190-modda. Homiylikning tugashi
Homiylik quyidagi hollarda:
homiy yoki homiylikdagi shaxs vafot etganda;
homiylikdagi shaxs voyaga etganda;
homiylikdagi shaxs ota-onasiga qaytarilganda;
homiylikdagi shaxs nikohga kirganda;
voyaga etmagan shaxs to’la muomalaga layoqatli deb e’lon, qilinganda (emansiptsiya);
fuqaroning muomala layoqatini cheklash haqidagi sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda;
homiylikdagi voyaga etgan shaxsning sog’lig’i yaxshilanganligi tufayli u mustaqil ravishda o’z huquqlarini amalga oshirish va majburiyatlarini bajarish imkoniyatiga ega bo’lganda tugaydi.
191-modda. Vasiy yoki homiy etkazgan mulkiy zararni to’lash
Vasiylik va homiylik organlari vasiy yoki homiydan o’z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarni insofsizlik yoki e’tiborsizlik bilan bajarishi natijasida etkazilgan mulkiy zararni to’lashini talab qilishga majbur, vasiylik va homiylik tugatilganda esa, vasiylik va homiylikda bo’lgan muomalaga layoqatli shaxs ham bunday talabni qo’yishga haqli.
192-modda. Vasiylik va homiylik organlarining qarori ustidan shikoyat qilish
Vasiylik va homiylik organlarining vasiy yoki homiy tayinlash hamda vasiy yoxud homiyni chetlatish haqida, shuningdek vasiylik va homiylikning boshqa barcha masalalari yuzasidan chiqargan qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar sudga shikoyat qilishlari mumkin.
193-modda. Vasiy va homiyning xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish
Vasiy va homiyning xatti-harakatlari ustidan vasiylik yoki homiylikdagi shaxsning o’zi, davlat muassasalari, jamoat birlashmalari va boshqa fuqarolar vasiylik yoki homiylikdagi shaxs yashayotgan joydagi tegishli vasiylik va homiylik organiga yoki sudga shikoyat qilishlari mumkin.
22-bob. Bolalarni oilaga tarbiyaga olish (patronat)
194-modda. Oilaga tarbiyaga beriladigan bolalar (patronat)
Ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan voyaga etmagan bolalar, shu jumladan tarbiya va davolash muassasalarida, shuningdek aholini ijtimoiy himoyalash muassasalaridagi bolalar oilaga tarbiyaga beriladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga olishni istagan shaxs vasiylik va homiylik organlari bilan kelishilgan holda bolalarni oldindan tanlab oladi.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish ularning xohishini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. O’n yoshga to’lgan bolalarni ularning roziligi bilan oilaga tarbiyaga berish mumkin.
Bolalarni oilaga tarbiyaga berish tartibi va shartlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |