Ekologik xavfsiz tabiiy oziq ovqat mahsulotlarining ahamiyati
Download 15.97 Kb.
|
Hujjat (1)
Ekologik xavfsiz tabiiy oziq ovqat mahsulotlarining ahamiyati Oziq-ovqat xavfsizligi butun dunyo mamlakatlari oldida turgan eng dolzarb vazifalardan biridir. BMT ham bugun oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va ularni taqsimlash boʻyicha yondashuvni mutlaqo oʻzgartirish vaqti kelganini taʼkidlayapti. Zero, ideal holatda qishloq, oʻrmon va baliqchilik xoʻjaliklari barchani oziq-ovqat bilan toʻliq taʼminlash va odamlar uchun risoladagidek daromad manbaini yaratib berishga qodir. Boz ustiga, bunday holatda inson manfaatlari yoʻlida ham qishloq xoʻjaligi rivojlanadi, ham atrof muhitni muhofaza qilish boʻyicha chora-tadbirlar ijrosi taʼminlanadi. Nega bashariyat farovonligi va kelajagiga xizmat qiluvchi mana shunday nufuzli tashkilot bu boradagi nuqtayi nazarlarni yangilash gʻoyasini ilgari surmoqda? Sababi, bugungi kunda tabiatga befarq munosabat, unga antropogen taʼsirning kuchayib borishi, isrofgarchilik, ilgʻor va rivojlanayotgan davlatlar oʻrtasidagi oziq-ovqat balansi boʻyicha farqning oʻsayotgani, iqlim oʻzgarishlari qator salbiy omillarni keltirib chiqaryapti. Noz-neʼmatlarimiz, chuchuk suv, ummonlar, oʻrmonlar, biologik xilma-xillik keskin surʼatlarda kamayib bormoqda, yer unumdorligi pasayib, tuproq degradatsiyaga uchrayotir. Oqibatda, BMT maʼlumotlariga koʻra, hozirda jahon aholisining 815 million nafari och qolayotgan boʻlsa, 2050-yilga borib bu soni 2 mlrd. kishiga yetadi. Ularning 12,9 foizi rivojlanayotgan mamlakatlarda yashaydi. Besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻrtasidagi oʻlimning 45 foizi aynan toʻyib ovqat yemaslik natijasida kelib chiqayotir. Hozirgi kunda har yili 3,1 nafar bola aynan shu sabab hayotdan koʻz yummoqda. Qolaversa, sayyoramizdagi har toʻrt bolaning bir nafari oʻz yoshiga nisbatan oʻsmay qolgani aniqlangan. Maktab yoshidagi 66 mln. oʻgʻil-qiz darslarga beixtiyor och keladi. Shulardan 23 mln.i Afrikada istiqomat qiladi. Masalaning yana bir tomoni. Qishloq xoʻjaligi dunyodagi eng katta ish beruvchi tarmoqdir. Bugun kurrai zamin aholisining 40 foizi aynan shu soha orqali tirikchilik qiladi. Bu qashshoq qishloqlardagi oilalar uchun daromad keltiruvchi va bandlikni taʼminlovchi asosiy manbadir. Rivojlanayotgan mamlakatlarda asosan lalmi boʻlgan besh million kichik fermer xoʻjaliklari oziq-ovqatning 80 foizini yetkazib beradi. Shunday ekan, mazkur jabhaga investitsiya kiritish aholi qatlamlari oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash qatorida mahalliy va tashqi bozorlarga mahsulot yetkazib berish boʻyicha mamlakat imkoniyatlarini oshiradi. Yaqinda BMT tomonidan sohada yana bir tashabbusga qoʻl urildi. Yaʼni oziq-ovqat mahsulotlari isrofgarchiligiga qarshi kurashish boʻyicha global kampaniya eʼlon qilindi. Bu ham aynan oziq-ovqat xavfsizligiga xizmat qiladi. Ushbu tuzilmaning Atrof-muhit boʻyicha tashkiloti(YUNEP) maʼlumotiga koʻra, har yili dunyo boʻyicha 1,3 mlrd. tonna oziq-ovqat mahsulotlari tashlab yuborilar ekan.(Bunga qaysidir maʼnoda oʻzimiz ham toʻylarimizdagi isrofgarchiliklar orqali “hissa“ qoʻshmoqdamiz. Bejizga bunday tadbirlarni ixchamlashtirish boʻyicha ishlar olib borilmayapti). Neʼmatlarning bunday isrof qilinishidek mantiqsiz holatga barham berish uchun birinchi navbatda ularni saqlash sharoitlarini oʻzgartirish taklif etilyapti. “Qotgan non? Bir yogʻi chirigan olma? Mogʻor bosgan pishloq? Bunday mahsulotlar bilan nima qilish kerak? Koʻpchilik ularni tashlab yuboradi. Dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlarining uchdan bir qismi chiqindi idishlarida yotadi. Jahon iqtisodiyoti bundan har yili qariyb trillion dollar zarar koʻryapti”, - deb yozadi BMT. Davlat rahbarining 2018-yil 16-yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni va ayni paytda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020—2030-yillarga moʻljallangan strategiyasi shu nuqtai-nazardan dolzarbdir. Masalan, strategiyada Oʻzbekistonda 2018-yil holatiga koʻra aholi oʻrtasida umumiy toʻyib ovqatlanmaydiganlarning ulushi 6,3 foizni tashkil etishi koʻrsatib oʻtilgan. Ushbu ulushni 2021-yilgacha 5, 2025-yilga kelib 3 foizgacha kamaytirish, 2030-yilga borib nol darajaga tushirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Xoʻsh, buning uchun nima qilish kerak? Sir emaski, yurtimizda eksport-import operatsiyalarini tartibga solish,ehtiyoj katta boʻlgan oziq-ovqat tovarlarini import qilishdagi toʻsiqlar, nosogʻlom raqobat, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan import mahsulotlarining monopollashtirilishi, narx-navoning sunʼiy oshirilishi, taqchillikning yuzaga kelishi kabi bir qator muammolar hamon uchrab turibdi. Bunday holatlar sohadagi ishchanlik muhiti, mamlakat investitsiyaviy imkoniyati va jahon bozoridagi obroʻsiga jiddiy ziyon yetkazishi tabiiydir. Binobarin, yuqoridagi Farmonning hayotga tatbiq etilishi yurtimiz bozorlarini sifatli, arzon va xavfsiz oziq-ovqatlar bilan toʻldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish imkonini beradi. Koʻpchilikka maʼlumki, ayrim xoʻjalik yurituvchi subyektlarga oziq-ovqat tovarlarini xorijdan import qilish boʻyicha bir qator individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlari, preferensiyalar berilgan edi. Natijada davlatimizning milliard soʻmlab mablagʻlari sarflanardi. Lekin bu amaliyot oʻzini oqlamadi. Oziq-ovqat mahsulotlari importi ayrim subyektlar tomonidan monopoliyaga aylantirildi. Xorijdan keltirilayotgan shakar, qand, oʻsimlik yogʻlari va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ichki bozorda koʻpayishi hamda narx-navo pasayishi oʻrniga, aksi boʻlib qoldi. Farmonga koʻra, 2018-yil 1-fevraldan boshlab oziq-ovqat tovarlari importi uchun beriladigan barcha imtiyoz va preferensiyalar bekor qilindi. Pirovardida isteʼmol tovarlari respublika tovar xom ashyo birjalarida sotilmoqda. Shuningdek, birjalarning ochiq elektron savdolarida sotish uchun (sotib olish) litsenziya talab qilinmaydi. Ilgarigi, ulgurji savdoga litsenziya olishda eng kam ish haqining 3,500 baravari va pul mablagʻi 1,200 baravardan kam boʻlmagan ustav fondi mavjudligi haqidagi talab ham bekor qilindi. Ichki isteʼmol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yuqoridagi mahsulotlar importi tovar-xom ashyo birjalari va xorijiy birjalar elektron savdolari tizimi orqali amalga oshirilyapti. Oziq-ovqat mahsulotlarining xaridi, jamgʻarma tushumi va xarajatlari yagona portalda eʼlon qilib borilmoqda. Xullas, xorijdan olib kelinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari savdosi shaffof holda amalga oshirilyapti. Eng muhimi, ushbu Farmon asosida sohaga doir qonunchilik va normativ baza takomillashtirilyapti. Ayni chogʻda dehqonchilik mahsulotlari hosildorligi va chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish vazifalarini hal etish uchun zamonaviy agrotexnologiyalar joriy etilishini ragʻbatlantirish, qishloq xoʻjaligi oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va tayyorlash, taqsimlash, qayta ishlash va sotishning samarali tizimini yaratish ham muhim. Xususan, butun yil mobaynida ham oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlaydigan, ham narxlarning mavsumiy oʻzgarib turishini pasaytiradigan mexanizm yaratish lozim. Shu nuqtayi nazardan yangi va qayta ishlangan oziq-ovqat mahsulotlarini saqlashning samarali usullarini tatbiq etish davr talabidir. Boisi 2025-yilga borib Oʻzbekiston oʻrtacha darajadan yuqori daromad oladigan mamlakatlar guruhiga oʻtishi maqsad qilingan. Bu turmush tarzi, xulq-atvor andozalari, ovqatlanish tarkibini tegishli tarzda oʻzgarishiga olib keladi. Shularni eʼtiborga olgan holda bir qancha tovarlar boʻyicha qayta ishlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari ulushi oʻsishini taʼminlash zarur boʻladi. Qolaversa, ovqatlanish standartlari va meʼyorlarini joriy etish (shu jumladan, mikroelementlar va zarur nutriyentlar mavjud boʻlishi, zararli moddalar, turli qoʻshimchalar, boʻyoqlar, taʼm beruvchilar, emulgatorlarni nazorat qilish, tayyorlash, tashish texnologiyalariga rioya qilishni nazorat qilish), shuningdek, ovqatlanish sifati ustidan nazorat qilish mexanizmini yanada rivojlantirish lozim. Aholining ovqatlanish modelini yaxshilash maqsadida sogʻlom ovqatlanish toʻgʻrisidagi zarur axborotni tarqatish, bu borada tibbiyot muassasalari faolligini oshirish lozim. Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Xalqimiz salomatligini mustahkamlash, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, biz uchun hayotiy muhim masaladir. Takror aytaman, tinchlik va sogʻlikni taʼminlasak, qolgan hamma narsaga erishamiz. Qishloq xoʻjaligidagi islohotlardan maqsad – iqtisodiy foyda koʻrish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalq farovonligini oshirishdan iboratdir. Buni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz zarur”. Download 15.97 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling