Djurabayeva Z. A. Ona tili
Download 1.49 Mb. Pdf ko'rish
|
66onatilipdf
- Bu sahifa navigatsiya:
- Tayanch iboralar
3-bob. ORFOEPIYA 19-§. ORFOEPIYA HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT. HOZIRGI ONA TILINING ORFOEPIK ME’YORLARI Reja: 1. Orfoepiya haqida ma’lumot. 2. Unli tovushlar orfoepiyasi. 3. Undosh tovushlar orfoepiyasi. 4. Ruscha-baynalmilal so‘zlar orfoepiyasi. 5. Arab tilidan o‘zlashgan so‘zlar orfoepiyasi. 6. Forscha-tojik tilidan o‘zlashgan so‘zlar orfoepiyasi. Tayanch iboralar: orfoepiya, talaffuz me’yorlari, me’yor, unli tovushlar orfoepiyasi, undosh tovushlar orfoepiyasi, o‘zlashgan so‘zlar orfoepiyasi. Topshiriq. Gapni ko‘chiring. Undagi so‘zlarning aytitishi va yozilishi o‘rtasidagi farqlarni toping. Erishilgan saodatni fisqu fasoddan saqla, fisq-u fasod o‘chgan o‘tni ham yondiradi. (Yusuf Xos Hojib) Muayyan tilni egallash uchun uning lug‘at jamg‘armasidagi barcha so‘zlarni yodlab olish yoki grammatik ta’riflarini shunchaki o‘zlashtirish kifoya qilmaydi. Hamma gap mazkur tildagi til birliklarini puxta o‘zlashtirib olishga bog‘liqdir. Shu ma’noda tilning bir-biridan ajralmas ikki oltin qoidasini: orfoepiya (to‘g‘ri talaffuz qilish) va orfografiya (to‘g‘ri yozish) ni bilish muhim ahamiyatga ega. To‘g‘ri gapirish va to‘g‘ri yozish adabiy til me’yorlarining shu til sohiblari yoki uni o‘rganuvchilar tomonidan qay darajada o‘zlashtirilishiga bog‘liqdir. Adabiy tilni egallashning muhim bosqichi nutq madaniyati sanaladi. Tildagi me’yorlarga bo‘ysungan holda to‘g‘ri va yoqimli so‘zlay bilish nutq madaniyatidir. Shunga asoslanadigan bo‘lsak, aslida, to‘g‘ri talaffuz qilish og‘zaki nutq madaniyatini har tomonlama, mukammal egallash deganidir. Buni esa bizga orfoepiya bo‘limi o‘rgatadi. O‘zbek tilining orfoepiyasi (grekcha orthos – to‘g‘ri, epos – nutq so‘zlaridan olingan) so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilishning o‘ziga xos qonun-qoidalarini o‘z ichiga oladi. Orfoepiya birinchi galda fonetika bilan chambarchas bog‘liq holda takomil topib boradi. Tovushlarning har biri o‘zining muntazam artikulyatsiyasi va akustikasiga egaligi tildagi orfoepik jarayonlarni ta’minlaydi. Bundan tashqari tovushlar so‘zlar ichida kelganida turli xil fonetik o‘zgarishlarga uchraydi. Agar biz so‘zlarni og‘zaki nutqda ishlatilgan shakllarida, xususan, sheva unsurlarini qo‘shgan holda qo‘llaydigan bo‘lsak, u holda tildagi me’yor butunlay buzilgan, adabiy til qolipidan tashqariga chiqib ketgan bo‘lardi. O‘zbek tili tarixida so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qilish me’yorlari nihoyatda qiyinchilik bilan shakllangan va taraqqiy topib kelgan. O‘zbek xalq shevalarining rang-barangligi, tilimizga arab, fors-tojik va boshqa tillardan ko‘plab so‘z va birikmalarning kirib kelishi, o‘zbek tili yagona grammatik me’yorlarining yaratilmaganligi orfoepik me’yorlarning shakllanishiga to‘sqinlik qilib kelgan. Ilm-fan, texnikaning jadal sur’atlar bilan rivojlanishi, hayotimizga radio, televideniye va ommaviy axborot vositalarining, teatr va kinoning kirib kelishi natijasida o‘zbek orfoepiyasi bilan imlosi bir-biriga yaqinlashdi. Yalpi xalq savodxonligi darajasining o‘sishi, maktab va maorifning keng takomil topishi bu jarayonni yanada jadallashtirdi. O‘zbek tilining alohida bir bo‘limi sifatida orfoepiya yuzaga keldi va taraqqiy topdi. Orfoepiyada quyidagilar alohida e’tibor qaratiladi: 1. Unli tovushlar orfoepiyasiga. Unlilar nutqqa o‘ziga xos ohang, yumshoqlik, bo‘yoq berib turganligi bois orfoepik me’yorlarning shakllanishida ularning o‘rni juda katta bo‘ladi. a) i tovushi so‘zning yopiq bo‘g‘inlarida hamda ikki undosh orasida qisqa talaffuz etiladi: qir, bilak, tilim, tig‘ kabi; b) so‘zning ochiq va urg‘uli bo‘g‘inlarida, shuningdek y tovushidan oldin yoki keyin kelsa, cho‘ziq aytiladi: kiyim, bilim, yigit, tayin kabi; g) so‘z o‘rtasida oi shaklida ishlatilsa, y tovushi qo‘shib aytiladi: toyifa, foyiz, koyinot shaklida, lekin yozuvda tashlab yuborilada. Shuningdek, ilmiy, badiiy, siyosiy kabi arab tilidan kirgan so‘zlarda cho‘zib talaffuz qilinadi; d) “u” tovushi jarangsiz ikki undoshlar orasida kelsa, qisqa (tuz, tuk, quruq), ochiq bo‘g‘inda, jarangli undosh yonida va so‘z oxirida cho‘ziq talaffuz qilinadi (muloyim, qum, avtobus); u) ruscha-baynalmilal so‘zlarda, sayoz til orqa va bo‘g‘iz undoshidan keyin kelsa yumshoq va cho‘ziq talaffuz qilinadi: iyun, iyul, arxiv kabi. j) chuqur til orqa undoshlaridan so‘ng kelganida qattiq talaffuz etiladi: g‘uncha, qur’a, xurmo kabi. Ayirish belgisidan keyin kelsa, ajratib talaffuz qilinadi: mas’ul, mal’un, mash’um singari; z) tuxum, chuqur, sovuq, qovun kabi so‘zlar tarkibida kelayotgan ikkinchi unli tovush i ga moyil aytiladi; i) e unlisi ayirish belgisidan oldin cho‘zib (she’r, e’lon, e’tibor), yopiq bo‘g‘inlarda qisqa (sen, men, ber), ruscha-baynalmilal so‘zlarda i ga moyilroq aytiladi: telefon, benzin, vazelin kabi; y) o‘ unlisi sayoz til orqa va bo‘g‘iz undoshidan keyin kelsa yumshoq (to‘k, go‘l, ho‘kiz), chuqur til orqa undoshlaridan so‘ng ishlatilsa, qattiqroq (qo‘rqmas, g‘o‘ra, xo‘rlik) talaffuz qilinadi; k) a unlisi y, ch, j, l, m, n undoshlari, sayoz til orqa tovushlari hamda bo‘g‘iz undoshidan keyin kelsa yumshoq (gap, yarim, laylak, halim), chuqur til orqa undoshlaridan keyin kelsa, qattiq (g‘arb, qarmoq, xarob) aytiladi. l) ai holatlarida esa bitta y qo‘shib talaffuz qilinadi: zayifa, poyiz, rayis kabi. m) o unlisi ruscha-baynalmilal so‘zlarda o‘ kabi aytiladi: organizm, opera, nomer kabi. O‘zbek tilining yoqimli va jozibador, ta’sirchan bo‘lishida undosh tovushlarning o‘rni nihoyatda kattadir. Bo‘g‘inlarni tashkil qilishda, nutqqa ohang, rang berishda undosh tovushlarning o‘rni unli tovushlarnikidan kam emas. Undosh tovushlarning qanday aytilishi ularning so‘zdagi pozitsiyalariga, shuningdek, qaysi tovushlar bilan yonma-yon kelayotganiga ko‘p tomonlama bog‘liqdir. Undoshlarning talaffuzidagi muhim nuqtalar sifatida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin. a) b undoshi so‘z boshida ochiq va ravon (bobo, botir, bol), so‘z oxirida esa p tarzida aytiladi (g‘olib, kitob, oftob). Kabob, ishqiboz, darboz so‘zlarida esa v kabi aytiladi; b) v undoshi ruscha-baynalmilal so‘zlarda f ga o‘tadi: avtobus, avtomatika, avtol kabi; g) f tovushi p kabi aytiladi: taraf, shofyor, fil singari; d) d undoshi so‘z oxirida kelganda, jarangsizlashib, t kabi aytiladi (obod, savod, shod singari); y) t undoshi so‘zning barcha bo‘g‘inlarida kela oladi va ravon talaffuz etiladi: tor, bet, to‘r kabi. So‘z oxirida kelganda ba’zan tushib qoladi. Dasht, g‘isht, go‘sht singari so‘zlarda. Bunda undan oldin undosh tovushning bo‘lishi shart; j) q, k, g, g‘ undoshlari so‘zning barcha o‘rinlarida kela oladi va hech qanday o‘zgarishsiz talaffuz etiladi; Istagim, bilagim, bulog‘i, to‘kkani, achchiqqina kabi ko‘rinishlarda esa fonetik-morfologik qonuniyatlarga ko‘ra boshqa tovushga o‘zgarishi kuzatiladi. z) to‘qson, maqsad, taqsimot so‘zlarida q undoshi x kabi aytiladi: Bulardan tashqari har bir undosh tovushning muayyan o‘rinlarda ayrim fonetik jarayonlar bilan bog‘liq o‘ziga xos talaffuz jihatlari ham bor. Ularni o‘rganish to‘g‘ri va o‘rinli so‘zlash malakasini beradi. O‘zbek adabiy tiliga fonetik jihatdan Toshkent, morfologik jihatdan Farg‘ona vodiysi shahar shevalari asos qilib olingan. Shuni ham unutmaslik kerakki, shevalardagi holatlar hamisha orfoepik me’yorlarga zid keladi. Oddiy so‘zlashuv tilidagi turli-tuman fonetik o‘zgarishlar, dag‘allik, ayrim so‘z va birikmalardan o‘rinsiz foydalanish orfoepik me’yorlarni buzadi. Qolaversa, o‘zbek tiliga uning tarixiy takomili natijasida arab, fors-tojik, rus va boshqa tillarda minglab so‘zlar o‘zlashib qolgan. Avvalo, arabcha so‘zlar talaffuzi haqida. Arab tili flektiv tillar sirasiga kirganligi hamda o‘ziga xos alohida tovushlarga ega bo‘lganligi uchun o‘zbekcha so‘zlarning ayrimlarida buni hisobga olmasdan ilojimiz yo‘q. Arabchadan olingan ikki unli yoki undosh yonma-yon kelgan taassurot, taajub, maorif, saodat kabi so‘zlarda bitta unli tushirib qoldiriladi va ikkinchisi cho‘zib aytiladi. Xalq, xayol, xom, saxiy, himoya, hukm, ehtimol, goh so‘zlari tarkibida kelayotgan x va h bir-biridan farqlanadi: biri yumshoq, ikkinchisi qattiqroq aytiladi. A’lo, e’tiqod, e’lon, sa’va kabi ayirish belgisi bilan ishlatiladigan so‘zlar alohida talaffuz me’yorlari mavjud. O‘zbek tiliga kirib o‘zlashib qolgan forscha-tojikcha so‘zlar talaffuzida ham o‘ziga xos qonuniyatlar mavjud. Fors-tojik tilida so‘z o‘rtasi va so‘z oxirida qo‘sh undoshlarning kelishi ko‘p kuzatiladi. O‘zbek tilida ishlatiladigan pand, Samarqand, sust, past kabi so‘zlar talaffuzida shu holatni ko‘rishimiz mumkin. Fors-tojik tilidan kirgan bahor, nahor kabi so‘zlar tarkibidagi birinchi bo‘g‘indagi a unlisi o kabi aytiladi. Shuningdek, o‘zbek tiliga fors-tojik tilidan o‘tib qolgan f tovushi juda ko‘p o‘rinlarda p kabi aytiladi: foyda, oftob, kaft va hokazo so‘zlarda. XIX asrning oxirgi choragidan boshlab o‘zbek tiliga juda ko‘plab ruscha va u orqali inglizcha, fransuzcha, nemischa so‘zlar kira boshladi. Bu jarayon hozirda ham davom etmoqda. Bugungi ilm-fan, texnika tilini, ijtimoiy-siyosiy matnlarni ruscha-baynalmilal so‘zlarsiz tasavvur qilish qiyin. Shu bois ularning talaffuzida alohida o‘rinlar borligini ta’kidlamoqchimiz. Sirk, aksiz, sentner kabi so‘zlar tarkibidagi s tovushi, garaj, tiraj, jurnalist kabi so‘zlardagi sirg‘aluvchi “dj” undoshi, familiya, futbol, kofe so‘zlaridagi f undoshi hamda yumshatish va ayirish belgilari o‘zbek tiliga rus tilidan o‘tgan. Shunga ko‘ra ular ishlatilayotgan so‘zlarda o‘ziga xos talaffuz o‘rinlari mavjud. Stakan, stul, shtraf, brigadir, doklad, tank, bank kabi so‘zlar talaffuzida so‘z boshi o‘rtasi va oxirida tovushlarning orttirilishi bilan bog‘liq bo‘lgan proteza, epenteza, epiteza hodisalarini ta’kidlab o‘tish mumkin. |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling