Davlat pedagogika instituti qarshi davlat universiteti


YeTOVDAGI ODAMNING POETIK TALQINI


Download 0.93 Mb.
bet63/73
Sana18.06.2023
Hajmi0.93 Mb.
#1581694
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   73
Bog'liq
НАЗАР ЭШОНКУЛ АНЖУМАН

YeTOVDAGI ODAMNING POETIK TALQINI




Dadaxon MUHAMMADIYeV,
O‘zRFA O‘TAFI tayanch doktoranti

Nazar Eshonqulning “Maymun yetaklagan odam” hikoyasi o‘zining ifoda tarzi hamda ma’no ko‘lami bilan boshqa asarlaridan farqlanadi. Asar kompozision yaxlit va kutilmagan yechim bilan o‘quvchini mulohazaga chorlaydi. Muallif asosiy mohiyatni timsol va ramzlarga yuklaydi. Poetik tafakkur takomili kutilmagan holatlarga boy lavhalarni o‘quvchiga taqdim etadi. Hikoya bilan tanishar ekansiz, nafaqat undagi personajlar, balki, yozuvchining poetik idrok ko‘lami, uning metaforik tafakkur anglami, hissiy sezimlarini va o‘ziga xos ifoda tarzi bilan ro‘baru kelganday bo‘lasiz.


Hikoya qahramonining butun hayoti – maymunni yetaklab borayotgan odam va odamni yetaklab borayotgan maymun suratlarining orasidagi masofa. Inson umrining lavhasi, uning badiiy so‘z orqali chizilishi, tiriklik falsafasining suratlanishi. Talqinlar turlicha: beshik bilan tobut, bolalik va keksalik, yo‘rgak bilan kafan va hakozo. Ramziy ma’noda: kelish va ketish orasi, o‘ng yelka va so‘l yelka o‘rtasi, osmon va yer bag‘ri... Va yana bir tushuncha borki, mudom bahslarning boshi va yakuni, fikrlarning ibtidosi ham intihosi, bizning savolimiz va uning javobi ham shu: e’tiqodda adashish va yolg‘onning qurboni bo‘lish.
Hikoyada shunday gap bor:
...yaxshilik — ayni paytda kimlargadir yomonlik, yomonlik esa ayni paytda kimlargadir yaxshilik bo‘lib tuyuladi...”
Asarni o‘qish jarayonida necha ming yillardan beri yechimini topmagan, dunyoning tarozisi teng kelolmay turgan bir paytda yaxshilik va yomonlikning nisbiy tushuncha ekanligi bir qadar sergak torttiradi odamni. Bir harakatning ikki tomoni, bir haqiqatning ikki qirrasi. Hikoyada aytilganidek, kimgadir yaxshilik qilsang, bu birov uchun yomonlik bo‘lib qolishi mumkin yoki aksincha, kimgadir yaxshilik qilish uchun ba’zan bilib bilmay boshqaga yomonlik yozg‘irganday bo‘ladi. Nazarimizda, yozuvchining talqini shunday, ayni paytda bu – bahsli hodisa hamdir. Chunki har bir fikr sub’yektiv hodisa ekanligini unutmasligimiz lozim.
Hikoya qahramoni – rassom chol aytib bergan voqeani misol qilib keltiraylik. Rassomning bir vaqtlardagi martabali do‘sti yuqoridan kelayotgan buyruq, topshiriqlarning so‘zsiz bajarilishi mumkin emasligini bilib qog‘ozda “bajarildi” qabilida ish tutadi. U shu yo‘lni tanlaydi. Yo shunday qilishi kerak yoki qo‘l ostidagilarning jabr ko‘rishiga sababchi bo‘lishi lozim. Chunki bu buyruqlarni bajarishga odam jismonan ulgurmaydi. Mumkin emas! Xo‘sh, bu yaxshilikmi-yomonlikmi? To‘g‘ri, qo‘l ostidagi oddiy odamga nisbatan yaxshilik, biroq ko‘rsatma beruvchi tizim uchun yolg‘on ma’lumot berish. Aslida, voqeaning qaysi davr yoki qaysi tuzumda bo‘layotgani unchalik ham ahamiyatli emas. O‘sha martabali odam, tuzum qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, aynan o‘sha tuzumga sadoqat bilan xizmat qilish uchun bel bog‘lagan. O‘ylashimizcha, yozuvchi ko‘zlagan asosiy ma’no urg‘usi ham shu.
...Yigirma yetti yil odamlarni qog‘ozlar bilan himoya qilgan. Oxir oqibatda uning ajali yetib o‘ldi. Keyin uning go‘riga tosh otish boshlandi; u himoya qilgan ming-minglab odamlar unga birinchi bo‘lib tosh otdilar — o‘rniga boshqani saylashdi...”
Keyingi saylangan odam esa yuqoridan qanday buyruq kelsa, shunday qildi. Odamlarni tinim bilmay ishlatdi. Inson mehnati qadrlanmaydi, ularga yetarli haq to‘lanmadi. Lekin aytilganidek, yuqoridan kelayotgan topshiriq so‘zsiz bajarildi.
Bu nima? Yaxshilikmi-yomonlikmi? Hikoyani o‘qib ana shu tarzdagi o‘rinli-o‘rinsiz savollar tug‘iladi. Yozuvchi bu savollarning ba’zilariga asar qahramonlari tilidan javob beradi, ba’zilarini ochiq qoldirishni ma’qul biladi. Tuzumga sadoqat bilan xizmat qilayotgan
boshliq odamlarga xiyonat qilyapti-ku! O‘sha yangi boshliq ham hammasini ko‘rib-bilib turibdi- ku! Hayotda har bir kishining o‘zgalardan berkitgan, ammo ich-ichidan o‘tgan iqrori bo‘ladi. Fikrlaydigan odamning hayotiy xulosalaridan shunday, bizningcha.
Rassom aytadi:
Biri odamlarni o‘ylab, qonunni suiiste’mol qildi, ikkinchisi qonunni o‘ylab, odamlarni xarob qildi. Men bu yerda qaysi biri yomonlik, qaysi biri yaxshilik, hech farqlay olmayman. Umrim davomida ham buni farqlay olmadim”.
Hikoya ichida hikoya. Qahramon ko‘ngilida yana bo‘linish, ikkilanish, arosat, bo‘linish kabi ruhiy holatlarni muallif turli ishoralar yordamida ochib beriladi.
Savol tug‘iladi: Rassom chol kim o‘zi? O‘sha idorani 27 yil boshqargan rahbarmi yoki keyingi saylangan boshliqmi? Cholning hikoyasiga ishonadigan bo‘lsak, birinchi qahramon ajali yetib o‘lgan. Demak, keyin boshliq – man shu rassom chol. Lekin teskarisi bo‘lgan taqdirda ham mantiq o‘zgarmaydi. Gapning oqimi e’tiqodga, ishonchga qarab boryapti. E’tiqod esa bugun siz bilan biz bilgan e’tiqod emas. Ishonch ham u qadar ishonchli emas, omonatday tuyuladi. Yozuvchi yolg‘on, soxta shiorlarning e’tiqod darajasiga chiqishini, odamzotning fojiasi, ishonchning yo‘qolishi va umidsizlikni o‘ziga xos badiiy buyoqlarda chizadi. Muallifning poetik mahorati ayni shu o‘rinlarda bo‘y ko‘rsatadi. Jamiyat hayotidagi yolg‘onlar, ijtimoiy muammolar girdobidagi odamning kechinmalari, insoniyat fojiasining sabablari ildizlariga razm solinadi. Razm solish ramzlar orqali ko‘rsatib beriladi.
Garchi o‘sha tuzum xalqni xarob ahvolga solgan bo‘lsada, o‘sha vaqtda, ayni yuksak shiorlar bilan “olg‘a” intilayotgan vaqtda har ikki boshliq ham butun vujudi, ruhiyu ko‘ngli ko‘zi bilan ishondi. Nafaqat ishondi, tuzumdagi talablarni bir maslak o‘laroq qabul qildi. Balki ularni ayblab bo‘lmas. Ular chindan ishonishgan, deylik. Lekin e’tiqod va ishonch borasida ham rassom cholning gapi bor, haqiqati bor. Bu yozuvchining haqiqati emas. Bu yozuvchi tomonidan tutilgan ko‘zgu.
...e’tiqodi mustahkam odamlar yaxshilik bilan yomonlikni juda teran anglaydilar”
degan gapga rassom cholning e’tirozi:
...e’tiqod qo‘ygan narsangiz puch, yolg‘on va puflab shishirilgan sharday omonat, siz ezgulik deb sig‘ingan narsalar asli razolat ekanini anglab qolsangiz bunday demasdingiz”.
Ammo rassom chol e’tiqod va yolg‘onni (yaxshilik va yomonlikni) nisbiy tushuncha sifatida anglagani, uning e’tiqod va e’tiqodsizlik borasidagi fikrlarini ham qabul qilish bahsli. Ana shu joydan murosasizlik boshlanadi. Tasvir hikoya boshida qanday boshlangan bo‘lsa, shu yo‘sinda davom etadi-yu, o‘quvchini bir qadar sergak torttiradi.
Yana o‘sha savol: Rassom chol aslida kim?
Hikoyaga qaytamiz. Chol haqidagi gaplar, uning turish-turmushi tasvirlariga e’tibor qaratamiz:
...bir paytlar semiz bo‘lgan, ajinlar taram-taram qilib tashlagan, ko‘rimsiz yuzi badjahl ma’budlarning haykaliga o‘xshab ketar, unga qaragan odamning yuragi noxush bir hisdan orqaga tortar edi”.
Odam yillar davomida qanday yashagan bo‘lsa uning yuz-ko‘zlariga o‘sha yillarning muhri aks etishi tabiiy. Yuqoridagi tasvir ana shu haqda.
...Chol yigirmanchi yillarda komsomol bo‘lgan va bosmachilarga qarshi kurashgan, yangi hayot qurishda faol ishtirok etgan deyishgandi. Yigirmanchi yillarning shiddatli shamoli uni yuksak parvozlarga ko‘targan; o‘ttizinchi yillarda mas’ul vazifalarda ishlagan, deb hikoya qilishgan”.
Soxta g‘oyalarni e’tiqod deb bilgan odamning bosib o‘tgan yillari bu. Takabburlik ham, bepisandlik ham, odamlarni xushlamaslik ham ana shu yillarning asorati. Lekin bu aslo qo‘rquv emas. Qo‘rquv insonni bora-bora o‘ldirib qo‘yadi. Cholda esa aksincha. Hamma gap uning o‘sha tuzumga bo‘lgan ishonchda. Buni qahramon tan olish yoki olmasligini ko‘rib-bilib turasan.
Yozuvchi aniq aytmaydi.
...Chol ishdan ketgach, mana shu eski uyga qamalib olgan, hech kimga qo‘shilmaydi, bir vaqtlar o‘zi ozor bergan kishilarni ko‘rgisi kelmaydi, deyishardi”.
Adashishni, xatolarni anglash azobi. Anglash esa o‘z o‘zini idrok etish va tergash demakdir. Bir vaqtlar o‘zi ozor bergan kishilarni ko‘rgisi kelmaydi. Lekin ularning oldida haqiqatni tan ham ololmaydi. Takabburlikning xudbinlikka aylanishi ana shu yo‘sinda ro‘y beradi. Har bir inson ichida bo‘lgan nafsning ko‘rinishlari va jilvalanishidir bu.
Endi hikoya talqinidagidek 1921 yilda chizilgan maymun yetaklab ketayotgan odam va rassomning uzoq vaqt chizilgan so‘nggi asari – odamni yetaklab ketayotgan maymun suratlarining orasidagi umr ham nisbiy ekanligiga ishongimiz keladi. Bir vaqtlar dunyoni ostin-ustun qilaman degan odamning o‘zi tanazzulga yuz burishimikan bu? Yo jamiyatni o‘zgartirmoqchi bo‘lgan kishining bora-bora o‘sha o‘zgarmas jamiyatning bir bo‘lagiga aylanib qolishimikan? “Men kimman? Qayoqqa qarab ketyapman?” deb o‘z-o‘ziga savol bergan odamning yana o‘z-o‘ziga javomikan? Anglash, iztirob, iqror inson ruhiyatining eng yuqori sahnalari deyish mumkin.
Umrning mazmuni shu ikki surat oralig‘idagi vaqt bo‘lsa, yozuvchi hikoyaga maymun obrazini nega kiritgan? Bu shunchaki vosita emas. Maymunning o‘rniga boshqa hayvonni qo‘yish ham mumkin emasligida ko‘rinadi.
Birinchi suratdagi o‘rmondan chiqib kelayotgan norg‘ul yigit. Qo‘lida zanjir: ishonchli va mustahkam. Har maqomga yo‘rg‘alaydigan, har ko‘yga solinaveradigan, o‘ziga qo‘yib bersang har makonni payhon qiladigan maymun – o‘sha zanjirda! Eng muhimi - tizgin yigitning qo‘lida!
Ammo so‘nggi suratchi? O‘sha tizgin bora-bora bo‘shashgan, uzaygan, uzilgan va so‘nggi damda maymunning qo‘liga o‘tgan. Ha, o‘sha har maqomga yo‘rg‘alaydigan maymunning qo‘lida. Zanjirda esa ishonchi, irodasi, e’tiqodi (balki e’tiqodsizligidir) sinib-sinib, kamayib, so‘lib, o‘lib borgan YeTOVDAGI ODAM!..
Fikrlash, tafakkur yuritish insonga xos oliy tuyg‘u. Maymun esa bunday tushunchalardan mosuvo. Muallif jamiyatning yashash tarzi odamni mustaqil fikrlashdan ayirishi, mukarram qilingan zot oddiy Ijrochiga aylanishi, ommaviylik avj olganiga ishora qiladi.
Bir vaqtlar odam maymundan tarqalgan degan farazga ishora bormikin, soxta g‘oyalarni nazarda tutib avvalgi suratda yigit maymunni ODAM qilmoqchi bo‘lgan bo‘lsa, so‘nggi suratda maymun odamni o‘zi tomonga yetaklab ketayotgani ko‘rinadi. E’tiqodsizlik fojiasining badiiy suratlanishi va Nazar Eshonqulgagina xos bo‘lgan ifoda. Yozuvchi qahramonni davrning (davr
– dahriylik davri ekanligini esda tutaylik) sodiq xizmatchisi misolida ko‘rsatib beradi. Yolg‘on siyosat odamni mustaqil fikrlashdan mahkum etib, maymunga aylantirishiga ishora bu. Odamzot o‘zini ulug‘laydigan ilohiy ne’mat FIKR tuyg‘usidan marhum bo‘lishining yozuvchigia xos poetik talqini bu.
Hikoyadan iqtibos:
“— Ha, to‘g‘ri, biz tushunarsiz yashadik, — dedi g‘amgin tusda, — har bosgan qadamimiz odamlar uchun shubhali va qorong‘u bo‘lib qolgan, albatta, bunga siz emas, o‘zimiz aybdormiz”.
Yana bir iqtibos:
...Qizig‘i shundaki, u juda savodli edi va shu vaqtgacha nimaiki qilgan bo‘lsa, hammasini bilib, anglab turib qilganga o‘xshardi”.
***
Yozuvchi bizni avvaliga rassom cholning yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlariga, misollariga, qarashlariga ishontira boshlaydi. Asarga kechaning, bugunning ko‘zi bilan qaray boshlaymiz – ishonarlidek...
Cholning iqrorlariga qayishgimiz keladi. Uning yashab o‘tgan yillariga achingandek bo‘lamiz. Hikoyada aytilganidek, bir rassomning yo tahlikali yillarda yo o‘zining sururli davrlarida azbaroyi rassomlikdan qo‘li “chiqib ketmasli” uchun chizilgan suratlarini tan olgimiz keladi.
Bu suratlar ilhom yo maqsad bilan chizilganiga ishonish qiyin”, ammo rassomning ko‘ngli aks etgan ularda.
...bu suratlar — o‘z-o‘zga ishonmagan, umrini turli aldovlar va yupanchlar bilan behuda o‘tkazgan odamning hayot haqidagi o‘ylari, uning mavhumlikka mustahiq qalbining parcha- parchalari edi. Umri poyoniga yetgan sayin dunyoning beshafqat xulosalaridan qochib, u mana shu sokinlik va yolg‘izlikning quyuq o‘rmoniga yashiringandi”.
Talqin shu tarzda davom etadi. O‘quvchi rassom nega aynan umri poyoniga yetgachgina bularni anglayotganiga qiziqadi. Odam nega har doim kech qolishi o‘ylantiradi.
Va yana o‘sha savol aylanadi: O‘sha chol kim? Rassom kim?
Muallif o‘sha rassom timsolida har bir o‘quvchining vijdoniga savol beradi. Yozuvchining aytmoqchi bo‘lgani o‘z yo‘liga-yu, o‘quvchining ta’sirlanishi, talqinni qabul qilishi o‘zgacha bir yo‘singa o‘tadi.
Har o‘quvchining talqini har xil bo‘lishi ham tabiiy. Ammo yaxshilik va yomonlik haqidagi fikrlarning, savollarning javobi nisbiy bo‘lib qolaveradi. Rassom kechinmalarida jamiyatdagi ijtimoiy dard o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi. Yetovdagi odam falsafasi, uning fojiasi yozuvchining yuksak badiiy tafakkuri orqali o‘ziga xos tarzda betakror talqin etiladi va shu tariqa haqiqatning timsoli tasvirlanadi.



Download 0.93 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   59   60   61   62   63   64   65   66   ...   73




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling