Eron XVI-XVIII asrlarda


Download 29.01 Kb.
bet1/7
Sana04.02.2023
Hajmi29.01 Kb.
#1164718
  1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
2-mavzu. ERON XVI-XVIII ASRLARDA


ERON XVI-XVIII ASRLARDA


Reja:


1. Safaviylar hokimiyatining o`rnatilishi. Ichki va tashqi siyosat.
2. Safaviylar davrida Eronning ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishi. ShohAbbos I islohotlari.
3. Shaharlar. Hunarmandchilikvasavdoningrivojlanishi.
4. Tashqi savdo va tashqi aloqalar.
5. Eronni mustamlakaga aylantirishning boshlanishi.
6. Adabiyot, san’at va me’morchilik.

Safaviylar hokimiyatining o`rnatilishi. Ichki va tashqi siyosat. XV asr oxirida, feodal tarqoqlik davridayoq Safaviylar1 sulolasining ta’siri ortib boradi. Safaviylarning asosiy tayanchi «qizilboshlilar» deb ataluvchi ko`chmanchi turk qabilalari edi. 1499 yili Ismoil I Safaviy (1487–1524) qizilboshlilar yordamida Oqquyunlilar davlatiga qarshi kurash boshladi va 1501 yili Eron hududini deyarli egallab Safaviylar davlatiga (1502 –1736) asos soldi.


XVI asrning boshlarida safaviylar barcha Eron yerlarini birlashtirish va yangi hududlarni egallash uchun janglar olib bordi. Ismoilshoh davridayoq G‘arbiy Eron yerlari bo`ysundirilib, Musha’sha davlati yo`q qilindi. Bundan tashqari, ular Iroqni Bag‘dod bilan birga, hamda muhim savdo yo`llari kesishadigan, shialarning muqaddas shaharlari hisoblanmish Najaf va Karbaloni ham egallashdi.
1510 yili qizilboshlilar Eronga hujum boshlagan ko`chmanchi o`zbeklarni yengib, Xurosonda mustahkamlanib oldi. 1514 yili esa Safaviylar va Usmoniylar davlatlari o`rtasida Kavkazorti, Kurdiston va Mesopotamiya uchun qirq yil davom etgan urush boshlandi.
1514 –1555 yillarda rasmiy ravishda islomdagi ikki yo`nalish – sunniylik va shialik bayroqlari ostida olib borilgan bu urush aslida Eron shohlari va usmoniy sultonlarning boy yerlarni egallash, harbiy o`ljalarga ega bo`lish va xazinani boyi­tishga bo`lgan qiziqishlari tufayli sodir bo`layotgan edi. Turk va Eron hukmron doiralari Buyuk ipak yo`lini nazorat qilish, Kavkazorti va Bag‘dod orqali o`tadigan Yevropa-Osiyo savdo yo`llarini qo`lga kiritish uchun ham harakat qilishayotgan edi. 1514 yili Sulton Salim I boshchiligidagi turk qo`shinlari Kichik Osiyoda 40 ming kishilik shialar qo`shinidan yengildi, biroq turk armiyasi Chaldiron tekisligida qizilboshlilarni yengib, Tabrizni egallashdi. Lekin yanicharlar orasidagi notinchlik va mahalliy ozarbayjonlarning norozilik harakatlari tufayli turklar bu hududni tashlab chiqishga majbur bo`ldilar. Ular chekinayotib, Tabrizning eng yaxshi hunarmandlarini o`zlari bilan olib ketdilar. Tomonlarning
navbatma-navbat ustunligida uzoq davom etgan bu urush Amasida (Kichik Osiyo) sulh shartnomasining imzolanishi bilan yakunlandi. Unga binoan Safaviylar Iroq, G‘arbiy Gruziya va Armanistonning bir qismini turklarga berishga majbur bo`ldi.
Safaviylar davlati islom dinidagi shialik mazhabi g‘oyalari asosida tuzilgan bo`lib, bu g‘oyalar markazlashgan davlat tuzilishi uchun ham katta xizmat qildi. Dastlabki safaviylar davrida markaziy hokimiyatni mustahkamlash maqsadida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Buning natijasida mahalliy hukmdorlarning qarshiliklari bostirilib, safaviylar hokimiyati mustahkamlandi.
XVI asr 60 –70-yillarida soliqlarning oshib borishi, urushlar va mahalliy mojarolar oqibatida xalqning ahvoli yomonlashdi. Mamlakat bo`ylab tez-tez vabo tarqalib, ochlik va kasallikdan ming­lab odamlar qurbon bo`lardi. Bunday holatda markaziy hokimiyatga qarshi xalq qo`zg‘olonlarining bo`lishi tabiiy hol edi.
Safaviylarga qarshi xalq qo`zg‘olonlarining eng kattalaridan biri 1569 yilgi G‘ilon qo`zg‘oloni bo`ldi. Safaviylar bo`ysundir­gunga qadar G‘ilonda ikkita xonlik mavjud edi. Mustaqillikni tiklash uchun kurash olib borayotgan g‘ilonliklar 18 ming kishilik qo`shintuzdi. Ammo g‘ilonliklarga qarshi jo`natilgan qizilboshlar bu armiyani yengib, qo`zg‘olonni bostirishga muvaffaq bo`ldi. G‘ilon viloyatining hukmdori etib shohning o`g‘li tayinlandi, yerlar esa qizilbosh amaldorlarga bo`lib berildi. 1572 yilga kelib qo`zg‘olon to`liq bostirilgan edi.
G‘ilonliklar qo`zg‘oloni bilan deyarli bir vaqtda, 1571–1573 yillarda Tabrizda ham qo`zg‘olon bo`lib o`tdi. Shu payt Tabriz yirik savdo va hunarmandchilik shahri bo`lib, unda 300 mingdan ziyodroq aholi yashardi. Shahar aholisi turklarning uch karra bosqinidan qattiq jabr ko`rgan edi.
Qo`zg‘olonning bevosita boshlanishiga xalq harakati qatnashchi­laridan qatl qilinganlarning dafn marosimiga mahalliy hukmdorlarning aralashuvi sabab bo`ldi. Kambag‘al shaharliklar qo`zg‘olon ko`tarib shahar hukmdorining, bir qancha boy zodagonlarning va shialar oliy ruhoniysining uylarini buzib tashladi. Bu haqda «... har bir ko`chada oddiy xalq orasidan kimdir o`z hokimiyatining bayrog‘ini o`rnatgan edi» – deb yozgan edi Eron tarixchisi Hasan Rumli.
Qo`zg‘olonga rahbarlik qilishda polvonlar (kurashchilar) faollik ko`rsatishdi. Yari ismli polvon qo`zg‘olonning umumiy rahbariga aylandi. Shoh Tahmasp I (1514 –1576) Tabrizga yangi hukmdor tayinlashga majbur bo`ldi. Bu yangi hukmdor qo`zg‘olonchilar rahbar­lari bilan muzokaralar olib borib, ularni qo`zg‘olonni to`xtatishga chaqirdi. Muzokaralar natija bermagach, shia ruhoniylari qo`z­g‘olonni kuch bilan bostirishga fatvo berdilar va qo`zg‘olon bos­tirildi. Qo`zg‘olon rahbarlaridan Yari, Avaz, Ko`kcha, Shundti, Hasan va Husan polvonlar hamda yana 150 kishi qatl qilindi. Ammo qo`zg‘olon behuda ketmadi. Yangi qo`zg‘olonlarning oldini olish maqsadida shoh yon berishga majbur bo`ldi va Tabrizni xazinaga to`lanayotgan barcha soliqlardan ozod qildi, bu esa shaharning keyingi taraqqiyoti uchun muhim ahamiyatga ega bo`ldi.

Download 29.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling