2-namuna. Rivoyatni o`qing. Mazmuni yuzasidan o`z fikringizni erkin bayon
qilib yozing.
Sharafli burch
Bir kuni mavlono Alisher Navoiy mulozimlari bilan otda uzoq tog` sayridan
qaytib kelayotgan ekan. Yo`l qabriston oralab o`tar ekan, qabristonga yuz qadam
chamasi qolganda mavlono otdan tushib, boshini quyi solib yo`lida davom etibdi.
Mulozimlari ham otlaridan tushib, uning ortidan ergashibdilar. Qabristondan ancha
uzoqlashgandan keyin yana otlariga minib, o`tib ketishibdi. Biroz yurishgandan
so`ng mulozimlar shoirning qabristonga yaqinlashganda otdan tushishi sababini
so`rabdilar. Alisher Navoiy ancha vaqt sukut saqlab turibdi-da, keyin
mulozimlaridan norozi ohangda shunday deb javob beribdi:
- Bu yerda xalqimizning jigargo`shalari, tabarruk padari buzrukvorlari mangu
uyquga ketganlar. Bular yonidan ot choptirib, changitib o`tish insonlik sha`niga
isnoddir. Nahotki shuni ham bilmasalaring? Buni bilmaslik tiriklikdagi o`liklikdir.
Ota-bobolarimiz xokini, xotirasini e`zozlamoq har bir kishining sharafli burchidir.
Mulozimlar otasi oldida ayb ish qilib qo`ygan boladek to Hirotning qorasi
ko`ringuncha tillarini tishlab, aqlini peshlab boribdilar.
(Qudrat Hikmat)
Do'stlaringiz bilan baham: |