Dilmurod Quronov adabiyot nazariyasi asoslari


Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari


Download 7.7 Mb.
Pdf ko'rish
bet7/149
Sana28.10.2023
Hajmi7.7 Mb.
#1731056
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   149
Bog'liq
Adabiyot nazariyasi asoslari D.Quronov

Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari. Yuqori- 
da sanalgan asosiy sohalar bilan bir qatorda adabiyot­
shunoslik faoliyati uchun zarur bo'lgan muayyan amaliy 
vazifalarni bajarish bilan shug'ullanuvchi matnshunoslik, 
manbashunoslik, kitobiyot (bibliografiya) kabi yordamchi 
sohalar ham mavjud. Mazkur uch soha ko'pchilik tomoni- 
dan adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari sifatida 
e’tirof etiladi. Ilmiy manbalarda yordamchi sohalar sirasida 
bulardan boshqa yana adabiyotshunoslik istoriografiya- 
si, muzeyshunoslik, arxivshunoslik, paleografiya, avtorlik 
atributsiyasi, arxeografiya, uslubshunoslik kabilar ham 
ko‘rsatiladi. Darhaqiqat, sanalganlarning har biri o‘zi- 
ning konkret vazifasiga ega, ularning bajarilishi adabiyot- 
shunoslikka oid tadqiqotlarda yordam beradi. Shu bilan 
birga, ularning umume’tirof etilmasligiga ham muayyan 
asoslar mavjudki, bu haqda o‘rni bilan to'xtalamiz.
Matnshunoslik. Matnshunoslik bobidagi ilmiy izla- 
nishlarning pirovard natijasi adabiyot tarixi va nazariyasi 
uchun manbaviy asos - matnni tayyorlash bo'lgani bois 
unga adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri 
sifatida qaraladi. Holbuki, matnshunoslikka filologik fanlar- 
ning alohida tarmog‘i, mustaqil bir sohasi sifatida qarash 
uchun ham yetarli asos bor. Chunki, birinchidan, matn­
shunoslik faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix 
fanlari kesishgan nuqtada kechadi; ikkinchidan, matn­
shunoslik ilmiy izlanishlarida qator yordamchi sohalarni 
o‘ziga xizmat qildiradi.
Adabiy matnlarni o'rganish va nashrga tayyorlash 
matnshunoslikning vazifasidir. Matnshunoslikning vazi- 
fasini juda qisqa qilib ifodalagan bo‘lsak-da, uning amalga 
oshirilishi g'oyat katta mehnatni, chuqur bilim va tajribani 
talab qiladi. Ma’lumki, xalqimiz boshidan necha-necha is- 
tilo-yu qatag‘onlar kechganiga qaramay, ajdodlarimizdan 
bizga boy adabiy meros qolgan: minglab jildlardan iborat 
qolyozmalar xazinasiga egamiz. Biroq bu qo'lyozmalar-
21


ning aksariyati hali maxsus o'rganilgan emas, ro'yxatga 
olib qo'yilgani bo‘yi o‘z tadqiqotchilarini kutadi. Shuning 
o‘zi ham matnshunoslikning og'ir, ilmning «qora mehnati» 
ekanini, uni rivojlantirish ham ilmiy, ham ma’naviy-ma’rifiy 
jihatlardan zarurligini ko'rsatadi. Adabiy matnni o'rgana- 
yotgan matnshunos oldida turli-tuman ilmiy muammolar 
ko'ndalang bo'ladi. Deylik, matnshunos muallifi noma’lum 
asar (matn)ga duch keldi. Bu holda uning qarshisida matn 
muallifini, yoshini (yozilgan yoki ko'chirilgan vaqti) aniqlash 
zarurati ko'ndalang bo'ladi. Buning uchun esa u, tabiiyki, 
nafaqat milliy tarix yoki milliy adabiyot tarixi, balki til tarixi, 
yozuv tarixi, uslubshunoslik kabi sohalardan yaxshi xabar- 
dor bo'lishi va ularga tayangan holda matnni tadqiq eti- 
shi lozim. Ya’ni ayrim manbalarda adabiyotshunoslikning 
yordamchi sohasi sifatida ko'rsatiluvchi paleografiya, ar- 
xeografiya, uslubshunoslik kabilar haqiqatda matnshunos­
likning yordamchi sohasi, matnshunos uchun tadqiqot 
asbobi bo'lib xizmat qiladi. Shu jihatdan qaralsa, ularni 
adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari sirasida alohida 
sanashga zarurat yo‘q. Ulardan yana biri - avtorlik atribut- 
siyasi, ya’ni qo'lyozma muallifini aniqlash ham yordamchi 
soha emas, balki matnshunoslik muammosi, uning oldiga 
qo'yiladigan ilmiy vazifalardan biridir.
Endi matnshunoslikning boshqa bir vazifasi - asar- 
ning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlashni olaylik. Masalan, 
Alisher Navoiy asarlarining turli davrlarda, turli kotiblar to- 
monidan ko'chirilgan qo'lyozmalari mavjud. Matnshunos 
qarshisida ularni qiyosiy o'rganish, birining kamchiliklarini 
boshqalari bilan to'ldirish va shu asosda eng mukammal
- ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlash vazifasi turadi. Tayyor 
bo'lgan ilmiy-tanqidiy matnni nashr ettirish uchun matn­
shunos uni izohlar, sharhlar, lug'atlar bilan ta’minlashi 
kerak. Unutmangki, biz foydalanadigan «Mukammal asar- 
lar» ortidagi har bir izoh, har bir sharh yoki lug'at birligi 
juda katta mehnat orqasida dunyoga keladi. Zero, matn-
22


da uchragan so'z ma’nosini topish, undagi biror shaxs, joy 
nomi va sh.k.larga izoh berish uchun matnshunos juda 
ko‘p izlanishi, ko'plab manbalarni ko'rib, o'rganib chiqishi 
zarur bo'ladi.
Yuqoridagilardan matnshunoslikning obyekti qadimgi 
qo'lyozmalargina ekan degan yanglish fikr kelib chiqmasligi 
kerak. Zero, agar shunday desak, matnshunoslik obyektini 
toraytirgan bo'lamiz. Holbuki, matbaachilikning rivojlanishi 
uni g‘oyat kengaytirgan. Ilgari turli qo'lyozmalar qiyosiy 
o'rganish obyekti bo'lgan esa, endilikda asarning asl mat- 
ni (muallif qo'lyozmasi) bilan uning turli yillardagi nashrlari 
turli maqsadlarni ko'zlagan holda qiyosiy o'rganilishi mum­
kin. Masalan, Fitrat, A.Qodiriy, Cho'lpon kabi ijodkorlar 
yaratgan asarlarning asl matni (ya’ni muallif qo'lyozmasi) 
ma’lum sabablarga ko'ra saqlangan emas. Tabiiyki, bun­
day vaziyatda ular yaratgan asarlarning asl matni muam- 
mosi o'rtaga chiqadi. Faqat bir marta chop etilgan asar 
bo‘lsa-ku, xo'p, o'sha nashrasos matn sifatida qabul qilini- 
shi mumkindir. Ko'p marta bosilgan bo'lsa-chi? Masalan, 
«O'tkan kunlar» romani yozuvchi hayotlik vaqtida uch mar­
ta: avval «Inqilob» jurnalida, so'ng 1925 - 1926-yillarda 
uchta kitobcha shaklida arab imlosida, nihoyat, 1933-yili 
lotin yozuvida chop etilgan. Odatda, yozuvchi hayotlik 
chog'i amalga oshirilgan oxirgi nashr e’tiborli sanaladi. Le- 
kin bu ham qat’iy qoida bo'lolmaydi. Sababi, oxirgi nashr- 
ga muayyan vaziyat taqozosi bilan muallif (yoki o'zgalar) 
tomonidan o'zgartirish kiritilishi ham mumkin. Shu xil 
andishalar sabab «O'tkan kunlar»ning asl matni masa- 
lasi bahsli bo'lib turibdi. Masalani hal qilish uchun roman 
nashrlarini qiyoslash, matnlardagi tafovutlar va ularning 
yuzaga kelish sabablari (sayqallash uchun muallif kiritgan 
tahrir, texnik xato orqasida yuz bergan tafovut, o'zgalar 
kiritgan o'zgartirishlar, senzura qisqartirishi va hokazo)ni 
aniqlash, natijalarni atroflicha tahlil qilish orqali eng ishon- 
chli nashr - asos matn (ya’ni ilmiy-tanqidiy matn uchun
23


asos bo'ladigan, ehtimolda muallif originaliga eng yaqin 
matn)ni belgilash mumkin. Bunga o'xshash muammolar
XX asr o'zbek adabiyotida juda ko'pki, bu matnshunoslik 
obyekti kengaygani haqidagi fikrimiz dalilidir.
Bu kabi mustaqil tadqiqotlardan tashqari matnshunos­
lik adabiyotshunoslikning ayrim muammolarini hal qi- 
lishda muhim yordamchi soha, tadqiqot usuli bo'lib ham 
xizmat qiladi. Masalan, uning tadqiq usullaridan, tajriba- 
laridan yozuvchi ijodiy laboratoriyasi, muayyan asarning 
ijodiy tarixini o'rganishga qaratilgan izlanishlarda keng 
foydalaniladi.

Download 7.7 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   149




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling