Meksikada mustaqillik urushi. 1810-yilda mustamlakalarda ommaviy qo’zg’olon boshlandi. Amerika xalqlari o’zining ozodlik kurashida ko’pgina ajoyib vatanparvarlarni yetishtirib berdi. Meksika xalqi ozodlik kurashining shonli qahramonlari, eng kambag’al dehqonlar qo’zg’olonlarining yo’lboshchilari Migel Idalgo va Xose Morelosning nomlarini hozir ham hurmat bilan eslaydi. Qishloq ruhoniysi Idalgoni mahalliy aholi, ayniqsa, hindular sevar edi. U hindularning tillarini bilardi. 1810-yilda Idalgo dehqonlarning eng kambag’al tabaqalariga mansub bo’lgan hindular bilan mulatlarni mustaqillik uchun kurashga va o’zlaridan tortib olingan yerlarni qaytarib olishga chaqirdi. Qo’zg’olon ko’targan hindular va mulatlardan butun bir qo’shin tuzildi. Idalgo quldorlarga o’zlarining hamma qullarini o’n kunlik muddatda ozod qilib yuborishni buyurdi va hindu jamoalari Mustamlakachi ma’murlarga to’lab kelgan o’lponni bekor qildi, Biroq Ispaniya qo’shini qo’zg’olonchilarni qirib tashladi. Asir olingan Idalgo 1811-yilda otib o’ldirildi. Uning kallasi temir qafasga solinib, hammaga ko’rinadigan joyga osib qo’yildi. Idalgoning eng yaqin safdoshi Morelos uning ishini davom ettirdi, Biroq Ispaniyaning muntazam qo’shini bu safar ham qo’zg’olonchilarni tor-mor etdi, Morelos esa otib tashlandi, Keyinchalik ozodlik harakatiga rahbarlikni badavlat pomeshchiklar qo’lga oldilar. Meksikadagi mustaqillik uchun kurash davom etdi. Nihoyat, 1821-yilda Meksika mustaqillikka erishdi. Inqilob qullikni bekor qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |