Davlat va huquq
Download 0.89 Mb. Pdf ko'rish
|
davlat va huquq nazariyasi
uyg‘unlashtirishni taqozo etadi. Siyosiy munosabatlar sohasida davlat
haqli ravishda yetakchi o‘rin egallaydi, bunda u fuqarolik jamiyatiga bog‘liq bo‘ladi, ya’ni uning faoliyati har qanday jamiyat manfaatlariga taalluqli umumiy ishlarni bajarishi bilan belgilanadi. Fuqarolik jamiyati odamlarning ijtimoiy va shaxsiy manfaatlari hamda huquqlarini ifodalash va himoya qilishga safarbar etilgan ixtiyoriy uyushmalari (diniy tashkilotlar, jamoat birlashmalari, partiyalar, kasaba uyushmalari, shirkatlar va hokazo) timsolida davlat bilan alohida siyosiy munosabatlarga kirishadi. Fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasi qancha yuqori bo‘lsa, davlatning demokratik faoliyati uchun asoslar shuncha ko‘proq bo‘ladi. Va aksincha, fuqarolik jamiyati yaxshi rivojlanmagan bo‘lsa, avtoritar va totalitar hokimiyat tuzumlari mavjudligi uchun asoslar ko‘proq bo‘ladi. Fuqarolik jamiyatining rivojlanish darajasi aholi qatlamlarining qamrab olinganlik darajasi bilan emas, balki bu jamiyatda tan olinadigan shaxs erkinligining ta’minlanishi holati bilan belgilanadi. Fuqarolik jamiyatida davlat barcha mulkdorlar huquqiy jihatdan teng himoya qilinishini ta’minlaydi, xususiy mulkni daxlsiz deb e’lon qiladi, ijtimoiy zarurat tufayli mulk olib qo‘yilgan holda unga tovon to‘lanishi kafolatlanadi. Mulkni natsionalizatsiya qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday jamiyatda mehnat erkin bo‘lib, davlat tomonidan ham, jamiyat tomonidan ham rag‘batlantiriladi, majburiy mehnat taqiqlanadi, individual va kollektiv mehnat erkinligi 42 kafolatlanadi. Davlat aholini ish bilan to‘la ta’minlash uchun shart- sharoitlar yaratadi, kasb-hunar ta’limi va yangi ixtisos olish dasturini amalga oshiradi, mehnatga tayyorlash va ishsizlik bo‘yicha nafaqalar to‘lanishi yo‘lga qo‘yiladi. Jamiyatni davlatning yalpi homiyligidan ozod qilishda uni «tungi qorovul» darajasiga tushirib qo‘yish yaramaydi. Barcha ijtimoiy tuzilmalarda tub o‘zgarishlar qilinayotgan sharoitda aynan davlat yangi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy munosabatlarni yuzaga keltiradigan birlashtiruvchi kuchga aylanishi lozim. Davlat ta’sirisiz jamiyatni amalda o‘zgartirish mumkin emas. Uning inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi bozor islohotlarining salbiy oqibatlarini yengillashtirishga qaratilgan faoliyati, ayniqsa, muhimdir. Davlatning ijtimoiy vazifasi daromadlarni jamiyatning turli qatlamlari o‘rtasida soliq tizimi, davlat budjeti va maxsus ijtimoiy dasturlar yordamida qayta taqsimlashdan iborat. Uzoq muddatli, istiqbolli maqsad sifatida davlat fuqarolarning moddiy holatini tenglashtirishga harakat qilishi lozim. Nafaqat yuridik, balki haqiqiy tenglikka erishish – tarixan qisqa fursatda erishib bo‘lmaydigan vazifa. Biroq bu ulkan ma’naviy imkoniyatni o‘zida mujassamlashtirgan tenglik g‘oyasi rad etilishini anglatmaydi. Jamiyatimizning rivojlanish yo‘llarini aniqlash, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarga davlatning aralashuvi chegaralarini, mulkni taqsimlashda uning tartibga soluvchi rolini, davlat ijtimoiy funksiyasining o‘sishini va uning o‘z fuqarolariga munosib turmush sharoitini yaratish uchun javobgarligi (mas’ulligi) kuchayishini asoslash huquq fanining muhim vazifasidir. O‘zbekistonda tenglik, adolat va yuksak ma’naviyatga asta-sekin erishishni ta’minlovchi huquqiy davlatni shakllantirish yangi demokratik jamiyat modelining muhim jihatidir. 4-§. Davlat va huquqning o‘zaro munosabati Davlat va huquq – jamiyat tadrijiy rivojlanishining muhim omillari, hozirgi zamon jamiyatining muqarrar yo‘ldoshlaridir. Davlat va huquq nazariyasi – jamiyatshunoslikning tarkibiy qismi, amaliy yurisprudensiyaning g‘oyaviy negizi sifatida davlat va huquqni ilmiy tadqiq etadi. Davlat faoliyati, qonunlar qabul qilish va ularni amalga oshirish, fuqarolarning huquqlarini ta’minlash, jamoat 43 tartibini saqlash siyosiy-huquqiy nazariya qoidalari bilan uzviy bog‘liqdir. Davlat singari huquq ham nafaqat eng muhim, balki eng murakkab ijtimoiy hodisalar qatoriga kiradi. Davlat va huquqning asl mohiyatini anglashga, ularning sermazmun faoliyatini ochishga qadimdan katta qiziqish mavjud. Masalan, Rim yuristlari huquqning nimaligini tushunish va uning jamiyat hayotidagi o‘rnini aniqlashga harakat qilib, huquq mazmuni faqat bir belgi yoki ma’no bilan cheklanmasligiga e’tiborni qaratgan edilar. Ulardan biri (Pavel) huquq bir necha ma’noda qo‘llanilishini qayd etgan. Birinchidan, huquq «hamisha odilona va oqilona bo‘lgan narsa»ni anglatadi – bu tabiiy huquq. Ikkinchidan, huquq «muayyan davlatda hammaga yoki ko‘pchilikka foydali bo‘lgan narsa» ma’nosida keladi – bu fuqarolik (sivil) huquqi. Jamiyat va davlatning rivojlanishiga qarab odamlarning huquq haqidagi tasavvuri o‘zgarib borgan. Ko‘plab har xil huquqiy g‘oyalar, nazariyalar va yondashuvlar paydo bo‘ldi, biroq Rim yuristlari yaratgan huquq qoidalari (ayniqsa, fuqarolik huquqida) anchagina takomillashgan ko‘rinishda bo‘lsa-da hozirgacha saqlanib kelmoqda. Huquq tushunchasi, shuningdek, davlat va huquq, huquq va qonunning o‘zaro nisbati haqida bahslar nafaqat uzoq tarixiy o‘tmishda, balki XX asrda ham davom etgan. Bu bahslar hozir ham to‘xtagani yo‘q. Hozirgi tadqiqotchilar ham o‘z o‘tmishdoshlari kabi huquqni ta’riflashga asosan ikki xil yondashadilar. Pozitivistik yondashuv nafaqat davlat va huquqning uzviyligiga qarab mo‘ljal oladi, balki davlatni huquqning birdan-bir manbayi deb hisoblaydi. Bunda huquq «hukmron sinfning qonun darajasiga ko‘tarilgan davlat irodasini ifodalovchi va ijtimoiy munosabatlarning qat’iy tartibga soluvchi vosita sifatida amal qiluvchi umumma’rifiy, rasman belgilangan davlat majburlov normalari tizimi» sifatida ta’riflanadi. Mazkur yondashuvda huquq to‘la yoki deyarli to‘la ravishda qonunga, aniqrog‘i – davlat tomonidan qabul qilingan va ta’minlanadigan normativ-huquqiy hujjatlarga tenglashtiriladi. Huquqqa nisbatan neopozitivistik yondashuv huquq tushunchasini davlatga bu qadar qattiq bog‘lamaydi. Bunda huquq «erkinlik, huquqlar va majburiyatlar darajasini belgilash yo‘li bilan kishilik jamiyatini oqilona tashkil etish maqsadida ijtimoiy munosabatlarni 44 normativ tartibga solishning umumiylik va umummajburiylikka da’vogar bo‘lgan, ezgulik, odillik, insonparvarlik va atrof-tabiiy muhitni saqlash prinsiplariga asoslangan huquqiy idealning odatlar, an’analar, pretsedentlar, referendum qarorlari, korporativ, davlat va xalqaro normalardagi ifodasini o‘zida mujassamlashtirgan ijtimoiy institut» sifatida qaraladi. Ushbu yondashuvda huquq qonun va qonun osti hujjatlariga tenglashtirilmaydi. Qonun ezgulik, odillik va insonparvarlik g‘oyalarini o‘zida mujassamlashtirgan, mazmunida huquqiy ideal o‘z aksini topgan taqdirdagina huquqiy deb hisoblanadi. Bu yondashuv ancha oqilona ekanligiga qaramay, amalda birinchi – pozitivistik yondashuvga qaraganda kamroq tarqalgani va torroq qo‘llanilishining asosiy sababi ana shunda. Pozitivistlar davlatni huquq bilan va aksincha, huquqni davlat bilan uzviy bog‘lab, nazariy va amaliy jihatdan huquq real hayotda davlat tomonidan bevosita qabul qilinadigan yoki tasdiqlanadigan, hamma uchun majburiy xulq-atvor qoidalari (normalar) ko‘rinishida amal qilishidan kelib chiqadilar. Bu normalarni buzgan shaxslarga nisbatan har xil davlat ta’siri choralari qo‘llaniladi. Davlat va huquq bir-biri bilan uzviy bog‘liq, biroq ayni vaqtda, nisbatan mustaqil hodisalardir. Davlat huquqiy hujjatlar qabul qilsa, ularga rioya etilishini ta’minlasa va bu huquqiy hujjatlarda qo‘yilgan talablar bajarilmagan taqdirda majburlov chorasi qo‘llasa, huquq, o‘z navbatida, davlatning barcha organlari, mansabdor shaxslari va tashkilotlari uchun majburiy bo‘lgan xulq-atvor qoidalarini belgilash yo‘li bilan davlatga faol ta’sir ko‘rsatadi. Huquq normalari yordamida davlat organlari, mansabdor shaxslari va tashkilotlarining maqomi mustahkamlanadi, ularning faoliyat doirasi, tarkibi, amal qilish va o‘zaro munosabatlari tartibi belgilanadi. Davlat va huquqning o‘zaro nisbati to‘g‘risidagi masala bo‘yicha fanda azaldan ikki xil yondashuv mavjud. Birinchi etatistik yondashuv, u davlatning huquqdan ustunligidan kelib chiqadi. Bu yondashuvga ko‘ra, huquq davlat faoliyatining mahsuli, uning (davlatning) mahsuli sifatida qaraladi. Mazkur yondashuv milliy yuridik adabiyotimizda ancha keng tarqalgan. Masalan, huquq davlatga nisbatan “tobe” holatda bo‘ladi, deb hisoblangan. Mazkur yondashuvga huquqda davlatning «dumi»ni ko‘rishga moyil siyosiy talqin amaliy asos bo‘lib xizmat qilgan. Huquq tushunchasiga davlat 45 tomonidan qabul qilinuvchi normalar majmui sifatida formal- dogmatik yondashuv nazariy asos bo‘lgan. Davlat va huquqning o‘zaro nisbatiga yana bir yondashuv tabiiy- huquqiy qarashlar ta’sirida yuzaga kelgan. Davlat tushunchasini «ijtimoiy shartnoma»dan olgan tabiiy huquq maktabi namoyandalari davlat huquqni cheklashidan kelib chiqqanlar. Bu, ularning fikricha, tabiiy qonunning daxlsizligidan va unga asoslangan individning subyektiv ommaviy huquqlari uzviyligidan kelib chiqadi. Ushbu yondashuv nuqtayi nazaridan, huquq davlatdan hech shubhasiz ustundir. Huquq davlat tashkil topishidan oldin yuzaga keladi. Biron-bir davlat va biron-bir hokimiyat huquqning dastlabki manbayi bo‘lishi mumkin emas. Ya’ni, huquqni davlat yaratmaydi. Ko‘rib chiqilayotgan muammoga nisbatan uchinchi yondashuv ham mavjud bo‘lib, u yuqorida qayd etilgan yondashuvlarni muayyan darajada birlashtirish va ayni vaqtda, davlat va huquqning aloqasini baholashda chegaradan chiqmaslik imkonini beradi. Bu yondashuvga ko‘ra, davlat va huquq o‘rtasidagi bog‘lanish yuqorida qayd etilgan darajada uzil-kesil sabab-oqibat aloqalariga ega emas, davlat huquqni yaratadi yoki huquqdan davlat yaraladi. Bu aloqa ancha murakkab bo‘lib, ikki taraflama bog‘liqlik xususiyatiga ega: davlat va huquq bir-birisiz mavjud bo‘la olmaydi, demak, ular o‘rtasida funksional bog‘lanish mavjud. Mazkur yondashuv davlat va huquq o‘rtasidagi teran aloqalarni aniqlash, bir yoqlamalikka yo‘l qo‘ymaslik, huquq davlatga nima berishini tushunib yetish va ayni vaqtda, huquqni ta’minlashda davlatning haqiqiy rolini aniqlash imkonini beradi. Bunday bog‘lanishlar tahlili butun ijtimoiy amaliyot uchun juda muhim ahamiyatga ega. Davlat va huquq o‘rtasidagi aloqaning ikki taraflama xususiyatini tan olish mazkur masalaning huquqni tushunishga nisbatan tor normativ yondashuv ruhidagi talqini («huquqni davlat yaratadi» va sh.k.)ga chek qo‘yish imkonini beradi. Ayni vaqtda, bu yondashuvda, «huquqni keng tushunuvchi» ba’zi bir ta’limotlarda bo‘lganidek, davlatning huquqqa nisbatan roli inkor etilmaydi. Huquqiy nigilizm (huquqni mensimaslik) qay darajada xavfli bo‘lsa, davlat nigilizmi ham shu darajada xavflidir. Davlat va huquqning aloqasi boshqacha tasavvur qilinadi: davlat huquqni yaratmaydi, balki bir tomondan, unga tobe kuch, boshqa tomondan esa – 46 huquqning qudrati, uning ijtimoiy tizimdagi salohiyatini quvvatlovchi va kuchaytiruvchi qudratli vosita hisoblanadi. Davlat huquqdan huquqning o‘zi bunga izn bergan darajadagina ijtimoiy jarayonlarni boshqarish vositasi sifatida foydalanadi. 5-§. Davlatning huquqqa ta’siri Davlat huquqiy qoidalarni yaratishning bevosita manbayi va ularni amalga oshiruvchi asosiy kuchdir. Davlat hokimiyati alohida tashkiliy tuzilma sifatidagi huquqning mavjudligi uchun amaliy ahamiyatga egadir. U huquq yordamida namoyon bo‘ladi va huquqning mohiyatiga ham kirib boradi. Davlat huquqqa “homiylik qiladi”, ya’ni uning ijro etilishini ta’minlaydi, davlat siyosati maqsadlariga erishish uchun huquqning imkoniyatlaridan foydalanadi. Ayni vaqtda, davlatning huquqqa ta’sirini mutlaqlashtirish va unga huquqni faqat davlat vositasi, belgisi yoki atributi deb biluvchi etatistlar nuqtayi nazaridan yondashish ham yaramaydi. Nafaqat davlat, balki huquq ham nisbatan mustaqil bo‘lib, o‘z shakllanishi va faoliyatining tegishli qonuniyatlariga egadir. Bundan huquq davlatga nisbatan mustaqil ahamiyatga ega, degan xulosa kelib chiqadi. Huquqqa davlat vositasi sifatida qarash o‘rinli bo‘lsa, u holda davlat ham huquqqa nisbatan ayni shunday vosita ekanligini tan olish lozim bo‘ladi. Davlatning huquqqa ta’siri huquq ijodkorligi va huquqni amalga oshirish sohasida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘ladi. Huquq davlatning bevosita ishtirokida shakllanadi. Biroq davlat nafaqat huquqni shakllantiradi, balki huquqni muayyan yuridik shaklga (normativ yuridik hujjat, sud pretsedenti yoki ma’muriy pretsedent va b.) solib, huquqni yaratish jarayonini nihoyasiga yetkazadi. Davlat huquqni institutsiyaviy darajada yaratadi. Huquqning yuzaga kelish sabablarini esa ishlab chiqarishning moddiy usuli, jamiyatning iqtisodiy rivojlanish xususiyati, uning madaniyati, xalqning tarixiy an’analaridan izlash kerak. Bu muhim holatni e’tiborga olmaslik shunga olib keladiki, davlat faoliyati huquqning birdan-bir manbayi sifatida tan olinadi. Yuridik pozitivizmning asosiy kamchiligi ana shunda. Davlat huquqning yaratuvchisi deb hisoblangan. Huquq davlatga mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan holda vujudga keladi, degan yondashuvlarga ham qo‘shilish qiyin. Davlatning yaratuvchilik 47 faoliyatisiz huquqning vujudga kelishini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Ayni vaqtda, huquqni yaratish jarayonida davlat o‘ziga xos rol o‘ynaydi. Davlatning huquqni yaratish borasidagi ijodiy roli quyidagilardan iborat: 1) davlat huquq ijodkorligi faoliyatini amalga oshiradi. Davlat u yoki bu munosabatlar (faoliyat)ni huquqiy tartibga solish zarurligini, eng oqilona yuridik shaklni (qonun, farmon, qaror va boshq.) aniqlaydi, umumiy normalarni shakllantiradi va davlat hokimiyati kuchi bilan ularga formal-yuridik xususiyat baxsh etadi; 2) davlat ayrim odat va axloq qoidalarini ma’qullash orqali ularga huquqiy mazmun, kuch bag‘ishlaydi. Ayrim huquqiy tizimlarda huquqni yaratishning mazkur usuli yetakchilik qiladi. Masalan, islom huquqining vujudga kelishi shundayki, davlat asosan islom ta’limotida ishlab chiqilgan normalarni tasdiqlagan. Huquq tarixida huquqiy ta’limot yaratgan tamoyil va qoidalarga davlat umummajburiy tus bergan hollar ham ma’lum; 3) amalda shakllangan va mavjud munosabatlarni majburiy yuridik qoidalar deb tan olish va ularga yuridik tus berish hollari ham uchraydi. Shunday qilib, odat va pretsedent huquqi shakllanadi, normativ shartnomalarning qoidalari umumiy huquqiy normalar sifatida tan olinadi. Shu tariqa davlat huquq manbalari tizimining rivojlanishini ta’minlaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlardan, jamiyatdagi siyosiy vaziyatdan kelib chiqib, davlat huquqiy xulq-atvorning turlari va vositalarini tanlashga ta’sir ko‘rsatadi. Shu ma’noda, davlat jamiyatdagi huquqiy muhitni boshqaradi, uning davr ruhi bilan hamohang tarzda yangilanishini ta’minlaydi. Huquqni amalga oshirishda ham davlat muhim rol o‘ynaydi. Tarixiy tajriba davlatsiz huquqiy qoidalarni amalga oshirish mumkin emasligidan dalolat beradi. Davlatning vazifasi aynan shunda namoyon bo‘ladiki, u o‘z faoliyati bilan fuqarolar, ularning tashkilotlari manfaatlari va ehtiyojlarini qondirish maqsadida qonunlarni yaratadi. Davlatning faolligi – jamiyat hayotida huquqiy asoslar qaror topishining muhim sharti. Davlat faollik ko‘rsatishi shart, aks holda u o‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmaydi va natijada davlat hokimiyati o‘zining ahamiyatini yo‘qotadi. Bundan tashqari, davlat huquqni va jamiyatdagi huquqiy 48 munosabatlarni muhofaza qilishni ta’minlaydi. Davlat majburlovi huquq bajarilishining kafolati hisoblanadi. Huquqning ortida doimo davlat kuchi, uning obro‘si turadi. Davlat majburlovi mavjudligining o‘ziyoq huquqni qo‘riqlaydi. Shu tariqa huquqiy tartibot ta’minlanadi va mustahkamlanadi. Binobarin, davlat ijtimoiy makonda huquqning keng tarqalishiga imkoniyat yaratadi, ijtimoiy munosabatlarning ishtirokchilariga huquqqa binoan ish ko‘rish, qonuniy yo‘l tutish majburiyatini yuklaydi. Albatta, davlatni huquqqa ta’sirining chegaralari mavjud. Bu, eng avvalo, huquqning tartibga solish salohiyati, davlat va davlat tuzilmalarining mazkur ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy shart- sharoitlarda huquqning amal qilishini ta’minlash imkoniyatlari bilan belgilanadi. Davlat huquqdan uning asl vazifasiga zid ravishda foydalanishi mumkin emas. Shu sababli davlatning huquqdan yanada oqilona va jamiyat manfaatlari yo‘lida foydalanish imkonini beruvchi ilmiy asoslangan yuridik siyosatini ishlab chiqish nihoyatda muhimdir. 6-§. Huquqning davlatga ta’siri Huquq davlatga muhtoj bo‘lganidek, davlat ham huquqqa muhtojdir. Davlatning huquqqa bog‘liqligi: 1) davlatning ichki tuzilishi va 2) uning faoliyatida namoyon bo‘ladi. 1. Tarixiy tajriba davlat huquqsiz mavjud bo‘la olmasligini tas- diqlaydi. Huquq davlat tuzilishini rasmiylashtiradi va davlat mexanizmidagi ichki o‘zaro munosabatlarni tartibga soladi. Davlatning shakli, davlat apparatining tarkibi, davlat organlari va mansabdor shaxslarining vakolatlari huquq vositasida mustahkamlab qo‘yiladi. Huquq hokimiyatning qonunga xilof ravishda tortib olinishiga (uzurpatsiya qilinishiga) qarshi yuridik kafolatlar yaratadi. Shunday qilib, davlat tuzilmalari o‘rtasidagi munosabatlar huquqiy tartibga solinadi, ya’ni huquqiy munosabatlarga aylanadi. 2. Davlat jamiyatga o‘z hokimiyatini o‘tkazishining ikki usuli ma’lum: birinchisi – totalitar davlatlarga xos bo‘lgan zo‘rlik ishlatish usuli; ikkinchisi – ijtimoiy jarayonlarni huquqiy vositalar yordamida boshqarish usuli. So‘nggi usul rivojlangan demokratik davlatlarga xos. Binobarin, hozirgi zamon demokratik davlati o‘z faoliyatini 49 huquqsiz amalga oshira olmaydi. Huquq davlat faoliyatining zarur jihatini tashkil etadi. Mazkur sifat huquqqa xosdir, chunki u ijtimoiy tartibga solish vositasi sifatida yagona bo‘lib, undan foydalanish zarurligi davlatga bog‘liq bo‘lmagan obyektiv omillar bilan belgilanadi. Umuman olganda, huquqning davlatga nisbatan tashkilotchilik roli quyidagilardan iborat: a) huquq davlatga uning aholi, ayrim shaxs bilan o‘zaro munosabatlarida ta’sir ko‘rsatadi. Huquqning qadr- qimmati, asosan, shaxsning uyg‘un va izchil rivojlanishi, uning huquq va erkinliklarini ta’minlashi bilan belgilanadi; b) huquq davlat faoliyatini yuridik jihatdan rasmiylashtiradi, davlatning muhofaza qilish va majburlov harakatlarining qonuniyligini ta’minlaydi. Davlat faoliyati huquq yordamida yuridik talablarning qat’iy chegarasiga solinadi, yuridik shakl kasb etadi; d) huquq yordamida davlat faoliyatining mezonlari, davlat idoralarining vakolatlari aniqlanadi, fuqarolarning shaxsiy hayotiga aralashish chegaralari belgilanadi; e) huquqiy shakl davlat apparati faoliyati ustidan ta’sirchan nazorat olib borish imkoniyatini ta’minlaydi va davlatning jamiyat oldidagi yuridik mas’uliyati kafolatlarini yaratadi; f) huquq hozirgi sharoitda davlatning nafaqat aholi, balki boshqa davlatlar, umuman, jahon hamjamiyati bilan aloqa qilish “tili” sifatida amal qiladi. Shunday qilib, davlat suveren hokimiyat sifatida, huquqsiz mavjud bo‘lishi va faoliyat olib borishi mumkin emas. Huquqning (huquqiy davlatning) ustunligi konsepsiyasi huquq shaxs va jamiyat manfaatlarida davlat aralashuvini cheklashidan kelib chiqadi. Huquq davlatning o‘zboshimchaligini cheklashning qudratli vositasi sifatida amal qiladi. Shu ma’noda huquq davlatni bo‘ysundirishga qodir kuch hisoblanadi. Ta’bir joiz bo‘lsa, huquq jamiyat ustidan hukmronlik o‘rnatilmasligi uchun davlatga o‘z hukmini o‘tkazadi. Hozirgi sharoitda davlatga nisbatan huquqning tiyib turuvchi roli tobora ortib bormoqda. Bunda quyidagi qonuniyat kuzatiladi: huquq jamiyat rivojlanishining obyektiv ehtiyojlarini qancha aniqroq aks ettirsa, u davlatni shuncha ko‘proq tiyib turadi. Bunda davlatning faolligi pasaymaydi. Aksincha, u samarali faoliyat yuritib, faqat 50 jamiyat va shaxs manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga safarbar etiladi. Davlat huquq bilan bog‘langan holdagina erkin harakat qilishi mumkin. Davlat va fuqaroning o‘zaro mas’ulligi to‘g‘risidagi masala ularning teng subyektlar deb tan olinishi bilan bog‘liq. Shuni ta’kidlash lozimki, sobiq sovet tuzimida bo‘lganidek, davlatning ahamiyati oshirib ko‘rsatilishi natijasida shaxs siyosiy hayotdan siqib chiqariladi, inson huquqlari va erkinliklarini davlat tomonidan ta’minlash kafolatlari shunchaki rasmiyatchilikka aylanadi. Demokratik jamiyatda davlat shaxs oldida, shaxs esa davlat oldida javob berishi lozim. Davlat fuqarolarga normal turmush sharoitlarini kafolatlashi va o‘z majburiyatlarini bajarish uchun javob berishi shart. Davlat ham, fuqarolar ham o‘zaro majburiyatlarini bajarayotgan davlat – huquqiy davlat hisoblanadi. Huquqiy davlatning mohiyati shundaki, uning faoliyatining asosiy mezoni inson bo‘lishidadir. Mazkur tamoyilning amalga oshirilishi huquqiy davlat sari harakatni aks ettiradi. Huquqqa nisbatan har xil yondashuvlar, davlatning mohiyati va funksiyalariga har xil munosabat huquq va davlatning tarixiy taqdiriga nisbatan yondashuvlarning rang-barangligi bilan belgilanadi. Umumiy fikr bitta – huquq va davlat o‘zaro uzviy hamkorlikda rivojlanib boradi. Ijtimoiy rivojlanish qonuniyatlari tan olingani va shu munosabat bilan tarixiy tajribaga murojaat etilayotgani huquq va davlat istiqbolini ilmiy aniqlashga va adolatli davlat – huquqiy davlat qurilishiga xizmat qiladi. 51 IV BOB. DAVLAT HAQIDA UMUMIY TA’LIMOT 1-§. Davlat tushunchasi va belgilari Davlatning kelib chiqishi haqida juda ko‘p nazariyalar mavjud: ilohiyot nazariyasining turli variantlari davlatning ilohiy kelib chiqishini isbotlashga harakat qilgan; tabiiy nazariya davlatni odamlar va ularning birlashmalaridan tashkil topgan tirik organizmga qiyoslagan; zo‘ravonlik nazariyasi davlatning vujudga kelishini jamiyatdagi ichki to‘qnashuvlar va tashqi tazyiq (urushlar) bilan tushuntirgan; shartnoma nazariyasi davlat uning fuqarolari o‘z umumiy manfaatlarini himoya qilish uchun tuzgan ixtiyoriy bitim natijasi bo‘lgan, degan g‘oyani ilgari surgan; patriarxal nazariya davlatni ota – monarx boshchiligidagi katta oila sifatida tavsiflagan. Download 0.89 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling