186-modda. Vasiylik yoki homiylikdagi shaxsga nafaqa tayinlash
Vasiy va homiy o’z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsga ta’minot berishga majbur emas.
Vasiy va homiyning o’z vasiyligi yoki homiyligidagi shaxsning ta’minoti uchun qilgan xarajatlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mazkur shaxsning mablag’i hisobidan qoplanadi, bu mablag’ etarli bo’lmagan taqdirda esa, uning ta’minoti uchun vasiylik va homiylik organlari nafaqa tayinlaydi.
187-modda. Voyaga etgan shaxsga homiylik majburiyatidan ozod etish
Sog’lig’ining yomonligi sababli homiy belgilanishiga muhtoj bo’lgan voyaga etgan shaxsning homiysi o’z homiyligidagi shaxs talabi bilan homiylik majburiyatidan ozod qilinishi lozim. Bunday holda vasiylik va homiylik organlari homiy tayinlanishiga muhtoj shaxsning roziligi bilan unga boshqa shaxsni homiy etib tayinlashi mumkin.
188-modda. Vasiy va homiyni o’z majburiyatini bajarishdan chetlatish
Vasiy yoki homiy o’z zimmasiga qonun bilan yuklatilgan majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganida vasiylik va homiylik organlari vasiyni yoki homiyni bu majburiyatlarni bajarishdan chetlatadi.
Vasiy yoki homiy o’z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlaridan g’arazgo’ylik yoki boshqa past niyatlarda foydalanganida, shuningdek vasiylik yoki homiylikdagi shaxsni nazoratsiz yoxud zarur yordamsiz qoldirganida, vasiylik va homiylik organlari aybdorni qonunda belgilangan javobgarlikka tortish uchun zarur choralarni ko’rishlari mumkin.
189-modda. Vasiylikning tugashi
Vasiylik quyidagi hollarda:
vasiy yoki vasiylikdagi shaxs vafot etganda;
voyaga etmaganlarga nisbatan - ular o’n to’rt yoshga to’lganda yoki ular ota-onasi tarbiyasiga qaytarilganda;
qonunda belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz deb topilganlar uchun - ularning muomala layoqati sud tomonidan tiklangan taqdirda tugaydi.
Voyaga etmagan bola o’n to’rt yoshga to’lganligi sababli vasiylik tugaganida vasiy vazifasini bajaruvchi shaxs maxsus tayinlanmasdan voyaga etmagan bolaning homiysi bo’lib qoladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |