Экология” фанидан


Download 0.75 Mb.
Sana12.03.2023
Hajmi0.75 Mb.
#1262535
Bog'liq
Ekalogiya Mustaqil ish


O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VAZIRLIGI МУҲАММАД АЛ-ХОРАЗМИЙ НОМИДАГИ ТОШКЕНТ АХБОРОТ ТЕХНОЛОГИЯЛАРИ УНИВЕРСИТЕТИ

“Энергия таъминлаш тизимлари” кафедраси


ЭКОЛОГИЯ


фанидан


Мустақил иш

Бажарди:Kompyuter injinering таълим йўналиши


013-18-гуруҳ
Ismoilov Dilshodbek Yunus o`g`li
талабанинг Ф.И.Ш.
Қабул қилди:________________

Тошкент 2023





N

Фамилия

Имя

Адрес электронной почты

Мустақил иш мавзулари

5.

Ismoilov

Dilshodbek

dismoilov336@gmail.com

Alohida muxofaza etiladigan tabiiy hududlar.

REJA:
1.Muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi holat qanday?


2. Himoyalangan tabiiy hududlar.
3. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonunlar.

1.Muhofaza etiladigan tabiiy hududlardagi holat qanday?


Mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat umumiy maydonining 8,3 foiziga yetkazildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish masalalari qoʻmitasi tomonidan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonun ijrosi Jizzax va Surxondaryo viloyatlari misolida nazorat-tahlil tartibida oʻrganildi. Mazkur oʻrganish yakunlari qoʻmitaning kengaytirilgan yigʻilishida muhokama qilindi. Unda deputatlar, sohaga masʼul vazirlik va idoralar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar (METH) tizimini rivojlantirish va ular maydonini xalqaro hujjatlar talablari darajasiga yetkazishning tashkiliy-uquqiy asoslari ishlab chiqildi hamda sohaning moliyaviy manbalari aniqlab berildi. Tizimni tartibga soluvchi qator qonun loyihalari ishlab chiqildi va takomillashtirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ga yaqin farmon va qarorlari hamda Hukumatning maxsus dasturlari qabul qilindi va ular ijrosi bilan 5 ta yangi METHlarga asos solindi.

Mamlakatimizda olib borilgan ushbu yangicha yondashuvlar natijasida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydoni mamlakat umumiy maydonining 8,3 foiziga yetkazildi, vaholanki ushbu koʻrsatkich 2017-yilda 5,2 foizni tashkil etgan edi.

Ishchi guruhi tomonidan oʻrganishlar tahlili shuni koʻrsatadiki, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida”gi qonunning ijrosini taʼminlash yuzasidan har ikkala viloyatda muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Xususan, Jizzax viloyatida “Zomin” va “Nurota” davlat qoʻriqxonalari, “Zomin” milliy tabiat bogʻi, “Arnasoy” davlat buyurtmaxonasi, 5 ta oʻrmon va 2 ta oʻrmon-ov xoʻjaligi, Surxondaryo viloyatida “Surxon” davlat qoʻriqxonasi, 6 ta oʻrmon va 3 ta oʻrmon-ov xoʻjaligi hamda qator suv obyektlarining suvni muhofaza qilish zonalari, sohil boʻyi mintaqalari va sanitariya muhofazasi zonalari, yer osti suvlari hosil boʻladigan METH mavjud boʻlib, ular turli davlat boshqaruvi organlari tarkibida faoliyat olib bormoqda.

Tadbirda qayd etilganidek, har ikkala viloyatda METHni muhofaza qilish hamda ulardan foydalanish borasida amaldagi qonunchilikka rioya qilingan holda faoliyat olib borilgan. Qoʻriqxonalarda ilmiy ishlar olib borish sifati yaxshilangan, ilmiy ishlar hajmi kengaygan. Hududlardagi METHda olib borilgan monitoring natijalari joylarda noyob hayvonlar soni koʻpaygani va nodir oʻsimlik turlarining maydoni kengayganini koʻrsatmoqda.

Shuningdek, METHda davlat nazorati kuchaytirilgan, davlat inspektorlari soni oshirilgan va ularning moddiy-texnik taʼminoti yaxshilangan. Ushbu faoliyatda jamoatchilik nazoratiga ham eʼtibor qaratilgan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar bilan hamkorlikda qator amaliy tadbirlar olib borilgan. METH ilmiy xodimlari bilan hamkorlikda biologik resurslarini oʻrganish boʻyicha ilmiy-tadqiqot va targʻibot–tashviqot ishlari olib borilgan, METH xodimlariga kadastr faoliyatni yuritishda uslubiy yordam koʻrsatilgan.

Oʻrganish natijalarining tahlili sohada muayyan ishlar amalga oshirilishi bilan birgalikda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi, qonun normalarining toʻlaqonli bajarilishi taʼminlanmayotganligi va sohada baʼzi muammolar mavjudligi maʼlum boʻldi. Xususan, METH boshqaruv rejasi davlat byudjetidan moliyalashtirilishi tufayli barcha hududlarning boshqarish rejasi ichki imkoniyatlardan kelib chiqqan mablagʻlar doirasida ishlab chiqilgan. Biroq, mazkur boshqaruv rejalarning barchasi ham Nizomga asosan davlat ekologik ekspertizasidan belgilangan tartibda oʻtkazilmagan.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hamda biologik resurslar davlat kadastrini oʻtkazish uchun byudjet mablagʻlari ajratilmagan, ichki imkoniyatlardan foydalanilgan holda kadastr yuritish boʻyicha bir qator ishlar bajarilgan boʻlsa-da, ammo zamonaviy axborot texnologiyalaridan (GPS, xaritalar, rasmlar va boshqa.) foydalanilmagan. Bu oʻz navbatida, hayvon va oʻsimlik populyatsiyalarining tarqalish joylari, biomassasi, zichligi va shu kabi boshqa materiallar kadastrning yana-da toʻlaqonliligini taʼminlagan va amaliyotda undan foydalanish imkonini oshirgan boʻlar edi.

Tadbirda oʻrganilgan METHda mavjud muammolar va ularni hal etish boʻyicha takliflar keng muhokamalarga sabab boʻldi. Jumladan, bugungi kunda Aydar-Arnasoy koʻllar tizimiga soʻnggi 5 yildan boʻyon Sirdaryodan suv tashlanmayotganligi, qurgʻoqchilik yillarda kollektorlardan tashlanadigan suv hajmining kamayishi sababli koʻllar tizimida suv hajmi kamayishi kuzatilmoqda. Shuningdek, qirgʻoq boʻyida ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy faoliyat yuritish holatlari (noqonuniy qurilishlar, sunʼiy koʻllar barpo etish, chorva mollarini oʻtlatish) ham uchrab turibdi. Bu oʻz navbatida, hududning ekologik barqarorligiga, xususan koʻllar tizimining bir qismida joylashgan “Arnasoy” davlat ornitologik buyurtmaxonasi biologik resurslariga xavf solayotganligi taʼkidlab oʻtildi.



2. Himoyalangan tabiiy hududlar
Erning va (yoki) suv kengliklarining (akvatoriyalarning) ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, rekreatsiya va sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik bo‘lgan, xo‘jalik maqsadidagi doimiy yoki vaqtincha foydalanishdan to‘liq yoki qisman chiqarilgan uchastkalari muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hisoblanadi.
Tabiiy ob’ektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash maqsadida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda muhofaza qilish va foydalanish rejimi o‘rnatiladi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar biologik, landshaft rang-barangligini ta’minlash va ekologik muvozanatni saqlab turish uchun mo‘ljallangan yaxlit ekologik tizimni tashkil etadi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar belgilangan maqsadi va rejimiga qarab quyidagi toifalarga bo‘linadi:
– davlat qo‘riqxonalari;
majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari;
– tabiat bog‘lari;
– davlat tabiat yodgorliklari;
– ayrim tabiiy ob’ektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan hududlar;
– muhofaza etiladigan landshaftlar;
– ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlar.
– Qonun hujjatlarida davlat biosfera rezervatlari, milliy bog‘lar, davlatlararo muhofaza
etiladigan tabiiy hududlar va boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish nazarda tutilishi mumkin

Davlat qo‘riqxonalari
Tabiiy ob’ektlar va majmualarni muhofaza qilishning qattiq rejimiga ega bo‘lgan, tipik ekologik tizimlar, o‘simliklar va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolish hamda o‘rganish uchun mo‘ljallangan, umumdavlat ahamiyatiga molik muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat qo‘riqxonalari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida 6 ta davlat qo‘riqxonalari mavjud:
– Chotqol davlat biosfera qo‘riqxonasi (Toshkent viloyati, Davlat Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida);
– Zomin davlat qo‘riqxonasi (Jizzax viloyati, Davlat Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida);
– Nurota davlat qo‘riqxonasi (Jizzax viloyati, Davlat Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida);
– Qizilqum davlat qo‘riqxonasi (Buxoro va Xorazm viloyatlari, Davlat Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida);
– Surxon davlat qo‘riqxonasi (Surxandaryo viloyati, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufida);
– Hisor davlat qo‘riqxonasi (Qashqadaryo viloyati, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufida);
Majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari
Alohida ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni asl holatida saqlash uchun mo‘ljallangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonalari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida 1 ta majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxona mavjud:
– «Saygachiy» majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufida)
Tabiat bog‘lari
Alohida ekologik, madaniy va estetik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni tabiatni muhofaza qilish yo‘nalishidagi, rekreatsiya, ilmiy va madaniy maqsadlarda saqlab qolish hamda ulardan foydalanish uchun mo‘ljallangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tabiat bog‘lari hisoblanadi. Tabiat bog‘lari maxsus vakolatli davlat organining taqdimnomasiga binoan tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari bilan davlat tabiatni muhofaza qilish muassasasi shaklida tashkil etiladigan milliy tabiat bog‘lari va mahalliy ahamiyatga molik tabiat bog‘lariga bo‘linadi.
O‘zbekiston Respublikasida 5 ta davlat milliy tabiat bog‘i mavjud:
– Xorazm davlat milliy tabiat bog‘i (Xorazm viloyati, Davlat ekologiya qo‘mitasi tasarrufida);
– Zomin davlat milliy tabiat bog‘i (Jizzax viloyati, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida);
– Zarafshon davlat milliy tabiat bog‘i (Samarqand viloyati, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida);
– Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i (Toshkent viloyati, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida);
– Kitob geologik milliy tabiat bog‘i (Qashqadaryo viloyati, Geologiya davlvt qo‘mitasi).
Davlat tabiat yodgorliklari
Noyob, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan, ekologik, ilmiy, madaniy va estetik jihatdan qimmatli tabiiy ob’ektlari bor muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat tabiat yodgorliklari hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida 11 ta davlat tabiat yodgorliklari mavjud:
– Vardanzi davlat tabiat yodgorligi (Buxoro viloyati);
– Mingbuloq davlat tabiat yodgorligi (Namangan viloyati);
– Chust davlat tabiat yodgorligi (Namangan viloyati);
– Yozyovon davlat tabiat yodgorligi (Farg‘ona viloyati);
– Yangibozor davlat tabiat yodgorligi (Xorazm viloyati);
– Varaxsha davlat tabiat yodgorligi (Buxoro viloyati);
– Paykent davlat tabiat yodgorligi (Buxoro viloyati);
– Zilxa davlat tabiat yodgorligi (Farg‘ona viloyati);
– Akbarobod davlat tabiat yodgorligi (Farg‘ona viloyati);
– Bo‘stonbuva davlat tabiat yodgorligi (Buxoro viloyati);
– Urung‘och davlat tabiat yodgorligi (Toshket viloyati).
Ayrim tabiiy ob’ektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan hududlar
Buyurtma qo‘riqxonalar
Ayrim tabiiy ob’ektlar va majmualarni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar buyurtma qo‘riqxonalar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida 12 ta davlat buyurtma qo‘riqxonalari mavjud:
– Arnasoy davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Jizzax viloyati);
– Dengizko‘l davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Buxoro viloyati);
– Qora-qir davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Buxoro viloyati);
– Sudoche davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Qoraqalpog‘iston Respublikasi);
– Muborak davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Qashqadaryo viloyati);
– Oqtau davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Navoiy viloyati);
– Karnabcho‘l davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Navoiy viloyati);
– Qumsulton davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Buxoro viloyati);
– Xadicha davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Buxoro viloyati);
– Qo‘shirobod davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Samarqand viloyati);
– Nurobod davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Samarqand viloyati);
– Omonqo‘ton davlat buyurtma qo‘riqxonasi (Samarqand viloyati.
Tabiiy pitomniklar
O‘simliklar va hayvonlarning ayrim turlariga zarur sharoit yaratish yo‘li bilan ularni saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tiklash uchun mo‘ljallangan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tabiiy pitomniklar hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasida 1 ta davlat tabiiy pitomnigi mavjud:
– Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigi (Buxoro viloyati, Davlat Ekologiya qo‘mitasi tasarrufida).
Ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlar
O‘rmon fondining eroziyaga qarshi barpo etilgan o‘rmonlar, shahar o‘rmonlari, shaharlarning, boshqa aholi punktlari va sanoat markazlarining yashil mintaqalari atrofidagi o‘rmonlar, alohida qimmatli o‘rmonlar, yong‘oqzorlar, mevali daraxtzorlar, ilmiy yoki tarixiy ahamiyatga molik o‘rmonlar egallagan yerlari, shuningdek ovchilik xo‘jaliklarining o‘simlik va hayvonot dunyosidan oqilona foydalanish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari ayrim tabiiy resurslarni boshqarish uchun mo‘ljallangan hududlar jumlasiga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida 71 ta o‘rmon xo‘jaligi, va 5 ta ov xo‘jaliklari mavjud.
Davlat biosfera rezervatlari
Hududlarni barqaror iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish maqsadida davlat biosfera rezervatlari — biologik rang-baranglikni saqlash, tabiiy ob’ektlar va majmualardan oqilona foydalanish uchun mo‘ljallangan, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etilishi mumkin. Davlat biosfera rezervatlari xalqaro biosfera rezervatlari tarmog‘iga qo‘shilishi va atrof tabiiy muhitning global monitoringida ishtirok etishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasida 2 ta biosfera rezervati mavjud:
– Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Davlat ekologiya tasarrufida);
– Ugom-Chotqol davlat biosfera rezervati (Toshkent viloyati, AJ”O‘zbekiston temir yo‘llari” tasarrufida).
Milliy bog‘lar
Alohida ekologik, ilmiy, madaniy va estetik ahamiyatga ega bo‘lgan, o‘simliklarning noyob va qimmatli, shu jumladan manzarali turlarini saqlab qolish, takror ko‘paytirish va tabiatni muhofaza qilish, rekreatsiya, ilmiy va madaniy maqsadlarda oqilona foydalanishga mo‘ljallangan muhofaza etiladigan tabiiy hududlar milliy bog‘lardir.
O‘zbekiston Respublikasida 1 ta milliy bog‘ mavjud:
– Do‘rmon milliy bog‘i (Toshkent viloyati, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tasarrufida)

3. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi qonunlar.

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN TABIIY HUDUDLAR TO‘G‘RISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 2004-yil 3-dekabrdagi 711-II-sonli “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Ushbu Qonun hozirgi va kelajak avlod manfaatlarini ko‘zlab noyob hamda ekologik, iqtisodiy, ilmiy, madaniy, sanitariya-sog‘lomlashtirish, estetik nuqtai nazardan milliy boylik va umumxalq mulki bo‘lmish qimmatli tabiiy majmuilarni muhofaza etishning umumiy huquqiy, ekologik, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
I BO‘LIM. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari
O‘zbekiston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar ushbu Qonundan, shuningdek yer, suv, o‘rmon to‘g‘risidagi qonunlar, yer osti boyliklari to‘g‘risidagi, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza etish va undan foydalanish to‘g‘risidagi, atmosfera havosini muhofaza etish to‘g‘risidagi hamda atrof tabiiy muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunlardan iborat alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlari bilan ham tartibga solib turiladi.
2-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining vazifalari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining vazifalari noyob tabiiy majmuilarni, tabiat yodgorliklarini, o‘simliklar va hayvonlarning irsiy fondini saqlab qolishdan, tabiiy jarayonlarni o‘rganishdan hamda tabiiy muhitni kuzatish va tadqiq etish majmuidan, aholini ekologiya bobida tarbiyalashdan, tabiatni muhofaza qilish ahamiyatiga molik hududlardan xo‘jalik maqsadida foydalanishni cheklashdan iboratdir.
3-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ta’rifi va ularning huquqiy maqomi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar — bu yerlar va suv kengliklari (akvatoriylar)ning ustuvor ekologik, ilmiy, madaniy, estetik, sanitariya-sog‘lomlashtirish ahamiyatiga molik qismlaridir.
Tabiat rang-barangligini saqlab qolish, ekologik muvozanatni va biosfera monitoringini saqlab turishga, shuningdek shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklashga mo‘ljallangan yagona tizimni tashkil etuvchi O‘zbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari xo‘jalik maqsadida foydalanishdan to‘liq yoki qisman, bir umrga yoki vaqtincha tortib olinishi mumkin.
Tabiiy zaxiralardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga doir rejalar va dasturlar, yer tuzilishi va joylarni tekislash kesmalari hamda boshqa rejalarni ishlab chiqishda alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar hisobga olinadi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga Qonunda belgilab qo‘yilgan tartibda davlat qo‘riqxonalari (shu jumladan biosfera qo‘riqxonalari), davlat milliy bog‘lari, davlat tabiat yodgorliklari, davlat buyurtma qo‘riqxonalari maqomi beriladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari), kurort va rekreatsiya tegralari, yer usti va yer osti suvlari hosil bo‘ladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, tog‘ yonbag‘irlarining etaklari), nodir va qimmatbaho mineral konlari, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qo‘riqlanma (oraliq) tegralari, baliq xo‘jaligi tegralari, o‘rmonlarning taqiqlangan mintaqalari, tarixiy-tabiiy va yodgoriy bog‘lar, botanika va hayvonot bog‘lari, dendrariylar hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va xalqaro shartnomalar bilan belgilab qo‘yiladigan tartib asosidagi boshqa hududlar ham alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga kiradi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralarining qarorlari bilan alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning boshqa toifalari ham nazarda tutilishi mumkin.
4-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga bo‘lgan mulkchilik
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar davlat mulkidir va uning muhofazasidadir.
Botanika, dendrologiya va hayvonot bog‘lari boshqa shakllardagi mulk asosida ham tashkil etilishi mumkin.
5-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tabiatni muhofaza etish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar jumlasiga kiradi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlarida ularning maqsad-muddaosiga zid faoliyat taqiqlanadi.
Yuqorida aytib o‘tilgan yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishning tartibi va shartlari ushbu Qonun va yer to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari bilan belgilab qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 9-bobiga qarang.
Davlat qo‘riqxonalari, davlat milliy bog‘lari yer uchun haq to‘lashdan ozod etiladilar. Alohida muhofaza etiladigan boshqa tabiiy hududlar ham O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qo‘yilgan tartibda yer uchun haq to‘lashdan ozod etilishlari mumkin. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda xo‘jalik faoliyati bilan shug‘ullanilgan hollarda ijara haqi va yer solig‘i undirib olinadi.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 101-moddasiga, Yer solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaning 19-bandiga qarang (ro‘yxat raqami 1118, 27.03.02y.).
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning yerlari tortib olinishiga favqulodda hollarda O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida belgilangan tartibda yo‘l qo‘yiladi.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 37, 38-moddalariga qarang.
6-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat boshqaruvini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi mahalliy idoralari, shuningdek bu ishga maxsus vakil qilingan davlat idoralari amalga oshiradilar.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish sohasidagi davlat nazoratini O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi amalga oshiradi.
7-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish tartibi
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasi yoki tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasiga muvofiq barpo etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni rivojlantirish va joylashtirishning bosh kesmasini yoki davlat hokimiyati mahalliy idoralari tabiatni muhofaza qilishning hududiy majmui kesmasini tasdiqlashi bilan ayni bir vaqtda muhofaza etishga tavsiya etilayotgan yer maydonini zaxiralash to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Alohida muhofaza etiladigan hudud tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar mazkur hududda yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning xo‘jalik faoliyati cheklanadi yoki to‘xtatiladi. Bunday hollarda yer egalari va yerdan foydalanuvchilar xo‘jalik faoliyatining cheklanishi yoki to‘xtatilishi tufayli qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishida ko‘rilgan yo‘qotish va talofotlar uchun tovon olish huquqiga egadirlar hamda yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlardan foydalanadilar.
8-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri bu hududlarning huquqiy maqomi, ularning jug‘rofiy mavqeyi, miqdor va sifat ko‘rsatkichlari, ekologik, ilmiy, ma’rifiy va boshqa xil ahamiyati to‘g‘risidagi, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar haqidagi ma’lumotlarni qamrab oladi.
O‘zbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastri mazkur hududlar tarmog‘ini rejalashtirish, ularni muhofaza etishni ta’minlash va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tegishli qoidaga rioya etilishi ustidan davlat nazorati darajasini oshirish, shuningdek ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirishni rejalashtirish chog‘ida bu hududlar o‘rni va ahamiyatini hisobga olish maqsadida yuritiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri respublika budjeti hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan yagona tizim asosida yuritiladi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastrini yuritishni O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining idoralari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda amalga oshiradilar.
LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 10-martdagi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasining muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastrini yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga qarang.
9-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanish va ularni muhofaza qilishni yo‘lga qo‘yishda jamoat tashkilotlari bilan fuqarolarning ishtiroki
Jamoat tashkilotlari o‘z ustavlariga muvofiq va ayrim fuqarolar alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni tashkil etish, ulardan foydalanish va ularni muhofaza qilishga oid tadbirlarni amalga oshirishda davlat idoralariga hamkorlik qiladilar.
Ana shu tadbirlarni amalga oshirish chog‘ida davlat idoralari jamoat tashkilotlari bilan ayrim fuqarolarning takliflarini inobatga oladilar.
II BO‘LIM. DAVLAT KO‘RIQXONALARI
10-modda. Davlat qo‘riqxonalarining ta’rifi va vazifalari
Davlat qo‘riqxonalari o‘z oldiga oddiy, odatiy va noyob tabiiy majmuilar, o‘simliklar va hayvonlarning irsiy fondlarini saqlab qolish va o‘rganish, tabiiy jarayonlar va hodisalar o‘zgarishi ustidan monitoring o‘tkazish maqsadini qo‘ygan tabiatni muhofaza etuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Davlat qo‘riqxonalari hududidagi yer, suv, yer osti boyliklari, o‘simlik va hayvonot dunyosi xo‘jalik foydalanishidan to‘liq va bir umrga tortib olinadi hamda doimiy foydalanish uchun qo‘riqxonalarga bepul beriladi. Davlat qo‘riqxonalari yerlarini ijaraga berish taqiqlanadi.
Hududi tabiiy landshaftlarning xos bo‘laklaridan iborat bo‘lgan va belgilangan tartibda biosfera qo‘riqxonalarining xalqaro shoxobchasiga kiritilgan davlat qo‘riqxonalari biosfera davlat qo‘riqxonalari maqomiga egadir.
Davlat qo‘riqxonalari zimmasiga:
muhofaza ostiga olingan butun tabiiy majmuini tabiiy holatda asrash;
ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
ro‘yobga chiqarilganda qo‘riqxonalar va muhofaza etilayotgan tegralarning tabiiy majmuiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan xo‘jalik obyektlari va boshqa obyektlarning loyihalari hamda ularni joylashtirish kesmalarining davlat ekologik ekspertizasida qatnashish;
tabiatni muhofaza qilish sohasida ilmiy xodimlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish;
ekologik bilimlarni targ‘ib etish vazifalari yuklanadi.
11-modda. Davlat qo‘riqxonalarini tashkil etish tartibi va ularni boshqarish
Davlat qo‘riqxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qabul qiladi.
Davlat qo‘riqxonalarini boshqarish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan idoralar tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir qo‘riqxona qaysi idoraning tasarrufida bo‘lsa, shu idora O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishib turib tasdiqlaydigan nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
12-modda. Davlat qo‘riqxonalarining maqomi va mablag‘lari
Davlat qo‘riqxonalari yuridik shaxs bo‘lib, respublika budjetidan ta’minlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida o‘z hisob raqamlari, o‘z nomida va O‘zbekiston Respublikasi davlat gerbi tushirilgan muhri bo‘ladi.
Davlat qo‘riqxonalarining mablag‘lari, shu jumladan chet el valyutasidan iborat mablag‘lari:
O‘zbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan;
ilmiy, tabiatni muhofaza qilish, reklama-noshirlik va ma’rifiy faoliyatdan keladigan daromadlardan;
korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va ayrim shaxslar faoliyati natijasida davlat qo‘riqxonasiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash tushumlaridan;
ma’muriy va sud yo‘li bilan undirib olinadigan jarima pullaridan;
ovchilik va baliqchilikning musodara etilgan asboblarini, noqonuniy o‘lja qilingan mahsulotlarni sotishdan olingan pullardan;
korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, shuningdek fuqarolardan beg‘araz yordam tarzida keladigan tushumlardan hosil etiladi.
Davlat qo‘riqxonalari o‘z mablag‘larini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 11-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar.
13-modda. Davlat qo‘riqxonalarining ish tartibi
Davlat ko‘riqxonalarining hududida ko‘riqxonalar maqsadlariga zid bo‘lgan, tabiiy jarayonlarning o‘zicha rivojlanishiga putur yetkazadigan yoki tabiiy majmui va obyektlar holatiga tahdid soladigan har qanaqa xo‘jalik, rekreatsiya va boshqa yo‘sindagi faoliyat taqiqlanadi.
Qo‘riqxonalarning hududlarida va ularning qo‘riqlanma tegralarida iqlimlashtirish maqsadida o‘simliklar va jonivorlar turlarini va xillarini joylashtirish taqiqlanadi.
Davlat qo‘riqxonalarida ular to‘g‘risidagi tasdiqlangan nizomga muvofiq yong‘inga qarshi tadbirlar o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi.
Qo‘riqxonalarning yoki ularga mutasaddilik qiluvchi idoralarning xodimi bo‘lmagan fuqarolarning qo‘riqxonalar hududida bo‘lishiga ularda ana shu idoralar yoki qo‘riqxona ma’muriyati bergan ruxsatnoma bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi.
14-modda. Davlat qo‘riqxonalarida ilmiy-tadqiqot faoliyati
Ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish va o‘tkazish uchun davlat qo‘riqxonalari o‘z ilmiy xodimlar shtati bilan ta’minlanadi. Ilmiy tadqiqotlar, shuningdek chet ilmiy tashkilotlarni va ayrim mutaxassislarni jalb etish yo‘li bilan ham o‘tkazilishi mumkin. Davlat qo‘riqxonalarida olimlar kengashi (ilmiy kengash) tuziladi.
“Tabiat solnomasi”ni yuritish barcha davlat qo‘riqxonalari uchun majburiydir.
Davlat qo‘riqxonalarining ilmiy jamg‘armalarini saqlash muddati chegaralanmaydi.
Davlat qo‘riqxonalariga ilmiy asarlarni nashr etish huquqi beriladi.
Davlat qo‘riqxonalarining ilmiy tadqiqotlarini O‘zbekiston Respublikasining Fanlar akademiyasi muvofiqlashtirib boradi.
III BO‘LIM. DAVLAT MILLIY TABIAT BOG‘LARI
15-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larining ta’rifi va vazifalari
Davlat milliy tabiat bog‘lari tabiatni muhofaza qilish muassasasi bo‘lib, ularning hududlari (akvatoriylari) alohida ekologik, tarixiy va estetik qimmatga ega bo‘lgan hamda tabiatni muhofaza qilish, rekreatsiya, ma’rifiy, ilmiy va madaniy maqsadlarda foydalanishga mo‘ljallangan tabiiy majmuilarni qamrab oladi.
Davlat milliy tabiat bog‘lari hududi davlat milliy bog‘lariga egalik qilish yoki ulardan foydalanish uchun beriladigan yerlarda, shuningdek boshqa yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yerlarida joylashadi.
Davlat milliy tabiat bog‘lariga:
rekreatsiya, ma’rifiy va ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun tabiiy majmuilar va tarixiy-madaniy meroslarni asrab qolishni ta’minlaydigan ish tartibiga rioya etish;
shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklash;
tarix, madaniyat, me’morchilik obidalarini saqlab qolish;
turizm, ekskursiya va dam olish uchun sharoit yaratish;
ekologiya bilimlarini targ‘ib qilish;
zaxiralarni tejaydigan, ekologik jihatdan sof texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi, sanoat ishlab chiqarishi va boshqa faoliyatda ishlatishga joriy etishga ko‘maklashish;
tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy kadrlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish vazifalari yuklatiladi.
16-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larini tashkil etish tartibi va ularni boshqarish
Davlat milliy tabiat bog‘larini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi manfaatdor idoralarning O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bilan kelishib turib kiritgan taqdimiga ko‘ra qabul qiladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larini boshqarish ular faoliyati tabiatni muhofaza qilish bilan bog‘liq qaysi vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tasarrufida bo‘lsa, shu vazirlik, davlat qo‘mitasi yoki idora tomonidan amalga oshiriladi.
Har bir milliy bog‘ qaysi idora tasarrufida bo‘lsa, shu idora tasdiqlab beradigan Nizom asosida faoliyat ko‘rsatadi.
17-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larining maqomi va mablag‘lari
Davlat milliy tabiat bog‘lari yuridik shaxs bo‘lib, davlat budjetidan ta’minlanadi, mustaqil balansda turadi, ularning bank muassasalarida o‘z hisob raqamlari, o‘z nomida va O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan muhri bo‘ladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larining mablag‘lari, shu jumladan chet el valyutasidagi mablag‘lari:
O‘zbekiston Respublikasi budjeti ajratmalaridan;
rekreatsiya, turizm-ekskursiya, reklama-noshirlik va ushbu Qonun hamda Milliy bog‘lar to‘g‘risidagi nizomda ruxsat etilgan boshqa faoliyatdan keladigan daromadlardan;
davlat, kooperativ va boshqa jamoat korxonalari, muassasalari, tashkilotlaridan, qo‘shma korxonalar, ajnabiy va xalqaro tashkilotlar hamda xususiy shaxslardan keladigan pul mablag‘lari va moddiy boyliklardan;
davlat milliy tabiat bog‘ini muhofaza etish qoidasini buzuvchilardan belgilangan tartibda undirib olinadigan jarima pullardan iborat tushumlardan;
korxona, muassasa, tashkilot va fuqarolarning faoliyati natijasida davlat milliy tabiat bog‘iga yetkazilgan zarar o‘rnini qoplash hisobidan keladigan tushumlardan hosil etiladi.
Davlat milliy tabiat bog‘lari o‘z mablag‘larini aniq maqsadga qaratgan holda mustaqil tarzda, ushbu Qonunning 16-moddasida belgilangan tartibga muvofiq tasarruf etadilar.
18-modda. Davlat milliy tabiat bog‘larining ish tartibi
Davlat milliy tabiat bog‘larining hududlarida tabiiy majmui va obyektlar holatini, ularning rekreatsiya, madaniy va estetik qimmatini inobatga olgan holda muhofaza etish va ulardan foydalanishning tabaqalashtirilgan tartibi belgilab qo‘yiladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larining tegrasida davlat qo‘riqxonalari hududlari uchun nazarda tutilgan tartibdagi qo‘riq tegralari, rekreatsiya, xo‘jalik va o‘zga yo‘sindagi foydalanish tegralari, tarixiy-madaniy obyektlarning muhofaza tegralari ajratiladiki, ularda davlat milliy tabiat bog‘lari vazifalariga zid bo‘lmagan faoliyat bilan shug‘ullaniladi.
Davlat milliy tabiat bog‘larining hududida:
daraxt kesishga (sanitariya maqsadidagi va parvarishlash yo‘sinidagi kesish bundan mustasno);
ekologik jihatdan xavf-xatar tug‘diruvchi sanoat korxonalarining faoliyat olib borishiga;
gidrologik va gidrogeologik tartibni o‘zgartirib yuboruvchi harakatlarga;
tuproq eroziyasini, shuningdek o‘simlik va hayvonot dunyosining tanazzulini keltirib chiqaruvchi harakatlarga;
davlat milliy tabiat bog‘larining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan yo‘l va muhandislik-kommunikatsiya ishlari olib borishga;
kimyo va radioaktiv moddalarning chiqindilarini ko‘mishga;
iqlimlashtirish maqsadida tirik organizmlarni ko‘chirib keltirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Davlat milliy tabiat bog‘larida ular hududining tabiiy, ilmiy, estetik va madaniy qimmati pasayishiga olib keluvchi boshqa faoliyat turlari taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
Bog‘ning rasamadi bilan faoliyat ko‘rsatishi uchun yo‘llar, boshqa kommunikatsiya va inshootlar qurish zarur bo‘lib qolgan hollarda shikast topgan yerlarni madaniylashtirish, tabiatni muhofaza qilish tadbirlari majmuini o‘tkazish majburiyligi nazarda tutiladi.
IV BO‘LIM. DAVLAT BUYuRTMA QO‘RIQXONALARI VA DAVLAT TABIAT YoDGORLIKLARI
19-modda. Davlat buyurtma qo‘riqxonasi tushunchasi va bunday qo‘riqxonani tashkil etish
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari tabiiy majmuilarni yoki ularning ayrim bo‘laklarini asrash, ko‘paytirish va tiklash maqsadida buyurtma qo‘riqxona oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun zarur muddatga ajratib beriladigan hududlar (akvatoriylar)dir.
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari respublika va mahalliy ahamiyatga molik bo‘lishi mumkin.
Buyurtma qo‘riqxonalar vazifasiga ko‘ra:
alohida qimmatga ega bo‘lgan tabiiy landshaftlar va majmuilarni asrash va tiklash uchun mo‘ljallangan landshaft (yaxlit) buyurtma qo‘riqxonalarga;
qimmatli, nodir va yo‘qolib borayotgan o‘simliklar va jonivorlar turlarini asrab qolish va tiklash uchun mo‘ljallangan biologik (botanik, zoologik) buyurtma qo‘riqxonalarga;
ayrim qazilma boyliklar va ularning majmuini asrab qolish uchun mo‘ljallangan paleontologik buyurtma qo‘riqxonalarga;
jonsiz tabiatning qimmatli obyektlari va majmuilarini asrab qolish uchun mo‘ljallangan gidrologik (botqoq, ko‘l, daryo) buyurtma qo‘riqxonalarga;
tabiat yaratgan nodir va noyob relyef shakllarini asrab qolish uchun mo‘ljallangan geomorfologik buyurtma qo‘riqxonalariga;
nodir geologik va mineralogik hosilalar va tuzilmalarni asrab qolish uchun mo‘ljallangan geologik va mineralogik buyurtma qo‘riqxonalarga bo‘linadi.
Noyob mineral va o‘zga xil geologik tuzilmalarga ega bo‘lgan hamda fundamental ilmiy ahamiyatga molik geologik buyurtma qo‘riqxonalarga davlat qo‘riqxonasi maqomi berilishi mumkin.
Buyurtma qo‘riqxonalar faoliyat muddatlari ko‘rsatilmay (muddatsiz), 5 yildan ortiq muddatga (uzoq muddatli) yoki 5 yildan kam muddatga (qisqa muddatli) qilib tashkil etiladi.
Respublika ahamiyatiga molik davlat buyurtma qo‘riqxonalarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tashkil etadi.
Mahalliy ahamiyatga molik davlat buyurtma qo‘riqxonalari tabiatni muhofaza etish idoralarining taqdimiga ko‘ra viloyat hokimlarining qarori bilan tashkil etiladi.
20-modda. Davlat buyurtma qo‘riqxonalarining ish tartibi
Davlat buyurtma qo‘riqxonalari deb e’lon qilingan hududlar ularni xo‘jalik maqsadlarida istifoda etayotgan yer egalari va yerdan foydalanuvchilardan tortib olinmaydi.
Yerida davlat buyurtma qo‘riqxonalari tashkil etilgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar davlat buyurtma qo‘riqxonasi belgilaydigan tartibga rioya etishlari shart.
Davlat buyurtma qo‘riqxonalarining hududlarida buyurtma qo‘riqxona oldiga qo‘yilgan vazifalarga zid bo‘lgan faoliyatning har qanaqa turi to‘xtatiladi yoki cheklab qo‘yiladi.
Har bir davlat buyurtma qo‘riqxonasining aniq vazifalari va ish tartibining xususiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining idoralari, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar bilan kelishib turib ishlab chiqiladigan hamda davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etish to‘g‘risida qaror chiqargan idora tasdiqlaydigan nizomda belgilab qo‘yiladi.
21-modda. Davlat tabiat yodgorliklari
Ekologik, ilmiy, estetik, madaniy jihatdan noyob, o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas, qimmatli, kelib chiqishi tabiiy bo‘lgan obyektlar davlat tabiat yodgorliklari deb e’lon qilinadi.
Tabiat obyektlarini davlat hokimiyatining mahalliy idoralari tabiatni muhofaza etish bo‘yicha davlat idoralari taqdimiga binoan davlat tabiat yodgorliklari deb e’lon qiladilar.
Yer egalari va yerdan foydalanuvchilardan ular egallab turgan yer uchastkalarini tortib olmay turib ham obyekt davlat tabiat yodgorligi deb e’lon qilinishiga yo‘l qo‘yiladi.
Davlat tabiat yodgorliklari joylashgan hududda ularni asrab qolishga tahdid etuvchi har qanday faoliyat taqiqlanadi.
Tabiat yodgorliklarini muhofaza etish tartibini ta’minlashga oid majburiyatlar bu yodgorliklar qaysi korxona, muassasa va tashkilot hududida bo‘lsa, shu korxona, muassasa va tashkilot zimmasiga yuklanadi.
Tabiiy obyektni davlat tabiat yodgorligi deb e’lon qilish to‘g‘risida qaror chiqargan idora obyektni muhofaza ostiga o‘tkazish va muhofaza etish majburiyatini rasmiylashtirish ishlarini amalga oshiradi.
Aholi diniy maqsadlarda foydalanib turgan davlat tabiat yodgorliklari ularni muhofaza etish va obodonlashtirish ishlari o‘tkazish maqsadida davlat tabiat yodgorligini asrab qolish sharti bilan diniy tashkilotlarga yoki alohida shaxslarga foydalanish uchun yoxud ijaraga berilishi mumkin.
V BO‘LIM. ALOHIDA MUHOFAZA ETILADIGAN O‘ZGA TABIIY HUDUDLAR
22-modda. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) va ularni tashkil etish
Daryolarning, ko‘llarning, suv omborlarining, kanallarning, kollektorlarning hamda boshqa suv obyektlarining o‘zanlariga tutash hudud suvni muhofaza qilish tegrasi deb e’tirof etiladi va bu hudud uchun ifloslanish, bulg‘anish, sayozlanishning hamda suv obyektlari tuproq nurashi mahsullari bo‘lmish loyqa bilan to‘lib qolishining oldini olish maqsadida, shuningdek eng maqbul suv maromini saqlab turish uchun maxsus tartib-qoida belgilab qo‘yiladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari)ning ish tartibi yer usti va yer osti suvlari hosil bo‘ladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, tog‘ yonbag‘irlarining etaklari)ga ham taalluqlidir.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan tartibga muvofiq tabiatni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi idoralarining taqdimiga binoan belgilanadi.
Davlatlararo daryolardagi suvni muhofaza qilish tegralari manfaatdor davlatlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga binoan belgilanadi. Aholi punktlari hududida xo‘jaliklararo yer tuzish va yer tekislash chog‘ida suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) barpo etishga doir masalalar tabiatni muhofaza qilish va suv xo‘jaligi idoralari bilan kelishib olinishi lozim.
23-modda. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari)ning ish tartibi
Suvni muhofaza qilish tegrasi doirasida suv obyektlarini yoqalab xo‘jalik faoliyati yuritish qat’iy cheklangan hududdan iborat qirg‘oq bo‘yi mintaqalari ajratiladi.
Suvni muhofaza qilish tegrasi doirasida aholi punktlaridagi aholining ichishi va ro‘zg‘orda foydalanishi uchun suv to‘plash maqsadida suv obyektlarini yoqalab sanitariya muhofazasi mintaqasi belgilanib, unda har qanday xo‘jalik faoliyati yuritish man etiladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) doirasida cheklangan xo‘jalik faoliyati yuritishga yo‘l qo‘yiladi. Suvni muhofaza qilish tegrasida:
buta-daraxtlarni kesish (sanitariya maqsadidagi va parvarish yo‘sinidagi kesish bundan mustasno);
zaharli kimyoviy moddalar qo‘llanish, zaharli kimyoviy moddalar va mineral o‘g‘itlar omborlari qurish hamda bunday modda va o‘g‘itlarni saqlash;
kanalizatsiya-tozalash inshootlari va oqova suvlar to‘planadigan turli xil inshootlar qurish;
chorvachilik komplekslarini, axlat, ishlab chiqarish chiqindilari tashlanadigan, ko‘miladigan joylarni joylashtirish, shuningdek sug‘orishda “sharbat” (suyuq go‘ng) ishlatish;
avtomobil transportini qo‘yib turish, ularga yonilg‘i quyish, ularni yuvish va ta’mir qilish joylarini tashkil etish;
neft mahsulotlari saqlanadigan omborxonalarni joylashtirish;
zig‘ir, kanop va teri yuviladigan joylar tashkil etish man qilinadi. Daryo o‘zanlarini o‘zgartirish, foydali qazilmalar kavlab olish va suv zaxiralari holatiga ta’sir qiladigan boshqa ishlar bajarishga faqat suv xo‘jaligi, suvni muhofaza qilish va geologiya idoralarining ruxsati bilangina yo‘l qo‘yiladi.
Suvni muhofaza qilish tegralaridan foydalanish va ularni muhofaza qilish tartibi hamda shartlarini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
Foydanilgan adabiyotlar:

Internet saytlar:



  1. https://yuz.uz/uz/news/muhofaza-etiladigan-tabiiy-hududlardagi-holat-qanday

  2. https://www.uznature.uz/uz/activity/biodiversity?numer=444

  3. www.lex.uz -O‘zRAdliyavazirligisayti.

  4. www.ziyonet.uz –O‘zR Oliy vao‘rtamaxsus ta’limvazirligisayti.

  5. www.bilim.uz - O‘zR Oliy va o‘rtamaxsus ta’limvazirligi sayti.

Download 0.75 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling