Takrorlash uchun savol va topshiriqlar
Davlatning aholi daromadlarini shakllantirish siyosati deganda nimani tushunasiz?
Ijtimoiy adolatni ta’minlashda aholi daromadlarini shakllantirish siyosatining roli qanday?
Aholi daromadlari tushunchasini va uning darajasiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni sanab ko‘rsating.
Turmush darajasi va uning tushunchasiga izoh bering.
Turmush darajasini qanday ko‘rsatkichlar xarakterlab beradi?
Daromadlar tengsizligining asosiy sabablarini sanab ko‘rsating va ularga tushuntirish bering.
O‘zbekistonda davlat yordam dasturlari tizimini isloh qilish va uni hozirgi davrdagi asosiy yo‘nalishlariga o‘z fikringizni bildiring.
18-BOB. ISHLAB CHIQARISHNING BAYNALMINALLASHUVI. O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTINING JAHON XO‘JALIGIGA INTEGRATSIYALASHUVI MUAMMOLARI
Hozirgi zamon jahon xo‘jaligi rivojining muhim tamoyili milliy xo‘jaliklarning baynalminallashuvi, shu asosda jahon xo‘jaligi va avvalo jahon bozorining shakllanishi va rivojlanishidan iborat. Bu insoniyat taraqqiyoti uchun ijobiy bo‘lgan jarayonga yetmish yildan ortiq davr davomida dunyoning ikki qarama-qarshi ijtimoiy-siyosiy tizimiga bo‘linganligi qarshi ta’sir ko‘rsatib keldi. Hozir yangi davr boshlandi, dunyoning iqtisodiy rivojlanishi va shunga mos ravishda O‘zbekiston bilan jahon hamjamiyati mamlakatlari o‘rtasidagi aloqalarning butunlay yangi imkoniyatlari vujudga keldi.
O‘zbekiston va jahon hamjamiyati mamlakatlari o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarning kengayishi va chuqurlashuvi har ikki tomon uchun iqtisodiy va siyosiy jihatdan foydali hisoblanadi. Shu bilan birga, har bir mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi, uning milliy xo‘jaligi ko‘p darajada nafaqat bu mamlakatning ichki imkoniyatlari bilan, balki uning xalqaro ijtimoiy mehnat taqsimotida qatnashish darajasi va miqyosi, butun insoniyat resurslari bilan aniqlanadi.
Bu holatlar jahon xo‘jaligi aloqalari va milliy xo‘jaliklarning iqtisodiy rivojlanish muammolarini alohida tahlil qilishni taqozo qiladi. Shunga ko‘ra ushbu bobda jahon xo‘jaligining tarkib topishi, bunda ishlab chiqarishning baynalminallashuvi va globallashuv jarayonlarining o‘rni, xalqaro iqtisodiy munosabatlarning shakllari, jahon infratuzilmasining rivojlanishi, jahon xo‘jaligi aloqalarini xalqaro tartibga solish masalalari bayon etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |