Etika (yun. ἠθική [φιλοσοφία] "axloq falsafasi", yun. ἤθος (ētos) "odat") shaxs yoki jamiyat


Download 35.66 Kb.
Pdf ko'rish
Sana17.06.2023
Hajmi35.66 Kb.
#1538326
Bog'liq
etika



Etika (yun. ἠθική [φιλοσοφία] - "axloq falsafasi", yun. ἤθος (ētos) - "odat") shaxs yoki jamiyat
odatlarini, axloq normalarini oʻrganuvchi hamda belgilovchi falsafiy tadqiqotdir. U "toʻgʻri"-
"notoʻgʻri", "yaxshi"-"yomon" tushunchalarini tahlil qiladi. Etika meta-etika (etika konseptlari),
normativ etika (etik qiymatlarni belgilash) va amaliy etika (etik qiymatlarni ishlatish) boʻlimlaridan
iborat.
Etika (yun. yegpoz — xulq, odat) — axloq va uning shaxs hamda jamiyat hayotidagi oʻrnini
oʻrganuvchi falsafiy fan. E. axloqshunoslikning falsafiynazariy muammolarini va axloqqa doir
didaktikamaliy asarlarni oʻz ichiga oladi. U insoniyat oʻz tajribasi orqali erishgan donishmandlik
namunalarini hikoyatlar, hikmatlar, naqllar, maqollar tarzida bayon etadi, kishilarga axloqning
mohiyatini tushuntirib, falsafiy xulosalar chiqaradi, ularga axloqiy qonunqoidalarni oʻrgatadi.
E.ning quyidagi mezoniy tushunchalari — kategoriyalari bor: fazilat va illat, yaxshilik va yomonlik,
halollik, rostgoʻylik, kamtarlik, adolat, burch, vijdon, nomus, ideal, baxt, hayotning maʼnosi va
boshqalar Axloq inson va jamiyat hayotining barcha (shaxsiy, jamoaviy, kasbiy va h.k.) jabhalarini
qamrab olganligi tufayli uni oʻrganuvchi E. barcha fanlar bilan aloqador. Ayniqsa, uning maʼnaviyat
tizimidagi fanlarga taʼsiri katta. E.ning estetika bilan bogʻliqligi sanʼat vositasida roʻy beradi; har bir
sanʼat asarida axloqning dolzarb muammolari koʻtariladi, sanʼatkor oʻz davri axloqiy darajasini va
unga munosabatini badiiy qiyofalar orqali bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Demak, estetika
oʻrganayotgan har bir badiiy asar ayni paytda E. nuqtai nazaridan ham tadqiq etilayotgan boʻladi.
E.ning dinshunoslik bilan munosabati har ikkala fanning axloqiy mezonlar muammosini hal etishga
qaratilgani bilan bogʻliq.
Bunda din — vosita, axloq — maqsad tarzida namoyon boʻladi. Har bir dinning muqaddas kitobi
xudoning bandalarini ham eʼtiqodiy, ham axloqiy insonlar qilib tarbiyalashga yoʻnaltirilgan.
Shuningdek, komil inson muammosi har ikkala fan uchun umumiy hisoblanadi; farq shundaki, E. bu
muammoga zamonaviy tarbiya nuktai nazaridan yondashadi. E. huquqshunoslik bilan chambarchas
bogʻliq; koʻp hollarda axloqiy va huquqiy meʼyorlar mohiyatan bir xil boʻladi, ular faqat yondashuvda
— sanksiyalarning joriy etilishidagi usul orqali farqlanadi. Shunga koʻra, axloqni jamoatchilik
asosidagi huquq, huquqni esa qonuniylashtirilgan axloq deb atash mumkin. E.ning huquqshunos
odobi deb atalgan maxsus sohasi ham mavjud. E. oʻzining nazariy va ayniqsa, amaliy jihatlari bilan
ped. fanining asosi hisoblanadi; taʼlim tizimidagi taʼlimtarbiya oʻzini har qadamda axloqiy tarbiya
sifatida namoyon qiladi. Shuningdek, E. psixologiya, sotsiologiya, siyosatshunoslik, ekologiya kabi
qator fanlar bilan ham mustahkam aloqador, ular muammolarini hal qilishda axloqiy nuqtai nazar,
axloqshunoslik nazariyalari muhim ahamiyatga ega.
E.ga doir dastlabki tushunchalar shumerliklarning "Me" qonunlar majmuida uchraydi. Undagi
"namlul" tushunchasi insonparvarlik, ezgulik maʼnolarini anglatgan. Bobil podshosi Xammurapi
qonunlarida, "Pxatoten oʻgitlari", "Misr mayyitlar kitobi", Avesto kabi qadimiy yodgorliklarda axloqiy
tamoyillar va meʼyorlar qonunlar, eʼtiqodiy daʼvatlar shaklida berilgan; Hindistonning
"Manuqonunlari", "Dhammapada", "Patanjali" kabi yodgorliklarida esa pandnoma va hikmat usuli
ustuvor. qadimiy Xitoy daochidonishmandlari insonni tabiatning bir qismi sifatida olib qaraydilar va
uning vazifasi fazilat yoʻlidan borish ekanini, barcha yovuzliklar, baxtsizliklar insonning tabiat joriy
etgan qonunlardan chekinishi oqibati ekanini taʼkidlaydilar. Konfutsiy va uning izdoshlari fazilat
egasi boʻlishni urf-odatlarga soʻzsiz boʻysunishda koʻradilar. qadimiy Sharqdagi, xususan, Misr va
Hindistondagi axloqiy gʻoyalar, qarashlar antik davr estetikasiga ilmiynazariy asos boʻldi; yunon
mutafakkirlari Sokrat va Platon qarashlarida ilohiylik axloqning asosi, insonga axloqiylik azaldan
berilganligi taʼkidlansa, Aristotel inson kamolotga bilish faoliyati, voqelikka faol munosabati orqali,
hirsu ehtiroslar ustidan hukmronlik qila olishi tufayli erishadi, deydi. Sitseron, Seneka, Epiktet
singari qadimiy Rim axloqshunoslarining qarashlarida esa qullik, erk, hayotning maʼnosi, baxt
muammolari oʻrtaga tashlanadi. Oʻrta asrlar E.sida qadimgi Sharq mutafakkirlari (Roziy, Forobiy,
Ibn Sino, Ibn Rushd) asarlari va fikhiy tasavvufiy yoʻnalishlarda Abu Lays Samarqandiy, Gʻazzoliy,
Rumiy, Aziziddin Nasafiy, Navoiy, Koshifiy tomonidan yozilgan kitoblar E. taraqqiyotiga katta hissa


boʻlib qoʻshildi; Uygʻonish davri faylasuflari oʻz axloqiy qarashlarida ulardan samarali foydalandilar
(Valla, Monten). Bu taʼsirni yangi davr axloqshunosligida ham yaqqol sezish mumkin; Gobbs,
Spinoza, Gelvetsiy, Golbax, Russo kabi maʼrifatchilar axloqning shaxs va jamiyat hayotidagi oʻrniga,
demokratik oʻzgarishlarning axloqiy ildizlariga eʼtiborni qaratdilar.
Bu davrda nemis mumtoz axloqshunosligi alohida ahamiyatga ega boʻddi; u bir tomondan ratsional
nazariyalarni (Kant, Shiller, Fixte, Shelling , Gegel, Feyerbax), 2tomondan, noratsional qarashlarni
(Kyerkegor, Shopengauer, Nitsshe) oʻrtaga tashladi; Kant burchga asoslangan imperativ (qatʼiy amr)
gʻoyasini ilgari surdi, Gegel axloqning miqyosiyligini, huquqning asosi, jamiyatning qoni va joni
ekanini, Feyerbax axloqiy xattiharakatlarda hissiyotning , ayniqsa, muhabbat hissining ahamiyatini
taʼkidladilar. Noratsional yoʻnalish tarafdorlari insonni tushunchalar (aql) yordamida bilish mumkin
emasligini, yovuzlikning ezgulikdan gʻolib kelayotganligi axloqsizlikni axloqiy niqob bilan berkitishga
doimiy urinish bilan bogʻliqligiga, inson ixtiyor iskanjasida, manfaat va hukmronlik yoʻlida hech
narsadan toymaydigan jonzotga aylanib borayotganiga diqqatni qaratdilar. 19-asrning 2-yarmi — 20-
asr boshlaridagi rus mumtoz axloqshunosligi axloqiylikni diniylik bilan yaxlitlikda olib qaradi
(V.Solovyov, F.Dostoyevskiy, N.Berdyayev, B.Visheslavsev), ezgulik bilan yovuzlikning dialektik
aloqadorligi masalasini oʻrtaga tashladi. Etik tafakkurlar tarixida axloq tabiati haqidagi turli
taʼlimotlar vujudga kelgan (q. gedonizm, evdemonizm, utilitarizm). Hozirgi paytda gʻayrizoʻravonlik
axloqshunosligi (Gandi, King , Sharp, Guseynov) muhim ahamiyatga ega. U yovuzlikka qarshi
zoʻravonlik ishlatmasdan kurashishni tavsiya etadi — terror qilish, qon toʻkish, isyon koʻtarish bilan
emas, muhabbat, kechirimlilik, yuksak axloqiylik, ezgu ixtiyor va iroda vositasida ish tutish lozim.
Shuningdek, bugungi kunda hayotga ehtirom yoki universal E. (A.Shveyser), yangi tasavvuf E.si
(M.Qutqu, M.Joʻshon) insoniyat oldiga dolzarb axlokiy vazifalarni qoʻymoqda. Hayotga ehtirom
insondan mavjudlikdagi har bir jonzotga — oʻsimlikka ham, hayvonlarga ham oʻz hayoti kabi oliy
qadriyat deb qarashni talab etsa, yangi tasavvuf axloqshunosligi industrial jamiyatda nafsga qarshi
kurashishning muhimligini isbotlab beradi.

Download 35.66 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling