Eng yangi tarix” fani bo`yicha II qism (1945-2010-yillar) Bakalavriat yo`nalishi: 5220200-Tarix mamlakatlar va mintaqalar bo`yicha
Download 1 Mb.
|
Йилларда франция-fayllar.org (2)
Mustaqillik marshlari
Totalitar tuzumning qulashi, jamiyatning parchalanishi, hokimiyat samaradorligining pasayishi va mafkura ustuvorligining susayishi bilan oldingi mazmunini yo‘qotgan davlatchilikning parchalanishi boshlandi. Butunittifoq manfaatlari ustuvorligining buzilishi va xo‘jalikning markazlashgan boshqaruvining yo‘qolishi bilan elatlar, millatlar va mahalliy mintaqalar manfaatlari oldingi sahnaga chiqdi. Oshkoralik, milliy chiqishlarning faollashuvi, milliy harakatlar va tashkilotlarning paydo bo‘lishi hamda kuchayishiga yordam berardi. Bu tashkilotlar va harakatlar SSSR tarkibida o‘z hududlari yoki munozaraviy mintaqalarda yashovchi, turli xil fazalarda, ijtimoiy shakllarda turgan 150 dan ortiq elatlarning xilma-xil intilishlarini ifoda etardi. Umuman milliy o‘zlikni anglash o‘sishi natijasida 1990 yilga kelib SSSR aholisining atigi 10%i o‘zini «Sovet xalqi»ga mansub deb bilsa, qolganlari uzlarini o‘z xalqi, millat va qabilalariga tegishli deb hisoblardi. Qayta qurishning birinchi yillaridayoq SSSRda millatlararo munosabatlar murakkablashdi. Ruslashtirishga qarshi, shimol xalqlarining tirik qolishi uchun, qatag‘on qilingan xalqlarni to‘la reabilitatsiya qilish talabi bilan, kichik millatlarga qarshi siyosatni qoralab va muxtoriyatlarning huquqlarini kengaytirishga chaqiruvchi chiqishlar yuzaga keldi. 1988-1991 yillarda bu sohada 150 dan ortiq to‘qnashuvlar ro‘y berdi. Ularning 20 tasida qurbonlar bo‘ldi, 600 kishi halok bo‘lib, o‘n minglab kishilar qochishga majbur bo‘ldi. Sumgaitdagi armanlarning qonli to‘qnashuvi, Tog‘li Qorabog‘dagi arman-ozarbayjon urushi, Farg‘ona vodiysi, Yangi O‘zgan, Abxaziya, Dubossari, Janubiy Osetiya, Ingushetiyadagi millatlararo to‘qnashuvlar avj oldi. Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi urush mamlakatni larzaga keltirdi. Ittifoq markazi bu voqealarning oldini olishga na qurbonlar sababchilarini jazolashga va na bahs munozaralarni hal etishga muvaffaq bo‘ldi. Bu uning obro‘sini tushirdi. Ittifoqdosh va ba’zi muxtor respublikalarda milliy harakatlar, asosan, ona tili va madaniyatni himoya qilishdan, milliy o‘zlikni anglash, tiklanish va qayta qurishni qo‘llab-quvvatlashdan boshlanar edi. Rossiyadan tashqari barcha respublikalarda milliy tilga davlat tili maqomining berilishi ideokratiya tomonidan yaratilgan yagona rus tilidagi boshqaruvni yo‘qqa chiqardi. Milliy madaniyat ustunligini ta’minlash, uni SSSRning barcha xalqlari madaniyatini birlashtiruvchi «sotsialistik mazmun»dan xolos etardi, SSSRning madaniy-mafkuraviy birligiga zarba berardi. Milliy o‘zlikni anglashning tiklanishi milliy manfaatlarning sotsialistik va Butunittifoq manfaatlaridan ustunligini bildirar edi. Bunda 1991 yilga kelib shu narsa ma’lum bo‘ldiki, ittifoqdosh respublikalar o‘rtasidagi 23 ma’muriy chegaralardan atigi uchtasida to‘qnashlar ro‘y bermagan. Shu bilan birga kichik millatlar - turli respublika va muxtoriyatlardagi 60 million kishining hududlari va madaniyatining rivojlanishi hamda Shimol kam sonli xalqlarining saqlanib qolishi muammolari keskinlashdi. Aholini eng zarur narsalar bilan o‘zlari ta’minlash kerakligiga ishonch hosil qilgan respublika rahbarlari respublikalarni xo‘jalik hisobiga o‘tkazishni talab qildilar. Bu narsa respublikalarni xalq xo‘jaligi kompleksining asosiy subyektlariga aylantirilishini bildirar edi. SSSRdagi ishlab chiqarishning 80%iga egalik qiluvchi sohaviy idoralar bunga yo‘l qo‘yishni istamas edilar. Siyosiy Byuro, 1990 yilda eng avvalo bu idoralarning manfaatlarini hisobga olib shu qarorga keldiki, respublikalarga ularda yaratiladigan boylikning ko‘pi bilan 15%ini qoldirib, 85 %ini Ittifoq markaziy idoralariga berishi kerak edi. Bu respublikalarni hech qoniqtira olmas edi va ular o‘zlariga konstitutsiya taqdim etgan, ammo aslida sarob bo‘lgan mustaqillik suverenitetlarini amaliyotiga oshirishlaridan boshqa choralari qolmadi. Uning e’lon qilinishi va amalga tadbiq etilishi respublikalardagi barcha ishlab chiqarish va tabiiy resurslari ustidan respublikalar hokimiyatining o‘rnatilishiga, respublika qonunlarining ittifoq qonunlaridan ustunligiga va mustaqil tashqi siyosatga ega xalqaro munosabatlar subyekti huquqlariga ega bo‘lishga qaratilgan edi. Ko‘pchilik respublikalarning mustaqillik deklaratsiyalarida ularning SSSR tarkibidan chiqishlari qayd etilmagan bo‘lsa-da, mustaqillikning amalga oshirilishi respublika rahbarlari so‘zlari va xohishlaridan qat’iy nazar Ittifoq markaziga bo‘ysunishni puchga chiqarar, Ittifoq davlatchiligini barbod qilardi. SSSR tarkibidan chiqishni respublikalar o‘z mustaqillik deklaratsiyalarida bayon qilishdi. Markaz respublikalar ustidan hukmronlikdan mahrum bo‘ldi va SSSR parchalana boshladi. Ular bu respublikalar o‘rtasida yagona mafkuraviy-siyosiy yo‘nalish va hayotiy maqsad bo‘lganda yangi konfederativ munosabatlar o‘rnatilishi mumkinligini inkor etmas edi; ammo bu SSSR emas, balki boshqa bir mazmundagi konfederativ davlat bo‘lar edi. Gorbachev 1988 yildan boshlangan respublikalarning ketma-ket mustaqilliklarini e’lon qilishlarini kinoya bilan «suverenitetlar marshi» deb atagan edi. 1988 yil noyabr oyida Estoniya oliy soveti mustaqillik deklaratsiyasini ma’qulladi va respublika konstitutsiyasiga ham mos o‘zgartishlar kiritdi. Kelasi yil may oyida esa SSSRdan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 1989 yil kuzida Gruziya aholisining ko‘pchiligi uning mustaqilligini tiklash uchun ovoz berdi va 1991 yil aprel oyidagi referendumdan so‘ng mamlakat mustaqil deb e’lon qilindi, Moldaviya respublikasi 1989 yilda o‘zining suverenitetini, 1990 yilda mustaqilligini e’lon qildi. 1990 yil bahorida Litva va Latviya o‘z mustaqallik va suverenitetlarini tiklab olishdi. 1990 yil yozida Rossiya, Ukraina, Belorussiya, O‘zbekiston va Turkmanistonning suverenitetlari e’lon qilindi. 1990 yil oktabrida Qozog‘iston, dekabrida Qirg‘iziston o‘z suverenitetlarini e’lon qildilar. 1990 yilda ittifoqdosh respublikalardan tashqari Tog‘li Qorabog‘, Abxaziya, Janubiy Osetiya, Gagauzlar respublikasi va Dnepr bo‘yi Moldaviya respublikasi o‘z suverenitetini e’lon qildi. Bo‘lib o‘tgan yangilanishlarning tashqi tomonidan ko‘ra ichki pritsial o‘zgarishlari muhimroq edi. Ko‘pchilik respublikalarning suvereniteti va mustaqillik e’lon qilishlari ularda hokimiyat tepasiga milliy-liberal, milliy demokratik yoki liberal-demokratik kuchlarning kelishi bilan bog‘liq edi. Ular yoki ular tomoniga o‘tgan ilgarigi raxbarlar sodiq kommunistlarni hokimiyatdan chetlashtirar yoki o‘zlariga bo‘ysundirar, sotsialistik yo‘ldan voz kechar, milliy, liberal yoki demokratik qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlar edilar. Respublikalardagi ijtimoiy-siyosiy tizim shunga mos ravishda o‘zgarib borardi. Ularning ba’zilarida mustaqillikka va yangi yo‘lga faol qarshilik ko‘rsatgan kommunistik tashkilotlar ta’qiqlanib, ularning mulki milliylashtirilgan edi. Respublikalardagi ijtimoiy-iqtisodiy va mafkuraviy-siyosiy sohadagi yirik tafovutlar ularda yagona va bir vaqtda amalga oshiriladigan islohotlarni yo‘qqa chiqarar, ularda yangi mafkuraviy-siyosiy yo‘nalishning ishlab chiqilishi esa ularning mustaqillikka bo‘lgan intilishlariga nisbatan ancha nomutanosib edi. Bu jarayon 1988 yildan boshlanib, 1990 yilda ko‘pgina respublikalarda ro‘y berdi va 1991 yilning oxiriga kelib, sotsialistik yo‘lga sodiq bo‘lgan kommunistlar faqatgina Belorussiya, Ozarbayjon va Tojikistonda hokimiyat tepasida qolgan edi. Bu respublikalarning suverenitet va mustaqillik e’lon qilishlaridan ham ko‘ra SSSRdagi sotsializmga yo‘naltirilgan davlatchilikka qattiqroq zarba berildi. Undan faqatgina xarobalar qoldi, xolos. O‘sha paytda respublikalarning mafkuraviy-siyosiy uzoqlashuvining ahamiyatini xalqlar u yoqda tursin, balki ba’zi rahbarlar anglamagan bo‘lsa-da, aynan shu narsa yagona davlat parchalanishini qaytmas jarayonga aylantirdi. Respublikalar uchun mustaqillikka va suverenitetga erishish, ayniqsa, mafkuraviy siyosiy yo‘lni o‘zgartirish oson bo‘lmadi, Gorbachev Siyosiy Byuro, Markaziy qo‘mita, KPSSning syezd va konferensiyalari, hamda xalq deputatlari syezdi respublikalarning suverenitetga ega bo‘lishlariga iloji boricha qarshilik ko‘rsatdi. Siyosiy Byuro va MKning milliy siyosatga bag‘ishlangan plenumlaridan birida, partiya syezdlari tomonidan Sovet rahbariyatining bir qator elatlarga nisbatan yo‘l qo‘ygan xatolari sharhlab berildi, «Lenincha milliy siyosat»ga kiritilgan tuzatishlar tushuntirildi. Ularning rahbarlari milliy harakat o‘choqlarida bo‘lishdi, MKning Boltiqbo‘yi respublikalari bo‘yicha maxsus komissiyasi tuzildi. Gorbachev respublikalarga tobora ko‘proq ahamiyat berardi. Ittifoqning partiya va sovet organlari respublikalarning rahbarlari va xalqlariga qaratilgan ko‘p sonli murojaatlarida va ommaviy axborot vositalari orqali respublikalarning SSSRdan tashqari yashay olmasligini va muvaffaqiyatli qayta qurish va xalqlar farovonligi uchun Ittifoq davlatini saqlab qolish zarurligini isbotlashga harakat qilishardi. Ittifokdosh va muxtor respublikalar erkinligini kengaytirish, Ittifoq markaziga esa faqat umumiy muammolarni hal qnlish vakolatini berish taklif qilindi. Ammo shu bilan birga sotsialistik yo‘lning ustunligi, yagona davlatning oliy rahbariyati belgilovchi jamiyat manfaatlari himoya qilinardi. Ilgarigidek milliy manfaatlar ustunligi-millatchilik va sotsialistik yo‘ldan voz kechish qat’iy qoralanar edi. Bu esa kelishmovchiliklarning sababi edi. Respublikalarning suverenitetiga intilayotgan rahbarlarni xudbinlik va mansabparastlikda ayblashardi. Respublikalardagi mustaqillikka qarshi bo‘lgan kuchlar baynalmilal frontlar, kommunistik tashkilotlar va hokazolar ochiqchasiga va yashirincha qo‘llab-quvvatlandi. Ittifoqdosh respublikalardagi mustaqillikka intilishni ayirmachilikni qo‘llab-quvvatlash, ya’ni ulardagi kichik millatlarning (abxazlar, osetinlar, yoqutlar, polyaklar, gagauzlar va boshqalar) suveren bo‘lishga intilishlari bilan qo‘rqitish orqali to‘xtatishga harakat qilindi. Mustaqillik e’lon qilgan respublikalarga qarshi iqtisodiy jazo (sanksiya) choralari, qamallar qo‘llandi. Bu choralar respublikalar xo‘jaligi va aholisiga zarar keltirdi, ammo millatchi-vatanparvarlarni to‘xtata olmadi. Ittifoq hukumati suverenitetga erishishga qaratilgan respublikalar qonunlarini bekor qiluvchi qonunlarni qabul qilar, respublikalar hukumatlari esa o‘z qonunlari ustunligida ustivor edilar. Ittifoq hukumati tomonidan qabul qilingan qonun respublikalarning SSSRdan chiqishini butunittifoq referendumida ma’qullanganidan keyingina ruxsat etishligini ma’lum qildi. Aslida bu SSSRdan chiqmaslik to‘g‘risidagi qonun bo‘lib, respublikalar uni e’tiborga olishmadi. 1988-1990 yillarda Yerevan, Stepanokert, Dushanbe, Tbilisi, Boku va bir qator boshqa shaharlarda mustaqillik tarafdorlariga qarshi qurolli kuchlar ishlatildi, qurollangan maxsus qismlar safarbar qilindi. Buning oqibati yuzlab qatl etilganlar, yaradorlar va hibsga olinganlardan iborat bo‘ldi. Ammo qurolli kuchlar qarshilikka va parchalanayotgan tuzumga qarshi bo‘lganlarning kuchayib borayotganligiga duch keldi. Hatto yirik ommaviy namoyishlar qo‘shinlar yordamida bostirilgan Yerevan, Dushanbe va Bokuda milliy harakatlar yangi kuch bilan alanga oldi. Rossiyada 1990 yil yanvaridayoq Rossiya xalq deputatlari syezdida tayyorgarlik davomida «Demokratik Rossiya» bloki tuzilgan edi. Bahorga kelib unga yangi tuzilgan bir qator partiyalar qo‘shildi va u liberal-demokratik tus oldi. Uning a’zolari soni atigi bir necha o‘n ming kishidan iboratligiga qaramasdan, uning inson huquq va erkinliklari ustunligi, demokratlashtirish va Rossiya suverenitetini qo‘llab-quvvatlovchi shiorlarini RSFSR ning barcha mintaqalarida ro‘y berayotgan miting, namoyish va stachkalar (ish tashlashlar)ning yuz minglab qatnashchilari qo‘llab-quvvatlayotgan edi. Rossiyaning ko‘pgina kommunistlari «nnson qiyofasidagi sotsializm» tarafdorlariga aylanishdi va KPSSda «Demokratik qanot»ga yon bosdilar. Bahorda bo‘lib o‘tgan Rossiya kompartiyasining ta’sis syezdi (qurultoyi)da «delegatlar partiyasining asosiy vazifalari haqida hech qanday tasavvur yo‘kligi» ta’kidlandi. Ammo siyosiy byuro yordami bilan syezdda konservatorlar g‘alaba qilishdi va respublika kompartiyalari ichida eng ko‘p sonli bo‘lgan Rossiya kompartiyasi Demokratik Rossiyaga qarshi qo‘yildi. Turli partiyalar o‘rtasidagi keskin kurash 1990 yil bahorida Rossiya xalq deputatlari syezdi saylovida bo‘lib o‘tdi. Saylanganlarning 86%i kommunistlardan iborat edi, ammo ularning ko‘pchiligi kompartiya ko‘rsatmalariga endi bo‘ysunmas edi. Shuning uchun Rossiya Oliy Soveti shakllanishida liberal demokratlar qat’iy g‘alabaga erishishdi. Gorbachev tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan nomzodlarga qarshi keskin kurashdan keyin RSFSR Oliy Soveti raisi etib B.Yelsin saylandi. Bundan tashqari bu Oliy Sovet 1990 yilning 12 iyunida Rossiyani suveren, ya’ni o‘z ishlab chiqarish va tabiiy resurslarining to‘laqonli xo‘jayini deb e’lon qiluvchi deklaratsiyani qabul qildi. Deklaratsiya Rossiyaning ijtimoiy-siyosiy tuzilishini yangilash yo‘lidan birinchi qadam bo‘lib, xalq hokimiyati, hukumatning taqsimlanishi, fuqarolarniig huquq va erkinliklarining himoya qilinishi, partiyalarning teng huquqliligi va Rossiya qonunlarining ustivorligini e’lon qildi. Bu sana Rossiyaning mustaqilligi bayrami kuni bo‘ldi. Keyinchalik hukumat to‘g‘risidagi dekret orqali Rossiyada KPSSning rahbarlik maqomini bekor qilishga kirishildi. 1991 yil boshida esa Rossiya Oliy Soveti «RSFSRda mulk to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildiki, u ishlab chiqarish vositalari, jumladan yerning xususiy mulk bo‘la olishini e’tirof etdi. Rossiya va bir qator boshqa ittifoqdosh respublikalarning mustaqillikka erishishi va liberal yo‘nalishni tanlashga intilishlari markazi «sotsialistik yo‘lga» sodiq qoluvchi SSSRni parchaladi. Siyosiy Byuro «barqaror tartib buzilganini, ko‘p millatli Sovet davlatining birligi xavf ostida qolganligini» e’tirof etishga majbur bo‘ldi. Download 1 Mb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling