Falsafiy tafakkur tarixini davrlashtirish muammosi
Qadimgi dunyo Sharq va G‘arb falsafasining rivojlanish xususiyatlari va muammolardagi farqlar
Download 81.5 Kb.
|
FALSAFIY TAFAKKUR TARIXINI DAVRLASHTIRISH MUAMMOSI
Qadimgi dunyo Sharq va G‘arb falsafasining rivojlanish xususiyatlari va muammolardagi farqlar. Birinchidan, inson muammosini o‘rganishga nisbatan yondashuvlarda G‘arb va Sharq falsafasida tafovutlar mavjud. G‘arb falsafasidan farqli o‘laroq, Sharq falsafasi asosiy e'tiborni inson muammosiga qaratadi. Jumladan “Avesto”da farzand ko‘rish, bolalarni bilimli, odobli, jamiyat uchun foydali insonlar qilib tarbiyalash, kelajakni o‘ylab ish tutish umuminsoniy ma'naviyat ekanligi ta'kidlanadi. Zardo‘sht Axuramazdadan, serfarzand xonadonga nima berasan, deb so‘raganda u “Bunday odamlarni o‘z himoyamga olaman, hayotini farovon, risqini mo‘l qilaman” deb javob bergan. Sharq falsafasi insonni amaliyot, odamlar hayot faoliyati, ularning turmush tarzi nuqtai nazaridan o‘rganadi. Shu sababli unda insonning o‘zligi, uning shakllari va holatlari, odob-axloq, hukmdorlarga, turli yoshdagi odamlarga, shuningdek jamiyatdagi ijtimoiy holati turlicha bo‘lgan kishilarga amaliy nasihatlar bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim muammolar ko‘p. Masalan “Avesto”da keltirilgan “Zabardast va qudratli bo‘lish uchun hamisha haqiqat va rostglikka muvofiq amal qilsang, zabardast va qudratli bo‘lasan”, “Haq so‘zdan o‘zga hyech narsa bilan shug‘ullanma”, “Dunyoni taraqqiyot va kamolot sari harakatga soladigan kishilar bo‘lmog‘i lozim”, “Yolg‘on gapirib tirik qolgandan ko‘ra, rost gapirib o‘lgan yaxshi”, “O‘z nafsini yengib, jilovlab olmagan kishi, hyech narsa ustidan g‘olib chiqa olmaydi”7 kabi fikrlar hozirgi kunda ham ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. G‘arb falsafasi esa, insonga uning ruhiy borlig‘i yoki odob-axloq orqali murojaat etmaydi, balki unga borliq va bilishning umumiy tamoyillarini taklif qiladi. Shu bois u naturfalsafiy, ontologik, gnoseologik, metodologik, estetik, mantiqiy, axloqiy, siyosiy va huquqiy muammolarni o‘rganadi.
Ikkinchidan, Sharq va G‘arb falsafasida dinga munosabatda ham farqlar mavjud. Sharq falsafasi din bilan uzviy o‘zaro aloqada rivojlanadi: aksariyat hollarda ayni bir falsafiy oqim falsafa sifatida ham, din sifatida ham namoyon bo‘ladi. Bunga braxmanizm, induizm, buddizm, konfutsiychilik, zardo‘shdiylik misol bo‘lishi mumkin. G‘arb falsafasi esa, ko‘proq ilmiy metodologiyaga tayanadi va dindan ajralishga harakat qiladi. Qadimda G‘arbning falsafiy ta'limotlaridan birortasi ham jahon diniga yoki hyech bo‘lmasa qadimgi Yunoniston va Rimda keng tarqalgan dinlardan biriga aylanmagan. Boz ustiga, G‘arb antik falsafasida, avvalo Demokrit, Epikur, Lukretsiy Kar va boshqa faylasuflarning asarlarida ateistik ohanglar ancha kuchli. Uchinchidan, G‘arb va Sharq falsafasining kategoriyalar apparati ham o‘ziga xos farqlarga ega. Sharq falsafasida mifologiya va «Rigvedalar» taklif qilgan aksariyat kategoriyalar: in – ayollik asosi va yan – erkaklik asosi, ularning efir bilan birikmasi – si; yoki narsalarga besh moddiy birinchi asos – yer, suv, havo, olov va daraxtning birikmasi sifatida yondashish tabiiy bir hol sifatida qaraladi. Hayot va o‘lim, jon va jismoniy tana, jon materiyasi, ong va uning holatlari kategoriyalari ayniqsa ko‘p muhokama qilinadi. Sansara – jonning qayta gavdalanishi, o‘zga shakl-shamoyilda namoyon bo‘lishi, karma – inson o‘limidan keyin tiriklik paytida qilgan ishlariga yarasha mukofot yoki jazo olishi yoki insonning individual taqdiri, askeza – o‘zini o‘zi cheklash yo‘li bilan g‘ayritabiiy qobiliyatlarga erishish, nirvana – eng yuksak holat, inson erishishni ko‘zlagan oliy maqsad, «materiya kishanlaridan xalos bo‘lgan jon holati» kabi tushunchalar kiritilgan. Albatta, Sharq falsafasi harakat, qarama-qarshilik, birlik, materiya, ong, makon, vaqt, dunyo, substansiya kabi odatdagi falsafiy kategoriyalardan ham foydalanadi. G‘arbda esa, falsafiy tizimlar mohiyati va ularning kurashini aks ettiruvchi falsafiy kategoriyalar apparatining yaratilishiga alohida e'tibor qaratiladi. Tizim sifatidagi kategoriyalar haqida ilk bor Aristotelning «Kategoriyalar» risolasida so‘z yuritilgan. U o‘zidan oldingi falsafiy tafakkurni o‘rganish asosida kategoriyalar jadvalini tuzgan. Bu jadval quyidagi kategoriyalarni o‘z ichiga olgan: mohiyat (substansiya), miqdor, sifat, munosabat, joy, vaqt, o‘rin, holat, harakat, azob-uqubat. Aristotelning kategoriyalar jadvali falsafa va muayyan fanlar erishgan yutuqlar munosabati bilan uning tarkibini o‘zgartirishni taklif qilgan Yangi davrga qadar kategoriyalar haqidagi ta'limotning rivojlanishiga hal qiluvchi ta'sir ko‘rsatib keldi. Download 81.5 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling