Falsafada milliylik va umuminsoniylik


Download 31.81 Kb.
Sana09.01.2022
Hajmi31.81 Kb.
#261560
Bog'liq
Falsafada milliylik va umuminsoniylik


Falsafada milliylik va umuminsoniylik
Falsafada milliylik va umuminsoniylik, milliy falsafani rivojlaantirish zarurligi. Falsafa umuminsoniy fan sifatida bashariyatga doir umumiy muammolarni qamrab oladi, albatta. Ma’lumki, olam va odam munosbatlari, jamiyat va tabiatni asrash, umrni mazmunli o’tkazish, yaxshilik va yomonlik kabi qadriyatlar bilan bog’liq masalalarning barchasi insoniyat uchun umumiy. Ammo falsafada muayyan milliy xususiyat, maqsad va intilishlar ham o’z ifodasini topadi. Aslida, yuqorida zikr etilgan umuminsoniy mavzu, masala va muammolarning barchasi avval-boshda xususiy, milliy, mintaqaviy ahamityaga molik masalalar tarzida namoyon bo’ladi. O’z yurti, millati, ota-onasi va yor-birodarlarini sevgan vatanparvar inson, avvalo, ana shularning kamoli uchun qayg’uradi, ularni o’ylaydi, ularga xizmat qilishi oliy saodat deb biladi.Bunday shaxs dunyoqarashida ana shu jihat va xususityalar albatta aks etadi. Bu esa, o’z navbatida, umuminsoniy fan bo’lgan falsafada milliylikni aks etishiga asos bo’ladi. Umuminsoniylik – vatansizlik (kosmopolitizm) bo’lmagani singari, milliylik ham – milliy qobiqqa o’ralish, milliy mahdudlik degani emas. Lekin sizning xayolingizga beixtiyor “Milliy falsafa bo’lishi mumkinmi? Axir, yuqorida falsafaga o’z mohiyati bilan umuminsoniy fan deb ta’rif berdik-ku?” – degan svaoolar charx urishi mumkin. Bu – o’ziga xos milliy taraqqiyot yo’lidan ketayotgan barcha xalqlar falsafasi uchun daxldor bo’lgan savoolardir. Agar biz yuqorida qayd etilgan muammolarga milliy manfaatlarimiz nuqtai nazardan qaraydigan bo’lsak, yurtimizda bu yo’nalishni rivojlantirish zarurati etilganini anglaymiz.

Falsafiy adabiyotlarda milliy falsafa mavzusida turlicha fikrlar mavjud. Ayrim faylasuflar, aslida milliy falsafa bo’lishi mumkin emas, bunday yo’nalishning o’zi etnik mahdudlikka olib keladi, deb hisoblaydi. Boshqalari esa, modomiki, milliy falsafa milliy g’oyani va mafkurani shakllantirishning nazariy asosi ekan, har qanday umumiy qonuniyatlar muayyan ijtimoiy makon va tarixiy zamonda xususiy holda namoyon bo’ladi, deya milliy falsafani yoqlab chiqadi.

Biz millat bor ekan, milliy madaniyat, til va adabiyot ham mavjud degan fikrga o’rganib qolgamiz, Aslida, ularning barchasi nafaqat bir millatga, balki butun insoniyatga xos-ku! Bizning nazarimizda, milliy falsafa millat mentaliteteni belgilaydigan muhim omildir. Umumbashariy sivilizasiyaga uzviy qo’shilish jarayoni milliy falsafani yaratish orqali sodir bo’ladi. Eng muhimi – falsafadagi miliiylik umuminsoniylikni rad qilish evaziga emas, balki uni ijodiy boytish orqali rivojlanib boradi.

Falsafa tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, ayrim milliy falsafalarning umuminsoniy ma’naviyat xazinasiga munosib hissa bo’lib qo’shilganini ko’ramiz. Masalan, Rim imperiyasi zavolga yuz tutgandan keyin o’z milliy davlatchiligiga ega bo’lgan Evropa mamlakatlarida, o’rta asrlarga kelib, milliy falsafa yaratish imkoni tug’ildi. To’g’ri, ular umumevropa hududida, qadimiy Yunonisiton va Rim madaniyati negizida shakllandi. Ularda Evropa xalqlariga xos umumiy jihat va xususiyatlar, umumetnik mentalitet aks etgan edi. Bu jarayon avvalo, Italiya va Angliyada, so’ngra Fransiyada yuz berdi. Bu falsafiy maktablarning F.Bekon va R.Dekart, B.Spinoza va J.J.Russo kabi atoqli namoyodalari nafaqat o’z mamlakatlari, balki Evropa va jahon falsafasi tarixida o’chmas nom qoldirdi. Ular, avvalambor, o’z yurti, o’z millati sha’ni sharafini yuksaklikka ko’tarish, taraqqiyotga olib chiqish uchun ilg’or g’oyalarni o’rtaga tashlagan, davr taqazo etgan mafkuraning shakllanishiga hissa qo’shgan.

Xuddi shunday, VIII-XIX asrlarda milliylik va jahon falsafasining taraqqiyotiga nihoyatda katta ta’sir ko’rsatgan hudud Prussiya bo’ldi. Uzoq vaqt Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibida bo’lgan bu o’lka mustaqillikka erishib, milliy davlatchiligini tiklaganidan keyin, milliy ozodlikning falsafiy in’ikosi o’laroq Immanuil Кant, Georg Vilgelm Fridrix Hegel, Iogan Gotlib Fixte, Fridrix Vilgelm Yozef Shelling, Lyudvig Feyrbax kabi donishmandalar tomonidan asoslangan nemis falsafasi shakllandi. Кeyinchalik bu falsafa Fridrix Nisshe, Zigmund Freyd kabi ko’plab faylasuflar tomonidan rivojlantirildi. Ushbk falsafa maktabining atoqli namoyondasi hisoblangan Hegel ta’limoti esa, Pruss monarxiyasining davlat mafkurasi maqomini oldi. Hamma narsaning o’tkinchi ekanligini nihoyatda yaxshi biladigan, yangi zamonning Arastusi nomini olgan Hegel Pruss monarxiyasining o’tkinchi ekanligini bilmasmidi? Nima sabadan u dialektik ta’limot emas, balki monarxiyaga xizmat qilgan falsafiy sistemaning mukammalroq bo’lishi uchun ko’proq kuch sarfladi? degan savollar haligacha faylasuflarni o’ylantirib keladi.

Xo’sh nima sabadan Hegel bu yo’ldan bordi? Chunki, Hegel o’z davrining, o’z xalqining farzandi edi. U mustaqil nemis milliy davlati – Pruss monarxiyasi davrining mahsuli, o’sha davr falsafasining namoyodasi edi. U “Faylasuflar osmondan yomg’ir kabi yog’ilmaydilar yoki yomg’irdan keyingi qo’ziqorinlardek erdan o’sib chiqmaydilar, balki ularni xalq yaratadi” deganida ana shuni nazarda tutgan edi. Hegel o’z ijodi va faoliyati bilan Pruss monarxiyasi, garchand monarxiya shaklida bo’lsada, nemis davlati ekanligini o’z millatining ongi va dunyoqarashini tarkibiy qismiga aylantirib keta olgan buyuk faylasuf edi. Uning “Aqlga muvofiq narsalarning barchasi voqedir, voqe bo’lgan narsalarning barchasi esa aqlga muvofiqdir”, degan so’zlari ana shu ma’noda tushunish lozim. Hegelning bu masalada dialektik emas, balki metafizik usulga ko’proq e’tibor berganligining sababi ham ana shunda.

O’sha davrgacha, Rim imperiyasi qulaganidan keyin ko’proq tarqoq hudularga bo’linib, Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibida yashab kelgan nemis millati uchun Pruss monarxiyasi – milliy davlat edi. Uning shakli-shamoili kelajakda o’zgarishi boshqa masala bo’lgani holda, bu davlatning Evropada nemis milliy davlati tarzida saqlanib qolishi, uning millat falsafasiga aylanishi bilan bog’liq edi. Millat falsafasiga, uning dunyoqarashiga aylangan milliy davlatchilik g’oyasi hech qachon so’nmaydi, garchand yurtni yovlar asrlar davomida bosib tursalarda, qachondir baribir qad rostlaydi va millatning davlati tarzida yana qayta namoyon bo’ladi. Hegel o’z millatining falsafasi va dunyoqarashiga o’sha davlatning shakli-shamoilini va mazmun-mohitini singdirib keta olgan faylasuf darajasiga ko’tarilgani uchun ham bu millat tarixda va u orqali, jahon falsafasi tarixida abadiy qoladi. Milliylik va umumevropa madaniyatidan bahra olgan bu falsafa haligacha o’z jozibasini yo’qotmaganligining sabalaridan biri ham ana shunda.

Shunga o’xshash vazifani, o’z davrida, millatimizning asl farzandi Alisher Navoiy ham bajargan. U ozodlikka erishgan millat falsafasini adabiyot falsafasiga, mustaqil davlat tilini adabiyot tiliga aylantira olgan, o’z xalqining bu sohadagi dahosi buyuk eanligiga, na faqat zamondoshlari, balki kelajak avlodlarni ham ishontirib keta olgan edi. Navoiy va uning zamoniga, o’sha davrga xos o’zgarishlarning boshida turgan Amir Temur faoliyatiga qayta-qayta murojat etishning sabalaridan biri ham ana shunda. Zero, har bir xalq, avvlao, o’zining tarixidan bugungi kun uchun tashbehlar izlaydi. Va ijtimoiy taraqqiyoti uchun asos bo’ladigan ma’naviy tamoil, an’ana va qadriyatlarga murojat qiladi.

Bugungi kunda bashariyat milodiy XX asr bilan xayrlashib uchinchi ming yillikka qadam qo’yganligiga ham bir necha yillar bo’ldi, hayotning barcha sohalarida ulkan yutuqlarga erishdi. Fan va texnika, madaniya va maorif rivojlandi. Odamzod o’zining aql-zakovati va mehnati bilan juda ko’p yangiliklar yaratdi. Dunyoning ko’plab sir-asrori kashf etildi, buyuk ixtirola qilindi.

Biz yashayotgan dunyo so’nggi yillarda nihoyatda o’zgarib ketdi. Xususan, Vatanimiz tarixida XX asrning 90-yillarida olamshumuml voqealar yuz berdi: mamlakatimiz mustaqillikka erishib, tub islohatlarni amalga oshirishga kirishdi. Xalqimizning huquqiy demokratik jamiyat barpo etish zarurati dunyoqarashni tubdan o’zgartirish, eski aqidalardan tamomila voz kechish, istiqlol mafkurasini shakllantirish, xalq ma’naviyatini yuksaltirish taqazo etdgan edi. Bunda ijtimoiy fanlar, ayniqsa falsafiy bilimlarni egallash muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda o’z milliy falsafa maktablarini yaratgan xalqlar bor. Chunonchi, “hind falsafasi”, “xitoy falsafasi”, “nemis falsafasi”, “ingliz falsafasi”, “rus falsafasi” kabilar shular jumlasidandir. Milliy adabiyot, milliy madaniyat, san’at va hokazolar bo’lgani kabi, milliy falsafaning bo’lishi ham tabiiy. Ammo bu – falsafa milliy qobiqqa o’ralib qoladi, degani emas. U umuminsoniy fan sifatida, bir tomondan, umumbashariy muammolarni qamrab olsa, ikkinchi tomondan, shu masalalar bilan shug’ullanayotgan aniq shaxs – faylasuf mansub millatning muayyan manfaatlarini ham ifodalaydi. Millat ozod bo’lsayu o’z turmush tarziga mos fikrlasa, olamni, uning muammolarini dunyoqarashiga xos tarzda idrok eta olsa, uning o’z falsafasi shakllanadi. Bunday falsafa xalq manfaatlarini aql-idrok, mafkura yo’li bilan himoya qilishga, uning ongi, dunyoqarashi va ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Shu bois Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so’ng milliy falsafani rivojlantirish g’oyat muhim ahamiyat kasb etdi. Busiz millatning haqiqiy farzandi bo’lgan, uning kamolini o’ylaydigan chinakam ozod, hur fikrli, barkamol insonni yaratib bo’lmaydi. Shu sababli biz o’rganadigan falsafa umumbashariy muammolar bilan birga, Vatanimiz mustaqilligini mustahkamlash, huquqiy demokratik jamiyat barpo etish jarayonidagi ma’naviyatning tarkibiy qismi bo’lib, uning asosiy tamyillarini aks ettirmog’i lozim.



Fan ilmiy dunyoqarash shaklidir. Falsafa va faning o’zaro mutanosibiligi va farqi. Fanning mohiyatini tushunishga nisbatan ikki asosiy yondashuv, uning keng va tor talqinlari shakllangan. Кeng (yig’ma) ma’nodagi fan –bu butun inson faoliyati sohasi bo’lib, uning vazifasi borliq haqidagi ob’ektiv bilimlarni o’rganish va ilmiy nazariy tizimga solishdan iboratdir. Bu erda “fan”, “olim” tushunchalari muayyanlashtirilmaydi va umumiy, yig’ma tushunchalar sifatida talqin qilinadi. “Fan” tushunchasi falsafaga tatbiqan ko’pincha ayni shu kontekstda qo’llaniladi, faylasuflar esa olimlar deb ataladiki, bu qisman o’rinlidir.

Muayyan ilmiy fanlar, masalan, fizika, kimyo, biologiya, tarix, matematikani ifodalash uchun ««fan» tushunchasiga torroq, binobarin, izchilroq ma’no yuklanadi. Bu erda fanga aniq ta’rif berilgan, olim esa tor mutaxassis, muayyan bilim ifodachisi hisoblanadi. U shunchaki olim emas, balki doim va albatta yo fizik, yo ximik, yo tarixchi, yo boshqa fan vakilidir. Ayni holda fan muqarrar tarzda tabiat, jamiyat, tafakkurning u yoki bu ob’ekti (hodisasi) haqidagi ilmiy bilimlarning qat’iy tartibga solingan, izchil tizimidan tashkil topadi.

Bunday fanlarning har biri faqat ularning o’zigagina xos bo’lgan maxsus qonunlar va metodlarga, mazkur fan uchun yagona bo’lgan til, kategoriyalar apparati va hokazolarga ega bo’ladiki, bu yuz bergan jarayonlarni to’g’ri tavsiflash va tushuntirish, hozirgi davrni to’g’ri tushunish va bilimlarning tegishli sohasida albatta yuz beradigan yoki muayyan sharoitda yuz berishi mumkin bo’lgan voqealar yoki jarayonlarni ma’lum darajada aniq bashorat qilish imkonini beradi. U yoki bu fanning mazmuni ham, u erishgan natijalar ham barcha madaniyatlar va xalqlar uchun yagona bo’lib, ayrim olimning yondashuvi, nuqtai nazari yoki dunyoqarashiga mutlaqo bog’liq emas. Ular mazkur sohada olg’a siljish uchun o’zlashtirish lozim bo’lgan, vaqt va amaliyot sinovidan o’tgan bilimlar yig’indisi sifatida avloddan-avlodga o’tadi.



Falsafada esa qadimda donishmandlik muxlislarining son-sanoqsiz savollariga tajriba yo’li bilan olingan ba’zi bir oqilona javoblar mavjud bo’lgan. Bu javoblarni haqqoniy, ya’ni amaliyot sinovidan o’tgan, kundalik hayotda o’z tasdig’ini topgan, aniq bilim deb nomlash mumkin. Bunday javoblar masala ««yopilishi», kun tartibidan chiqarilishiga sabab bo’lgan, boshqacha aytganda, aniq ta’riflangan va boshqa javoblarni istisno etgan.

Bunga juda ko’p misollar keltirish mumkin. Masalan, har qanday uchburchak burchaklarining yig’indisi 180 gradusga tengligi yoki suyuqlikka solingan jismga siqib chiqarilgan suyuqlik og’irligiga teng kuch ta’sir ko’rsatishi aniqlangani zahoti bu masalalar o’zining ««ochiq» xususiyatini yo’qotgan, ya’ni ular o’zining boshqa variantlarni istisno etadigan aniq echimini topgan. Bu mazkur masalalar atrofida har qanday qo’shimcha mushohada yuritish foydasizligi tufayli o’zining har qanday ahamiyatini yo’qotganligini anglatgan. Echilgan masalalar va muammolar esa aniq, ishonchli bilim darajasiga o’tgan va shu davrdan e’tiboran o’zining falsafiy tusini yo’qotgan. XX asrda taniqli nemis faylasufi К.Yaspers bu muhim qoidani ta’riflar ekan, shak-shubhasiz asoslardan birini har kim e’tirof etgudek bo’lsa, u shu tariqa ilmiy bilishga aylanadi va bundan buyon falsafa hisoblanmaydi, balki bilimning muayyan sohalariga tegishli bo’ladi, deb qayd etdi.

Shunday qilib, azaldan yaxlit va bo’linmas dastlabki bilim sifatida amal qilgan falsafa zaminida o’sha zamonlardayoq amaliy xususiyat va tegishli yo’nalishga ega bo’lgan bilim sohalari faol shakllana boshladi. Shu tariqa asta-sekin tabiatshunoslik vujudga keldi, muayyan fanlar (matematika, geometriya, fizika, tibbiyot, astronomiya, tarix va boshqalar) shakllanib, o’z shakl-shamoyilini kasb etdi va mustaqil tus oldi. Ayni shu ma’noda falsafa barcha fanlarning asosi hisoblanadi. Bu fanlar falsafadan ajralib chiqqach, keyinchalik ilmiy bilimning tabaqalanishi jarayonida ba’zan parchalanib, o’z tadqiqot predmetini yanada toraytiradi va mufassallashtiradi. Ular tahlilining teranligi va narsalar mohiyatini anglash darajasi ortsa, ayni vaqtda o’rganilayotgan masalalar doirasi torayadi.

Fan bilimning mustaqil sohasi, dunyoqarashning alohida shakli sifatida faqat XVII-XVIII asrlarda to’la shakllandi. Muayyan darajada shartlilik bilan shuni aytish mumkinki, bu I.Nyuton klassik mexanikaning asosiy qonunlarini ta’riflab, shu tariqa tabiatshunoslikning bo’limi – asoslari asrlar mobaynida shakllangan, bosh tamoyillari esa bundan yuz yilcha muqaddam, avvalo Galileo Galiley tomonidan ta’riflangan klassik mexanikaning shakllanishiga yakun yasaganidan keyin yuz berdi.

Fanning eng asosiy funksiyasi bu uning sosial (ijtimoiy) funksiyasidir. Fanning sosial funksiyalari haqida fikr bildirar ekamiz, avvlam bor shuni aytib o’tish joizki, fanning sosial funksiyasi mutlaq o’zgarmas emas, albatta. Aksincha fan rivojlangani singari uning vazifalari ham tarixan o’zgarib va taraqqiy etib boradi. Shu bilan birga sosial funksiyalarining rivoji fan rivojining muhim tomonini tashkil qiladi.

Hozirgi zamon fani juda ko’p munosabatlarda bundan yuz yoki ellik yillar avvalgi fanlardan jiddiy ravishda tubdan farq qiladi. Jamiyat bilan o’zaro aloqasining butun qiyofasi va xarakteri ham o’zgardi.

Jamiyat va inson hayotining turli sohalari bilan o’zaro ta’sirda bo’lgan hozirgi zamon fani haqida gapirar ekanmiz, uning uchta sosial funksiyasini ajartishimiz mumkin. Bu, birinchidan, madaniy-dunyoqarash funksiyasi, ikkinchidan, bevosita ishlab chiqaruvchi funksiyasi, va, uchinchidan, sosial kuchlar sifatida ijtimoiy taraqqiyot jarayonida yuzaga keluvchi turli muammolarning echimini berishida keng foydalanilayotgan ilmiy bilim va usullar funksiyasi.

Fan rivojlanishining asosiy bosqichlari.Miloddan avvalgi I ming yillikdan XVI asrgacha bo’lgan davr ilk fan davridir. Bu davrda asrlar mobaynida avloddan-avlodga o’tib kelgan, hayot tajribasi va mehnat faoliyati jarayonida olingan amaliy bilimlar bilan bir qatorda juda umumiy va mavhum mushohadalarga asoslangan nazariyalar xususiyatiga ega bo’lgan tabiat haqidagi dastlabki falsafiy tasavvurlar (naturfalsafa) vujudga kela boshlagan. Ilmiy bilim kurtaklari naturfalsafa doirasida uning elementlari sifatida shakllangan. Matematik, astronomik, tibbiy va boshqa masalalarni echishda foydalaniladigan ma’lumotlar, usullar va metodlar jamlanishi bilan falsafada tegishli bo’limlar vujudga kelgan va keyinchalik asta-sekin shakllanayotgan ayrim fanlar: matematika, astronomiya, tibbiyot va hokazolarga ajralib chiqgan.

Jumladan, Aristotelning falsafiy asarlarida fizika, zoologiya, embriologiya, mineralogiya, geografiya kabi fanlarning kurtaklariga duch kelish mumkin. Markaziy Osiyo mutafakkirlari al-Xorazmiy matematika, al-Farg’oniy astranomiya, al-Beruniy meneralogiya va geografiya, Ibn Sino tibbiyot, Mirzo Ulug’bek astranomiya, Alisher Navoiy adabiyot ilmi rivojiga munosib hissa qo’shdi va ular ijodi mahsullari bugungi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotgani yo’q. Biroq bu fanlarda ayrim tasodifiy kuzatishlar va amaliyot ma’lumotlari umumlashtiriladi-yu, lekin eksperimental metodlar hali qo’llanilmaydi, aksariyat nazariy qoidalar esa asossiz va tekshirib bo’lmaydigan spekulyasiyalar mahsuli hisoblanadi. Ammo ko’rib chiqilayotgan davrda vujudga kelgan ilmiy fanlar bu davr mobaynida falsafiy bilim qismlari sifatida talqin qilinishda davom etgan.

Shu narsa diqqatga sazovorki, hatto XVII asr oxirida Nyuton o’zining fizika asoslarini yaratgan ««Natural falsafaning matematik asoslari» deb nomlangan asarini e’lon qilgan. Shunday qilib, falsafadan alohida faoliyat sohasi sifatidagi fan hali mavjud bo’lmagan: u asosan falsafa doirasida, ilmiy bilimlarning boshqa manbai – hayot amaliyoti va hunarmandchilik san’ati bilan bir vaqtda va u bilan juda zaif aloqada rivojlangan.

Xullas, bu davrda Qadimgi Yunonistonda “Platon akademiyasi”, Markaziy Osiyoda “Ma’mun akademiyasi” tashkil etilgan, ilmiy bilim rivojida muayyan yutuqlarga erishilgan bo’lsada, madaniyatning alohida shakli sifatida fan paydo bo’lishidan oldingi ««embrional» davri hisoblanadi.

2) XVI-XVII asrlar – 1 ilmiy inqilob davri bo’lib,u klassik fan davri deb nomlanadi va XIX asrgacha davom etadi. U Кopernik va Galiley tadqiqotlaridan boshlanib, Nyuton va Leybnisning fizika va matematika sohasidagi fundamental asarlari bilan o’z cho’qqisiga ko’tarilgan. Fanning bu buyuk ijodkorlari yashagan davr –kashfiyotlar hamda yangi ilmiy g’oyalarning mualliflari sxolastika va diniy dunyoqarash dogmatizmiga qarshi kurash olib borgan romantik davrdir.

Bu davrda hozirgi vaqt tabiatshunosligining asoslari yaratilgan. Hunarmandlar, tabiblar, alximiklar tomonidan qo’lga kiritilgan ayrim dalillar tizimli tahlil qilinib, umumlashtirila boshlagan. Ilmiy bilim tuzishning tabiat qonunlarini matematik ta’riflash, nazariyalarni tajribada sinash, tajribada asoslanmagan diniy va naturfalsafiy dogmalarga tanqidiy qarash bilan bog’liq bo’lgan yangi me’yorlari va ideallari vujudga kelgan. Fan o’z metodologiyasini yaratgan va amaliy faoliyat ehtiyojlari bilan bog’liq bo’lgan masalalarni echishga tobora faolroq yo’naltirilgan.

Biroq fan o’zining yangi metodologiyasini yaratib, amaliyot ruhi bilan sug’orilgani sari u o’z tarixiy vatani – falsafa qirg’oqlaridan uzoqlasha boshlaydi. Кo’rib chiqilayotgan davr oxiriga kelib u falsafiy, diniy, teologik aqidalardan qat’iy nazar rivojlanishi mumkin bo’lgan bilimlar tizimi sifatida tushunila boshlaydi. Natijada fan faoliyatning alohida, mustaqil sohasiga aylanadi. Professional olimlar paydo bo’ladi, ularni tayyorlash amalga oshiriluvchi universitet ta’limi tizimi rivojlanadi. O’z faoliyati, muloqot va axborot ayirboshlashning alohida shakllari va qoidalariga ega bo’lgan ilmiy hamjamiyat vujud keladi.

4) XX asrning 70 yillarida fan rivojlanishida yangi bosqich boshlanadi. Bu davr fani postnoklassik deb ataladi, chunki mazkur asr bo’sag’asida fanda inqilob yuz beradi va buning natijasida u oldingi davrning klassik fanidan sezilarli darajada farq qila boshlaydi. XIX-XX asrlar chegarasida amalga oshirilgan inqilobiy kashfiyotlar bir qancha fanlarning asoslarini larzaga soladi. Matematikada to’plamlar nazariyasi va matematik tafakkurning mantiqiy asoslari tanqidiy tahlil qilinadi, bir qancha yangi fanlar vujudga keladi. Fizikada klassik fizikaning falsafiy asoslarini qayta ko’rishga majbur qilgan fundamental nazariyalar – nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasi yaratiladi. Biologiyada genetika rivojlanadi. Tibbiyot, psixologiya hamda inson haqidagi boshqa fanlarda yangi fundamental nazariyalar paydo bo’ladi.

XX asrning ikkinchi yarmi fanni yangi inqilobiy o’zgarishlarga olib keladi. Bu o’zgarishlar adabiyotlarda ko’pincha fan-texnika inqilobi sifatida tavsiflanadi. Bu o’zgarishlar shu bilan bog’liqki, Ikkinchi jahon urushidan keyin iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda fan yutuqlari ilgari misli ko’rilmagan miqyosda amaliyotga – sanoat, qishloq xo’jaligi, sog’liqni saqlash, kundalik hayotga joriy etiladi. Fan energetikada (atom elektrostansiyalari), transportda (avtomobilsozlik, aviasiya), elektronikada(televidenie, telefoniya, kompyuterlar) ayniqsa ulkan o’zgarishlar yasaydi.

XX asrning so’nggi o’n yilliklarida fan texnika taraqqiyoti axborot (kompyuter) inqilobibosqichiga qadam qo’ydi. Bu bosqichning o’ziga xos xususiyati shundaki, axborot jamiyat rivojlanishining muhim resurslaridan biriga aylandi. Shu tariqa fan bilan bog’liq yuksak texnologiyalar, ular bilan mushtarak ta’lim endilikda har qanday jamiyatning sivilizasion rivojlanish darajasini belgilamoqda. Ilmiy kashfiyotlar va ularning amalga tatbiq etilishi o’rtasidagi masofa mumkin qadar qisqaradi. Ilgari fan yutuqlaridan amalda foydalanish usullarini topish uchun 50-100 yil vaqt sarflangan bo’lsa, endilikda bunga 2-3 yilda yoki hatto bundan ham qisqaroq vaqt ichida muvaffaq bo’linmoqda.

Fan va falsafaning mutanosibligi. Fan rivojlanishning yuksak darajasiga erishgan bo’lsa-da, lekin amalda falsafa bilan uzviy bog’liq bo’lib qolmoqda. Ular faol o’zaro ta’sirga kirishib, bir-birining rivojlanishiga samarali ta’sir ko’rsatmoqda. Bu hol shu bilan izohlanadiki, falsafa daliliy materialga, sinovdan o’tgan ilmiy ma’lumotlarga tayanib, o’zining mavhum g’oyalarini borliq bilan taqqoslash imkoniyatiga ega, fan esa, dalillarni qayd etish va tavsiflash bilan cheklanmay, yanada asosliroq xulosalar chiqarish imkoniyatini qo’lga kiritadi.

Hozirgi zamon fani jamiyat, texnika, iqtisodiyot, madaniyat, turmush va kundalik hayotni yo’lga soluvchi qudratli kuchga aylandi. Ayni vaqtda odamlar bugun fanning qudratinigina emas, balki u bilan bog’liq bo’lgan xavflarni ham yaxshi anglaydilar. Hozirgi dunyo o’z yutuqlari va o’zining jo’shqinligi uchun fan oldida mas’uliyatli. Ammo ilmiy haqiqat o’z holicha odamlarning ehtiyojlariga befarq. U beparvo va rahm-shafqatsiz, chunki u uchun inson omili ikkinchi darajali.

Shuni tan olish lozimki, hozirgi zamonda jamiyat ko’p jihatdan fanning ulkan yutuqlari tufayli o’zini o’zi yo’q qilish yoqasiga kelib qoldi. Bu ilmiy taraqqiyotni to’xtatish kerak, degani emas. Ammo ilmiy izlanishni insoniy, axloqiy munosabatga bo’ysundirish va balki uning qaysidir yo’nalishlarini cheklash zarurligi to’g’risidagi masala kun tartibiga qo’yilmoqda. Ilmiy izlanishning insonparvarlashuvi, uning yo’llari va oqibatlariga axloqiy munosabat – bu davrimizning muhim muammolaridir.

Ayni shu hol falsafa bilan ham, undan muayyan fanlar ilgari falsafiy tusga ega bo’lgan tadqiqot predmetlari bilan ajralib chiqqanida yuz berishini taxmin qilish o’rinli bo’ladi. Biroq, bunday hol yuz berayotgani yo’q. Tarix fan falsafadan qancha ko’proq ajralsa, unda shuncha ko’proq masala va muammolar paydo bo’lishini, ya’ni falsafa nafaqat kamaymasligi, balki, aksincha, ko’payishini ko’rsatadi.

Bugungi kunda eski falsafiy muammolardan yangi falsafiy jumboqlar sari o’tilmoqda. “Xudo bormi?”, “Haqiqat nima?”, “Ruhning tabiati qanday?” qabilidagi falsafiy masalalarni aniq va uzil-kesil echish mumkin emas, balki ularni echishning umuman iloji yo’qdir, shu bois bu savollar ham javobsiz qolmoqda.

Nima uchun “balki”? kabi savollar shuning uchunki, qadimda donishmandlarni bugungi kun nuqtai nazaridan mutlaqo falsafiy bo’lmagan va tom ma’noda falsafiy sanalgan masalalar qiziqtirgan. Misol uchun: “Yulduzlar kunduzi, quyosh esa – tunda qaerga yo’qoladi?”, “Nima uchun ayrim jismlar suvda cho’kadi, ba’zi jismlar esa suvda suzadi?”, “Chopqir Axilles sudralib borayotgan toshbaqaga qanday etishi mumkin, basharti har safar ularning o’rtasidagi masofani bosib o’tish uchun u mazkur masofaning teng yarmidan o’tishi lozim bo’lsa?” va h.k. va sh.k. Biroq bu va shunga o’xshash masalalar falsafadan tabiatshunoslik sohasiga o’tgach, ko’pincha yangi va yangi falsafiy muammolarni yuzaga keltiradi. Masalan: Er va boshqa sayyoralarni, ayni bir yo’nalishda aylantirgan kuch qaerda? Agar bizning quyoshimiz o’rtacha kattalikdagi yulduz bo’lsa, unga o’xshagan milliardlab yulduzlarning hech bo’lmasa ayrimlari bizning Erimizdagiga o’xshash hayot mavjud bo’lgan yo’ldoshlarga ega bo’lishi mumkinmi? Inson hatto eng yaqin yulduzlarga etishi uchun nafaqat inson hayoti, balki uning sivilizasiyasi tarixidan ham ko’proq vaqt talab etilar ekan, buni qanday qilib isbotlash yoki rad etish mumkin? Nihoyat, biz kuzata oladigan olam kengayib borayotgan bo’lsa, bu harakat zamirida qanday sabablar va kuchlar yotadi? Bu va boshqa ko’pgina shunga o’xshash muammolar odamlarni falsafaga qayta va qayta murojaat etishga majbur qiladi, chunki fan hozircha bunday savollarga aniq javob berishga qodir emas. Aksildunyolar va aksilgravitasiya, qora materiya va qora energiya, boshqa makon va vaqt o’lchovlaridagi dunyolar haqidagi har xil falsafiy g’oyalarning mavjudligi ayni shu hol bilan izohlanadi.

Shunga qaramay, fan va falsafaning roliga baho berishda ayrim qarama-qarshiliklar mavjud. Xususan, ba’zi bir ilmiy va falsafiy davralarda fanning roli va ahamiyatini mutlaqlashtiruvchi yondashuv mavjud bo’lib, u “ijobiy”, “foydali” bilim sifatida fanni “mavhum” va “tajribaga asoslanmagan” falsafaga qarshi qo’yadi. Bunday qarashlar ssientistik deb, nazariy tafakkur yo’nalishi esa – ssientizm(lot. scientia va ingl. science – fan, bilim) deb ataladi. Csientizm fan texnika taraqqiyotining ijobiy jihatlarini mutlaqlashtiradi. Antissientizmfalsafiy bilishni ilmiy bilishdan ajratadi, uni ilmiy bilish bilan muvofiq emas, deb e’lon qiladi, u oqilonalikni kamsitadi va mistika,intuisiya,irodava shukabilarni mutlaqlashtiradi.

Falsafa va fanning umumiy jihatlari shundaki, ular:

-avvalo aqlga tayanadi va oqilona bilimni yaratishga harakat qiladi;

-o’rganilayotgan ob’ektlar va hodisalarning qonunlari va qonuniyatlarini aniqlashga qarab mo’ljal oladi;

-kategoriyalar apparatini (o’z tilini) yaratadi, o’zlari ilgari surgan qoidalarni asoslaydi, ularga dalil-isbot keltiradi va yaxlit tizimlarni yaratishga harakat qiladi.

Falsafa va fan o’rtasidagi farq shunda namoyon bo’ladiki:

falsafa doim u yoki bu faylasuf nomi bilan bog’lanadi, bunda uning g’oyalari, asarlari bo’lishi va ularga boshqa faylasuflar qo’shilishi yoki qo’shilmasligiga bog’liq bo’lmasligi mumkin. Fan esa, mohiyat e’tibori bilan, jamoa mehnati mahsulidir;

-falsafada (muayyan fanlardan farqli o’laroq) yagona til va yagona

tizim mavjud emas. Bu erda fikrlar rang-barangligi me’yor sanaladi. Fanda esa monizm mulohaza suradi, chunki hech bo’lmasa fanning u yoki bu muayyan sohasidagi asosiy tamoyillar, qonunlar va kategoriyalar tizimi (til)ga nisbatan yondashuvlar birligi albatta mavjud bo’ladi;

-falsafa ilmiy bilimlar va dalillardan keng foydalanadi, biroq uning uzil-kesil xulosalari ishonchli deb hisoblanishi mumkin emas, zero ular asosan faylasuflarning sub’ektiv fikrlari va mulohazalariga asoslanadi. Fan esa mohiyat e’tibori bilan isbotlangan va sinashta bilimlar olishga harakat qiladi, bunda olingan bilimlarni tekshirish yoki rad etish imkoniyatining mavjudligi bu bilimlar haqiqiyligi va ilmiy jihatdan asosliligining muqarrar sharti hisoblanadi;

-falsafiy bilimlarni tajribada sinash mumkin emas (aks holda ular ilmiy bilimlarga aylanadi);

-falsafa aniq prognoz bera olmaydi, ya’ni u ishonchli bilimlarni kelajakka tatbiq etishga qodir emas, zero unda bunday bilimlar yo’q. Ayrim faylasuf falsafiy qarashlarning muayyan tizimi yordamida faqat bashorat qilishi mumkin, lekin u olim kabi prognoz qilish yoki modellashtirishga qodir emas.

Falsafaga milliylik xos, fan esa jamoa mehnati mahsuli sifatida dunyoviy ahamiyatga ega.



4.Falsafaning asosiy funksiyalari (vazifalari). Falsafa u yoki bu muammolarni hal qilar, qonunlar, muayyan tamoyillarni ta’riflar yoki gipotezalar, g’oyalar va nazariyalarni ilgari surar ekan, ayni vaqtda (ba’zan shu tariqa) har xil funksiyalarni bajaradi. Falsafaning muhim funksiyalaridan dunyoqarashni shakllantirish, bilish, metodologik, integrativ, madaniy, aksiologik, axloqiy va tarbiyaviy funksiyalarni qayd etish mumkin. Ularning barchasi bir-biri bilan uzviy bog’liqdir. Bu funksiyalarning roli va ahamiyati falsafaning amal qilish sohasi, u hal qilayotgan vazifalar darajasi va xususiyati bilan belgilanadi.

Dunyoqarashni shakllantirish funksiyasi insonning o’z-o’zini va o’zini qurshagan borliqni tushunishi, shuningdek turli voqealar, hodisalarni va o’z burchini qanday talqin qilishida namoyon bo’ladi.. Yuqorida ko’rsatib o’tilganidek, inson dunyoqarashida e’tiqodlar va bilimlar, tuyg’ular va emosiyalar, oqilonalik va irrasionallik, tajriba, intuisiya va hokazolar chambarchas bog’lanadi. Ayni shu sababli falsafasiz dunyoning yaxlit manzarasini yaratish mumkin emas, chunki, ««hamma narsaga aralashadigan» falsafagina dunyoqarashning o’zaro bog’lanmagan turli ««parchalari»ni birlashtirib, shu tariqa odamlarning butun borliqqa nisbatan umumiy, izchil va mantiqan to’g’ri munosabatini yaratish imkonini beradi. Bunda falsafa ayrim ikir-chikirlar, ahamiyatsiz tafsilotlarni mavhumlashtiradi va umumiy aloqalarga, turli narsalar va hodisalar xossalarining birligiga e’tiborni qaratadi va shu tariqa o’zining bosh funksiyasi – dunyoqarashni shakllantirish funksiyasini bajaradi.

Falsafaning gnoseologik funksiyasi tajribada sinash, tavsiflash yoki shak-shubhasiz inkor etish mumkin bo’lmagan, ya’ni fan ochib berish, tadqiq etish va tahlil qilishga qodir bo’lmagan narsalar va hodisalarni oqilona yo’l bilan tushuntirishga harakat qilishdir.

Metodologik funksiyasi u yoki bu maqsadga erishishning muayyan usulini, shuningdek borliqni nazariy va amaliy o’zlashtirishga qaratilgan usullar yoki amallar majmuini anglatadi. (bu tushuncha yunoncha methodos – yo’l, tadqiqot, tekshirish so’zidan kelib chiqqan). Boshqacha qilib aytganda, bu faylasuf yoki olim o’zi o’rganayotgan predmetning tadqiqot yo’lidir.

Falsafaning madaniy funksiyasi odamlar dunyoqarashini kengaytirish, ularda bilishga qiziqish uyg’otish, nazariy fikrlash madaniyatini shakllantirish va rivojlantirish orqali namoyon bo’ladi. U dunyoni o’zlashtirish va bilishning universal shakli sifatida, insoniyatning eng yaxshi yutuqlarini o’zida mujassamlashtiradi va ularni butun insoniyat mulkiga aylantiradi. Turli mamlakatlar va xalqlarning falsafa tarixini o’rganish ularning o’tmishdagi va hozirgi madaniyatini yaxshiroq tushunish imkonini beradi, g’oyalar almashinuvi va madaniy an’analarning o’zaro ta’siriga ko’maklashadiki, bu madaniy meros bilan uzviy bog’liq bo’lgan ko’pgina muammolarni echishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Falsafaning aksiologik funksiyasi(yunon. axia - qadriyat) hayotning ma’nosi, o’lim va umrboqiylik masalalarini kun tartibiga qo’yish, u yoki bu harakat, voqea, hodisaga “yaxshi”, “yomon”, “muhim”, “foydali”, “foydasiz” kategoriyalari bilan baho berish orqali namoyon bo’ladi

Falsafaning axloqiy funksiyasi odamlarning u yoki bu jamiyatda qaror topgan munosabatlar ta’sirida shakllanuvchi xulq-atvori. Bunda, masalan, axloqiy qadriyatlar, ularning tabiati, asoslari va jamiyatdagi amaliy roli falsafaning tadqiqot predmeti hisoblanadiki, bu jamiyatda yuzaga keladigan va tabiiy yo’l bilan, ya’ni real hayot amaliyotida o’rnatiladigan me’yorlar va qoidalarga sezilarli darajada ta’sir ko’rsatadi.

Falsafaning tarbiyaviy funksiyasi insonning o’z-o’zini tarbiyalash va o’zi mansub bo’lgan jamiyatning axloqiy normalariga rioya qilishdir.

Falsafaning jamiyatdagi ahamiyati va roli. Odatda falsafa kundalik hayot va amaliyotdan ancha uzoq bo’lgan haddan tashqari umumiy masalalarni o’rganadi, degan fikr mavjud. Ammo bu fikrga qo’shilish mushkul, zero umumiy nazariyalar, agar ularga kengroq ma’noda va uzoqroq istiqbol nuqtai nazaridan yondashilsa, ba’zan bilimning tor sohalariga taalluqli bo’lgan ko’pgina muayyan g’oyalardan yaxshiroq samara beradi.

Albatta, falsafa doim kundalik hayotdan ma’lum darajada uzoq bo’lgan va shunday bo’lib qolmoqda. Uning o’ziga xos xususiyati, betakrorligi ayni shu omilda namoyon bo’ladi. Biroq, boshqa tomondan, falsafa oddiy ijtimoiy borliq, kundalik ijtimoiy, siyosiy yoki iqtisodiy hayot amaliyoti deb nomlash mumkin bo’lgan narsalardan ham o’zini olib qochmaydi.



Hozirgi dunyoda falsafaning ahamiyati. Bugungi kunda, tezliklar va yuksak texnologiyalar asrida falsafa kerakmi, u eskirgani yo’qmi? Uzluksiz axborot oqimi va surunkali vaqt tanqisligi sharoitida muayyan bilim falsafani siqib chiqarmaydimi? Bunday savollar mutlaqo o’rinlidir, lekin ularga javobni hayotning o’zi beradi, u hozirgi zamon odami oldiga ko’p sonli, shu jumladan ilgari hech qachon mavjud bo’lmagan, butunlay yangi falsafiy muammolarni qo’yadi.

Jahon hamjamiyati III ming yillikning boshlanishini, biosfera holati va Erda hayotning davom etishi uchun o’z javobgarligini tobora teranroq anglagan holda qarshi oldi. Ayni shu sababli insonning barkamol rivojlanishi, odamlar, xalqlar o’rtasida, shuningdek jamiyat va tabiat o’rtasida insoniy, yaxshi qo’shnichilik munosabatlarini o’rnatish masalalari azaliy falsafiy mavzular bilan bir qatorda falsafiy tadqiqotlarda birinchi o’ringa chiqmoqda. Shu munosabat bilan faylasuflar avvalo Er yuzida ta’limning holati va rivojlanish darajasidan qattiq tashvishda ekanliklarini bildirmoqdalar. Кo’pgina faylasuflar fikriga ko’ra, hozirgi muammolarning aksariyati zamirida aynan qoniqarsiz ta’lim va lozim darajadagi tarbiyaning yo’qligi yotadi. Bu muammolarni echishda falsafa ham o’z rolini o’ynashi lozim.
Download 31.81 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling