Esdaliklar – memuar asar


Download 77 Kb.
bet1/3
Sana23.12.2022
Hajmi77 Kb.
#1045192
  1   2   3
Bog'liq
Mirxaydarova Durdona -3


Esdaliklar – memuar asar.

Reja:
1.Nosir Fozilov bolalar yozuvchisi


2. Po’lat Mo’min ijodi
3. M.A’zamning sherlari

Nosir fozilov


Mening tavallud topgan yillarim mamlakatimiz tarixining eng alg‘ov-dalg‘ovli kezlariga to‘g‘­ri keldi. Ya’ni, 1929 yili kamina yorug‘ dunyoga kelgan davrda qishloq xo‘jaligini kollektivlashtirish tadbiri avj olgan ekan. Undan buyog‘i ocharchilik (1930-33), mamlakatni yot unsurlardan tozalash bahonasida qama-qama (1937-38), Ikkinchi jahon urushi (1941-45) yillari… Bundan keyingi davrlarda ham odamlarimizning kundalik hayoti ancha yillargacha vayronaligicha qolaverdi. Urushdan charchab chiqqan mamlakatni qayta tiklash, (1950) tag‘in mamlakatni yot unsurlardan tozalash bahonasida millatimizning guli hisoblanmish ziyolilarni qatag‘on qilishdi. Mana shu suronli davr­larga qarab, bizning bolaligimiz qanday kechganini tasavvur qilsangiz bo‘ladi.
Men tug‘ilgan Koriz qishlog‘i shundoqqina Turkiston shahrining biqinginasida. Qishlog‘imiz sha­harga, bozorga yaqin bo‘lgani uchun odamlari­ni “bozorliklar” deb atashadi. Men o‘n yoshga to‘lganimda, ya’ni 1932-33 yillari qishlog‘imizning yarim aho­lisini ilgarilari chorvamiz yoyiladigan yoyilma joyga ko‘chirib, kolxozlashtirildi. Jumladan, bizning oilamiz o‘sha yaydoq dalalar bag‘riga kuchib o‘tdi. O‘sha paytdan boshlab mening bolaligim shahardan yigirma chaqirimlar uzoqdagi biyday dalada kechdi. Boshlang‘ich ta’limni ham shu yerda oldim.
Biz ko‘chib o‘tgan Yoyilma degan qishloqdagi 70-80 chog‘li xonadon ahli chorva bilan shug‘ullanardi. U paytlarda odamlar o‘qish-yozishga havas qo‘yishdan ham ko‘proq qorin qayg‘usi bilan qattiq bog‘langan edi. Qishlog‘imizda faqat bitta – Qahhor degan odamda patefon bo‘lib, salgina bo‘lsa-da dillardan g‘amlarni quvib, seni uzoqlarga olib ke­ta olardi. Biroq kitobxonlik tuyg‘usi kuchli edi. Odamlar o‘qish-yozishni deyarli bilmasalar-da, menga o‘xshagan 7-8 yoshdan maktabga borib, sharillatib o‘qishni qoyillatadigan bolalarga kechalari xalq dostonlari – “Go‘ro‘g‘li” turkumidan “Hasanxon”, “Rav­shanxon”, “Avazxon” dostonlarini takror va tak­ror o‘qitishdan, sel bo‘lib tinglashdan charchashmasdi. Keyinchalik angladimki, ular shu dostonlarda ushalmagan armonlarini ko‘rishar, ular bilan birga tug‘ilib, birga yashab, g‘am-hasratlarini unutishar ekan. Adabiyotning kuchini qarang-a!
O‘qigan maktabim xuddi kechagiday ko‘z o‘ngimda. Qishloq chetidagi qo‘rg‘on, bir tomoni somonxona, bir chetida do‘koncha, bir yonida somon to‘kiladigan kungay joy. Xuddi shu yerda tengqurlarim bilan oftobro‘yada, somonlar ustida o‘tirib, ilk saboqni chiqardim. Birinchi o‘qituvchim, amakim Pochchaxon Qudratov hamma sinflarga bir o‘zi dars berardi. U paytlarda hamma uchun – 1-4-sinfgacha bitta o‘qituvchi ajratilar edi. Qurbi yetganlar shaharga – o‘qishni davom ettirishga ketar, yetmaganlar dalada, oilada qolishardi.
Bobom meni Turkiston shahridagi maktabga joyladi. Bu maktab sho‘rolar hukumati tomonidan millatchi deb ayblangan, uy-joyi musodara qilingan, Turkistonning ma’rifatli boylaridan biri – Saidnosirboyning uyi bo‘lib, u birinchilardan bo‘lib rus tilida tahsil olgan, birinchi o‘zbek olimasi sifatida kimyo faniga muhim hissa qo‘shgan, kimyo darsligi yozgan, Oybekdek zabardast o‘zbek adibi bilan umrguzaronlik qilgan Zarifa Saidnosirovaning bolaligi, yoshligi kechgan uy edi. Ammo shaharda o‘qishning o‘zi bo‘lmas edi. Biz o‘qiymiz deb qishloqdan chiqqan besh-olti nafar boladan oxiri bir o‘zim qoldim. U paytlarda yotoqxona yo‘q, uch chaqirim joydan yayov qatnaymiz. Qishning sovug‘i, yozning issig‘i, shamol, yomg‘irlar bilan olishib bo‘lsa ham ortga qaytmadim. Shu yerda maktabni tugatdim. Adabiyotga, ijodga bo‘lgan ixlos, ishtiyoqim shu yerda kuchli muhabbatga aylandi. Robiya opa Ibrohimova degan adabiyot o‘qituvchimizni ehtirom bilan eslayman.
Tengqurlarim bilan o‘qishdan bo‘sh paytlarimizda qo‘sh haydadik, suvchilik qildik, g‘o‘za chopdik, yozgi jaziramada o‘roq o‘rib, xirmon yanchdik. Eshak karvonlar tuzib, shaharga g‘alla tashidik. Keyinchalik tabelchilik ham qildim. Xullas, qilmagan ishim qolmadi.
Tag‘in, bu odam o‘zining kechmishidan, bolali­gidan nega buncha noliydi, deb o‘ylamang. Men hech ham noliyotganim yo‘q. To‘g‘ri, biz urush davri farzandlari bolalikning barcha imtiyozlaridan bebahra o‘sdik. Shu tufayli o‘qishlarimiz ham o‘lda-jo‘lda, uzuq-yuluq bo‘ldi. Go‘dakligimiz ham, bolaligimiz ham, o‘smirligimiz ham o‘sha davrlarning turmush tashvishlari bilan omuxta kechdi. Ko‘rgan-bilganlarimiz murg‘ak qalblarimizda bir umrga muhrlanib qoldi. Ozmi-ko‘pmi hayotning qadriga yetadigan, uni e’zozlaydigan odamlar bo‘lib ul­g‘ay­ganimiz uchun o‘sha davrlarning mashaqqatli sa­­­boqlaridan minnatdor bo‘lishimiz zarur. Negaki, bolalikda chekkan aziyatlarimiz-u, ko‘rgan-bil­ganlarimiz – hammasi yozgan va yozilajak asarlari­mizga material bo‘lib xizmat qilyapti va bundan keyin ham shunday bo‘lajak.
Otam Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li o‘qimagan bo‘lsalar ham uqqan odam edilar. Ko‘p yillar kolxozda ferma mudiri, paxtachilik brigadasining brigadiri lavozimlarida ishladi. O‘sha paytlarda men otamning brigadir bo‘laturib ba’zan akushnik haydab yurganlarini ko‘rib: “Yo tavba, brigadir ham akushnik haydaydimi?” deb ajablanardim. Shunda otam bunga izoh berardilar: “Bolam, sen hayron bo‘lma, men Abduvoyitning o‘rniga ishlayapman. Abduvo­yit esa mening hisob-kitobimni to‘g‘irlab beradi. O‘zing bilasan, mening savodim yo‘q, o‘qimaganman. Hisob-kitobni tugatgach, akushkasini qaytarib beraman, o‘zi haydayveradi”. Otamning bu gaplari hanuzgacha esimdan chiqmaydi.
Onam Jahonbibi Abdulla qizi esa bir umr dehqonchiligu uy yumushlari, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanib o‘tdilar. Yoyilmada to‘rtinchi sinfgacha o‘qiganimdan so‘ng meni Yo‘ldosh bobom Korizga olib ketib, shahar markazidagi o‘rta o‘zbek maktabiga o‘qishga berdi. U kishi o‘qigan, obro‘-e’tiborli zot edilar. Yaqin-yiroq qishloqlarda bironta dov-janjal bobomning ishtirokisiz bitimga kelmagan, deyishadi. Shuning uchun turkistonliklar u kishini “Yo‘ldosh oqsoqol” deb atashar ekan. Men ko‘proq bobom bilan Mastura buvimning tarbiyasida bo‘lganman. “Sen Fozilning emas, mening bolamsan. Men seni huv anavi qandak o‘rikning tepasida tuqqanman”, deb erkalardilar meni Mastura buvim. Shuning uchun bo‘lsa kerak, oilamizdagi boshqa uka-singillarimning ism-shariflari Yo‘ldoshev, meniki esa Fozilov bo‘lib qolgan.
Endi adabiyotga, ijodga bo‘lgan ish­tiyoqim qa­chondan boshlangani-yu, qanday qilib bolalar adabiyotiga qiziqish paydo bo‘lgani haqida aytsam.
Avvalo, bolalik bu – beg‘uborlik. Bolalar uchun asar yozgan va butun umrini shunga bag‘ishlagan adib ham bu beg‘uborlikdan bebahra qolmaydi. Negaki, bolaga yozgan adibning o‘zi bola tabiatli bo‘ladi. Ya’ni, yozuvchi o‘zining tabiatiga mos, ko‘ngliga yaqin mavzuni qalamga oladi. Ikkinchidan, bolalarni chin dildan sevgan yozuvchigina bolalar adabiyotiga sodiq bo‘lib qoladi. Bolalar hayoti ko‘nglidan yiroq bo‘lgan yozuvchi o‘zini majburlab bir-ikkita nimarsa yozgan bo‘ladi-yu, bir yumalab kattalar adabiyotiga o‘tadi-ketadi. Bundaylar adabiyotimizda to‘lib-toshib yotibdi. Men ularning ism-shariflarini aytmasam ham o‘quvchilarning o‘zlari ularni aniq-tiniq bilishadi. Buning ustiga, bir umr bola tabiat bo‘lib yurish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Bola bilan gaplashganingda bola bo‘lib gaplashishing, bolalarga asar yozayotganingda bola bo‘lib, ya’ni bolaning nazari bilan yozishing kerak bo‘ladi. Shunday qilmasang yozgan asaringni bolalar o‘qimaydi. Bola asaringdan o‘zini topa olsagina, har kuni o‘zi birga o‘ynab yurgan o‘rtoqlarining fe’l-atvorlariyu, qiliqlarini ko‘ra olsagina qi­ziqib o‘qiydi.
Bolalar adabiyoti – nozik adabiyot. Bolaning birinchi adabiyoti – onasining allasi. Qo­laversa, sodda, ravon, quvnoq, ma’noli, ritmik she’rlar, xalq ertaklari, hikoyalar, qissalar bola uchun juda zarur. Bolalar yozuvchilari o‘z asarlari bilan bolalarni katta adabiyotga boshlovchi darg‘alardir. Bu adabiyot – hurmattalab adabiyot, e’zoztalab adabiyot. Chunki bolalar uchun yozilayotgan har bir asarda o‘zing bolaga aylana olmas ekansan, u jonsiz tanaga aylanadi. Qattiqroq qilib aytganda, birovnikini olib yopishtirsangiz, yopishmay turadi, yamoq bo‘ladi. Bolaning ko‘ngli ham xuddi shunday. Uni sindirib bo‘lmaydi. Unga hamisha e’tibor darkor. Unga mehr bersangizgina uning ko‘ngli to‘lib o‘sadi. U – mehrtalab. Shundagina, u muhabbatingiz mevasiga aylanadi, izingizni bosadi.
Adabiyot darsliklari, bolalar adabiyoti dars­­liklari alohida katta mavzu deb o‘ylayman. Dars­liklarga kiritilgan adiblarimiz, shoirlari­mizning kitoblari qo‘shimcha adabiyot sifati­da muntazam chop etilib turilishi, ayniqsa, lotin yozuvida berib borilishi muhimligini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Ayni kunlarda xuddi shunga eh­tiyojimiz juda kuchli. Buning uchun noshirlik faoliyatlari markazlashgan holda olib borilsa, uchrayotgan saviyasiz, pala-partish, kitob deb atashga ham til bormaydigan noxushliklardan holi bo‘linar edi. Adabiyot yaratiladi, uni “yasab” bo‘lmaydi. Bu tom ma’noda, ham bolalar, ham kattalar adabiyotiga taalluqlidir.
Meni bolalar adabiyotiga boshlab kelgan omillardan yana biri boya aytib o‘tganimdek, bolaligim bilan o‘smirligimning urush yillariga to‘g‘ri kelganligidan, deb bilaman.
Otam bilan onam xolavachcha, ikkalasining ham bobosi bitta – o‘sha katta bobomning bir qi­zi­­­dan otam, ikkinchi qizidan onam tug‘ilganlar. Kat­­ta bobom Turkistonda katta ulamo o‘tgan. U ki­­shini Tursunmuhammad A’lam domla atasharkan. G‘urbatiy taxallusi bilan Toshkentda u kishi­ning to‘rtta she’riy to‘plami chop etilgan. Toshkent­lik shoirlar Kamiy, Xislat domla, Sidqiy Xon­day­li­qiylar bilan do‘st tutinib, bordi-keldi qi­li­shib, no­malar yozishib, muloqotda bo‘lib turar ekanlar. Menga o‘sha katta bobomdan nimadir o‘tgan bo‘lsa ajab emas, deb o‘ylayman.
Xullas, 1949 yili o‘rta maktabni bitirib Toshkentga yo‘l oldim. O‘rta Osiyo davlat dorilfununining filologiya kulliyotiga o‘qishga kirib, uni 1954 yili tugatdim. So‘ng “Gulxan” jurnalida, “Yosh gvardiya”, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyotlarda, “Sharq yulduzi” jurnalida turli lavozimlarda ishladim. Adabiy xodim, katta muharrir, bo‘lim mudiri bo‘ldim, jurnallarda mas’ul kotiblik vazifasida faoliyat olib bordim.
Dorilfununda o‘qib yurgan kezlarimda o‘z kurs­doshlarimdan ikki-uch yosh ulug‘roq edim. Negaki, boya aytib o‘tganimdek, ham o‘qib, ham ishlaganim uchun oliy o‘quv dargohiga kechroq keldim. Yozish-chizish mashqlarini ham kechroq boshladim. Matbuotga ham elliginchi yillardan boshlab ishtirok eta boshladim. Dastlab tanqidiy maqolalar yozdim, so‘ng badiiy lavhalar, keyin esa asta-sekin hikoyalarga o‘tdim. Qozoq adiblarining yirik-yirik asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qila boshladim. Tarjima sohasidagi sa’y-harakatlarim ijodimda ham tarjima, ham tajriba rolini o‘tadi desam xato qilmayman. Tarjima qilish asnosida, shubhasiz, juda ko‘p narsani o‘rgandim.
Birinchi kitobim 1959 yili “Irmoq” degan nom bilan bosilib chiqdi. Shundan so‘ng ketma-ket “Oqim” (1962), “Robinzonlar” (1964), “Qush qanoti bilan” (1965), “Qor xat” (1968), “Ko‘klam qissalari” (1970), “Saraton” (1975), “Kichkina demang bizni” (1977), “Diydor” (1979), tanlangan asarlarimning ikki jildligi (1983-84), “Shum bolaning nabiralari” (1885), “Ustozlar davrasida” (1988), “Bolaligim – poshsholigim” (1989), “Bir otar to‘pponcha” (1995) kabi kitoblarim chop etildi. Nashr etilgan kitoblarim o‘zga tillarga tarjima qilinganlari bilan qo‘shilganda o‘ttiztadan oshib ketadi. Boshqa tillardan tarjima qilganlarim va o‘zim yozganlarimni qo‘shganda yetmish beshdan ko‘proq.
Ha, aytgandek, men qozoq adiblaridan Abay, Muxtor Avezov, Sobit Muqonov, G‘abit Musrepov, G‘abiden Mustafin, Abdulla Tojiboev, Abdijamil Nurpeisov, Sherxon Murtazoev, Taxani Axtanov, Qaltoy Muhammadjonov, Qalnubek Tursunqulov, Xol­dorbek Naymanboev, Sayn Murodbekov kabilarning mashhur asarlarini, bulardan tashqari talaygina qirg‘iz, qoraqalpoq yozuvchilarining kitoblarini o‘zbek tiliga ag‘darib kitobxonlarga hadya etdim.
Kamina shuning uchun ham baxtlimanki, o‘zimga yarasha o‘quvchilarim bor. Jamoatchilik va hu­ku­mat ardog‘idan ham chetda qolmadim – ijodiy meh­natlarimni munosib taqdirlashdi. 1985 yili “Shum bolaning nabiralari” degan kitobim uchun G‘afur G‘ulom nomidagi mukofotga, 1986 yili qozoq adabiyotidan qilgan tarjimalarim uchun Beyimbet Maylin nomidagi mukofotga, 1990 yili “Ustozlar davrasida” nomli kitobim uchun Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldim. 1984 yili o‘zbek va qozoq adabiy aloqalarini rivojlantirishdagi faol ishtirokim uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi” degan yuksak unvon bilan, 1994 yili esa, xalqaro madaniy aloqalarga qo‘shgan hissam, qozoq adabiyotining yetuk asarlarini muntazam tarjima qilganim hamda mazkur xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni rivojlantirish borasidagi xizmatlarim uchun Qozog‘iston Prezidenti mukofoti bilan taqdirlandim.
1999 yili “El-yurt hurmati” ordeni bilan, 2003 yili Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasining “Alam” nomli xalqaro mukofoti bilan, 2011 yili esa “Topdimu yo‘qotmadim” degan kitobim uchun Davlat mukofoti bilan taqdirlandim.
Bunchalik e’tibor, bu qadar e’tirof meni o‘quvchilarim oldida yana ham burchdor, yana ham kelajakdan umidvor qilib qo‘yadi. O‘zni o‘quvchilar oldida burchdor, kelajakdan umidvor his etmak tuyg‘usi hamisha mehnatga chorlab turadi. Shu muqaddas tuyg‘u yo‘ldoshim bo‘lib turar ekan, kamina elu yurt xizmati uchun qamishdan bel bog‘lab ijod qilaveraman.

Download 77 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
  1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling