom yashash tarziga aylangan XX asrda kuch ishlatmasdan mustamlakachilardan xalos bo‘lish g‘oyasi bilan chiqish g‘ayrihayotiy hodisa edi. Bundan tashqari M.Gandi G‘arbning industrial taraqqiyot modelini rad etdi va Hindistonning kelajagini «qishloq sotsializmi»da ko‘rdi. Uning fikricha, aholisi ko‘p bo‘lmagan qishloqlarda o‘zini o‘zi boshqarish institutlarini shakllantirish orqali farovon yashashni ta’minlash, qoloqlikni, savodsizlikni tugatish oson. Bu Platon va Aristotelning aholisi ko‘p bo‘lmagan joylardagina demokratiya o‘rnatish mumkin degan qarashlariga hamohang yondashuv. Yirik industrial shaharlar nafaqat boshqarish ishlarini murakkablashtiradi, shu bilan birga ekologik, demografik, etnik muammolarni keltirib chiqaradi, ularda turli illatlarning, jinoyatchilik va buzg‘unchi qarashlarning paydo bo‘lishiga zamin mavjud. Daholikni ko‘pincha badiiy yoki ilmiy ijod bilan bog‘lashadi. Aynan ushbu sohalarda dark-aqlu idrokni, inson imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan buyuk kashfiyotlar qilingan. S.Lombrozoning ko‘rsatishicha, badiiy yoki ilmiy ijod bilan shug‘ullanishga intilish telbalar orasida keng tarqalgan. Shuni nazarda tutib, u «telbaxona – iste’dodlar vatani» deb yozadi. Telbalar orasida yuz, hatto ikki yuzlab asar yozganlar topiladi. O‘z paytida Aristotel sirakuzlik Markning vasvasaga berilganida yaxshigina she’rlar yozishini, odatdagi holida, ushbu qobiliyatini mutlaq yo‘qotib qo‘yishini qayd etgan. U, mashhur shoirlar, siyosatchilar va musavvirlar dilgir, savdoyi yoki odamovi bo‘ladi, bunday sifatlar Suqrot, Empedokl, Platonda mavjud, deb yozadi. Platonning fikriga ko‘ra, «Alahsirash aslo xastalik emas, balki, aksincha, xudolar kishilarga in’om etgan eng yuksak ne’matdir». Donishvarning yevgenika (nasldor hayvonlarni yetishtirish usuli)ni hukmdorlar yetishtirishga tatbiq etish haqidagi tavsiyasi telbalikdan boshqa narsa emas. Demokrit sog‘lom aql egasi haqiqiy shoir bo‘lolmaydi, Paskal va Shelling daholik bilan telbalik yonma-yon yuradi deb hisoblaganlar. XX asr tasviriy san’atiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan, yirik syurrealist Salvador Dali o‘zini oshkora «telba» va «daho» deb atagan. Demak, badiiy va ilmiy ijodda daholik bilan telbalikning uyg‘un keladigan qirralari ko‘p. Daholar ta’sirchan bo‘ladilar, tabiatdagi o‘zgarishlar, shamol, sovuq, issiq, Quyosh va Oy harakatlari, dengiz havosi, qoyalarning mahobati, maysalarning bo‘y ko‘rsatishi, tundagi osudalik, xullas, butun borliq daho ijodkorlarni junbushga keltiradi, ularni qo‘liga qalam olishga undaydi. «Men sog‘ va ochiq kunlari o‘zimni durust sezaman, - deb yozadi M.Monten. - «Tajribalar»imdagi e’tiborli fikrlarni ana shu kunlari yozganman». D.Didro kuchli shamoldan, Bayron va Geyne sovuqdan qo‘rqishgan, F.Nisshe yumshoq iqlim, ochiq havo izlab, tinmay bir shahardan ikkinchi shaharga ko‘chib yashagan. Buyuk shoirlarning eng nafis va ulug‘vor she’rlari ham tabiat haqidadir. Sevaman-u, ammo – bilmayman nechun? Jimjit hamda mudroq dalalarini, Mavj urib turuvchi keng o‘rmonlarin, Va sho‘x daryolarin, bari-barini... Qishloqlar yo‘lida yurmoqlik maza! Chopsam aravada deyman, tun chog‘i: Hasrat-la qo‘nimgoh izlagan lahza Duch kelsa kulbalar, xira chirog‘i. Sevaman yoqilgan ang‘izlar dudin, Cho‘lda yo‘lga chiqqan karvonni – tunni, Sevaman adirda yetilgan ekin Ichida oqargan qo‘sha qayinni. (M.Lermontov) Ayniqsa, bahor faslini, ko‘m-ko‘k dalalarni, tabiat bor kuchini sarflab gullab-yashnatgan yon-atrofni kuylash deyarli barcha ijodkorlarga xosdir. Shuning uchun ham «O‘simliklarga foydali ta’sir etuvchi issiq kunlar, - deb yozadi Lombrozo, - ba’zi istisnolarsiz, telbalarda kuchli hayajon uyg‘otgani kabi, daholarning sermahsul ishlashiga ham ta’sir etadi». Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, buyuk asarlar va kashfiyotlarning yaratilishi jazirama issiq kunlariga, oylariga to‘g‘ri keladi. Mazkur fikr bilan bahslashish, hatto uni rad etish mumkin. Masalan, issiq o‘lkalarda yashash uchun zarur ne’matlar tabiatda yetarlicha topiladi, ozgina mehnat bilan oziq-ovqat muammosi hal etiladi. Bunday sharoitda buyuk kashfiyotlarga ehtiyoj sezilmaydi, unda ruhiy-spiritualistik va xayoliy-falsafiy mushohadalarga moyillik ko‘proq uchraydi. Sovuq o‘lkalarda esa kishi tirik qolishi uchun tabiat bilan kurashishga, uni o‘ziga itoat ettiruvchi vositalarni, qurollarni yaratishga, ixtiro etishga majbur. Download 28.44 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
ma'muriyatiga murojaat qiling