Davlat funksiyalarini amalga oshirishda xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha joriy etilayotgan islohotlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati natijadorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda
Download 23.86 Kb.
|
Jamiyat
Jamiyat – islohotlar tashabbuskori Davlat funksiyalarini amalga oshirishda xususiy sektorni jalb qilish bo‘yicha joriy etilayotgan islohotlar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati natijadorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan, 2017 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasida Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan isloh qilishning 6 ta ustuvor yo‘nalishi belgilandi va maxsus «Yo‘l xaritasi» asosida 100 dan ortiq davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini qayta ko‘rib chiqish belgilandi. Mahalliy hokimliklarning moddiy-texnik ta’minoti va ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash tizimi qayta ko‘rib chiqilib, mahalliy byudjetlarni shakllantirish va ularni boshqarish bo‘yicha mahalliy organlarning mustaqilligini amalda ta’minlashga erishildi. Shuningdek, 2017 yilda tegishli sohalarda to‘planib qolgan muammolarni samarali hal etish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, Maktabgacha ta’lim hamda Tashqi savdo vazirliklari, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni, Hukumat apparati ijro etuvchi tuzilmasi qayta ko‘rib chiqildi va takomillashtirildi. 18 ta vazirlik va idoraning funksiya hamda vazifalari takomillashtirilib, 24 ta davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlar qayta tashkil etilgan bo‘lsa, 2018 yilda davlat boshqaruvining 93 ta organi isloh qilindi, 77 ta vazirlik va idora qayta tashkil etildi, 7 tasi tugatildi, 9 tasi yangidan tashkil etildi. 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik vazifalari amalga oshirilishi samaradorligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mas’uliyatini oshirishga doir birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni va «O‘zbekiston Respublikasi Hukumati ishini tashkil etishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilinib, ularga muvofiq Vazirlar Mahkamasi faoliyati samaradorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi. Bosh vazir o‘rinbosarlarining bir vaqtning o‘zida aksiyadorlik jamiyati va kompaniyalari hamda davlat ulushi mavjud boshqa tashkilotlarga rahbarlik qilish amaliyoti bekor qilindi hamda ularning soni optimallashtirildi. Boshqaruv tizimidagi ma’muriy islohotlar sabab, 2016 yilda tuman (shahar)lar soni 193 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda ularning soni 207 taga yetdi. bugungi kunda, Vazirlar Mahkamasi tizimida 24 ta vazirlik, 9 ta davlat qo‘mitasi, 4 ta davlat inspeksiyasi, 14 ta agentlik, 5 ta qo‘mita, 6 ta markaz, 2 ta markaziy muassasa, 4 ta inspeksiya, 9 ta uyushma, 10 ta bank, 23 ta kompaniya, 6 ta birlashma, 1 ta fond va 10 dan ortiq boshqa tashkilotlar mavjud bo‘lib, ularning tarkibiy tuzilmalarida 100 dan ortiq tashkilotlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Sohada amalga oshirilgan tub islohotlarning yana biri, bu 2017 yil 12 dekabrda Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilganligidir. Har bir tumanda, mamlakat bo‘yicha jami 205 ta Davlat xizmatlari markazi, olis hududlarda ularning 100 dan ortiq filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, 157 turdagi davlat xizmatlarini yashash joyidan qat’i nazar, eksterritorial tamoyil asosida olish imkoniyati yaratilib, fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan hujjatlar soni va xizmat ko‘rsatilishi uchun talab etiladigan muddat sezilarli darajada qisqartirildi, sifat va samaradorlik oshirildi. Xususan, 2017 yilda tadbirkorlarga 120 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha 26 mlndan ortiq murojaatlari qabul qilingan. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasiga doir 110 dan ortiq qonun hujjatlari ishlab chiqilib, 70 dan ortiq xizmatlar soddalashtirildi. Shuningdek, Davlat xizmatlari ko‘rsatishga oid 80 ga yaqin ma’muriy reglamentlar qabul qilindi. Natijada, talab etiladigan hujjatlar soni 167 tadan 79 taga, xizmat ko‘rsatish muddati esa 499 kundan 271 kunga qisqartirildi. 254 ta Davlat xizmatidan my.gov.uz portali orqali foydalanish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi, ularning ustav fondi, xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalarning ustav fondiga qo‘yilgan talablar kabi qator holatlar optimallashtirildi. Amalga oshirilgan mazkur sa’y-harakatlar natijasida O‘zbekiston Jahon bankining «Biznesni yuritish» reytingi «biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish» indikatorida 190 ta davlat ichida 8-o‘rinni egalladi. Davlat xizmatiga kadrlarni tayyorlash va qabul qilish yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, Davlat boshqaruvi va xo‘jalik funksiyalarini birga qo‘shib olib borishdan voz kechish hamda davlat xizmati samaradorligini oshirish maqsadida 2019 yil 3 oktyabrdagi Prezident Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil qilindi. Davlat boshqaruvi sohasida erkin fuqarolik jamiyati barpo etishda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishning vositasi sifatida Prezident Xalq va virtual qabulxonalari, fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoatchilik nazorati institutlari hamda davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari muhim o‘rin egallab kelmoqda. 2017 yildan boshlab faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining barcha hududlardagi Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonalari aholi bilan bevosita muloqotni yo‘lga qo‘yib, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish, kamchiliklarni bartaraf qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq-manfaatlari ro‘yobga chiqarilishini ta’minlamoqda. Misol uchun, birgina 2017 yilning o‘zida Virtual va Xalq qabulxonalariga jismoniy va yuridik shaxslardan 1,4 milliondan ortiq murojaat kelib tushgan. 2019 yildan boshlab esa Prezidentning Xalq qabulxonalari muammolarni uyma-uy yurish orqali aniqlash va hal qilishning faol tizimiga o‘tdi. 2020 yilda Prezident Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1,2 millionga yaqin murojaat bo‘lgan. Prezident Xalq qabulxonalari tomonidan kiritilgan axborot va eshitilgan hisobotlar natijasida murojaatlar bilan talab darajasida ishlamagan 752 nafar mas’ul xodim javobgarlikka tortilgan. Xalq qabulxonalariga davlat organlarining faoliyatini o‘rganish, ularga taqdimnomalar kiritish, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarni lavozimidan ozod etishgacha bo‘lgan intizomiy javobgarlikka tortish bo‘yicha takliflar kiritish vakolatlari berildi. Harakatlar strategiyasi doirasida O‘zbekistonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni rivojlantirishning institutsional-huquqiy asoslarini shakllantirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlat organlari va boshqa tashkilotlar matbuot xizmatlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligini yetarli darajada yo‘lga qo‘yish, axborot sohasini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, mamlakat media-bozorini jadal rivojlantirish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatining ochiqligini ta’minlash hamda kitob va boshqa bosma mahsulotlar ishlab chiqarish tizimli yo‘lga qo‘yildi. Prezident Sh. Mirziyoyevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida «Jamiyat – islohotlar tashabbuskori» degan g‘oyaning ilgari surilishi natijasida hukumat islohotlarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlarini ittifoqchi sifatida ko‘ra boshladi. Bu esa, mamlakatda nodavlat notijorat tashkilotlarning erkin faoliyat yuritishi uchun yanada ko‘proq imkoniyatlarni yaratishda, qonunchilikdagi o‘zgartirishlar va tashabbuslarda namoyon bo‘ldi. bugungi kunda O‘zbekistonda 9 200 dan ortiq NNT faoliyat yuritmoqda. Xususan, yaratilgan huquqiy asoslar natijasida, mamlakatda NNTlarning erkin va barqaror rivojlanishi yanada jadallashdi. Xususan, 1991 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, respublikada 95 ta NNT faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2000 yilning 1 yanvariga kelib, ularning soni 2585 taga, 2016 yilda 8417 taga, hozirga kunda esa 9200 ga yaqinni tashkil etmoqda. Nodavlat tashkilotlarning o‘sish tendensiyasiga ularning ish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator chora-tadbirlarning ijrosi bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Jumladan, shu sohada 200 dan ortiq me’yoriy-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib (shundan 20 ga yaqini so‘nggi besh yilda qabul qilingan), NNTlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun zarur institutsional baza yaratilgan. Bu esa mamlakatda NNTlar faoliyatining kengayishiga oid barcha tashkiliy-huquqiy mexanizmlar shakllantirilgani va bu jarayon mustahkamlab borilayotgani bilan xarakterlidir. Buni O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlarining o‘sish dinamikasi yildan-yilga progressiv davom etayotganida ham ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, sohada amalga oshirilgan islohotlar natijasida, nodavlat notijorat tashkilotlar manfaatlarini ifoda etishga, davlat bilan ular o‘rtasidagi ko‘prik vazifasini bajarishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi tashkil qilindi. Shuningdek, aholi bilan ochiq muloqot olib borishning yangi samarali vositalarini joriy etish maqsadida davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Natijada, NNTlar jamiyatda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlashda davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini shakllantirishda tashabbuskorlikni qo‘lga olmoqda. E’tiborli jihati, Davlat boshqaruvini takomillashtirish borasida olib borilgan ishlar uzviy davom ettirilib, 2021 yil – «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturida ham ushbu yo‘nalishga qaratilgan bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi. Jumladan, 2021 yilning birinchi yarim yilligida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan: - qonun ijodkorligi faoliyati va qonunlar ijrosini ta’minlash sohasida Oliy Majlis palatalari hamda davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish; - Buxoro shahrida «Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik» mavzusida xalqaro forum o‘tkazish; - davlat boshqaruvi organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish; - o‘rta va quyi bo‘g‘in boshqaruv idoralarining faoliyatini tubdan takomillashtirish; - mahalliy ijro va vakillik organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish; - davlat fuqarolik xizmatiga kadrlarni tanlash, ularning malakasini oshirish va faoliyatini baholash bo‘yicha samarali va ochiq tizimni joriy etish; - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish; - xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizimni yaratish; - aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishida byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish; - 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tengligiga erishish strategiyasini ishlab chiqish kabi bir qator vazifalar belgilab berilgan. Xususan, Davlat dasturining 4-bandida davlat boshqaruvi organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar, funksiyalar va byurokratik to‘siqlarni va majlisbozlikni qisqartirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan ish jarayonlarini optimallashtirish, davlat boshqaruvi xodimlari sonini mehnat qonunchiligiga qat’iy rioya etgan holda o‘rtacha 15% gacha optimallashtirish hamda vazirliklarda faoliyatni tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtirish tizimini joriy etishni nazarda tutuvchi bir qator vazifalar belgilab olingan edi. Ushbu vazifalar ijrosi doirasida 2021 yil 3 aprel kuni «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tuzilmasini maqbullashtirish va shtat birliklari sonini qisqartirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori qabul qilindi. Qaror bilan 2021 yil 1 mayga qadar, 52 ta davlat hokimiyati va boshqaruvi organi hamda ularning idoraviy va hududiy bo‘linmalari boshqaruv xodimlarining sonini 15% gacha maqbullashtirish, 26 ta vazirlik va idoraning mavjud 106 ta rahbar o‘rinbosari lavozimini 40 taga qisqartirish hamda ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50% va undan ortiq miqdorda bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida, shuningdek, davlat korxonalari boshqaruv organlarida kamida bir nafardan o‘rinbosari lavozimlarini qisqartirish, shuningdek, boshqaruv xodimlari sonini 10% miqdorida maqbullashtirish belgilandi. Shuningdek, o‘z vaqtida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan Davlat dasturining birinchi yarim yillikda ijro etilishi belgilangan yana bir qator bandlari hayotga tadbiq etildi. Xususan, 2021 yilning 23 mart kuni «Aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni qabul qilindi. Ushbu Farmon bilan «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» Davlat dasturining 10-bandi ijrosi ta’minlanib, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat organlari bilan munosabatga kirishishida byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish bilan bog‘liq vazifalar belgilandi. 2021 yilning 5 martidagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori bilan xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini ta’minlash borasidagi ishlar yangi bosqichga olib chiqildi. Endilikda, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi tashkil etilib, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish, xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish, hududlarda, ayniqsa, qishloqlarda xotin-qizlarga ko‘rsatiladigan tibbiy-ijtimoiy xizmatlar sifatini, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish kengashning asosiy vazifalari etib belgilandi. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Harakatlar strategiyasi doirasida davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish yo‘lidagi muhim islohotlarning katta qismi xalq hokimiyatchiligi mexanizmlarini kuchaytirish, davlat hokimiyati tarmoqlarining mustaqilligini ta’minlash, Parlamentning rolini yanada kuchaytirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ochiqligini ta’minlash, nodavlat notijorat tashkilotlarning faoliyatini huquqiy ta’minlash va rag‘batlantirishga qaratildi. Mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan islohotlar xalqimizni rozi qilishga hamda Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydonda keng e’tirof etilishiga xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatda amalga oshirilayotgan yangi bosqichdagi islohotlar, olib borilayotgan pragmatik ichki va tashqi siyosatning qanchalik to‘g‘ri va samarali ekanidan dalolat beradi. Download 23.86 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling