Ish mashinasi yoki mexanizmini berilgan tezlik bilan harakatlantiruvchi motor, uzatma va ularni boshqaruvchi tizim birgalikda yuritma deb ataladi.
Avtomatlashgan elektr yuritma tarkibiga yana elektr energiya o‘zgartkichi, datchiklar va elektr yuritmani boshqarish tizimi kiradi. Bundan tashqari elektr yuritma tarkibiga aniqlik va tezlikni oshiradigan qo‘shimcha elementlar kiritilishi mumkin. Masalan EHM, raqamli datchiklar, muvofiqlashtiruvchi elementlar qo‘l anilishi mumkin.
Elektr yuritma mexanikasi. Elektr yuritmaning asosiy harakat tenglamasi.
Ishlab chiqarish agregatlaridagi elektr motorlarning soniga qarab elektr yuritmalar: transmissiyali; yakka motorli; ko‘p motorli. yuritmalarga bo‘linadi.
Transmissiyali elektr yuritma o‘z navbatida: umumtransmissiyali va guruhli, yakka motorli elektr yuritma esa oddiy va individual yakka motorli, ko‘p motorli elektr yuritma ham oddiy va individual ko‘p motorli yuritmalarga bo‘linishi mumkin. Boshqarilish usuliga binoan elektr yuritmalar avtomatlashtirilgan va avtomatlashtirilmagan, texnologik talab hamda motor xususiyatlariga qarab esa rostlanadigan va rostlanmaydigan yuritmalarga bo‘linadi ( 1- rasm.)
1 rasim Elektr yuritmalar klassifikatsiyasi(tasnifi) sxemasi.
Transmissiyali elektr yuritmalar. Motor harakatini po‘lat arqon yoki tasmalar yordamida korxona sexlaridagi bosh transmissiyaga uzatuvchi yuritma umumtransmissiyali elektr yuritma deb ataladi. Bosh transmissiyadagi harakat tasmalar bilan transsissiya bo‘laklari yoki ish mashinalariga uzatiladi.
Elektr motor harakatini bir qancha ish mashinalariga uzatuvchi yuritmani guruhli elektr yuritma deb ataladi. Guruhli elektr yuritma umumtransmissiyaliga nisbatan afzal bo‘lishiga qaramay, bu yuritmada ham elektr energiyasining mexanik taqsimlanish imkonlaridan to‘la foydalanilmaydi. Shu sababli hozirgi paytda transmissiyali elektr yuritmalardan deyarli foydalanilmaydi.
Yakkalangan elektr yuritma. Har bir ish mashinasiyoki mexanizmning o‘ziga tegishli alohida elektr motori bo‘lgan yuritma yakka motorli elektr yuritma deb ataladi. Elektr motori ish mashinasidan alohida yoki uning tuzilishiga o‘zgartirishlar kiritmasdan o‘rnatilgan yuritma oddiy yakka motorli elektr yuritma deb ataladi. Bunday elektr yuritmada quvvat isrofi transmissiyaliga nisbatan ancha kam bo‘lsa ham, ammo unda uzatish mexanizmining murakkabligi saqlanib qoladi. Individual elektr yuritma bunday kamchiliklardan holi qilingan.
2-rasm. EKG-5 ekskovatorining rekuperativ, datchiksiz, tranzistorli chastotali-rostlanuvchi elektr yuritmasi.
Individual elektr yuritmada elektr motori va ish mexanizmi konstruktiv jihatdan yaxlit va ishlash uchun qulay bo‘lgan tashqi ko‘rinishga ega bo‘ladi. Individual elektr yuritmalar o‘z navbatida oddiy va maxsus individual yuritmalarga bo‘linadi. Elektr motori bilan ish mexanizmi orasida ba’zi bir uzatma elementlari (tishli g‘ildirak, mufta, krivoship, shatun va shu kabilar) saqlanib qolgan yuritma oddiy individual elektr yuritma deb ataladi.
Elektr motori bilan ish mexanizmi orasida uzatish mexanizmi bo‘lmagan va motorning ba’zi bir qismlari ish mexanizmining uzviy organi sifatida qo‘llaniladigan yuritma maxsus individual elektr yuritma deb ataladi. Shu sababli maxsus individual elektr yuritmali ish mashinalari shovqinsiz, engil, sodda konstruktsiyali, ishlashga qulay, yuqori foydali ish koeffitsienti va avtomatlashtirish uchun katta imkonlarga ega bo‘ladi. Bunday elektr yuritmalarda elektr motorning ahamiyati ish mashinasining nomida ham o‘z ifodasini topadi, ya’ni ularga "elektr" so‘zi qo‘shib yoziladi, masalan, elektr pardozlagich, elektr shpindel, elektr urchuq va hokazo
Do'stlaringiz bilan baham: |