Falsafa badiiy ijod singari shaxsiydir. Falsafiy fikrlar badiiy ijod kabi faylasufning fikr salohiyati, his-tuyg‘ulari, irodasi orqali ifodalanadi. SHunga ko‘ra, Aristotelь falsafasi, Gegelь falsafasi, deb yuritiladi. Hissiy estetikaga asoslangan falsafada o‘ziga xoslik, individuallikni falsafaning muhim tomoni deb qarab, uning universal tomoniga e’tibor bermaydilar. Oqibatda, falsafadagi plyuralizmga asoslanib, uning bir butunligini rad etadilar; intuitiv va ijodiy tomoniga ortiqcha e’tibor berib, metodologik birlikni nazar-pisand qilmaydilar; estetik ko‘tarinkilik urg‘uni kuchay tirib, axloqiy bosiqlikka ahamiyat bermaydilar. Inson hayoti va taqdiriga mavhum qarab bo‘lmasligini ko‘rsatib, uni konkret hal qilishni birinchi o‘ringa qo‘yadilar.
XX asr faylasuflari ichida ana shunday g‘oyani ilgari suruvchilar ko‘proq yozuvchi, rassom va shu kabi badiiy ijod vakillar bo‘lganlar. Bular hammasi yaxshi, biroq hozirgi zamon falsafasida fan bilan badiiy ijodning yaqinlashuvi, e’tiqod bilan haqiqatning uyg‘unligi, ratsionallik bilan irratsionallik birligi to‘g‘risida gap ketmoqda. Bugungi kunda dunyoni aqliy tushunish bilan hissiy-estetik tushunishning monandligi, ob’ekt bilan sub’ektning uyg‘un va nisbiyligi, dunyoning barqarorligi va nobarqarorligi masalarini o‘rganishga katta e’tibor berilmoqda.
Mamlakatimizda milliy istiqlol g‘oyasi va uni odamlar ongiga singdirish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan ekan, milliy falsafaning rivojlanishiga alohida ahamiyat berish joiz. Biz biror fan to‘g‘risida fikr yuritganimizda yoki unga tavsif berganimizda milliy so‘zini ishlatmaymiz.
Falsafa ilmiylik bilan milliylikni uyg‘unlashtiradi. Falsafaning milliyligi xalqning qalbi, urf-odati, an’anasi, axloqini ifoda etishda, uning dunyoqarashini, maqsadlarini o‘zida aks ettirishda namayon bo‘ladi. SHunga ko‘ra, hatto dunyo dinlariga ham, fanga ham milliy so‘zini qo‘shib bo‘lmaydi. Falsafaga esa milliy so‘zi qo‘shilib, uning sifat belgisini tashkil etadi, masalan, nemis falsafasi, yunon yoki fransuz falsafasi kabi.
Alohida ta’kidlash lozimki, falsafa fan sifatida milliylikni umuminsoniylikka ko‘taradi. CHunki falsafa fanning qadriyatlar darajasida insonga xizmat qilishining ma’naviy asosini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |