Do`sting bo`lsa, bog`ing chamandir
Download 0.68 Mb.
|
DO`STING BO`LSA, BOG`ING CHAMANDIR
DO`STING BO`LSA, BOG`ING CHAMANDIR Mashg‘ulotning maqsadi: tarbiyalanuvchilarning bilimlarini mustahkamlash; bolalarda ijtimoiy ko‘nikma va malakalarni shakllantirish; do‘stlik haqida tushuncha berish; do‘stga sadoqatli bo‘lishni o‘rgatish. Kerakli jihozlar: olmaxonlar va ularning yong‘oqchalari, sehrli eshik va qulf-kalit, tipratikan, qo‘ziqorinlar, gullar, rangli qog‘oz, qalamlar, qaychi, A-4 formatidagi oq qog‘oz. Mashg‘ulotning borishi: TARBIYACHI: ¬– Assalomu alaykum, bolajonlar. BOLALAR: – Assalomu alaykum. TARBIYACHI: – Bolajonlar, bugungi mashg‘ulotimizni boshlaymiz. Tarbiyachi bolalarni doira bo‘lib turishga chorlaydi, so‘ngra “Mashg‘ulotni boshlaymiz” she’rini hamma birgalikda aytadi: O‘ng tomonga sakraymiz, Chap tomonga sakraymiz. O‘ynab-kulib, shodlanib, Mashg‘ulotni boshlaymiz. Shu payt guruhga Bilmasvoy hayajon bilan yugurib kirib keladi. TARBIYACHI: – Bolajonlar, qarang, guruhimizga do‘stimiz Bilmasvoy kirib keldi. Bilmasvoy kela qol, tinchlikmi, nega kayfiyating yo‘q, nimadan buncha xafasan? Do‘sting Ziyrakvoy qani? BILMASVOY: – Assalomu alaykum, bog‘cha opa, salom bolajonlar. Men sizlarga xat olib keldim. TARBIYACHI: – Qanday xat ekan? BILMASVOY: – Ertalab o‘rmon hayvonlari meni uyg‘otib, mana shu xatni berib ketishdi. Ziyrakvoyni topa olmayapman, balki bu xat Ziyrakvoydandir. BOLALAR: – Ziyrakvoy do‘stimiz yo‘qolib qoldimi? BILMASVOY: – Ha, shu xatni o‘qib beringlar, do‘stlarim, axir men o‘qishni bilmayman-ku. Ziyrakvoy menga o‘qishni o‘rgatmoqchi bo‘ldi, lekin men bilim olishni xohlamadim. Bolajonlar, sizlar menga o‘xshamanglar, tarbiyachi opangiz nimani o‘rgatsa, bilib olishga harakat qiling. TARBIYACHI: – Xo‘p yaxshi, bolajonlar xatni Bilmasvoyga o‘qib beramizmi? BOLALAR: – Ha. Tarbiyachi xatni o‘qiy boshlaydi: “Assalomu alaykum, Bilmasvoy, salom bolajonlar! Sizlarga ushbu xatni men – Ziyrakvoy yo‘llayapman. O‘rmonga qo‘ziqorin tergani borgan edim, Yalmog‘iz kampir meni o‘g‘irlab ketdi. Do‘stlarim, sizlardan iltimos, menga yordam bering”. TARBIYACHI: – Ha, Bilmasvoy, yaxshi ish bo‘lmabdi, endi nima qilamiz? Azizlarim, Bilmasvoy bilan birgalikda Ziyrakvoyni qutqargani boramizmi? Axir, Ziyrakvoy bizning do‘stimiz-ku! BOLALAR: – Ha boramiz, do‘stimizni qutqaramiz. TARBIYACHI: – Barakalla, bolajonlar. Qani, unday bo‘lsa vaqtni o‘tkazmasdan, do‘stimizni qidirishga tushaylik. Bolajonlar, Ziyrakvoyni qutqarish oson bo‘lmaydi, yo‘limizda turli xil to‘siqlar, g‘aroyib voqealarga duch kelamiz, barchamiz jasur bo‘lishimiz lozim. Aytinglar-chi, bolalar, Yalmog‘iz qayerda yashaydi? BOLALAR: – O‘rmonda. TARBIYACHI: – To‘g‘ri, demak, biz o‘rmonga borishimiz kerak (ular yo‘lga tushadilar). Mana, o‘rmonga ham yetib keldik. Endi Yalmog‘izning uyiga olib boradigan yo‘lni topishda kim bizlarga yordam berar ekan, kimdan so‘raymiz? Voy bolajonlar, mana bu zanjirlangan ikki daraxtga qarang, yo‘limiz yopiq-ku? BOLALAR: – Bu yerda olmaxonlar bor ekan. TARBIYACHI: – Voy, bularning chiroyliligini, ular nechta ekan, sanab ko‘raylik-chi? Bolalar sanab, javob berishlari kerak. TARBIYACHI: – Barakalla, bolajonlar, olmaxonlar nimani yaxshi ko‘rishadi? BOLALAR: – Yong‘oqlarni. TARBIYACHI: – Keling, olmaxonlarga daraxtdan yong‘oq terib beramiz, balki o‘shanda ular bizga yordam berib, mana bu zanjirlangan qulfning kaliti qayerga yashiringanini ko‘rsatishar. Hozir biz har bir olmaxonga bittadan yong‘oq berishimiz uchun nechta yong‘oq terib berishimiz kerak? BOLALAR: – Beshta yong‘oq teramiz. TARBIYACHI: – Barakalla, bolalar, endi yong‘oqlarni terib, olmaxonlarga beraylik. Qulfning kalitini topdik, zanjirning qulfini ham ochib oldik, hali bizlarni oldinda yana nimalar kutyapti, qani, yo‘limizda davom etaylik-chi! Bolajonlar, qarang, bu yerda tipratikanlar o‘z qo‘ziqorinlarini sochib yuborib, yo‘limizni yopib qo‘yishibdi, endi nima qilamiz? BOLALAR: – Ularni ajratish kerak. TARBIYACHI: – Qani, qo‘ziqorinlar va tipratikanlarni sanab ko‘raylik-chi, ular bir xil ekanmi? BOLALAR: – Tipratikanlar oltita, qo‘ziqorinlar ham oltita, ular katta va kichik. TARBIYACHI: – Endi vazifani bajarishga kirishing, katta qo‘ziqorinlarni o‘ng tomonga – katta tipratikanlarning yoniga, kichiklarini chap tomonga – kichkina tipratikanlarning yoniga terib qo‘yamiz. Mana, yo‘limiz ochildi, endi davom etamiz. Qarang, yo‘limizdagi gullarni, ular qanday gullar ekan? BOLALAR: – Gullar qizil va sariq rangda. Ular chiroyli ekan. TARBIYACHI: – To‘g‘ri, ularning shirasini qaysi hasharotlar yaxshi ko‘radi? BOLALAR: – Kapalaklar va arilar. TARBIYACHI: – Juda to‘g‘ri. Qani, endi kim gullar haqida she’r aytib beradi? Bolalar gullar, kapalaklar va hasharotlar haqida she’r aytib berishadi. Boychechak Gunafshadan o‘zishga yuguribsan boychechak, Undan erta chiqishga ulguribsan boychechak. Umring qisqa bo‘lsa-da, turmasang-da kuzgacha, Ko‘klamni boshlab kelding, senga mehrim o‘zgacha. Kapalak Hoy kapalak, kapalak, qanotlaring ipakdek, Buncha shoshib uchasan, to‘xta so‘zlayin andek. Uchrataman har kuni, seni go‘zal bog‘chamda, So‘rib gullar sharbatin, o‘tirasan olchamda. TARBIYACHI: – Barakalla bolajonlar, keling, endi gullarning oldida hammamiz birgalikda kapalak raqsiga tushamiz. Kapalaklar qanday harakat qiladi, ularga o‘xshab harakatlanamiz. TARBIYACHI: – Mana, biroz dam oldik, endi vaqtni o‘tkazmasdan, Ziyrakvoyni topishga yo‘l olamiz. Qarang, endi yo‘limizda darvoza uchradi. Bu sehrli darvozaga o‘xshaydi. Uni qanday ochamiz? Balki sehrli tovushlarni aytsak, darvoza ochilar. Shamol bo‘lib ovoz chiqaraylik-chi! BOLALAR: – Sh – sh – sh – sh – sh. TARBIYACHI: – Yo‘q ochilmadi, kelinglar, arilarga o‘xshab ovoz chiqaramiz. BOLALAR: – Vizzz – vizz – vizz. TARBIYACHI: – Ochilmadi, balki qo‘ng‘iz bo‘larmiz. BOLALAR: – J – j – j – j. TARBIYACHI: Bu darvozada qanday sir bor ekan, yana ochilmadi-ya? Bolajonlar bu yerga qaranglar, xat bor ekan. Kelinglar, unda nima yozilganini o‘qib ko‘ramiz. Bu xatda bizga shart qo‘yilgan ekan. Shart shundan iboratki, qancha ko‘p tez aytish aytsak, darvoza ochilar ekan. Bolalar o‘zlari bilgan tez aytishlarni aytib berishadi. Komil koptokni ko‘chada tepdimi, Ko‘chada Komil koptok tepdimi. * * * Oq choynakka oq qopqoq, Ko‘k choynakka ko‘k qopqoq. TARBIYACHI: – Rahmat sizlarga, mana darvoza ham ochildi. Yalmog‘izning uyi ko‘rindi. Keling, endi eshikni taqillatamiz. YALMOG‘IZ: – Kim bu meni bezovta qilgan? TARBIYACHI: – Xolajon, biz sizning uyingizga mehmon bo‘lib keldik. YALMOG‘IZ: – Men mehmonlarni yomon ko‘raman, keting! TARBIYACHI: – Unday demang, xalqimizda “Mehmon otangday ulug‘”, degan naql bor-ku, bizning oldimizga chiqing, iltimos. YALMOG‘IZ: – Nega keldingiz, kimsizlar o‘zi? TARBIYACHI: – Men bog‘cha opaman, bular esa tarbiyalanuvchilarim. Biz do‘stimiz Ziyrakvoyni olib ketgani keldik. YALMOG‘IZ: – Yo‘q-yo‘q, Ziyrakvoyni hech kimga bermayman, bekorga ovora bo‘libsizlar. U menga she’r aytish, yozish, chizishlarni o‘rgatyapti. TARBIYACHI: – Qanday shartingiz bo‘lsa, biz rozimiz, faqat uni qaytarib bering. YALMOG‘IZ: – Yaxshi, Ziyrakvoy o‘rgatgan topishmoqlardan aytaman, topsangiz – u sizniki, topmasangiz – bermayman. TARBIYACHI: – Ayta qoling. YALMOG‘IZ: – Har bahorda qaytadi,“Tak-tak” qo‘shiq aytadi.(Laylak) Qo‘nadi ming bir gulga, sog‘liq ulashar gulga.(Bolari) Bulutga qilich solar, yalt-yalt yonib yo‘l ochar.(Chaqmoq) Bolalar topishmoqlarni topadilar. YALMOG‘IZ: – Yo‘q-yo‘q, sizlar hammasini topib qo‘ydingiz, bunaqasi ketmaydi. TARBIYACHI: – Axir shunga kelishgan edik-ku? YALMOG‘IZ: – Yana bir shartim bor, menga mana shunaqa ro‘molcha sovg‘a qilasizlar, buni menga Ziyrakvoy chizib bergan. TARBIYACHI: – Bolalar, kelinglar, Yalmog‘izga rangli bo‘yoqlar va qog‘ozlardan foydalanib, chiroyli ro‘molcha yasab beraylik. Bu topshiriqda uch xil rangdagi qalamlardan, bo‘yoqlar hamda rangli qog‘ozlardan foydalanib, ro‘molchalar yasab berish lozim. TARBIYACHI: – Mana, siz xohlagan ro‘molchalar tayyor bo‘ldi, ularning hammasini sizga sovg‘a qilamiz. YALMOG‘IZ: – Ro‘molchalarni juda chiroyli yasabsiz. Bolalar, siz g‘olib bo‘ldingiz, men Ziyrakvoyni sizlarga qaytarib beraman, faqat bir savolimga javob bering. Kichkina bo‘la turib, buncha bilimni qayerdan o‘rgangansiz? BOLALAR: – Biz bularning hammasini bog‘chada, tarbiyachi opamizdan o‘rganganmiz. YALMOG‘IZ: – Barakalla, sizlardan juda xursand bo‘ldim. TARBIYACHI: – Endi bizlarga ruxsat bering, Ziyrakvoy bilan birga o‘z bog‘chamizga qaytamiz. Qani, bolajonlar, uzoq va qiziqarli sayohatimizdan so‘ng guruhimizga qaytaylik. Yo‘lda esa Ziyrakvoyga boshimizdan o‘tgan sarguzashtlar haqida so‘zlab beramiz. Bolajonlar ayting-chi, biz qayerlarda bo‘ldik va qanday to‘siqlarga duch keldik? Bolalar o‘zlashtirgan bilimlarini aytib o‘tadilar. ZIYRAKVOY VA BILMASVOY: – Rahmat, bolajonlar, bizga katta yordam berdingiz, bundan keyin sizlarga ham ko‘magimiz kerak bo‘lsa, chaqiring, biz hamisha do‘stlar uchun tayyormiz. TARBIYACHI: – Ana bolajonlar, ko‘rdingizmi, do‘stlarimiz ko‘p bo‘lsa, hech qachon og‘ir ahvolda qolmaymiz. Ziyrakvoyni qutqarishda o‘rgangan barcha bilimlarimiz bizlarga asqatdi. Agarda Bilmasvoyga o‘xshab hech narsa bilmaganimizda, do‘stimizni qutqara olmas edik. Bolajonlar, bugungi sayohatimiz sizlarga yoqdimi? Yuringlar, endi birgalikda sayrga chiqamiz. Download 0.68 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling