ELNI BIRLASHTIRUVCHI VOSITA
Qadimiy til sifatida e’tirof etilayotgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy qadriyat, o‘zlikni anglash, mustaqil davlatchilik timsoli, ma’naviy boylik, xalqimiz hayotidagi siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etib bormoqda.
1989-90 yillarda tilimizga sof o‘zbek tilidagi ayrim so‘zlarni kiritishga olimlarimiz ko‘p harakat qildi. Masalan, “uchoq”, “tayyora”, “tikuchoq” singari so‘zlarning asl ma’nosi berilsada, tushunsak ham qabul qilmadik. Bu haligacha davom etmoqda. O‘sha vaqtlarda qandaydir ko‘zga ko‘rinmas to‘siq bordek tuyulardi. Ammo, bugun-chi, nima uchun talaffuzi o‘z tilimizda aytiladigan, tushuniladigan so‘zlarni inkor qilyapmiz.
Davr muammosini ko‘tarmoqchi emasmiz. Fikrimizcha, bugun ham milliy til va uning ravnaqi uchun g‘amxo‘rlik qilish bir guruh mutaxassislargagina kerakday, ilmiy-amaliy soha uchun ishlatilayotganday.
Shu o‘rinda Ishoqxon to‘ra Ibratning “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tillarni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”, deb bir asr narida aytgan so‘zlarini keltirishni joiz deb bildik. Albatta, mamlakatimiz ko‘pmillatli, har bir millat o‘z ona tiliga ehtirom ko‘rsatishi kerak, shu o‘rinda o‘zbek millati ham.
So‘nggi yillarda o‘zbek tili va adabiyotini rivojlantirishga, tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan bir qancha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Til siyosatini takomillashtirishga huquqiy asoslarning mustahkamlanishi davlat tili nufuzini yanada oshirdi.
O‘rnimizni bilaylik
Bugun milliy yetakchimiz boshchiligida tilimizni asrab-avaylash maqsadida qonun, bir nechta farmonlar qabul qilindi. Qonun bilan “O‘zbek tili bayrami kuni” belgilandi. Tilga bo‘lgan e’tibor amaliyotga ko‘chirilib, mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat ekanligi namoyon etilmoqda.
Yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosiga vorislik ruhida tarbiyalashda O‘zbek degan nom va til ajdodlarimiz istagan holga keltirilmoqda.
Tarix – bor haqiqat. Tilning o‘rnini bilishimiz, biz qaysi avlod vakillari ekanligimizni yana bir bor yoshlarga uqtirishimiz uchun arxiv hujjatlarini ko‘tarishning o‘zi kifoya. Minglab ajdodlarimiz o‘z tili himoyasi uchun qatag‘on qilingan. “Ayblov hujjatlari gapirganda” tilimizning, o‘zimizning o‘rnimiz qayerdaligini tushunib yetamiz.
O‘zbekistonda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash bilan ish bitadi deyish oson. Bunga faqat xohish va iroda kerak. Xohish bo‘lish uchun esa, kuchli targ‘ibot va til mafkurasi bo‘lishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |