Do‘stlik-oltindan qimmat Reja


"Jaholatga qarshi ma’rifat"


Download 159.91 Kb.
bet4/17
Sana09.06.2023
Hajmi159.91 Kb.
#1467038
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Bog'liq
insho

"Jaholatga qarshi ma’rifat"
Reja:
1.Jaholat - insoniyatning azaliy dushmani.
2.Mukammal tarbiya – shaxs kamoloti.
3.Ma’rifat – qalb quyoshi. 
Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori, avvalambor, farzandlarimizning unib – o‘sib, ulg‘ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog‘liqdir. Biz bunday o‘tkir haqiqatni hech qachon unutmasligimiz kerak.
I.Karimov 
Jaholat. Bu so‘zni eshitgan zahotiyoq ko‘zimiz qorong‘ulikni ko‘rgandek, yuragimiz esa ovchi qo‘ygan tuzoqqa tushgan qush kabi xavotir bilan pitirlab qoladi. Bilasizmi, bu titroq qo‘rquvdan emas, balki jaholat insoniyat yovuzligining naqadar tuban ifodasini anglatishidan dahshatga tushasan kishi! Mana shunday jaholatning qurbonlari, taassufki, bugungi porloq zamonning ertasi bo‘lgan kelajak avlodning ildiziga bolta urmoqchi bo‘layotgan manqurt kimsalardir.
Mening nazarimda inson uchun birinchi baxt, bu hayotga hazrati inson bo‘lib kelish baxti bo‘lsa, ikkinchi baxt mustaqil Vatanning ertasi bo‘lib yashash baxtidir. Mustaqil Vatan! Qalbida g‘urur, iftixor va ona vatanga muhabbati bo‘lgan har bir insonni to‘lqinlantirib yuboradigan ulug‘ va jarangli so‘z! Bir vaqtlar mustaqillik nimaligini bilmay, sahroda suv izlagan yo‘lovchi kabi o‘tib ketgan ota-bobolarimiz orzusidagi kun, bugun emasmi?! Vatanim, sening qadding tog‘lar kabi baland, mehring quyosh yang‘lig‘ issiq, jannatmakonim, men uchun xuddi onam yopgan nondek azizsan! Allohga ming bora shukrlar bo‘lsinki, Vatanim bugun mustaqil, uning har bir qarichida tinchlik deb atalmish ulug‘ ne’matning isi kelib turibdi. Otam doim bir gapni ko‘p bora aytadilar: ”Bolam, har doim sen uchun berilayotgan ne’matni vaqtida qadriga yeta bilgin”. Bu so‘zlar zamirida katta ma’nolarni kashf etasan kishi. Tinchlik ham ulug‘ ne’matki, uni doimo qadriga yetish, asrash har bir insonning burchidir. Afsuski, bugungi globallashuv zamonida vatan uchun xizmat qilish oliy sharaf ekanligini tushunish u yoqda tursin, o‘z vatanini sotib ketayotgan vatanfurushlarning oramizda borligi achinarli holdir. Vatanfurushlik bu eng katta gunoh, jaholatning daxshatli ko‘rinishidir. Uni hech bir vaj bilan oqlab bo‘lmaydi. Jaholatning mana shunday qorong‘u ko‘chasiga navqiron yoshlarning kirib ketishini nima bilan izohlash mumkin? Xo‘sh, bunda kim aybdor? Dunyoga keltirib, o‘zi yemay yedirgan, o‘zi kiymay kiydirgan sho‘rlik ota-onami? Yoki, ularga ertangi kunimizning zabardastlari deb ishonch bildirib turgan, O‘zbek degan millatni jahonga tanitishini intizorlik bilan kutib turgan Vatanmi? Bunday og‘riqli savolga javob topishda o‘ylanib qolasan kishi? Inson tug‘ilgan vaqtda, murg‘akkina go‘dakligida farishta kabi bo‘ladi. U hech qachon yovuz va yomon bo‘lib tug‘ilmaydi. Ulg‘ayib, unib - o‘sishi natijasida unda fe’l-atvor shakllanadi. Bunda tarbiyaning ahamiyati beqiyosdir. Dono xalqimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” deyishi bejiz emas, albatta. Farzand bamisoli ota-onaning ko‘zgudagi aksidir. Agar farzand noqobil bo‘lsa, demak shu farzand tarbiyasida nuqson bor. Bu esa ota-onaning farzandning aytgan narsasini muhayyo qilishi, yo uning tarbiyasida beparvolik illatiga yo‘l qo‘yganligidir. Keling, shu o‘rinda atoqli yozuvchi O‘.Hoshimovning qalamiga mansub bir ibratli hikoyaga to‘xtalsak: ”Maktabdosh do‘stim anchayin nozik masalada maslahat so‘rab keldi. – To‘rt qiz orasida Xudodan tilab-tilab olganim bir o‘g‘lim bor. Shu…keyingi paytda sal g‘alatiroq bo‘pqoldi… Nima bo‘layotganini tushunmayapman… Shuni bi-i-ir yo‘lga solsang, xursand bo‘lardim, o‘rtoq…
Birovning oilaviy ishiga aralashishdan noxush narsa yo‘q. Bahona izladim: - O‘g‘ling yoshlik qilib noboproq davraga qo‘shilib qolgan bo‘lishi mumkin. Yoshlikda nimalar bo‘lmaydi. Yaxshisi, o‘g‘ling bilan o‘zing chin dildan gaplashib olganing ma’qulmikin?
Nobop davramas,- dedi do‘stim xo‘rsinib. – Aksincha… Men uni iymon-e’tiqodli bo‘lsin, desam…Yolg‘izgina o‘g‘lim bilan bir suhbatlashgin, o‘rtoq…
…Bir haftalardan keyin “yolg‘izgina o‘g‘il” bilan suhbatlashdik. Yoshi yigirmaning uyoq-buyog‘ida. Ko‘rinishi el qatori yigit…Siyrakkina soqoli ham bor. Nima qipti, soqol qo‘yish har kimning ixtiyori… Faqat…ko‘zlari g‘alati. Yuzingizga qarab turadi-yu, allaqanday bo‘shliqqa tikilayotganga o‘xshaydi. Go‘yo siz yo‘qsiz…
Gapni otasining ”ming yillik qadrdoni” ekanimdan boshlab, sekin maqsadga ko‘chdim:
Yaxshi yigit ko‘rinasiz, o‘g‘lim… Otangiz sizdan jindek ranjigan ko‘rinadilar. Menga qolsa, o‘g‘lim, ota-onangizning duosini olib qolganingiz ma’qulmikin? Ularni ham bog‘lab berganmas. Shular sizni dunyoga keltirgan, boqib, voyaga…
Meni ota-onam emas, Xudo yaratgan taqsir!-dedi yigitcha kutilmagan bepisandlik bilan. – Ota-onam vositachi xolos! Agar bu ota-ona bo‘lmasa, boshqa ota-ona vositasida dunyoga kelgan bo‘lardim!
Rostini aytsam, esankirab qoldim. Yigitchaning ko‘zlariga sinchiklab qarasam, tag‘in o‘sha bo‘shliqqa tikilgan “soqqa”ga aylanib qopti.
-To‘g‘ri,- dedim murosaga chaqirib. – Sizni Xudo yaratgan. Ota-onangiz vositachi bo‘lgan. Qur’oni karimda ham shunday deyilgan. Ammo bu – ota-ona hech narsa emas, degan ma’noni anglatmaydi, shekilli…
-Meni Xudo yaratgan!- dedi yigitcha pinagini buzmay.
G‘ashim kela boshladi.
-Menga qarang, mulla! – dedim ensam qotib. –Bundan chiqdi, otangiz elektr toki, onangiz inkubator ekan-da! Unda siz tuxum bo‘lasizmi? Albatta, hammaniyam Xudo yaratgan. Gulniyam, tikanniyam. Odamniyam, eshakniyam… Olloh sizni eshak emas, odam qilib yaratganiga shukrona qilmaysizmi? Tangri sizga aql-zakovat, til-zabon berganiga xursand bo‘lmaysizmi?
Ajab! Yigitchaning biron tuki qilt etmadi.
-O‘sha sizga ustozlik qilgan mullaga aytib qo‘ying!- dedim kuyinib. –Muqaddas Qur’oni karimni, Hadisi sharifni o‘qisin, savodi bo‘lsa! Ollohning kalomida ham, Hadislarda ham ota-onani e’zozlashga da’vat etilgan-ku! “Jannat onalarning oyog‘i ostidadur!” – degan dono gapni payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar-ku!.
-Ota-onam vositachi!- dedi yigitcha pashsha qo‘rgandik qo‘l siltab…
Rostini aytsam, shu turishda yigitcha bitta gapni takrorlashdan boshqasiga aqli yetmaydigan to‘tiqushga o‘xshar edi.
Ko‘nglimga g‘alati ishtiboh tushdi. Kim, kim shunchalik zaharlab tashladi bu begunoh vujudni? Qog‘ozdek oppoq qalbiga bunday johillikni kim yozdi?”.
Haqiqatan, inson qalbi oppoq qog‘ozga o‘xshaydi. Unga qanday bitiklar bitilishi insonning o‘ziga bog‘liq. Albatta, hali hayotiy tajribaga ega bo‘lmagan farzandning to‘g‘ri yo‘l topishida ota-onaning roli beqiyosdir. Farzandning qobil va namunali bo‘lishiga ota-ona tarbiya orqali erishadi. Yuqorida keltirilgan hikoyadagi misol ota-onalar farzandlarini noto‘g‘ri yo‘lga kirib borayotganligini beparvolik tufayli sezmay ham qoladilar. Anglab yetganlarida esa kech bo‘lishi mumkin. Zero, zabardast ijodkor Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat- yo falokat masalasidir” degan teran so‘zlari fikrimizning yaqqol isbotidir.
Keling, shu o‘rinda yana bir savolga javob izlaylik. Bunday jaholat botqog‘i domidan yoshlarimizni qanday qutqarishimiz mumkin? Bunga erishishimiz yechimini Prezidentimiz I.Karimovning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida keltirilgan quyidagi jumlalardan topamiz. “ Hozirgi vaqtda ko‘z o‘ngimizda dunyoning geopolitik, iqtisodiy va ijtimoiy, axborot-kommunikatsiya manzarasida chuqur o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda, barchamizga ayonki, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.
“Jaholatga qarshi ma’rifat”. O‘ylanib qolasan kishi. Nega endi, senga birov jabr-sitam bilan johillik qilsa-yu, sen unga ma’rifat bilan kurasha ololsang. Demak, ma’rifat shunchalik qudratli qurol ekanda? Ha, albatta, ma’rifat shunchalar o‘tkirki, dunyodagi eng keskir qurol ham uni yengolmaydi. U shunchalar mo‘ljalni aniq oladiki, bu mo‘ljal faqat yovuzlikni yo‘q qilishni ko‘zlaydi. Bunday o‘tkir va mo‘ljalni aniq oladigan qurol bor joyda johillikka bir soniya ham o‘rin yo‘q. Yoshlarni ham ma’rifat bilan qurollantirish globallashuv zamonida ular ongida mafkuraviy immunitetni shakllantiradi. Darhaqiqat, mafkuraviy immuniteti mavjud bo‘lgan har qanday inson hayotga teranroq nigoh bilan boqa oladi. Oqni qoradan farqlaydigan ma’rifatli inson bo‘lib yetishadi. Ma’rifatli inson haqiqatni bilguvchidir. Haqiqatni ko‘ra olgan inson esa, aldovlar qurboniga aylanmaydi. Bugun yoshlarga berilayotgan ulkan imkoniyatlar zamirida ma’rifatni sevuvchi, uning tuganmas bulog‘idan qoniqib ichish hissini-da tuya oladigan komil insonni tarbiyalash g‘oyasi turganligi fikrimizning yaqqol isbotidir. Muhtaram Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganlaridek: “…ko‘p asrlik tariximiz shuni ko‘rsatadiki, inson dunyoqarashi shakllanishida ma’rifatning o‘rni beqiyosdir”.
Ma’rifatni men quyoshga mengzagan bo‘lardim. Undan uzoqlashdingmi, demak, sen qorong‘ulik domiga g‘arq bo‘lyapsan. Yurgan yo‘lingda qoqilib, hatto turolmasliging ham mumkin. Alal-oqibat qalb ko‘zing ko‘r bo‘lib qoladi. Dunyo go‘zalligini his eta olmaysan. Hayot ham qora tasvirlardan iborat bo‘lib qoladi. Bunday insonning yashashida ma’no bo‘lmaydi. Natijada esa u bora-bora jamiyatning kushandasiga aylanadi. Uni har qanday kimsa yetaklab ketishi, o‘zi xohlagan kuyga yo‘rg‘alatishi mumkin.
Ma’rifat quyoshiga yaqinlashgan sari, yo‘ling yanada yorisha boradi. Taning, yuraging issiq bo‘lib, qalbing yayraydi. Nurlarning har bir jilosi yetti xil kamalak ranggida tovlanadi. Hayoting bezaklari yanada boyib, seni o‘ziga yanada mahliyo etadi. Qalbing ijod qilishga, yaratuvchanlikka intiladi. Seni Vatan kutib turganligini his etasan. Vujudingda g‘ayritabiiy bir kuch seni g‘urur va ishonch bilan qadam tashlashingga undayveradi. Bu yo‘l shunday ravonki, sen uni oxirini qanday tugashini qalban his eta olasan. Hayotning mazmuni ham shu emasmi!
Darhaqiqat, bu kabi ma’rifatparvar kishilar o‘zligini anglay oladi. Tarixini, ming yillik an’analarini, ota-bobolari, qolaversa, o‘zi, qo‘yingki, kelajakda farzandlari unib- o‘sadigan muqaddas tuproqni qadrlay oladi. Shu o‘rinda el suygan shoir M.Yusufning quyidagi satrlari ko‘ngilga malhamdek xush yoqadi:
Ko‘hna tol beshikdan boshlangan olam,
Senga iddaolar qilmay sevaman.
Bir kuni singlim deb, bir kuni onam―
Vatan, kimligingni bilmay sevaman.
Menga yering suyuk, osmoning suyuk,
Boqsam teng to‘rttala tomoning suyuk,
Tovonimga kirgan tikoning suyuk―
Kaftdan zirapchang ham olmay sevaman.
Vatan ― yuragimning olampanohi,
Bu dunyo bukri bir jiydangning shoxi!
Ko‘zim yoshi bilan sug‘orib gohi,
Ko‘ksimda o‘stirgan gulday sevaman…
Ushbu satrlarni o‘qir ekansiz agarki, sizning vujudingizda ajib bir titroq turgan bo‘lsa, qalbingizda ajib bir shuurni tuygandek bo‘lsangiz, mana shu tuproq, shu vatan xizmati uchun “labbay” deb javob bera oladigan ma’rifatli insonsiz! Demak, siz shu vatan uchun kerak bo‘lgan aziz insonsiz! Unutmang, “tenglar ichra teng bo‘lgan” tengdoshim, sizni Ona Vatan kutadi!


Badavlat kishi kibr ila etikdo'z bolaga: 
- Poyafzalimni tozala, - deb buyurdi. 
Bolakay: - Hop bo'ladi, janob, - dedi. 
Kishi: - Tezroq bo'l, tezroq! - dedi jirkib-xo'mrayib. 
Bolakay: - Qayerga shoshayapsiz, janob? - dedi. 
Kishi mensimay: - Sen bir hashorat pashsha bo'lsang, nima ishing bor qayerga shoshyapganim bilan, - dedi, aftini buzmaytirib. 
Bolakay: - Janob men pashsha emasman, men ham Ollohning yaratgan bir bandasiman - dedi, ma'yuslik bilan. Kishi: - Yaramas bola ekansanku, hoziroq jim bo'lmasang, shapaloq tushiraman! - dedi, asabi buzilib. 
Bolakay asta xo'p bo'ladi, janob! Lekin sizga bir savolim bor edi... – dedi.
Kishi: - Tezroq so'ra, shoshib turibman! - dedi, qoshini chimirib. 
Bolakay: - Men bilan teng bolalaringiz yo'qmi? - dedi, sekin boqib. 
Kishi: - Sen bilan borabar farzandim bor edi, lekin bir necha yil ilgari uni yo'qotib qo'yganman... - dedi, o'yga tolib. 
Bolakay: - Uni yaxshi ko'rarmidingiz? - dedi. 
Kishi: - Qalbimdagi eski yaralarimni tirnama... - dedi, mahzun bo'lib. 
Bolakay ikkinchi marta: - Yo'qolgan bolangizni yaxshi ko'rarmidingiz?! - deya so'radi. 
Kishi: - Senga nima?! - dedi, ensasi qotib. 
Bolakay uchinchi bor so'radi: - Yo'qolgan bolangizni yaxshi ko'rarmidingiz?! - dedi. 
Kishi: - Qanidi uni uchratsam, - dedi. 
Bolakay: - Men sizning bolangizman, - dedi.
Kishi: - Bolalarim sen kabi isqirt hayot kechirmaydilar, - dedi, istehzoli kulib. 
Bolakay: - Alloh nomiga qasam ichaman! Men sizning bolangizman! - dedi, yolvorib. 
Kishi bolakayni oyog'i bilan tepib-itarib yuborib: - Boshqa bu gapingi takrorlama!!! - dedi, o'shqirib. 
Bolakay ko'zlari jiqqa yosh bo'lib: - Siz dadamsiz... axir, dadam, - dedi. 
Kishi: - Bu gapni qaerdan olding, ahmoq bola? - dedi, jahli chiqib. 
Bolakay: - Bir yil oldin onam vafot etdi. O'limidan oldin meni mana shu uyning oldiga olib kelib, «shu erda dadang yashaydi» dedi. Men har kuni tongda kelib sizni uydan chiqishingizni kutib turar, chiqsangiz oyoq kiyimingizni tozalab qo'yib, sizga yaxshilik qilmoqchi bo'lish ilinjida bo'laman, - dedi, yig'lab. 
Kishi: - Onang kim? - dedi, hayratlanib, mayn ovozda. 
Bolakay: - Menga homilador bo'lganini eshitib, yarim kechasi ko'chaga quvganingiz o'sha ayol mening onam edi, bechora onam, jannatim - onam! - dedi, ko'zlaridan ko'zyoshlarini tinmay oqizib. 
Kishi: - Nimaaa? - dedi, ajablanib. 
Bolakay: - Otajon elkangizda chandiq izi bor, - dedi, ishonishiga umid qilib 
Kishi: - Sen... Se-e-en???, - dedi - yu, tiz cho'kib qoldi. 
Bolakay: - Ismim nima bilasizmi? - dedi. 
Kishi: - Isming nima, bo...o...o..lam?! - dedi. 
Bolakay: - Ismim, sizning ismingiz, dada! - dedi. 
Kishi: - Nima uchun, mening ismim senga qo'yildi? - dedi, ta'ajjublanib. 
Bolakay: - Onam odamlar meni sizning ismingiz bilan chaqirishlari va kun kelib sizga yo'liqishimni juda umid qilgandi, - dedi, boshini egib. 
Kishi: - Onang qaerda? - dedi, savolga tutib. 
Bolakay: - Onam vafot etgan. U menga «otangni qidirib top, unga yaxshilik qil! Xizmatini qil, shoyad shu sabab jannatga kirsang» deb vasiyat qilgan, - dedi, iltijo qarash qilib. 
Kishi chidab turolmay hammani oldida yig'lab yubordi. Ko'z yoshlari yuzini yuvdi. 
Bolakayni mahkam quchdi va: - Bolajonim seni qanchalar sog'inganimni bilsayding... - dedi. 
Bolakay: - Onamni hech ham sog'indingizmi?! - dedi...
Kishi jim bo'lib qoldi, hatto yuzi qizarib ketti. 
Bolakay: - Nimaga jimsiz, dada? Onam menga aytgan edilar, ikkinchi xotiningiz onamni taloq qilishingizni va shu paytgacha biron marta ko'rmagan farzandingizdan voz kechishingizni shart qilgan ekan, shuning uchun bizdan kechdingizmi? Onam qanchalar qiynalganini bilganingizda edi... shunda ham meni sizga nisbatan mehr bilan ulg'aytirdi. Sizni yomonlamasdi... - dedi. 
Kishi afsus nadomat ichra sukut saqlardi... Bir yaqiningizni deb, boshqa yaqiningizdan aslo kechmang! Ularga bir xil munosabatda bo'ling! Bu ishingizda Alloh yordam berishini so'rang! 


Download 159.91 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling