Djurabayeva Z. A. Ona tili
DIALEKTAL TARKIBI. UMUMXALQ SO‘ZLAR
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
DIALEKTAL TARKIBI. UMUMXALQ SO‘ZLAR
Reja: 1. Umumxalq leksikasi haqida ma’lumot. 2. Chegaralangan leksika haqida ma’lumot. 3. Shevaga oid so‘zlar. Tayanch iboralar: umumxalq ishlatadigan so‘zlar, chegaralangan leksika, sheva, lahja, dialekt, qorluq-chigil-uyg‘ur lahjasi, qipchoq lahjasi, o‘g‘uz lahjasi, adabiy me’yor. Topshiriq. Matnni o‘qing, so‘zlashuv uslubiga xos so‘zlarni topib, ularga izoh bering. Eski o‘yma gulli, yolg‘iz tavaqali eshigimizga yetib, o‘tni yong‘oqning tagiga irg‘itdim va “Keling”, deb o‘girilsam, Mirhomid amaki ostonadan o‘tolmay, iymanib turibdi. – Ha, kiravurmaysizmi? – dedim qistab. – Bormikanlar? – dedi u hamon alanglab. Men ichkariga qarab, chaqirib boraverdim: Oyi, qaytdasiz, mehmon opkevotman. Oyim etaklarida jiyda, ishkom ortidan chiqib keldilar: Senmisan, bolam, opkiravur, mehmondan aylanay. (Murodjon Mansurov) Tillarning boyligi undagi so‘zlar miqdoriga emas, balki til sohiblarining mavjud leksemalardan qanday foydalanishiga, ishlatishiga bog‘liq bo‘ladi. So‘zlar nutqda qanchalik keng iste’molda bo‘lsa, til ham shunchalik taraqqiy topgan bo‘ladi. Ayrim so‘zlarning ma’nosi til sohiblarining barchasiga tushunarli bo‘ladi va ulardan muomala-munosabatlarda keng foydalaniladi. Masalan, uy, hovli, daraxt, mashina, ota, ona, bola, qiz, o‘g‘il, farzand, qarindosh, aka, uka, bormoq, kelmoq, bajarmoq, men, sen, oq, qizil, qora, yaxshi, yomon, dono kabi so‘zlarning iste’mol doirasi keng, chegaralanmgan, ulardan hamma birdek foydalanaveradi. Shunga ko‘ra ular iste’mol doirasi chegaralanmagan leksik qatlamni tashkil qiladi. Bunday so‘zlarga umumxalq leksikasiga oid so‘zlar deyiladi. Mazkur qatlamga oid so‘zlarni quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: a) tabiatdagi narsa va hodisalarning nomini bildiruvchi so‘zlar: yer, tuproq, tog‘, adir, dasht, cho‘l, yulduz, oy, quyosh; b) inson tanasi uzvlarini anglatuvchi so‘zlar: bosh, til, oyoq, qo‘l, bel, burun, tish; v) qavm-qarindoshchilikni bildiruvchi so‘zlar: ota, ona, bola, tog‘a, amaki, jiyan, opa, singil, aka, uka; g) kiyim-kechak nomlari: do‘ppi, qalpoq, ko‘ylak, tufli, ro‘mol, tufli, etik, palto, to‘n, yaktak; d) oziq-ovqat mahsulotlari nomini ifodalovchi so‘zlar: yog‘, sabzi, piyoz, non, bug‘doy, shakar, qand, sut, qatiq, osh, sho‘rva, mastava; ye) uy jihozlarini nomini bildiruvchi so‘zlar: pichoq, dasturxon, bolta, qaychi, elak, choynak, piyola; j) ijtimoiy tuzulmalar nomini ifodalovchi so‘zlar: yurt, xalq, mamlakat, davlat, armiya, tashkilot, korxona; z) uy hayvonlari nomini bildiruvchi so‘zlar: sigir, qo‘y, ot, echki, tuya, tovuq; i) yovvoyi hayvonlar nomini bildiruvchi so‘zlar: arslon, bo‘ri, tulki, sirtlon, silovsin, sher, fil, quyon; y) o‘simliklar nomini bildiruvchi so‘zlar: gul, bo‘tako‘z, otquloq, ajriq, beda, yalpiz, rayhon; k) ish-harakatlarni ifodalovchi nomlar: yurmoq, ichmoq, yemoq, ishlamoq, bormoq, aytmoq, so‘zlamoq; l) olmoshlar: kim, nima, qayer, qancha, qaysi, qanaqa; m) sonlar: bir, ikki, uch, o‘n, ellki, yuz, ming; n) holat va belgi nomlarini ifodalaydigan so‘zlar: yaxshi, yomon, a’lo, o‘rta, oq, qora, qizil; o) ilm-fan, texnikaga oid bo‘lgan so‘zlar: agrotexnika, avtomashina, innovatsiya, nanotexnologiya; p) yangi paydo bo‘lgan so‘zlar (neologizmlar): tadbirkor, raqobatbardosh, uyali aloqa, kompyuter, diskovod, dasturlash, dasturchi, sichqoncha; r) turli kasb-hunarga oid bo‘lgan so‘zlar: aravakash, novvoy, tandirchi, yamoqchi, tokqaychi; s) insoniy his-tuyg‘ularni ifodalaydigan so‘zlar: obbo, ura, qoyil, rahmat, ofarin va hokazo. Ikkinchi tomonidan insonlar yoshi, jinsi, kasb-kori, dunyoqarashi, ijtimoiy mavqei, bilim darjasi va shu kabilarga ko‘ra bir-birlaridan farqlanadi, o‘ziga xos ijtimoiy guruhlarni tashkil etadi, hududiy jihatdan turli mintaqalarda yashaydi. Bularning barchasi o‘z-o‘zidan ular tilida ayricha leksemalarning shakllanishi hamda taraqqiy topishiga sababchi bo‘ladi. Masalan, “Zominning til qomusi” kitobida aqpalav (shirguruch), ashchi (oshpaz), bo‘zolom (ko‘kalamzor, bo‘z rangidagi qovjirayotgan maysazor), burum (muyulish, burilish), datti (jajji, yoqimtoy), do‘kay (boshliq, kattakon) singari iste’mol doirasi chegaralangan so‘zlarga misollar keltirilgan. Ko‘rinib turibdiki, bunday so‘zlar ma’nosi boshqa hududlarda istiqomat qiluvchi til vakillariga tushunarsiz bo‘ladi. Iste’mol doirasi chegaralangan leksika o‘z navbatida quyidagi turlarga bo‘linib ketadi. 1. Shevaga xos so‘zlar (dialektal so‘zlar). 2. Kasb-hunarga oid so‘zlar (professionalizmlar). 3. Terminlar (atamalar). Ma’lum bir hududdagina qo‘llaniladigan, ma’nosi shu joyda yashovchi aholigagina tushunarli bo‘lgan xalq tili shakliga shevaga xos so‘zlar yoki dialektalizmlar deyiladi. O‘zbek tili shevalararo eng ko‘p farqlanadigan va dialektal so‘zlarga boy tillardan biri sanaladi. Shevalar yig‘indisiga lahja deyiladi. O‘zbek tilida uchta lahja farqlanadi va shevaga xos so‘zlarning asosiy qismi shular o‘rtasida uchraydi. 1. Qorluq-chigil-uyg‘ur lahjasiga oid so‘zlar. Farg‘ona vodiysi, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Qarshi shahar shevalariga oid shoti (narvon), patinjon (pomidor), qirpi (ayyor), aba (ona) kabi leksik birliklarni o‘z ichiga oladi. 2. Qipchoq lahjasida so‘zlovchi aholi vakillari Respublikamizning barcha hududlarida topiladi. Chang‘aroq (o‘tov tuynugi), talli (totli), tabanaq (pakana), shaba (yoppa) kabi so‘zlarni ular tilida qo‘llaniladigan so‘zlarga misol qilib keltirish mumkin. 3. O‘g‘uz lahjasi vakillari asosan Xorazm vohasida yashaydi. Ular nutqida atiz (dala), lilli (tentak, devona), yop (kanal), arna (ariq) singari leksemalar uchraydi. Shevaga xos so‘zlar adabiy tilning ichki boyish manbasi sanaladi. Download 1.49 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling