Eron XVI-XVIII asrlarda


Safaviylar davrida Eronning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi. Shoh Abbos I islohotlari


Download 29.01 Kb.
bet2/7
Sana04.02.2023
Hajmi29.01 Kb.
#1164718
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
2-mavzu. ERON XVI-XVIII ASRLARDA

Safaviylar davrida Eronning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi. Shoh Abbos I islohotlari.
XVI asr oxiri – XVII asr boshlariga kelib Eronning iqtisodiy ahvoli ancha yaxshilandi, Safaviylar davlati ham mustahkamlandi. Davlatga qarashli yerlar-mulki devoniy (amlok) shohning mulki – xos yerlar ancha kengaydi. Shoh yerlari dastlabki safaviylar davrida ham katta edi. Lekin eng ko`p yerlarni Abbos I (1571–1629) egalladi. Fransuz sayohatchisi Shadrenning yozishicha, shohning mulklariga Eronning eng hosildor yerlari va iqtisodiy rivojlangan hududlari kirib, bu yerlar mamlakat umumiy yerlarining 2/3 qismini tashkil qilardi. Davlat va shoh yerlaridan tashqari vaqf yerlari ham mavjud bo`lib, bu yerlardan qoladigan foyda shia ruhoniylariga tegishli edi. Safaviylar o`z xizmatida bo`lgan zodagonlarga yerlarni suyurg‘ol shaklida emas, asosan tyul shaklida, ya’ni bir umrga, lekin meros bo`lib qolmaslik sharti bilan tarqatishardi.
Safaviylar davlati bir-biri bilan iqtisodiy jihatdan sust bog‘langan hududlarni birlashtirgan harbiy-siyosiy uyushma edi. Shunga qaramasdan XVII asrda Eron iqtisodida, ayniqsa, markaziy, G‘arbiy va Shimoliy hududlarda ma’lum o`sish yuz beradi. Qishloq xo`jaligi rivojlanib, yo`llar, sun’iy sug‘orish inshootlari barpo qilindi, tovar ishlab chiqarishi o`sdi, savdo, ayniqsa, tashqi savdo aloqalari kengaydi. Tovar-pul munosabatlarining kengayishi shaharlarning rivojlanishiga, savdo va hunarmandchilik markazlariga aylanishiga olib keldi.
Mamlakatdagi nisbatan iqtisodiy va siyosiy barqarorlik bir qator islohotlarni o`tkazish uchun sharoit yaratdi. Bu islohotlar Shoh Abbos I davrida o`tkazilib, asosan markaziy hokimiyatni mustahkamlashga qaratildi.
Abbos I 1587 yili 17 yoshida qizilboshlilar qabilalarining oqsoqollari tomonidan taxtga o`tqazilgan bo`lsa-da, o`z homiylari qo`lida qo`g‘irchoq bo`lib qolmadi, u qizilboshlilarni tez orada hokimiyatdan uzoqlashtirdi. Shoh markaziy hokimiyatning mustahkamlanishidan manfaatdor bo`lgan katta yer egalariga tayanib ish ko`rdi.
Tashqi siyosat ham mamlakatda barqarorlik o`rnatishga xizmat qildi. Abbos I 1590 yili turklar bilan Istambul shartnomasini imzoladi. Unga ko`ra Sharqiy Gruziya, Sharqiy Armaniston, Kurdis­ton, butun Ozarbayjon va Luristonning bir qismi usmoniylarga o`tdi. Abbos I esa turklar bilan sulh imzolangandan so`ng butun kuchini o`zboshimcha ayirmachi feodallarni bo`ysundirishga va shimoldagi o`zbek xonlariga qarshi qaratdi. Natijada 1597 yili Nishopur, Mashhad, Hirot va Marv o`zbek xonlaridan tortib olindi.
Abbos I ning davlatni markazlashtirish va ma’muriy tuzumni takomillashtirish siyosati, asosan feodal tarqoqlikni tugatishga qaratilgan edi. Abbosgacha armiya harbiy feodal qizilboshlarning alohida otliq guruhlaridan, dehqonlarning ko`ngilli piyoda qo`shinlaridan va shohning xavfsizligini ta’minlovchi otliq guruhlardan iborat edi.
Harbiy islohotlar o`tkazish natijasida Abbos I 12 ming kishidan iborat o`qchi-mushketyorlar, 10 ming kishilik, asosan kavkaz­liklardan tashkil topgan otliq g‘ulomlar, 12 ming kishi va 500 to`pdan iborat artilleriya korpusidan tashkil topgan muntazam armiya tuzdi. Qo`riqchilar korpusi (shohning xavfsizligini ta’minlovchi otliq guruh) saqlab qolindi.
Shoh qizilboshlilarning qo`zg‘olonlarini shafqatsizlik bilan bostirdi. Masalan, 1596 yili shohning buyrug‘i bilan qizilboshlilarning taqali qabilasi qirib tashlandi. Shohning xizmatiga sodiq qolgan qabilalar «shohsevar» (shohni sevuvchilar) nomini oldi.
Harbiy islohotlar o`tkazib yaxshi tayyorgarlik ko`rgandan so`ng, 1602 yili Abbos I Turkiyaga qarshi urush boshladi. Urush davom etgan o`n yil ichida u Ozarbayjon, Luriston, Kurdistonning bir qismi, Sharqiy Armaniston va Sharqiy Gruziyani usmoniylardan qaytarib olishga erishdi. Bu urush kavkaz xalqlariga juda katta kulfatlar keltirdi. Safaviylar tashqi siyosatdagi singari ichki siyosatda ham juda shafqatsiz edilar. Masalan, Abbos I yaxshi jang qilmaganligi uchun, o`z o`g‘illaridan birini o`ldirishni, ikki nafarini esa ko`zlarini ko`r qilishni buyurgan.
Abbos I davrida butun davlatni boshqarish ishlari shoh saroyida to`plangan edi. Saroyda «ulug‘lar majlisi» deb ataluvchi o`ziga xos davlat kengashi ham faoliyat yuritardi. Shohning hokimiyati cheklanmagan bo`lsa-da, muhim masalalarni hal qilishda shoh va «ulug‘lar majlisi» shariat qoidalariga amal qilishlari va musulmon ruhoniylarning fikrlari bilan hisoblashishlari lozim edi.
Abbos I davlat daromadlarining asosini tashkil qiluvchi soliqlar yig‘ishda ham ehtiyotkor siyosat olib bordi. U o`z hokimiyati uchun xavfli hisoblangan hududlardan olinadigan qo`shimcha va favqulodda soliqlarni qisqartirdi, markaziy tumanlarni esa bunday soliqlardan butunlay ozod qildi. Ammo qolgan yerlarning dehqonlari davlat va armiya uchun juda ko`p sonli soliqlar to`lar edi, shuningdek, sug‘orish inshootlari, ko`priklar, saroylar qurish kabi majburiyatlarni bajarar edilar. Vaqti-vaqti bilan shohning maxsus farmoniga ko`ra aholidan o`smirlar va qizlar saralab olinardi. Yigitlar ko`proq Kavkazortidagi xristianlardan olinib, muntazam g‘ulomlar korpusiga yoki saroy soqchilari safiga qo`shilardi. Qizlar esa shoh haramiga olinar yoki boshqa amaldorlarga cho`ri qilib berilardi.
Ichki bozorning kengayishi, tashqi savdo aloqalarining mustahkamlanishi natijasida dehqon xo`jaliklarining tovar-pul munosabatlariga tortilishi ularning sudxo`rlarga qaramligini oshirdi va qishloqda mulkiy tengsizlikning kuchayishiga olib keldi.
Shariat bo`yicha bir musulmon ikkinchisiga tobe emasdi, shuning uchun barcha dehqonlar rasman ozod hisoblanardi. Safaviylar davlatida dehqonlarning qaramlik darajasini har bir viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy ahvolidan kelib chiqib baholash mumkin edi.

Download 29.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling