Dmtt miqyosida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan sport musobaqalarini tashkil etish
Download 9.63 Kb.
|
DMTT miqyosida tarbiyalanuvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan sport musobaqalarini tashkil etish. O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A. Karimov “Sog‘lom avlod uchun” ordenini topshirish marosimida so‘zlagan nutqida: “Biz naslimizning kelajagi-sog‘lom avlod uchun kurash boshladik. Shu nom bilan orden ta’sis etdik va maxsus xalqaro jamg‘armani tuzdik. Bu bejiz emas, albatta. Sog‘lom avlod deganda, biz faqat jismoniy baquvvat farzandlarimizni emas, balki ma’naviy boy avlodga ega bo‘lgan xalqni tushunishimiz kerak. Bunday xalqni hech qachon hech kim yenga olmaydi. Buni hammamiz yaxshi anglab olmog‘imiz shart”, - deb alohida ta’kidlagan. Hozirgi kunda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.M.Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasida boshqarish tizimini takomillashtirish, ommaviy sportni rivojlantirish, iqtidorli spotrchilarni tanlash va tarbiyalash, sohani malakali kadrlar bilan mustahkamlash borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Sog‘lom, baquvvat, chiniqqan, xushchaqchaq, mehribon, tashabbuskor, o‘z harakatini yaxshi boshqara oladigan, jismoniy tarbiya va sport mashqlarini sevadigan, atrof-muhitda mustaqil harakat qila oladigan, maktabdagi o‘qishga hamda kelgusidagi faol ijodiy faoliyatga nisbatan qobiliyatli bola shaxsini shakllantirish, jismoniy tarbiyaning shaxsni har tomonlama rivojlantirish asoslari sifatidagi alohida ahamiyatini belgilab beruvchi muhim vazifasi hisoblanadi. Musobaqalar katta yoshdagi bog‘cha bolalari harakatini takomillashtirish uslubi hisoblanadi. Musobaqalarda qatnashish katta jismoniy va emotsional zo‘riqish bilan bog‘liqdir. Bular musobaqalashayotgan bolalarning kuch-g‘ayratlarini maqsad sari safarbar etishga yordam beradi, organizmning barcha imkoniyatlarini namoyon qiladi va mana shularning natijasi sifatida harakatlarni bajarishda durustgina muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishga yordam beradi. Musobaqalar bolalar erishgan yutuqlarni aniqlash va baholash usullaridan biri hisoblanadi. Bolalar musobaqalar vaqtida o‘z yutuqlarini boshqa bolalar erishgan natijalar bilan mustaqil ravishda solishtirib, tushungan holda taqqoslab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Musobaqalarda bolalardagi: sabot va matonat, qat’iyat, ko‘pchilik oldida mas’uliyatni his etish, o‘z o‘rtoqlarining muvaffaqiyatidan quvonish tuyg‘usi, muvaffaqiyatsizlikka uchraganda, o‘yinda yutqazilganda buni vazminlik bilan baholay olish singari ma’naviy iroda sifatlarini namoyon qilish va tarbiyalash uchun favqulodda qulay shart-sharoitlar paydo bo‘ladi, o‘z kuchiga ishonch mustahkamlanadi, o‘rtoqlarga nisbatan hurmat hissi tarbiyalanadi, birovga yordam berishga intilish, hamda tashkilotchilik qobiliyatlari tarbiyalanadi. Musobaqalar bolalarda jismoniy mashqlarga nisbatan qiziqishni oshiradi. Ayni vaqtda musobaqalardan ehtiyotkorlik bilan foydalanish kerak. Uni suiste’mol qilgan vaqtda bolalarda kuchli asab qo‘zg‘alishi kuzatiladi, bunday vaqtda musobaqalar bolalarning salomatligiga, kayfiyati va xulqodobiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yana shuni ham esda tutish kerakki, bolalarda faqat musobaqalarda ishtirok etishgina asab qo‘zg‘atishini paydo qilmaydi, balki uzoq vaqt ixlosmand tomoshabin vazifasini bajarib o‘tirish ham bolalarning jig‘iga tegadi va ularning umumiy kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun bolalarning yoshiga, o‘zini qanday his qilishiga, tayyorligiga qarab musobaqa paytini puxta o‘ylab, shunga yarasha vaqt belgilash zarur. Musobaqalar faqat katta yoshdagi bog‘cha bolalari bilan o‘tkazilshi ma’qulroqdir. Kichik yoshdagi bolalarga musobaqani qo‘llab bo‘lmaydi, o‘rta guruhdagi bog‘cha bolalariga esa musobaqaning ayrim elementlariga qo‘llanish mumkin. Musobaqalar asosan harakat sohasida qo‘lga kiritilgan ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash va takomillashtirish uchungina ta’lim jarayonida qo‘llanadi. Harakatning miqdoriy natijasini yoki sifatini aniqlashga qaratilgan individual kuch sinashish musobaqalarning eng oddiy shakli hisoblanadi. Ularda har bir bola faqat o‘z yutug‘i haqida o‘ylaydi. Jamoa musobaqalari murakkabroqdir. Bunda har bir kishi jamoaning natijaga erishishi uchun harakat qiladi. Jamoaviy natija esa har bir ishtirokchi qo‘lga kiritgan yutuqlardan jamlanadi. Musobaqa katta tarbiyaviy ahamiyatga egadir. Bunda bolalar bir-birlari bilan hisoblashishga o‘rganadilar, o‘z imkoniyatlarini xolis baholaydigan bo‘ladilar. Biroq ular jamoaviy musobaqalarda o‘z harakatlari natijasini, o‘z yutuqlarining ahamiyatini to‘g‘ri tushunishlari uchun tarbiyachi tahlil vaqtida har bir bolaning individual imkoniyatlarini hisobga olib, ularning halolligi va harakatchanligini, o‘yin qoidalarini puxta bajarganliklarini eslatib o‘tish lozim. Biroq bunda kuchliroq bolalarning yutug‘larini bo‘shroq bolalarning kamchiliklariga qarama- qarshi qilib qo‘ymaslik kerak. Buning o‘rniga jamoada do‘stona munosabatlarning o‘rnatilishiga yordam berish, maqtanchoqlik, o‘rtoqlarni hurmat qilmaslik singari yomon odatlarning oldini olish zarur. Maktabgacha yoshdagi bolalar uchun harakatlarni sifat va miqdor jihatdan asta-sekin rivojlantirib borish ahamiyatlidir. Biroq bunda hali malakalarning qiyomiga to‘la erishish to‘g‘risida gapirib bo‘lmaydi. Bunda eng muhim bolaning harakatiga doir eng muhim paytlarini o‘zlashtirib olishdir. Harakatlarni va harakat sifatlarini har tomonlama rivojlantirishga mashq va o‘yinlar o‘tkazishning musobaqa metodi yaxshi yordam beradi. Endilikda bolalar harakatli musobaqalarda komanda tarkibida jamoa bo‘lib ishtirok etishni uddalaydigan bo‘lib qoladilar. Musobaqalar bolalarning harakat qobiliyatlari maksimal sur’atda namoyon bo‘lishiga yordam beradi, harakat malakasi va sifatlarining jadal sur’atda takomillashuviga olib keladi. Ko‘pincha tayyorlov guruhida turli o‘yin-estafetalar o‘tkazilgan vaqtda mana shunday komanda bo‘lib musobaqalashishga to‘g‘ri keladi. Download 9.63 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling