Eron XVI-XVIII asrlarda


Eronni mustamlakaga aylantirishning boshlanishi


Download 29.01 Kb.
bet5/7
Sana04.02.2023
Hajmi29.01 Kb.
#1164718
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
2-mavzu. ERON XVI-XVIII ASRLARDA

Eronni mustamlakaga aylantirishning boshlanishi. Fors ko`rfazini egallab olish uchun dastlabki harakatni XVI asrda portugallar boshlab berishdi. 1507 yili ular Ormuz orolini va undagi yirik savdo portini egallab olishdi, lekin aholi qo`zg‘olon ko`tarib ularni bu yerdan haydab yubordi. Oradan bir necha yil o`tgach, portugallar o`zlarining dengizdagi harbiy ustunligidan foydalanib yana Ormuzni egallashdi. Bu yerda garnizon joylashtirilib, savdo faktoriyasi tashkil etildi.
Portugallar Fors ko`rfazida hukmron bo`lib olganlaridan so`ng ingliz savdogarlari Eron va Hindiston bilan savdoni shimoliy yo`l, ya’ni Volga-Kaspiy yo`li orqali rivojlantirishga harakat qilib ko`rishdi. XVI asr 60-yillarida inglizlarning Moskva kompaniyasi (Jenkinson missiyasi va boshqalar) juda katta qiyinchiliklar bilan Shirvon chegaralarida erkin savdo qilish huquqini qo`lga kiritdilar va SHemaxada savdo faktoriyasini ochdilar. Sal keyinroq ular boj va yo`l soliqlarini to`lashdan ozod qilindi. Ular Eron hududida ko`chmas mulk sotib olishlari mumkin edi. Eron hukumati esa ularning mahsulotlarini ortish-tushirishda yordam berish va qaroqchilardan himoya qilish majburiyatini oldi. Bu savdo shartnomasi bir necha bor yangilandi. Inglizlarning Shirvon bilan savdo aloqasi turklarning bosqini tufayli to`xtab qoldi. Rossiya hukumati o`z hududidan ingliz tovarlarini o`tkazishga ruxsat bermaganligi sababli bu savdo yo`li rivojlanmadi.
XVII asr boshlarida Eronga inglizlarning Ost-Indiya kompaniyasi o`z vakillarini jo`natdi. 1616 yili shoh Abbos I ingliz savdogarlari bilan yaxshi muomalada bo`lish, o`z portlarida ingliz savdo kemalarini qabul qilish to`g‘risida buyruq berdi. Bir yildan so`ng kompaniya vakillari juda ko`p tovarlar bilan kelganida Abbos I SHeroz va Isfahonda ingliz faktoriyalarini ochishga ruxsat berdi. Inglizlar shoh saroyida o`z vakiliga ega bo`lish, butun mamlakat bo`ylab erkin savdo qilish, o`zi bilan qurol olib yurish va zarur hollarda uni qo`llash va diniy e’tiqod erkinligi kabi huquqlarga ega bo`lishdi. Shuningdek, ularni mahalliy qonunlar bilan sud qilish mumkin emasdi.
Fors ko`rfazi orqali Eron ipagi bilan savdo qilish foydali bo`lib chiqdi. Chunki Erondan ipak sotib olish Turkiyadagi markaziy ipak bozori Halab (Aleppo)dagidan 50 foiz arzonga tushardi. Inglizlar butun Erondagi ipak savdosi ustidan to`la monopoliya o`rnatishga harakat qilishdi. Buning evaziga ular Abbos I ga portugallarga qarshi urushda Ost-Indiya kompaniyasining harbiy qismlaridan foydalanishni taklif qilishdi. 1623 yili Safaviylarning qo`shini ko`magida Ormuzni egallashga va portugallarni quvib chiqarishga muvaffaq bo`lishdi. Ularning qurilmalari buzib tashlandi, port esa materikka (Gombrun)ga ko`chirildi va Bender-Abbos (Abbos bo`g‘ozi) deb qayta nomlandi. Shu vaqtdan boshlab ing­lizlar Eronda yangi huquqlarni olishdi. Ulardan asosiylari Bender-Abbos portida tushadigan bojlarning yarmini olish, bu yerda o`z faktoriyasiga ega bo`lish, ipak olib chiqish va shu kabilar edi. Bu huquqlar avval inglizlarga berilgan bo`lsa, keyin gollandlarning Ost-Indiya kompaniyasiga ham berildi.
XVII asr o`rtalariga kelib gollandlarning Ost-Indiya kompaniyasi inglizlar bilan raqobatda muvaffaqiyatga erishib ularni ortda qoldirdi. Chet el kompaniyalari tovar olib chiqishdan ko`ra ko`proq uni Eronga olib kirishni ma’qul ko`rishardi. Eron iqtisodiyoti uchun xavfli bo`lgan holatlardan biri, kumush tangalarning, shuningdek, oltin va kumush buyumlarning ko`plab olib chiqib ketilayotganligi edi.
XVII asrda Eronga G‘arbiy Yevropa tovarlarining ko`plab keltirilishi mahalliy hunarmandchilik sanoati bilan kuchli raqobatni keltirib chiqardi. Safaviylar tomonidan savdo sohasida chet ellik­larga berilayotgan yengilliklar nafaqat tashqi savdoni kengaytirish uchun, balki siyosiy manfaatlarni ham ko`zlab qilinayotgan edi. Biroq bu yengilliklardan Yevropa savdo kompaniyalarining agentlari shu qadar jadal foydalandiki, natijada Eron Yevropa davlatlari uchun daromad manbaiga aylanib qoldi.
Natijada XVII asr ikkinchi yarmidan Eron iqtisodiy va siyosiy tushkunlikni boshidan kechirdi, xalqning ahvoli og‘irlashdi. XVII asr oxiri – XVIII asr boshlarida turli viloyatlar dehqonlarining qo`zg‘olonlari bo`lib o`tdi. Safaviylar tomonidan zabt etilgan hududlarda bunday qo`zg‘olonlar milliy-ozodlik ko`rinishini oldi. Shunday qo`zg‘olonlar: 1711 va 1719 yillari Kavkazda lezginlar qo`zg‘oloni, 1715 yili – kurdlar, 1716, 1722–1727 yillari afg‘onlar,
1743–1747 yillari Kavkazda Nodirshohga qarshi bo`lib o`tdi. Afg‘onlarning qo`zg‘oloni va ularning 1722 yili Eronga kirib kelishi Safaviylar hokimiyatini ag‘darib tashladi. 1726–1730 yillari hokimiyatda turgan afg‘onlarga qarshi, 1730–1736 yillari esa Eron hududini turk bosqinchilaridan tozalash uchun harakatga boshchilik qilgan Nodirxon Ashraf 1736 yili shohlik taxtini egalladi. 1747 yili fitnachilar tomonidan Nodirshoh o`ldirilgandan so`ng to XVIII asr oxirigacha mamlakatda boshboshdoqlik va o`zaro urushlar hukm surdi. Orada 1760 –1779 yillari Karimxon Zend hukmronligi davridagina nisbatan osoyishtalik o`rnatildi. 1779 yili Karimxon vafot etgandan so`ng boshlangan taxt uchun kurashda Kojarlar sulolasidan bo`lgan Og‘a Muhammadxon g‘olib chiqdi. U 15 yil Karimxon saroyida garovda ushlangan bo`lib, shoh o`limidan sal oldin SHerozdan Astrobodga qochadi. U 1783 yili Mozandaron va G‘ilonda, 1785 yili Tehronda, Kum, Kashon va Isfahonda, 1791 yili Ozarbayjonda o`z hokimiyatini o`rnatdi. Og‘a Muhammadxon 1795 yili Kavkaz ortiga bostirib kirdi, avval Qorabog‘ni, keyin gruzin qo`shinlarining qarshiligini yengib, Tbilisini egalladi, shaharni vayron qilib, unga o`t qo`ydi. Keyin 22 ming tbilisilikni o`zi bilan olib qaytdi. 1785 yili poytaxt deb e’lon qilingan Tehron shahriga kelib, 1796 yili rasman taxtga o`tirib, shoh bo`ldi. Biroq 1797 yili Og‘a Muhammadxon saroy fitnasi natijasida o`ldirildi, taxtga uning jiyani Fotix Ali shoh (1797–1834) keldi. Kojar xonlari sulolasi to 1925 yilgacha Eronda hukmronlik qildi.
Tinimsiz o`zaro urushlar, qo`zg‘olonlar natijasida mamlakat ham iqtisodiy, ham siyosiy inqirozga yuz tutdi. Bu esa mamlakatga chet el, birinchi navbatda, Yevropa mustamlakachilarining kirib kelishi uchun keng yo`l ochdi. Kuchsizlanib qolgan Eron Yevropa davlatlari, birinchi o`rinda Angliya va Fransiya hamda chor Rossiyasining mustamlakachilik obyektiga aylandi. Natijada Eron yuqoridagi davlatlar bilan bir nechta teng bo`lmagan shartnomalarni imzolab, ularning iqtisodiy va siyosiy ekspansiyasiga keng yo`l ochib berdi.

Download 29.01 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling