Eski telefon
Download 68.13 Kb.
|
1 2
Bog'liq8D-adabiyot hikoyalar
(hikoya)
Shoyim Boʻtayev Talaba yozgi taʼtilga chiqqach, tugʻilgan qishlogʻiga joʻnamoqchi boʻldi. Uning qishlogʻi togʻ etagida. Shahar doʻkonlariga bir-bir kirib, katta boyvachchalardek koʻziga koʻringan narsalarning narx-navosini soʻrab-surishtirdi, ammo hech narsa xarid qilmadi. U oladiganini qishloq doʻkonidan olishni oʻyladi. Shunisi maʼqul ekan. Qishlogʻiga moʻljalidan yarim soat barvaqt yetib borib, doʻkon oldida avtobusdan tushdi. Uch-toʻrt bekorchixoʻja oftobshuvoqda nimalarnidir valaqlashib oʻtirishardi. — Ha-a, ogʻayni, kelyapsanmi? – deb soʻradi oʻtirganlardan biri talabani har kuni koʻrib yurgandek. — Oʻrischani ham oʻrganyapsanmi? Talaba ular bilan koʻrishib-soʻrashmoqchi edi. Bu sovuq gap tufayli tuyqusdan toʻnini teskari kiydi. — Nimani oʻrganyapman, nimani oʻrganmayapman, aytganim bilan baribir foydasi yoʻq, — dedi boʻsh kelmay dabdurustdan tigʻli savol tashlaganni oʻyib olish qasdida. – Sen baribir tushunmaysan. — O-ho, tushunadigan boʻlib qoptilar-da, — dedi oftobshuvoqda kuch yigʻib miyasini toʻldirayotgandek koʻringan haligi shovvoz talaba bilan hoziroq janjal boshlab yuboradigandek bir alpozda. — Xoʻp, ana endi koʻramiz, qancha oʻqiganingni, oʻqigan boʻlsang anavi bilan gaplash-chi… Oʻzi tomonga ishora qilinganini payqagan notanish yigit sergaklanib, goh oʻtirganlarga, goh talabaga qaradi. — Tolik, — talabani qoʻyib, endi yon tomoniga oʻgirilganicha notanish yigitga murojaat qildi u. — Vot student… Ruskiy gaplash, ruskiy biladi… Notanish yigit oʻrnidan turdi. Uning boʻyi baland, qoʻllari uzun-uzun edi. U talabaga dadil yaqinlashdi. Uning sap-sariq ot yuzining iyagi ingichka, qoʻy koʻzlarining muloyim boqishi talabaga kimnidir eslatib turgandek edi. U qoʻl uzatib: — Anatoliy, — deb oʻzini tanishtirdi. Talaba uning kurakdek kaftiga qoʻlini qoʻyib ismini aytdi. — Juda xursandman, — dedi Anatoliy notanish joylarda oftobda qatiq yalashgan eski tanishini uchratib qolgandek behad suyunib. Shu choqda rus tilidan hamisha qiynalib, sinov va imtihonlarini amal-taqal yopib yuradigan talaba doʻkon oldini ishgʻol etgan hamqishloqlari nazdida bir zumda donishmandga aylandi-qoldi. Ular uch-toʻrt daqiqa gurung qilishdi. Tamom. Boshqa gap-soʻz boʻlgani yoʻq. Talaba Tolik bilan xayrlashgan boʻlib, bosh irgʻadi-da doʻkon tomon yurdi. Tolik bir lahza xayollanib qoldi, keyin xayrlashgan odamiga nimanidir aytish yodidan koʻtarilgandek talabaning ortidan ergashdi. Talaba doʻkonga kirib bordi. Peshtaxta ortida kuymalanib turgan sotuvchidan boʻlak doʻkonda hech kim yoʻq edi. Talaba tomoq qirib qoʻygancha, unga salom berdi. — Vaalaykum… — deya bosh koʻtargan sotuvchi odam bolasini ham koʻrar kun bor ekan-ku, degandek mahtallik bilan: — E, kelsinlar! — dedi. Gʻoʻlabirdan kelgan, oltmish yoshlardagi tepakal sotuvchi juda seriltifot, ostonadan kim qadam bossayam uning mavqeyini bilib, kasb-koridan kelib chiqib gap-soʻzni doʻndiradiganlar xilidan edi. — Oʻqish, oʻqish va yana oʻqish! – dedi u talaba bilan koʻrisharkan. — Xoʻsh, nima beray? — deb soʻradi sotuvchi uning qoʻlidagi pulni koʻrgan zahotiyoq chap qoʻliga olgan qogʻozni oʻng qoʻli bilan karnayday oʻray boshlab, talabaning ortidan kirib kelgan Tolikka koʻz qirini tashlab qoʻyarkan. Talaba oqqand, pechenye, novvot soʻradi. — Ofarin aqlingga! — deb maqtadi uni sotuvchi. — Bir kilodanmi? Talaba bosh irgʻadi. U talabaning aytganlarini bir zumda alohida-alohida qogʻozga solib, tarozida tortdi-da, ularni qogʻoz paketga joylab, qoʻliga tutqazdi. Talaba ortiga burilib, endi doʻkondan chiqayotganida peshtaxta yonida uymalashib, negadir hadeb choʻntagini kavlayotgan Tolik dabdurustdan: — Ming soʻm qarz berib tur, — dedi. Bu talaba uchun kutilmagan hol edi: negaki, bu qishloqda qoqqani qozigʻi, osgani xurmachasi boʻlmaganlar ham qarz-havola qilishni xayollariga keltirishmasdi. Tolikning bu qiligʻi sotuvchining ham ogʻzini ochib qoʻygandi. Talaba Tolikka aytgan pulini tutqazdi. Tolik darhol choʻntagidan chiqargan pullarni unga qoʻshdi-da, sotuvchidan bir shisha vino soʻradi. Sotuvchi pulni olishga oshiqmadi. — Qarzga vino olib ichganingni otang bilsa meni jonimni sugʻurib oladi, — dedi. Tolik bu gapni maʼqullab, bosh irgʻadi. Lekin, pulni uzatib turaverdi. Sotuvchi oʻylanib qoldi. — Aslida bermasdim-kuya… — dedi yon berayotganini bildirib. Tolik hamon pulni uzatgancha unga tik qarab turardi. Axiyri, sotuvchi uning qoʻlidagi pulni xuddi tortib olayotgandek shartta oldi-da: — Boʻpti, — dedi. Tolik iljaydi. — Faqat bir sharti bor, — dedi sotuvchi ogohlantirayotgandek talabaga va Tolikka bir-bir jiddiy qarash qilib. — Qanaqa shart ekan? — deb soʻradi talaba pul berib baloni sotib olayotgandek koʻngli gʻashlanib. — Buni uchovimizdan boʻlak hech kim bilmasligi kerak, — dedi sotuvchi qatʼiy qilib. Tolik shosha-pisha bosh irgʻadi. Sotuvchi bir shisha vinoni qogʻozga qand oʻragandek oʻrab, uning qoʻliga tutqazdi. Tolikning ogʻzi qulogʻiga yetib, avval sotuvchiga, keyin talabaga minnatdorlik bildirdi-da, doʻkonni tark etdi. — Ishqilib, oxiri baxayr boʻlsin, — deya mingʻirlab qoʻydi sotuvchi oʻziga-oʻzi gapirayotgandek. Talabaning koʻngliga shubha oraladi. — Nega bunaqa deyapsiz? – deb soʻradi u sotuvchiga qattiq tikilib. — Bu yerda or-nomus masalasi bor-da, odam shundan xavotir oladi, yoʻqsa nima, bir shisha emas, ikki shishani ham oʻzim berib yuboraverardim… Bu zormondani qishloqda birov ogʻziga olmasa… — Qanaqa or-nomus? – deb soʻradi talaba uning keyingi soʻzlariga eʼtibor bermay. — Usmonali akaning or-nomusi. — Qaysi Usmonali aka? — Anavi… fermadagi molboqar bor-ku…nahotki, tanimasang? — Nega tanimay, hamisha yerga qarab, bir nimalarni oʻylab yuradigan Usmonali amaki-da. Sotuvchi doʻkonda hech kim yoʻqligiga ishonchi komil boʻlsa-da, tevarak-atrofga olazarak nazar tashlab olib, peshtaxta ustiga engashdi. — Shu-u Usmonali aka askarlikda boʻlgan… — dedi shipshiyotgandek. — Haligi yigit Usmonali akaning oʻgʻli, — deb maʼlum qildi sotuvchi. — Tolikmi? — Anatoliy Usmonaliyevich, — ishshaydi sotuvchi talabaning soʻzini oʻzicha toʻgʻrilagan boʻlib. — U kishi askarlikda oʻsha yerda uylanib, bir oʻgʻil, bir qiz orttirgan deyishardi. Askarlikdan keyin ham qolib ketib, besh-olti yilcha oʻsha yoqlarda yashagan. Keyin-keyin yurt sogʻinchi ustun kelib, ularni bu yerga olib kelmoqchi boʻlgan, koʻndirolmagan, keyin shartta bariga etak siltab kelavergan… — Oilasini tashlab kelganmi? — deb soʻradi talaba sotuvchi hamma narsani biladigandek. Sotuvchi, shuyam savol boʻldimi, degandek gʻalati tarzda labini burdi. Keyin talabani ogohlantirayotgandek boʻlib: — Ammo-lekin,uning oʻgʻli sendan qarz olganini hech kimga ogʻzingdan chiqara koʻrma, — dedi. — Usmonali aka koʻra-bila turib bu ishga jim qarab turganim uchun avval kelib meni yeydi, keyin seni yeydi… Talaba tarvuzi qoʻltigʻidan tushgancha tashqariga chiqdi. Doʻkon oldida oʻtirganlar biroz koʻpaygan, ammo Tolik koʻrinmasdi. U tashqariga chiqishi bilanoq: — Senga Tolik nima dedi? – deya kimdir qichqirdi. Talaba kiftini qisdi: — Hech nima… — Koʻzingga qara-da. Talaba ketdi. U katta yoʻlni endigina kesib oʻtgan ediki, yonboshdagi tor koʻchadan yoʻtala-yoʻtala Tilla bobo chiqib qoldi. — Ie, iye, Tojivoymisan? – deb soʻradi. — Ha, Tojivoyman, — bosh irgʻadi talaba. — Buni qara-ya…oʻqishdan kelyapsanmi? Talaba yana bosh irgʻash bilan uni tasdiqladi. — Durust, durust, — Tilla bobo oʻz yoʻlida davom etmoqchi edi, qandaydir muhim narsa yodiga tushib qolgandek toʻxtadi. — Usmonalining oʻris xotinidan boʻlgan oʻgʻlini koʻrmadingmi mabodo? — deb soʻradi. — Koʻrdim, — dedi talaba. Tilla bobo unga sinovchan tikila turib: — Shu bola biron falokatni boshlab qoʻyib, bu yoqlarga qochib kelgan-ov! – dedi tomoq qirib qoʻygancha. — Bilmadim, — dedi talaba kift qisib, oʻzini bu gaplarga aloqasiz koʻrsatib. — Yoʻqsa, oʻz-oʻzidan nima qiladi kelib? – dedi Tilla bobo oʻz mulohazasini asosli dalillar bilan tasdiqlayotgandek. – Usmonalini otam deganda, shuncha vaqt kutib yurarmidi, avvalroq kelardi-da. Tinchgina yuruvdig-a. Tilla bobo karaxtlanib turgan talabaga sarosof nazar tashlab qoʻydi-da: — Yo, ovlo, oʻzing asra, — deganicha yoʻlida davom etdi. Talabaning ichidagi nomaʼlum hadik battar kuchaydi… * * * Talaba keyingi safar kelishida qishloqqa yetmayoq avtobusdan tushdi. Bu choqda uzumlar gʻarq pishgan, talaba qishloq chetidagi oʻzlarining tokzor bogʻlarini oralab, keyin uylariga borishni xayol qilgandi. Shunday qildi ham. Kechqurun uylariga kirib borib otasi bilan koʻrishib-soʻrashib boʻluvdi hamki, izidan akasi keldi. Endi oʻttizga toʻlgan akasining qop-qora yonoqlari ichiga botgan, oʻz yoshidan oʻn-oʻn besh yoshlar katta koʻrinardi. U ustachilik qilar, poytesha-yu toʻngʻizarra ishlatardi, kasbiga yarasha jahli ham burnining uchida turardi. — Qalaysan? — dedi akasi qoʻlini uzatib, u har gal quchoqlashib koʻrishardi. — Durust, — dedi talaba ham qoʻl uzatib. — Oʻqishlar qalay? — Yomonmas. — Qishloqqa kelganingda ehtiyot boʻlib yur. — Tushunmadim… — Nimani tushunmaysan? Usmonali akaning anovi oʻgʻli bilan nimalarni gaplashdilaring? — Nimani gaplashibmiz? – Menga qara, uning nima ishlar qilib kelganini kim biladi? Balki, birovni oʻldirib bu yerlarda qochib yurgandir, balki, oʻgʻirlik qilgandir… Talaba oʻzini zoʻrlab kuldi. — Kulasan-da, kulasan, — dedi akasi bu kulgining yigʻisi ham bor, degan maʼnoda. — U seni soʻrayverib holi jonimga qoʻymayapti. — Nima gapi bor ekan? — Aytarmidi… — Borib soʻray boʻlmasa. Akasi talabani katta xavf-xatardan qutqarib qolmoqchi boʻlayotgandek: — Kallang ishlamaydi-da, endi shu yetmay turuvdi, — dedi. — Sen, yaxshisi, uning koʻziga koʻrinmay yur. Talabaning otasi oʻmroviga bolishni tortgancha peshayvonda yonboshlab yotgandi. Aka-ukaning tik turgancha nimalarnidir muhokama qilishayotganidan toqati toq boʻlib: — Ha-a, nima gap ekan? — deya baqirib soʻradi. Aka peshayvon tomonga uch-toʻrt odim bosib, ortga oʻgirildi-da: — Bu Usmonali akaning haligi oʻgʻli bilan nimalarnidir gaplashibdi, — dedi. — Gaplashsa gaplashar, — dedi ota parvo qilmay. — Usmonalining oʻzi kim-u, oʻgʻli boʻlsa?.. — U buni mendan soʻragani-soʻragan. — Biron ish-yumushi boʻlsa soʻraydi-da, — dedi ota, shungayam ota goʻri qozixonami, degan ohangda. Aka qoʻl siltadi. — Siz koʻchaga chiqmay yotasiz, qishloqda odamlar qanaqa boʻlib ketishganini bilmaysiz-da,— dedi endi otasini ham ayab oʻtirmay nimalargadir ishora qilganicha. — Qarab tursam, koʻcha-kuydami, toʻy-maʼrakadami ular pisir-pisir gap qoʻzgʻashyapti. — E! — ota yotgan joyida qandaydir hafsalasizlik bilan qoʻl siltadi. — Nima, siz uni bu yoqlarga behuda kelgan deb oʻylayapsizmi? — dedi aka. — Men hech nima deb oʻylaganim yoʻq, — dedi ota. — Boyoqish Usmonalining oʻgʻli ekan, hamqishlogʻimiz ekan, qondoshimiz ekan, qora tortib kelibdimi, oʻshangga balli… — E, qoʻying-e, siz ham oʻsha kasofatning yonini olmang. Ota nimadir demoqchi boʻldi-yu, oʻgʻli bilan gap talashib oʻtirishni oʻziga lozim koʻrmay, narigi yonboshiga agʻdarilib oldi. Aka shundayam oʻz fikrida sobit qolganini bildirib: — Koʻziga qarasin-da, — dedi-yu,tilining ostiga bir otim nosvoy tashlab, indamay chiqib ketdi. Ertasi kuni talaba akasining nasihatiga koʻra Tolikka duch kelmaslik uchun doʻkon oldidagi bekatga tushmay, uzumzor oralab kelgan yoʻli bilan iziga qaytdi. Biroz olisligini aytmasa, talabaning oʻziga ham shu maʼqul tushdi, doʻkon oldidagilarning har xil pichingli savollariga javob berish dahmazasidan qutiladi,Tilla boboga ham toʻqnash kelmaydi. Talaba endi qishloqqa yetmay avtobusdan tushadigan, shu yerdan avtobusga chiqadigan boʻldi. Uning baribir qulogʻi tinchimadi. U uyga kelgan zahotiyoq akasi ham paydo boʻlar, gʻoyat tashvishli qiyofada: — U seni yana soʻradi, — derdi. Akasi bu gapni har gal har xil tarzda aytardi: bir gal, u falonchi-pistonchining janozasida otasining yonida turgan ekan, butun qishloq ahli yigʻilgan edi, u esa janoza-panoza deb oʻtirmay menga yaqinlashdi-da, seni soʻradi, desa, boshqa gal, men falonchi-pistonchining uyini qurayotganimda hashar bahonasida uyam keldi, oʻziyam rosa loy tashidi-yu, endi tushlikka chiqayotganimizda yana yonimga kelib seni soʻradi, derdi. Keyin sen u bilan nimalarni gaplashganding, ishqilib, oʻshanda unga qandaydir vaʼdalar bermaganmiding, agar shunaqa boʻlgan boʻlsa ochigʻini ayt, ochiq-oydin hal qilib olaylik, degan soʻrab-surishtirishlar boshlanardi.Uni koʻrishga meniyam yuragim bezillab qoldi, shunaqa qilaversa, men ham endi bu qishloqda ishlamay, boshqa joylardan ish izlashimga toʻgʻri kelib qoladi, derdi akasi. Bir tomoni talabaning akasiga rahmi ham keldi. Namuncha u meni soʻrab-surishtirmasa, degan jumboq hamon talabaning boshini qotirardi. Tikka borib, nima gap, mana men keldim, desa boʻladi-ku, ammo akasi uning bunday harakat qilishiga mutlaqo qarshi, tinch yur, u qandaydir kasofatni boshlab kelgan – hamma shunday deyapti, buni oʻzimning ham koʻnglim sezib turipti, sen yaxshisi u bilan uchrashma, gaplashib ham yurma, deydi. Bu gaplarni eshitib, talabaning gumonsirashi battar ortadi. “Balki, Tolikning yana vino ichkisi kelib pul topolmaganidan meni izlab-qidirib yurgandir?” degan fikr ham miyasiga bot-bot kelib qolar, bu dardisarning dahmazasidan qanday qutilsam ekan, deb oʻylardi. Oradan oylar oʻtib, talaba yangi yilni kutib olish uchun qishloqqa keldi. Shaharda qor uchqunlab turardi,qishloqda esa qalin yoqqan ekan. U avtobusdan odatdagidek qishloq chetida tushib qoldi. Hammayoq oppoq, koʻz qamashadi. Talaba tizzadan qor kechib, tepaliklar oralab ketdi. Qachonlardir yogʻishni boshlagan laylakqor hamon gupillab urib turardi. Tuyqusdan talaba ortidan kimningdir baqirib-chaqirayotganini eshitib qoldi. U oʻgirildi. Uzoqda uzun qora choponli kimdir birov u tomonga shoshib kelar, qoʻllarini tepaga koʻtargancha, toʻxta, ishorasini qilib toʻlgʻar, oshiqib-shoshiqqanidan oʻqtin-oʻqtin yiqilib ham qolardi. “Kim boʻlsaykin?”, deb oʻylagan talaba biroz toʻxtab kutishga qaror qildi. U yaqinlashaverdi. Orada ozgina masofa qolganda talaba uning Tolik ekanligini bildi-yu, noiloj qoldi. Endi kech edi. Tolik boshidagi telpakni yulqib yechdi. Shunda uning qora terga botgani maʼlum boʻldi. Telpagi bilan yuz-koʻzini artarkan: — Uf-f!.. – deganicha oʻzini shartta qor ustiga tashladi. U nafas rostlay boshladi. Keyin choponining barini qayirib tashlab, shimining choʻntagiga qoʻlini suqdi va undan pul chiqazib oʻtirgan joyida talabaga uzatarkan: — Ma, ol! – dedi. Talaba beixtiyor: — Nega? — deb yubordi. — Nega boʻlardi? — dedi hamon harsillab koʻksi koʻtarilib tushayotgan Tolik. — Bu sendan olgan qarzim. Oʻshandan keyin seni hech uchratolmadim, pulingni oʻshandayoq qaytarmoqchi edim… Kimga berishimni bilmayman. Soʻrab-surishtirib akangni topdim, sendan olgan qarz pulni unga tayinlab berib yubormoqchi boʻldim-u anavi sotuvchi uchovimizdan boʻlak hech kim bilmasin degani uchun bunday qilmadim. Akangdan seni soʻrasam biron aniq javob bermaydi, tovba, qiziq odamlar-a bular… Talaba ham negadir shu choqda holdan toyganini payqab, uning yoniga oʻtirdi. Koʻngli xotirjam boʻlganiga qanoat hosil qilgandek, Tolik koʻksini toʻldirgancha chuqur nafas oldi. — Keragi yoʻq edi, — gʻoʻldiradi talaba. — Nega endi? Tolik jilmaydi. Uning jilmayishida oʻzini ketma-ket kunlar, ketma-ket haftalar, ketma-ket oylar mobaynida qiynab kelgan mushkulotdan forigʻ boʻlganining quvonchi mujassam edi. Talaba yuzini boshqa tomonga burdi. Uning koʻzlari jiqqa yosh edi. Download 68.13 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
1 2
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling