Don kombaynlarning yanchish apparatini sozlash. Shamayev Yigitali Jumayevich TMTI assistenti Abduqahhorov No'monbek Oybek o'g'li TMTI talaba Yanchish barabani bilan deka (taglik) orasidagi tirqish kengligi yanchilayotgan g‘alla miqdoriga moslab, kabinadagi richag yordamida o‘zgartiriladi. Tirqishning kiradigan tomoni somon chiqadigan joyiga nisbatan 9...12 mm ga kengroq qo‘yiladi. Agar yerga to‘kilgan somonga aralashib chala yanchilgan boshoq bo‘laklari ham uchratilsa, dekani birmuncha ko‘tarib, tirqishni toraytirish kerak bo‘ladi. Agar bunkerga tushayotgan donning ezilgan, singan qismi 0,5% dan ortiq bo‘lsa, tirqishni kengaytirish lozim. Yanchish barabani savag‘ich (planka) larini almashtirishda ularning hammasini vazni deyarli bir xil bo‘lishi kerak. Aks holda katta tezlik bilan aylanayotgan baraban dirillab, podshipniklarini to‘kib yuboradi. Yashil begona o‘tlari ko‘p bo‘lgan joyda ishlayotgan kombayn yanchish barabani, uning tagligi, somonelagich, g‘alvirlar tez kirlanib, chala yanchish, don nobudgarchiligi ko‘payadi. Shu sababli, ularni tez-tez tozalab turish kerak. - Baraban tezligi o‘rilayotgan g‘allaning yanchiluvchanligiga moslab belgilanadi. Masalan, bug‘doy yanchishda baraban savag‘ichi 30-32 m/s chiziqli tezlik bilan boshoqlarga ta’sir qilishi lozim. No‘xat yanchishda 10-12 m/s tezlik etarli bo‘ladi. Har xil diametrli barabanga o‘rnatilgan savag‘ichlarga bir xil miqdordagi chiziqli tezlik berish uchun, barabanlarni har xil burchak tezligi bilan aylantirish kerak bo‘ladi. Misol uchun, diametri 450 mm (Dominator 130) bo‘lgan barabani minutiga 1500 marta aylantirilsa, savag‘ichning chiziqli tezligi 34 m/s bo‘ladi, diametri 800 mm bo‘lgan barabandagi savag‘ich ham 34 m/s tezlikka ega bo‘lishi uchun, katta (800 mm) barabanni 810 ayl/min tezligi bilan aylantirish kerak bo‘ladi. Shu sababli, har xil diametrli baraban bilan jihozlangan kombayn kitoblarida bug‘doy yanchish uchun har xil aylantirish soni (minutiga) tavsiya qilinadi.
- Dominator 130 kombayni barabanini bug‘doy yanchishda 1000...1500 ayl/min, arpa uchun 1200...1500 ayl/min, suli uchun ham 1200...1500 ayl/min sholi uchun 800...1000 ayl/min (qo‘sh barabanli apparat uchun), no‘xat uchun 300...430 ayl/min, kungaboqar uchun-650...800 ayl/min, raps uchun 650…1000 ayl/min o‘rnatish tavsiya qilingan. Tabiiyki, namroq g‘alla uchun ko‘proq o‘ta qurg‘oq g‘alla uchun kamroq qo‘yiladi. Baraban tezligi gidravlik boshqariladigan variator yordamida o‘zgartiriladi
- Kombayn hamma qismlari nominal tezlikda ishlatilsagina ular texnologik jarayon to‘g‘ri bajarilishini ta’minlab berishadi. Kombaynda tezlikni tekshirish uchun somonelagich tirsakli vallari qabul qilingan. Uning tezligi 220±0,5 ayl/min bo‘lsa, hamma qismlar normal holatda ishlaydigan bo‘ladi.
- G‘alvirlarda elanayotgan donga aralashgan engil qo‘shindilarni sovurib, uchirib yuborish uchun ventilyator xizmat qiladi (1-rasm). Ventilyator hosil qiladigan havo oqimining kuchini o‘zgartirish uchun, uni har bir don turiga mos keladigan tezlik bilan aylantirish kerak. Misol uchun, bug‘doy yanchishda ventilyator 800 ayl/min, arpa uchun 750 ayl/min, suli uchun 550 ayl/min, sholi va kungaboqar uchun 750 ayl/min, raps uchun 500 ayl/min tezligida ishlatilgani yaxshi natija beradi.
- Ventilyator tezligini o‘zgartirish uchun A dastagini burib, variator ishga tushiriladi. S shkalasidagi raqamni 100 ga ko‘paytirib, ventilyator tezligini miqdorini bilish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |