Jahannamdagi «Bulis» deb nomlanadigan zindondagilar
Download 16.61 Kb.
|
Jahannamdagi «Bulis» deb nomlanadigan zindondagilar
- Bu sahifa navigatsiya:
- «Muso aytdi: «Albatta men, Parvardigorim va Parvardigoringiz
Jahannamdagi «Bulis» deb nomlanadigan zindondagilar Alloh taolo aytadi: «Men yerda nohaq kibru havo qilib yuradigan, agar barcha oyat- mo‘'jizalarni ko‘rsalar ham, ularga iymon keltirmaydigan, To‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar uni (o‘zlari uchun) yo‘l qilib olmaydigan, agar zalolat - noto‘g‘ri yo‘lni ko‘rsalar, uni yo‘l qilib oladigan kimsalarni O‘z oyat-mo‘'jizalarimdan burib yuborurman (ya'ni, anglab yetmaydigan qilib qo‘yurman)» (A'rof surasi, 146). Ya'ni, takabbur kimsalarni oyatlarimni fahmlash, u haqda fikr yuritib, tadabbur qilishdan mahrum qilaman va kibru havo qilganlariga jazo sifatida qalblarini muhrlab qo‘yaman. «Muso aytdi: «Albatta men, Parvardigorim va Parvardigoringiz (bo‘lmish Alloh)dan hisob-kitob Kuniga iymon keltirmaydigan barcha mutakabbir (kimsalarning yomonligi)dan panoh so‘raganman» (Fofir surasi, 27). «Albatta, U Zot mutakabbir kimsalarni sevmas» (Nahl surasi, 23). Ya'ni, haqqa quloq solib, unga bo‘ysunishdan kibr qilgan kimsalarni sevmaydi. «Odamlardan (mutakabbirlik bilan) yuzingni o‘girma va yerda kibru havo bilan yurma. Chunki Alloh barcha kibr-havoli, maqtanchoq kimsalarni suymas» (Luqmon surasi, 18). Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlardan ilgari yashab o‘tgan bir kishini takabburlik bilan izorini sudrab yurganida yer yutdi. U qiyomat kunigacha yer (qa'ri)ga kirib ketaverdi» (Buxoriy, Nasoiy va boshqalar rivoyati). Amr ibn Shu'aybning bobosidan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Qiyomat kunida mutakabbir kimsalar kishi suratidagi chumolilarga o‘xshash holda qayta tiriladilar. Ularni har tomondan xorlik egallab oladi. Ular jahannamdagi «Bulis» deb nomlanadigan zindonga haydaladilar» (Nasoiy, Termiziy rivoyati). Ibn Mas'ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qalbida zarra misqolicha kibr bo‘lgan kishi jannatga kirmaydi», dedilar. Shunda bir kishi: «Bir odam kiyimi va poyabzali bejirim bo‘lishini yaxshi ko‘radi, shu narsa kibrmi?» deb so‘radi. «Albatta, Alloh go‘zaldir, go‘zallikni xush ko‘radi, u kibr emas. Kibr haqqa unamaslik - rad etish va odamlarni masxara qilish - tahqirlashdir», dedilar Nabiy» (Muslim, Termiziy rivoyati). Abu Said va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh azza va jalla: «Azizlik izorim, kibriyo ridoimdir. Kim (bu ikkisini) Men bilan talashsa, uni azoblayman», deydi» (Muslim rivoyati). Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Jannat bilan do‘zax talashib qolishdi. Do‘zax: «Zo‘ravon va mutakabbir kimsalar menda», degan edi, jannat: «Zaif va miskin musulmonlar menda», dedi. Alloh ular orasida ajrim qilib dedi: «Jannat, sen Mening rahmatimsan, sen orqali xohlagan bandalarimga rahm qilaman. Do‘zax, sen Mening azobimsan, sen orqali xohlagan bandalarimni azoblayman. Ikkingiz ham to‘lib toshasiz» (Muslim rivoyati). Harisa ibn Vahb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Sizlarga do‘zax ahli kimlar ekanini xabar qilaymi? (Ular) qo‘pol, yaxshiliklardan to‘suvchi va mutakabbir kimsalardir», deganlarini eshitganman» (Buxoriy va Muslim rivoyati). Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: «Kimki o‘zini boshqalardan afzal, deb bilsa, yoki kibr-havo bilan yursa, Alloh taborak va taoloni g‘azablangan holda uchratadi», deganlarini eshitdim» (Tabaroniy rivoyati). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Menga do‘zaxga birinchi bo‘lib kiradigan uch toifa ko‘rsatildi. Zolim amir, molidagi Alloh haqini ado qilmaydigan boy va mutakabbir kambag‘al» (Ibn Xuzayma, Ibn Hibbon rivoyati). Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Kimda-kim takabburlik qilib kiyimini sudrab yursa, qiyomat kunida Alloh unga qaramaydi» (Buxoriy rivoyati). Salama ibn Akva' roziyallohu anhudan: «Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida chap qo‘li bilan taom yedi. «O‘ng qo‘lingda ye», degandilar, «Yeyolmayman», dedi. Shunda Nabiy: «Yeyolmay qol», dedilar. Uni o‘ng qo‘lda yeyishdan faqat kibr to‘sib turgan edi. Shundan keyin u o‘ng qo‘lini og‘ziga olib borolmaydigan bo‘lib qoldi» (Muslim rivoyati). Ayrim salafi solihlar aytganlarki, Allohga osiylik qilib sodir etilgan birinchi gunoh kibrdir. Alloh taolo aytadi: «(Ey Muhammad alayhissalom), eslang, Biz farishtalarga Odamga ta'zim qiling deyishimiz bilan ular sajdaga egildilar. Faqat Iblis kibr va or qilib, kofirlardan bo‘ldi» (Baqara surasi, 34). Kimki Iblisga o‘xshab haqdan kibr qilsa, uning iymoni befoydadir. Bandalardan ilmi tufayli takabburlik qiladigan va o‘zini boshqalardan afzal deb biladigan kimsa eng yomon mutakabbirdir. Uning ilmi ham befoydadir. Zero, kimki oxirat uchun ilm talab qilsa, ilmi uni bosiq - tavoze'li qilib qo‘yadi, qalbi xushu'ga to‘ladi va nafsi xotirjam bo‘ladi. Ilm uning nafsiga qo‘riqchi-posbon bo‘lib oladi va yalqovlik qilmasdan har vaqt uni nazorat qilib, hisob-kitob qilib turadi. Bordi-yu, g‘aflatda qolsa, nafs haq yo‘ldan bo‘yin tovlaydi va halok etadi. Kimda-kim faxrlanish, boshliq bo‘lish, musulmonlarni ahmoq qilish, masxaralash va o‘zini ustun qo‘yish uchun ilm talab qilsa, yuqoridagi oyat va hadislarda aytilganidek jannatga kirmaydi». Kuch va quvvat buyuk va oliy Allohnikidir. Karmana tumani “Jaloyir” jome masjidi imom-xatibi. A.Hakimov Download 16.61 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling