Fan va innovatsiya vazirligi


Download 240.25 Kb.
bet5/13
Sana27.10.2023
Hajmi240.25 Kb.
#1727390
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13
Bog'liq
19 абдукодирова бахДокумент Microsoft Word

1.2. I.S.Baxning xayoti

“Вах —yagona universal kompozitor.


Unda hamma o‘zini topadi.
Uning asarlari asosida turli nazariyalar tuziladi”.
G.Guld
Iogann Sebastyan Bax - eng yuqori maqomga ega bo‘lgan shaxs: o‘z davrida —buyuk organchi, virtuoz ijrochi, musiqa tarixida - ulkan kompozitordir. Uning ijodi o‘sha davrda mavjud bo‘lgan barcha yo‘nalishlami, musiqa san’atining turlarini qamrab olgan va, ayrim hollarda, keyingi rivojlanish istiqbollarini belgilagan. Bax san’ati o‘zining obrazli mazmunining chuqurligi, emotsional ifodaviylik kuchi bilan va, shu bilan birga, oliyjanob bosiqligi bilan ajralib turadi. Bugungi kunda bizni hayron qoldiradigan narsa shuki, Baxning o‘limidan ikki yarim asr o‘tgan bo'lsa ham uning ijodi o‘tmish yodgorligi sifatida emas, balki eng aktual zamonaviy ijro repertuari sifatida yashamoqda.
Baxning dohiyona ijodi —musiqadagi falsafiy fikming eng yuqori cho‘qqisidir. Bax musiqasi doimo tinglovchilar - musiqa shinavandalarini ham, musiqadan ancha uzoq bo'lganlarni ham diqqatini o'ziga tortadi. Shubhasiz, asarlardagi chuqur diqqatga cho'mishlik va musiqiy fikring samimiyligi asrdan asrga o‘tib kelib, bugun ham tinglovchilari sehrlaydi, maftun etadi.
Absolyut musiqaning shakllanishida diniy va dunyoviy musiqalarning ahamiyati katta bo‘lgan. Faol ijodiy hayotga I.S. Bax protestantlik harakatining davomchisi sifatida kirib keldi. Butun hayoti davomida u protestant soborlarida kapelmeyster va oiganchi bo‘lib xizmat qilgan. Uning aksariyat asarlari cherkov musiqasi janrlarida yoki diniy mavzudagi dunyoviy musiqa janrlarida yozilgan. Kompozitor uslubining eng mashhur tomoni —kuy-ohanglarining ko‘rki, chiroyi. Har bir tovush mayda melizmlarga e’tiboni va ifodaviy ijroni talab etadi.
Emotsional-hissiy jihatlari bo'yicha Bax musiqasi zamondoshlariga nisbatan ifodaviyroq, chuqurroq va jamlanganroqdir. Shu bilan birga, bu musiqaga qat’iy, keskin konfliktli to‘qnashuvlar, obrazli qarama-qarshiliklar xos emas. Bax uchun ziddiyatli opera dramatuigiyasidan ko‘ra lirik, epik rivojlanish turi afzalroq bo‘lgan. Lekin aytilgan keskin to‘qnashuvlar bo'lmasa ham, yangroqlikda keskinlik, tanglik saqlanib qolardi. Bax lirikasi hech qachon asabiy «portlashgacha» yoki cheksiz quvonchgacha, zavqgacha bormaydi. Va aynan shu jihat uni kelajak san’atidan ajratib turadi. Kompozitor asarlarining eng hayajonli, ta’sirchan joylarida «bir vaqtli kontrastni» qo‘llaydi. Uning ma’nosi shundan iboratki, kuy rivojidagi eng keskin, ko‘tarinki, hayajonli paytda unga jo‘r bo‘lib, ma’yus, qayg‘uli, ritmik-qat’iy akkompanement yangraydi va hissiyotni jilovlagandek bo‘ladi.
logann Sebastyan Bax 1685-yili nemis shaharchasi — Eyzenaxda tug'ildi. Baxlar avlodi azaldan o'zining musiqiy iqtidori bilan shuhrat qozonishgan edi. Ma'lumki, kompozitorning katta bobosi novvoylik hunari bilan bir qatorda, sitra cholg'usini chalardi. Bax ajdodlari ichidan naychilar, trubachilar, organchilar, skripkachilar chiqishgan. Shuning uchun xam Germaniyadagi har bir musiqachini Bax deb, har bir Baxni esa musiqachi, deb atay boshlashgandi. Skripkada ilk ijro ko'nikmalarini u skripkachi va shahar musiqachisi sifatida tanilgan otasidan o'rgandi. Bola ajoyib ovoz sohibi bo'lib, shahar maktabi xorida kuylardi. Uning kelajakdagi kasbiga hech qanday shubha yo'q edi: kichkina Baxning musiqachi bo'lishi tayin. To'qqiz yoshida u yetim qoldi. Orduf shahri cherkovining organchisi bo'lib ishlaydigan katta akasi uni o'z tarbiyasiga oldi. Akasi bolani gimnaziyaga joylashtirdi va musiqadan ta'lim berishni davom ettirdi.
O'n yoshli tirishqoq bola uchun bu bir xildagi zerikarli mashg'ulotlar hisoblanardi. Shu sababli ham u o'zi bilim olishga intilar edi. Akasining javonida mashhur kompozitorlarning asarlari yozilgan daftar borligidan xabar topgach, bola ularni tunlari xufiya ravishda olib, oyning shu'lasida notalarni ko'chirib yozar edi. Odamni toliqtiruvchi bu mashg'ulot olti oy davom etdi, u bo'lajak kompozitorning ko'rish qobiliyatiga beqiyos zarar ko’rsatdi. Akasi bir kuni uni bu ish ustida tutib, ko'chirilgan hamma notalarni olib qo'yganda, u juda qattiq xafa bo'lgan edi..
logann Sebastyan 15- yoshida mustaqil hayot boshlashga qaror qiladi va Luneburg shahriga ko'chib o'tadi. 1703-yilda u gimnaziyani tugatib, universitetga kirish huquqiga ega bo'ldi. Lekin Bax bu huquqdan foydalana olmadi, chunki u tirikchilik uchun mablag' topishi zarur edi. O'zi hayoti davomida Bax ish joyini o'zgartirgan holda, bir necha marta shahardan shaharga ko'-chib yurdi. Buning sababi, deyarli har safar bir xil — qoniqarsiz mehnat sharoiti, kamsitishlar, uning tobelik holati edi. Biroq vaziyat qanchalik yomon bo'lmasin, uning yangi bilimlar, kamolot sari intilishi so'nmadi. U g'ayrat bilan nafaqat nemis, shuningdek, italyan va fransuz kompozitorlarining asarlarini muntazam o'rgandi. Bax atoqli san'atkorlar bilan shaxsan tanishib, ularning ijrochilik uslublarini o'rganish imkoniyatidan ham unumli foydalanar edi. Bir kuni yo'l kiraga mablag'i bo'lmaganyosh Bax mashhur organchi Bukstexude ijrosini tinglash uchun boshqa shaharga piyoda boradi.
Kompozitor o'zining ijodga bo'lgan munosabatini, musiqa san'atiga nisbatan
qarashlarini ham shunday qat'iylik bilan himoya qilardi. Saroy a'yonlari xorij musiqasiga mukkasidan ketgan bir vaqtda, Bax alohida muhabbat bilan nemis xalq qo'shiq va kuylarini o'rganib, ulardan o'z asarlarida foydalanar edi. Boshqa mamlakatlar kompozitorlari musiqasini to'la egallagan Bax ularga ko'r-ko'rona taqlid qilmadi. Egallagan keng va chuqur bilim uning kompozitorlik mahoratini takomillashtirishga yordam berdi.
Sebastyan Baxning qobiliyati shu soha bilan chegaralanib qolmadi. U zamondoshlari ichida eng yaxshi organ va klavesin ijrochisi edi. Bax hayotlik davrida kompozitor sifatida e'tirof etilmagan bo'lsa ham, organ cholg'uchisi sifatida uning oldiga tushadigan yo'q edi. Buni, hatto uning raqiblari ham tan olishga majbur bo'lishgan. Bax o'sha davrning mashhur fransuz organchisi va klavesinchisi Lui Marshan bilan musobaqalashish uchun Drezden shahriga taklif qilinadi. Oldinroq musiqachilarning o'zaro tanishuvi bo'lib, ularning har ikkisi ham klavesinda ijro mahoratlarini namoyish etishdi. Marshan o'sha kechaning o'zida Baxning so'zsiz ustunligini tan olgan holda shoshilinch ravishda shahardan jo'nab ketadi. Boshqa safar, Kassel shahrida Bax organ pedalida solo chalib, o'zining tinglovchilarini lol qoldirdi. Bunday muvaffaqiyatlardan uning boshi aylanib qolmadi, u doimo juda kamtarin va mehnatsevar inson bo'lib qoldi.
1703-yildan boshlab, Bax Veymar shahrida yashay boshladi.U knyaz kapellasiga skripkachi sifatida ishga kirdi. O'zining qaram holatidan qoniqmasdan, Bax Arnshtadt shahridagi yangi cherkov organchisi lavozimiga taklifni qabul qilib, 1704-yili o'sha yerga ko'chib o'tdi. Arnshtadtda Bax o'zining kompozitorlik faoliyatini xor, yakkaxon va orkestr uchun «Sen mening qalbimni do'zaxda qoldirmassan» pasxal qantatasidan boshladi. Shu yerning o'zida birinchilardan bo'lib, bizgacha yetib kelgan «Sevimli og'aning jo'nab ketishiga kaprichchio” klavir asari yaratildi. Bu asar klavir suitasining bir turi bo'lib, tugallangan miniaturalardan tuzilgan. Butun asarni umumiy nomlanish birlashtirib, uning ma'nosini har bir pyesaning alohida mazmunini batafsil tushuntirib beruvchi dasturli kichik sarlavhalar aniqlab beradi.
Myulxauzen shahrida Bax «Tanlangan qantatani» yozdi . Ushbu qantata Bax hayotligi davrida nashr etilgan yagona asardir. 1708-yilda Bax Veymar gersogi huzurida organchi va saroy musiqachisi xizmatini o'tay boshladi. Bax organ uchun juda ko'p asarlar yozar, klavesin va skripka uchun pyessalar bastalar edi.
Veymar davrida kompozitor o'zining organ cholg'usi uchun eng yaxshi asarlarini yaratdi: re minor tokkata va fugasi, lya minor preludiya va fugasi, do minor preludiya va fugasi, ommalashib ketgan do minor passakaliyasi va boshqalar. Bu asarlar mazmuni jihatidan ahamiyatli va chuqur, ko'lami jihatidan beqiyosdir.
Veymarda fransuz klavesinchilari, xususan, Fransua Kuperen musiqasini o'rganish jarayoni kechadi. Uning ijodi misolida Bax klavir yozuvining uslublarini o'rganadi. Shu davrda Bax «Meni faqat quvnoq ov ovutar» deb nomlangan dunyoviy qantatasini yozadi, bu asar 1716-yilda ijro etilgan.
1717-yilda Bax oilasi bilan Kyotenga ko'chib o'tdi. Kyoten shahzodasi saroyida Bax «kamer musiqasi direktori» lavozimiga tayinlandi. Bax, asosan, klavir va orkestr musiqasini yozardi. Kompozitorning zimmasiga uncha katta bo'lmagan orkestrga rahbarlik qilish, shahzoda kuylaganda unga jo'r bo'lish va uni klavesinda chalish orqali ko'nglini ochish vazifalari yuklatilgandi. O'z vazifalarini osonlikcha bajarib, Bax o'zining bo'sh vaqtini butunlay ijod qilish uchun sarflardi. Bu vaqtda klavir uchun yaratilgan asarlar uning ijodida organ asarlaridan so'ng ikkinchi cho'qqini tashkil qiladi.
Kyotenda ikki ovozli va uch ovozli invensiyalar yaratildi (uch ovozli invensiyalarni Bax «sinfoniyalar» deb atardi). Bu p’yessalarni kompozitor o'zining katta o'g'li Vilgelm Frideman bilan mashg'ulot o'tkazishga mo'ljallagan edi.
Bax fransuzcha va inglizcha suitalarni yaratishda ham o'z oldiga pedagogik maqsadlarni qo'ygan. Kyotenda 1722 - yilda Bax «Yaxshi temperatsiyalangan klavir» deb nomlangan katta ishning birinchi jildini tashkil qiluvchi 24 preludiya va fugalarni yozib tugatdi. Shu davrda mashhur re minor «Xromatik fantaziya va fuga» ham yozildi.Bizning davrga kelib, Baxning invensiya va suitalari musiqa maktablarining, «Yaxshi temperatsiyalangan klavir»ning preludiyava fugalari esa kollej hamda konservatoriyada majburiy dasturga aylandi. Baxning nisbatan oddiy
invensiyalaridan to o'ta murakkab «Xromatik fantaziya va fuga»gacha bo'lgan klavir pyesalarini jahonning mohir pianinochilari konsertlarida tinglash mumkin.
1720-yilda Baxning rafiqasi Mariya Barbara vafot qildi. Farzandlariga yaxshi ma'lumot berishni istagan Bax Gamburg shahridagi Avliyo Yakov cherkovi organchisining bo'shab qolgan joyiga ishga kirmoqchi bo'ladi. Baxning so'rovnomasi e'tiborsiz qoladi va bu joy boshqa organchiga beriladi.
1721-yilda Bax Veysenfels shahrida yashovchi trubachining qizi Anna Magdalena Vilkenga uylandi, ayol buyuk ijodkorga vafoli do'st va yordamchi bo'ldi. Kyotendan jo'nab ketish xayoli Baxni tinch qo'ymasdi. loann Kunau vafotidan so'ng, Leypsigdagi Avliyo Foma cherkovi qantorining o'rni bo'shaydi.
1723-yilda Bax Leypsigga ko'chib o'tdi, u shu yerda umrining oxirigacha qoldi. Bu yerda u Avliyo Foma cherkovi qoshidagi qo'shiqchilar maktabi qantorligi (xor rahbari) lavozimini egalladi. Bax maktab kuchi bilan shahardagi asosiy cherkovlarga xizmat qilishi hamda cherkov musiqasi va uning sifatiga javob berishi kerak edi. U o'zi uchun noqulay bo'lgan shartlarga ko'nishga majbur bo'ldi. O'qituvchi, tarbiyachi va kompozitorlik majburiyatlari bilan bir qatorda, shunday ko’rsatma ham bor edi: «Janob burgomistr ruhsatisiz shahardan chiqib ketishi mumkin emas». Ilgarigidek, uning ijodiy imkoniyatlari chegaralangan edi.Bax cherkov uchun «uncha davomli bo'lmagan, shuningdek, operaga o'xshamaydigan,biroq tinglovchilarda itoatgo'ylik hissini uyg'otuvchi» musiqa yozishi kerak edi. Lekin Bax, har doimdagidek ko'p narsalarni qurbon qilib, hech qachon o'zi uchun muhim bo'lgan badiiy aqidalaridan voz kechmasdi.
Butun hayoti davomida u o'zining chuqur mazmuni va ichki boy tuyg'lari bilan kishini lol qoldiruvch'i asarlar yaratdi. Bu safar ham shunday bo'ldi. Leypsigda Bax o'zining eng yaxshi vokal-cholg'u asarlari: ko'pgina qantatalar (Bax tomonidan jami 250 ga yaqin qantatalar yozilgan), «loan bo'yicha ehtiroslar», «Matfey bo'yicha ehtiroslar» (1729), «Motam odasi» (1727), minor messasi (1738)ni yaratdi. loann va «Matfey bo'yicha ehtiroslar» yoki «Passionatalar» — bu Iso payg'ambarning chekqan azoblari va o'limi to'g'risidagi Injil kitobi bo'yicha loann va Matfey yozgan qissasidir. Messa mazmuni bo'yicha «Ehtiroslar»ga yaqin turadi. Avvallari messa ham, «Ehtiroslar» ham katolik cherkovida xor tomonidan ijro etilar (ishtirokidagi qo'shiq kuylash) edi. Baxning ushbu asarlari cherkov mavzulari doirasidan chetga chiqib ketgan edi. Baxning messa va «Ehtiroslar» - konsert tavsifidagi mahobatli asarlar bo'lib, ularni ijro etishda yakkaxonlar, xor, orkestr, organ cholg'usi ishtirok etadi. O'zining badiiy mohiyati bo'yicha «Ehtiroslar» va messa kompozitor ijodining uchinchi, eng yuqori cho’qqisini tashkil qiladi. Cherkov rahbariyatining Bax musiqasidan qoniqmayotganligi yaqqol sezilib turardi. Avvalgidek uning musiqasini o'ta yorqin, bezaklarga boy, «dunyoviy» deb baholashardi. Darhaqiqat, Baxning musiqasi cherkovning qat'iy qonunlariga javob bermasdi, aksincha, unga qarama-qarshi edi. Yirik vokal-cholg'u asarlar bilan bir qatorda, Bax klavir uchun musiqa yozishni davom ettirdi. Si minor messasi bilan deyarli bir vaqtda mashhur «Italyancha konsert» yozildi. Keyinroq Bax «Yaxshi temperatsiyalangan klavir»ning ikkinchi jildini tugatdi, unga 24 ta yangi preludiya va fugalar kiritilgan. Ulqan ijodiy ish va cherkov maktabidagi xizmatidan tashqari Bax shaharning «Musiqa kollegiyasi» ishlarida faol ishtirok etdi. Bu shahar aholisi uchun cherkov musiqasi emas, balki «dunyoyiy» musiqa konsertlarini tashkil qiluvchi musiqa havaskorlari jamiyati edi. «Musiqa kollegiyasi»ning konsertlarida Bax yakka ijrochi va dirijor sifatida muvaffaqiyatli chiqishlar qilgan. U jamiyatning konsertlari uchun «dunyoviy» tavsifdagi orkestr, klavir va vokal asarlarini ko'plab yozdi. Lekin Baxning asosiy ishi — qo'shiqchilik maktabining rahbarligi bo'lib, unga faqat ko'ngilsizliklar keltirar edi. Cherkov tomonidan maktab uchun ajratiladigan mablag' arzimas darajada bulardi. Qo'shiq ijro etuvchi bolalar och qolar, kiyimlari ham ayanchli holda edi. Ularning musiqiy qobiliyat darajasi ham yuqori emasdi. Qo'shiqchi bolalarni Bax bilan maslahat qilmasdan maktabga qabul qilishar, maktab orkestrining tarkibi ham kamtarona edi. Unda to'rtta truba va to'rtta skripka ishtirok etardi, xolos. Maktabga yordam ko’rsatish to'g'risida Bax tomonidan shahar xo'jayinlariga qilingan barcha murojatlari e'tiborsiz qolardi. Mas'uliyat esa baribir qantor zimmasida bo'lib, u hamma narsa uchun javob berishi lozim edi. Yagona quvonchi - ijod va oilasi edi. Voyaga yetib qolgan o'g'illari- Vilgelm Frideman, Filipp Emmanuil, logann Xristian qobiliyatli musiqachi bo'lib yetishishdi. Otalari hayotlik vaqtidayoq, ular kompozitor sifatida nom chiqarishdi. Kompozitorning ikkinchi rafiqasi Anna Magdalena Bax zo'r musiqiy qobiliyati bilan ajralib turardi. U ajoyib eshitish qobiliyatiga va chiroyli, kuchli soprano ovozga ega edi. Bax o'z oilasi uchun vokal va cholg'u ansambllar ijod qilardi. Kompozitor pedagogik adabiyot yaratishga ko'p vaqt va e'tibor ajratgan. Preludiyalar, invensiyalar va boshqa ko'plab asarlarning paydo bo'lishi Baxning pedagogik faoliyati bilan bog’liqdir. Kichik preludiyalar, ikki va uch ovozli invensiyalardan tortib to «Yaxshi temperatsiyalangan klavir» preludiyalari va fugalarigacha bo'lgan to'plamlar - bu murakkablikning barcha bosqichlarini qamrab olgan klavirda ijro etish darsligidir.
Baxning applikatura sohasida kiritgan yangiliklarini e'tirofetish kerak. XVII-XVIII asrlarda klavesinda uch-to'rt barmoq bilan ijro etishardi. Barmoqlar, asosan, cho'ziq holda ushlanardi, kerak bo'lganda ular almashtirilar, biri o'rniga ikkinchisi qo'yilar yoki biri ikkinchisi ustidan o'tkazilardi. Katta barmoq juda kam hollarda ishlatilar, ijro etish texnikasining murakkablashib borishi,tovushni legato usulda ijro etishga intilish takomillashgan applikaturani talab etardi. Bu sohada yangiliklar kiritishda Bax birinchilardan bo'ldi.
Kompozitor hayotining so'nggi yillarida ko'zi jiddiy kasallanib qoldi.
Muvaffaqiyatsiz operatsiyadan keyin Baxning ko'zlari ojizlashdi. Biroq shu ahvolda ham u ijod qilishni davom ettirdi, o'z asarlarini yozib olish uchun aytib turardi. Polifonk pyesalarning ikki turkumi-«Musiqiy hadya» va «Fuga san'ati» Baxning oxirgi asarlari bo'ldi, ularda polifonik mahorat muammosiga yuqori darajadagi yechimlar topilgan. Bu asarlarda Bax kontrapunkt, polifonik shakl va fugadagi mavjud texnik imkoniyatlarni mahorat bilan ko’rsatib bergan.
1750-yil 28-iyulda Bax vafot etdi. Uning o'limi musiqiy jamoatchilik tomonidan deyarli e'tiborsiz qoldi. U ko'p o'tmay unutilib ketdi. Avliyo Foma cherkovida qabr toshi bo'lib, u yerga buyuk kompozitorning xoki dafn etilgan. Hozir bu joy Baxning qudratli salohiyati muxlislarining doimiy ziyoratgohiga aylangan.



Download 240.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   13




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling