21-bob. Vasiylik va homiylik
173-modda. Vasiylik va homiylikning maqsadi
Vasiylik va homiylik ota-onasining qaramog’idan mahrum bo’lgan bolalarga ta’minot berish, ularni tarbiyalash va ularga ta’lim berish, shuningdek bunday bolalarning shaxsiy hamda mulkiy huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun belgilanadi.
174-modda. Vasiylik va homiylikni belgilovchi organlar
Vasiylik va homiylik tuman yoki shahar hokimining qarori bilan belgilanadi.
Vasiylik va homiylik vasiy yoki homiy tayinlanishga muhtoj bo’lgan shaxs yashayotgan joyda, agar shaxsning muayyan yashash joyi bo’lmasa, vasiy yoki homiy yashayotgan joyda belgilanadi.
175-modda. Vasiylik va homiylik vazifalarini amalga oshirish
Vasiylik va homiylik vazifalarini amalga oshirish o’n sakkiz yoshga to’lmagan shaxslarga nisbatan - xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo’limlariga, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan - sog’liqni saqlash bo’limlariga, sog’lig’ining yomonligi sababli homiy tayinlanishiga muhtoj muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan - mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari zimmasiga yuklatiladi.
Kiritilgan o’zgartishlar va qo’shimchalar bo’yicha xronologik jadvalga qarang
176-modda. Vasiylik va homiylik belgilanadigan shaxslar
Vasiylik o’n to’rt yoshga to’lmagan bolalarga va sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslarga nisbatan belgilanadi.
Homiylik o’n to’rt yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan voyaga etmaganlarga, shuningdek sud tomonidan muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarga nisbatan belgilanadi.
Sog’lig’ining yomonligi sababli mustaqil ravishda o’z huquqlarini amalga oshira olmaydigan va majburiyatlarini bajara olmaydigan voyaga etgan muomalaga layoqatli shaxslarga nisbatan homiylik shu shaxslarning iltimosiga binoan belgilanishi mumkin.
177-modda. Ota-onasi bo’lgan voyaga etmagan bolalarga vasiy yoki homiy tayinlash
Bolaning ota-onalik huquqidan mahrum qilinmagan ota-onasi bo’lib, vasiylik va homiylik organlari uning ota-ona tarbiyasida qolishi bola manfaatlariga javob bermasligini, shuningdek bolaning hayoti va sog’lig’i uchun bevosita xavf borligini aniqlasa, unga vasiy yoki homiy tayinlanadi.
Ota-ona vasiylik va homiylik organlarining vasiy yoki homiy tayinlash haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilishga haqli.
Do'stlaringiz bilan baham: |