Fan va innovatsiyalar vazirligi termiz davlat universiteti ijtimoiy fanlar fakulteti


Download 0.8 Mb.
bet5/18
Sana21.06.2023
Hajmi0.8 Mb.
#1642312
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18
Bog'liq
Shuxrat Bmi 2 (2)

Mojaro - bu har doim qarama-qarshilik, turli pozitsiyalar va fikrlarning to’qnashuvi, ko’pincha bu axloqiy (axloqiy) ong rivojlanishining turli darajalari o’rtasidagi ziddiyatdir.

shaxslararo munosabatlarni o’rganish psixologiya fanida eng dolzarb muammolardan biri ekanligi, muloqot va u orqali o’zaro munosabatlar odamlar orasida umumiylik, o’xshashlik, uyg’unlik kabi sifatlar paydo bo’lishiga olib kelishi hamda inson psixik dunyosiga ta’siri masalalari to’risida bir necha chet el psixolog olimlari tomonidan tadqiqot ishlari olib borgan


Insoniy munosabatlar shunday o’zaro ta’sir jarayonlariki, unda shaxslararo munosabatlar shakllanadi va namoyon bo’ladi. Shaxslararo munosabatlar deganda aslida odamlar orasida amalga oshadigan o’zaro munosabat, muloqot va muomala jarayoni tushuniladi.
Shaxslararo munosabatlarni o’rganish psixologiya fanida eng dolzarb muammolardan hisoblanadi. Chunki, inson shaxsining eng nufuzli va yetakchi faoliyatlaridan biri bo’lgan muloqot va u orqali o’zaro munosabatlar odamlar orasida umumiylik, o’xshashlik, uyg’unlik kabi sifatlar paydo bo’lishiga olib keladi. Ayniqsa, oila muhitida shaxslararo munosabatlarning, chunonchi, ota-ona va farzand orasidagi munosabatlarning o’ziga xos tomonlari shaxsning hayoti, faoliyatining samarasi va mazmuniga bevosita ta’sir etadi. Shunday ekan, insonlar orasida amalga oshadigan shaxslararo munosabatlar, ularning turli psixologik xususiyatlarini o’rganish masalasi ijtimoiy psixologiya fanida muhim dolzarb muammolardan hisoblanadi.
Muomala shaxslararo munosabatlarning shunday ko’rinishidirki, uning yordamida odamlar o’zaro psixik jihatdan aloqaga kirishadilar, o’zaro axborot almashinadilar, ta’sir o’tkazadilar, ta’sirlanadilar, idrok etadilar, tushunish va baholash jarayonlarini kechiradilar. Shuning uchun muomala ijtimoiy-psixologik hodisa, ijtimoiy kategoriya sifatida ijtimoiy turmushning barcha sohalarida bevosita ishtirok etib, hamkorlik faoliyatining moddiy, ma’naviy, emotsional, kognitiv, motivatsion, regulyativ qirralarini aks ettiruvchi ob’yektiv va sub’yektiv ehtiyoj sifatida vujudga keladi, ijtimoiylashuvning asosiy omili, negizi vazifasini bajaradi.
Shaxslararo munosabatlarda muomalaning inson psixik dunyosiga ta’siri masalalarini psixologlardan L.S. Vigotskiy, S.L. Rubinshteyn, A.N. Leontev, B.G. Ananev, A.V. Zaporojets, A.A. Bodalev, B.F. Lomov, A.A. Leontev, M.I. Lisina tadqiqot ishlarini olib borganlar (39, 58,103).
L.S. Vigotskiy bola shaxsi ruhiy dunyosi rivoji va taraqqiyotida muomalaning ahamiyati borasida «Bola shaxsiy faolligini namoyon bo’lishining asosiy yo’li kattalar bilan muomalasi hisoblanadi. Uning tashqi olamga munosabati hamisha boshqa odam orqali munosabat bildirishidir» (58, 38) deb ta’kidlaydi.
L.S. Vigotskiy fikricha, ontogenezda genetik jihatdan birlamchi o’zaro ta’sir bahs, dialogdir; ikkilamchi esa individning ongi, ruhiy jarayonlarining individualligidir: «Biz madaniy rivojlanishning umumiy genetik qonunini mana shunday shaklda ifodalashimiz mumkin: bolaning madaniy o’sishida har qanday funksiya baholanishi uchun ikki marta, ikki xil rejada paydo bo’ladi, avval
ijtimoiy, keyin psixologik, shuningdek, shaxslararo interpsixologik kategoriya sifatida so’ng bola ichki dunyosida intropsixologik kategoriya tariqasida». (58,78)
L.S. Vigotskiy shuningdek, shaxslararo munosabatlarda asosiy qurol va vosita muomala jarayoni ekanligini uqtiradi. Uning fikricha, shaxslararo munosabatlarda dastavval muomala asosiy vosita, so’ngra esa xulq-atvor vositasi turadi. Chunki, inson yakka qolgan paytda ham muomala funksiyasini o’zida saqlaydi.
L.S. Vigotskiy qarashlaridan yana shu jihat ko’rinadiki, muomala intereorizatsiya, ya’ni ichki nutq va ekstereorizatsiya, ya’ni tashqi nutq, muomala shakllarida namoyon bo’ladi. Bundan ko’rinadiki, muomala tufayli shaxs ishtimoiylashuvi yuzaga keladi (58).
Demak, L.S. Vigotskiy muomala, shaxslararo munosabatlar psixologiyasiga oid fikrlari g’oyat qimmatli, chunki unda biz shaxs ijtimoiylashuvi jarayoni uchun muhim asos sifatida muomalani ko’ramiz va shaxs shakllanishida bu jarayonning qimmati cheksiz ekanligini yanada anglaymiz (58).
V.M. Bexterevning boy merosida shaxslararo munosabatlar muammosi, xususan, muomala mavzusi ijtimoiy-psixologik nazariya jihatidan o’rganilgandir. Uning qarashlarida insonlarning o’zaro ta’sir etishlari muhim muammo sifatida talqin etiladi. V.M. Bexterev ijtimoiy hayotda muomalaning rolini tavsiflab, uning funksiyalarini hamkorlik faoliyatini amalga oshirish mexanizmi sifatida ajratib talqin qiladi. Uning fikricha, shaxsning atrofdagilari bilan muomalasi qanchalik xilma- xil va boy bo’lsa, shunchalik uning taraqqiyoti muvaffaqiyatli amalga oshadi.
V.M. Bexterev muomalaning ijtimoiy roli va funksiyasini tahlil etishda uning ko’rinishlari bo’lmish taqlid va ta’sirlanish ahamiyatiga to’xtaladi. Uning fikricha, taqlid bo’lmasa, shaxs ham yuzaga kelmas edi. Chunki, taqlid o’z materialini muomaladan olishini uqtiradi. Ta’sirlanish esa ijtimoiy jarayonlar namoyon bo’lishining omili tariqasida qaraladi.
V.M. Bexterev muomalani shartli ravishda bevosita va bilvosita turlarga ham ajratadi. Bilvosita muomala tarkibiy qismlari sifatida xat, telefon, telegramma erkalash, urishish va boshqalarni olsa, bevosita muomala turiga nutqni kiritadi. Shuni ta’kidlash joizki, muomalani eksperimental o’rganish ishi V.M. Bexterev tomonidan amalga oshirilgandir (38).
V.N. Myasishevning «Shaxsning munosabatlar psixologiyasi» konsepsiyasiga ko’ra shaxsning «dialogik» xususiyati, muomala xarakterining shaxsiy tajribasi va boshqa odamlar bilan o’zaro munosabat mahsuli safatida namoyon bo’ladi. Shu tufayli shaxsda qiziqish darajasi, emotsiya kuchi, xohish,
ehtiyoj, ijtimoiy yo’nalganlik kabi shaxsni harakatlantiruvchi ichki kuchi tarkib topadi va bu uning kechinmalari, xulqida, harakatida ifodalanadi.
V.N. Myasishevning shaxslararo munosabatlar psixologiyasiga oid asarlarining tahlilidan ko’rinadiki, muomala jarayoni shaxsning xususiyatlari, xarakteri, mayli, qobiliyatiga ta’sir etishdangina rivojlanmasdan, balki muloqotda ishtirok etuvchilarning psixik jarayonlari bilan ham bog’liqligida namoyon bo’lar ekan. Shuning uchun, V.N. Myasishev ishlarining alohida tomoni muomala, uning psixologik tuzilmasi bilan muloqotda ishtirok etuvchilarni psixik jarayonlari orasidagi munosabat xususiyatlarini ochib berilishida yaqqol ko’rinadi (117).
G.M. Andreyeva «Ijtimoiy psixologiya» kitobida shaxslararo munosabatlarda yuzaga keladigan 3 xil vazifalar va murakkab jarayonlar tuzilmasini taklif etadi (24).
1. Muloqotning kommunikativ tomoni, ya’ni o’zaro munosabat yoki muloqotga kirishuvchilarning o’rtasida ma’lumotlar almashinuvi jarayoni sifatida;
2. Muloqotning interaktiv tomoni, ya’ni muloqotga kirishuvchilarning xulq-atvorlariga ta’sir jarayoni sifatida;
3. Muloqotning perseptiv tomoni, ya’ni muloqotga kirishuvchilarning bir-birlarini idrok etishlari va tushunchalari bilan bog’liq jarayon sifatida.
O’zaro munosabatlarda muloqotning psixologik jihatdan murakkab ekanligini B.F. Parigin (18,28) shunday yozadi: «Muloqot shunchalik ko’p qirrali jarayonki, unga bir vaqtning o’zida quyidagilar kiradi:
A) individlarning o’zaro ta’siri jarayoni;
B) individlar o’rtasida axborot almashunuvi jarayoni;
V) bir shaxsning boshqa shaxsga munosabat jarayoni;
G) bir kishining boshqalarga ta’sir ko’rsatish jarayoni;
D) bir-biriga hamdardlik bildirish imkoniyati;
Ye) shaxslarning bir-birini tushunish jarayoni».
Demak, shaxslararo munosabatlar, ya’ni muloqot jarayoni odamlar amalga oshiradigan faoliyatlar orasida eng murakkabligi va ko’p qirraliligi bilan xarakterlanar ekan, ijtimoiy psixologiya fanida olib borilgan jahon psixologlarining juda ko’p tadqiqotlari shu fenomenni shaxs uchun ham zarur, ham oddiy, ham ta’sirchan deb qaraydilar.
Oila kichik guruhcha sifatida yaxlit bir tizimni tashkil etadi. Bu yaxlit tizimning qismlari, ya’ni a’zolari o’rtasidagi shaxslararo munosabatlar oilaning barqarorligi, taraqqiyoti, farzandlar tarbiyasidagi o’rni va boshqalarda aks etadi. G’arb ijtimoiy psixologlari ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda kichik guruhlardagi shaxslararo munosabatlarni o’rganishga katta e’tibor berdilar.
G’arbda, ayniqsa, AQShda shaxslararo munosabatlarni o’rganish jarayonida ko’plab yo’nalishlar paydo bo’ldi; ulardan interaksiya va kommunikatsiya yo’nalishi tarafdorlari: simpatiya, antipatiya, befarqlik, yakkalanib qolish, faollik, agressiya, bo’ysunish va boshqalarni G. Zimnel, G. Kuli, keyinroq R. Beyls, D. Kartrayt, G. Xomans, S. Ash, R. Kratchfild va boshqalarning ilmiy tadqiqotlarida chuqur o’rganildi (132,22).
O’zaro bog’liq kishilarning bir vaqtdagi munosabatlarining o’ziga xos tomonlari, shuningdek, o’zaro aloqadagi shaxslarning bir-birlarini persepsiya muammosi shaxslararo munosabatlarda ahamiyatga ega ekanligi har tomonlama tadqiq etildi (G. Xomans, A. Xarre 132,22).
Shaxslararo munosabatlarda shaxslarning o’zaro jips, hamjihat yashashlari uchun "yoqimtoylik" katta rol o’ynashi, bu esa ularning bir-birlariga bog’lanib qolishlariga sabab bo’lishi aniqlandi (S.Shaxter, A. Lott, Т. Nyukom (132,48)).
Shaxslararo hamjihatlik bilan shaxslararo munosabatlardagi kommunikatsiyaning soni, takrorlanish darajasi, faollik darajasi o’rtasida to’g’ri aloqa mavjudligi haqida AQShlik psixolog G. Xomans tomonidan ilgari surilgan faraz ko’pchilik tadqiqotchilar tomonidan o’rganildi (132,50).
G’arb ijtimoiy psixologiyasida shaxslararo munosabatlarga hissiyot bilan bog’liq fenomen sifatida qaraladi. Dj. Moreno tomonidan o’zaro munosabatlarda simpatiya va antipatiyada shaxslarning yoqimtoyligi, attraktivligiga sotsiometrik tadqiqotlar yordamida izlanish kuchli turtki berdi (85, 84).
Shaxslararo munosabatlarda o’zaro moslikni o’rganishda M.Shou bu psixologik holatni ikki turga farqlaydi.
1. Ehtiyojlardan kelib chiqqan mosliklar sheriklarning o’zaro moddiy-ma’naviy ehtiyojlarini qondirish uchun bir-birlariga moslashishga majbur bo’lishlari.
2. Xatti-harakat (xulq-atvor)ning o’xshashligdan kelib chiqadigan moslik (sheriklarning xatti-harakatlari, xulq-atvorlaridagi o’xshashlikning moslashishiga sabab bo’lishi (100, 142)) .
Badiiy va tasviriy san’at individning shaxs sifatida shakllanishida, uning xarakter xususiyatlari, dunyoqarashlari, qadriyatlari va boshqa ko’p jihatlarining tarkib topishida muhim rol o’ynaydi.
V.B. Blokning fikricha, tasviriy san’at shaxsda har xil affektiv his- tuyg’uni yuzaga kelirishi mumkin. Masalan, musavvir Repinning o’z farzandining qotili Ivan Grozniy tasvirlangan rasmga qarab ikki xil (Ambivalent) hissiyotni boshdan kechirishi mumkin; bir tomondan fojiali vaziyatning qurboni bo’lgan o’g’il va otaga nisbatan achinish hissi bo’lsa, ikkinchi tomondan farzandkush otaga nisbatan
nafrat hissi paydo bo’ladi (36, 31-35). San’atning shaxsga salbiy, negativ kechinma, fikr va xayollardan tozalovchi (katarsis) ta’siri haqida ilmiy adabiyotlarda yetarli ma’lumotlar mavjud.
Bu haqda ikki yarim ming yil oldin Aristotel birinchilardan bo’lib fikr bildirgan edi. Zamondoshimiz rus psixologi Yu.G. Klimenko san’atning psixoterapiyadagi o’rniga katta ahamiyat berib: "Oxir oqibat teatrning mavjudligidan asl maqsad insonni ruhiy poklanish-katarsis jarayonidir"- deb ta’kidlaydi (85,84).
Tasviriy san’at insonning ong osti sohasiga ta’sir etishi natijasida psixikada kuchli hissiy kechinmalar paydo bo’lishi aniqlangan, bu esa o’z navbatida suggustiv (shaxsning ma’lum bir davr gipnozga o’xshash holatga tushishi) holatni boshdan kechirishiga sabab bo’ladi. Tasviriy san’atning bu xususiyati esa undan har xil psixik, asab va psixosomatik kasallarni davolash metodi sifatida qo’llash imkonini beradi (36,46).
Jahon psixologiya fanida oila muammolari nihoyatda dolzarb hisoblanadi. Shaxsning kamoloti, uning erishadigan barcha yutuqlarini aynan oila, oilasidagi genetik va orttiriladigan xususiyatlarini qator yillar davomida xorij, Rossiya va MDHning boshqa psixolog olimlari maxsus tadqiqot predmeti sifatida olib o’rganganlar. Ulardan I.V. Bestujev-Lada, V.V. Boyko, G.M. Breslav, A.G. Volkov, V. Garbuzov, I.A. Dvoymenniy, R.M. Kapralova, S.V. Kovalev, V.P. Levkovich, E.I. Pavlovich, V.L.Titarenko kabi bir qator olimlarni keltirish mumkin (37,40,41,56,59,86,102,13).
G.M.Breslav bola shaxsining shakllanishida oiladagi emotsional munosabatlarni maxsus o’rgangan bo’lib, unga ko’ra, oiladagi ota-ona va farzand orasidagi va qolaversa, barcha a’zolar orasidagi munosabatlarning normada kechishi ular orasidagi munosabatlarda tushunish, mehr, muhabbat tuyg’ularining mavjudligiga bog’liq ekan. Shuning uchun, u shaxsning bolalik davridan shakllanishi bu yolg’iz bolagagina emas, balki uning ota-onasiga aloqador ekanligini uqtiradi (44).
A.G.Volkovning olib borgan qator ishlari oila institutini demografik jihatdan maxsus o’rganishga qaratilganligi bilan izohlanadi. Bunda muallif oilaning demografik jihatdan o’zgarishi va yangi oila turlarining paydo bo’lishida ijtimoiy, iqtisodiy, psixologik aspektlarga diqqatni qaratish kerakligi, chunki shu tufayli, oila tarbiyasi xususiyatlarida o’zgarish jarayoni yuzaga kelishini uqtiradi (56).
V. Garbuzov, I.A. Dvoymenniy, R.M. Kapralova kabi psixologlarning ishlarida oila tarbiyasidagi ayrim nuqsonlar o’z-o’zidan yuzaga kelmasligi, ota-
onalarning tarbiyachi sifatida ta’sir kuchlari, shaxsiy namunalariga e’tibor berish muhimligini ta’kidlaydilar (59).
S.V. Kovalevning «Психология современной семьи» kitobida oila, oila qurish omillari, bola shaxsida turli yosh inqiroz davrlari, farzandda yuzaga keladigan hissiy munosabatlarni ifodalab berilganligini kuzatamiz (88).
V.P. Levkovich, E.I. Pavlovich, V.L.Titarenko ishlari ham ayni oila muhiti, ota-ona munosabatlari, o’zaro munosabatlarning bolaga ta’siri muammolariga qaratilgandir (102,130,156).
Yuqorida biz ayrim xorij va Rossiya olimlarining ilmiy ishlaridan keltirdik.
Demak xorij va rus psixolog olimlari tomonidan muloqot shaxslararo munosabatlarning turli jihatlar, hamda oiladagi shaxslararo munosabatlarning bola shaxsi rivojiga ta’siri masalalari keng o’rganilgan.
Shaxslararo munosabatlar masalasi O’zbekiston psixolog olimlari ilmiy ishlarida o’rganilgan va tadqiq etilgan masalalardan biri hisoblanadi. Psixologlardan M.G.Davletshin, G’.B.Shoumarov, E.G’.G’oziyev, V.M.Karimova, T.M. Adizova, G.J. Berdiyev, E.A. A’zamxo’jayeva va boshqalar turli jihatdan mazkur muammoga o’z e’tiborlarini qaratdilar (12, 30, 34, 62, 77, 140, 139,141, 181).
O’zbek oilasida bola tarbiyasi va shu tarbiya orqali etnopsixologik xususiyatlarning namoyon bo’lishi bir qator psixolog olimlar: M.G. Davletshin, G’.B. Shoumarov, E.G’. G’oziyev, V.M. Karimova, B.R. Qodirov, V.A.Tokareva, N.A. Sog’inov, M. Yo’ldoshev va boshqalar o’rganishgan (63,77,79, 109, 141, 143,163,165,169,174,181, 192,195, 199).
M.G. Davletshin shaxslararo munosabatlar masalasiga oila muhitida yuzaga keladigan nizolar va ularni xarakteri yuzasidan yondashganligini kuzatamiz (62).
G’.B. Shoumarovning ham o’z ishlarida, muomalani tashkil etishda oila, uning turi, oilaviy munosabatlarda er va xotin, qaynona va kelin, ota-ona va farzandlar orasida yuzaga keladigan muammolar yuzasidan tadqiqot olib borilganligi kuzatiladi. Muallifning «Muhabbat va oila» kitobida oilaviy munosabatlarda yuz berishi mumkin bo’lgan nizolar, kelishmovchiliklar va ularning ayni ota-ona va farzandlar orasidagi munosabatlarda namoyon bo’lishiga oid kuzatuvlar keltirilgan. Unga ko’ra ota-ona va farzand orasidagi munosabatlarda ushbu turdagi kelishmovchiliklar yuzaga keladi:
1. Ota-ona va farzand orasidagi dunyoqarashning bir-biridan farq qilishi;
2. Farzandlarning o’z bo’sh vaqtlarini tashkil etish, o’zlariga do’st tanlashdagi o’z ixtiyorlariga amal etishlari, emotsional munosabatlardagi o’z mustaqilliklarini talab etishlari, kiyinish, muomala, kasb tanlashdagi o’z fikrlariga
rioya etishlari, oila qurish masalalarida, ayniqsa, bo’lg’usi turmush o’rtoqni tanlash ishida o’z fikrlariga ega bo’lishga harakat qilishlari;
3. Ota-onalarning farzandlari va boshqalar oldidagi xulqida kuzatiladigan og’ishishlar, ya’ni ijtimoiy normalarning buzilishi, ichkilik va kashandalik illatlarining kuzatilishi;
4. Ota-onalarning o’z farzandlari tarbiyasida bolalarini mehnatga o’rgatish ishiga loqayd bo’lganliklari va buning oqibatida yengil hayot kechirishga o’rganib qolganlik;
5. Ayrim yoshlarning farzandlik burchi masalasiga yuzaki qarashlari;
6. Ota-onalarda psixologik-pedagogik bilim saviyalarining yetarli emasligi natijasida yuzaga keladigan kelishmovchiliklar (182).
O’zbek oilasining milliy xususiyatlari va ularning yoshlar tarbiyasiga ta’siri M.G.Davletshin, G’.B.Shoumarov ishlarida (62,63,181) o’rganilgan bo’lib, bu mualliflar tomonidan o’zbek oilasining o’ziga xos xususiyatlari-ko’p farzandlilik, ko’p pog’onalilik, avlodlar orasida o’zaro hurmat va e’tibor masalalari, oila qurishda ota-ona fikrining hal qiluvchi ahamiyatda ekanligi qayd etilgan.
V.M.Karimovaning ishlarida muloqot jarayonining psixologik tizimi, uning kommunikativ, interaktiv va perseptiv tomonlarining mohiyati va vazifalari, muloqot turlari, shakllari, bosqichlari, verbal, noverbal vositalari to’g’risidagi batafsil ilmiy asoslangan ma’lumotlarni kuzatamiz (77). Muallifning doktorlik ilmiy ishlarida esa, oila muhitida yuz beradigan shaxslararo munosabatlar, ularning oila haqidagi tasavvurlarga ta’siri xususiyatlari maxsus o’rganilgan.
V.M. Karimova, F.A. Akramova ishlarida shaxslararo muomalaning inson taraqqiyotidagi o’rni, insoniy muomala va muloqotning psixologik vositalari samarali ta’sir psixologiyasi jihatidan o’rganilgan (16,77,80).
E.G’. G’oziyevning ilmiy ishlarida muomala va milliy o’zlikni anglash muomalaning tadqiqot tarixidan, muomala va nutq, muomala hamkorlik faoliyati sifatida, muomalaning tadbiqiy masalalari har tomonlama bayon etilgan (197). Muallifning olib borgan izlanishlarida oilaviy munosabatlarni to’g’ri olib borishda o’tmish mutafakkirlarining ilmiy qarashlari va ibratli fikrlaridan foydalanish zarurligi uqtiriladi.
N.A.Sog’inov ilmiy ishlarida o’zbek oilasida er va xotin munosabatlarining oila barqarorligiga ta’siri, o’zaro munosabatlarida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan nizolarning etnopsixologik xususiyatlari va ularning bolaga ta’siri o’rganilgan (150).
M.S.Salayeva O’zbek oilalarida ota-ona va farzandlar o’zaro munosabatlarining ijtimoiy-psixologik xususiyatlarini o’rgangan. (143).
G.J.Berdiyevning ilmiy ishlarida boshlang’ich sinf o’quvchilarida shaxslararo munosabatlarning o’ziga xos xususiyatlari aqliy rivojlanishi sustlashgan bolalar misolida tadqiq etib berilgan (34). Lekin oila muhitidagi o’zaro munosabatlarning farzand aqliy rivojlanishiga ta’siri keltirilmagan.
M.Yo’ldoshevning «Oilada ruhiy muhit va uning tarbiyaga ta’siri» kitobida bolaning tarbiyasida yosh davrlarini inobatga olish zarurligi, tarbiyaning ruhiy jihatlari, tarbiya maskanlarining shaxsga ta’siri kabi bir qator muammolar ko’tarilgan (75).
G.T.Yadgarovaning ilmiy ishlarida noto’liq oila turining ijtimoiy-psixologik xususiyatlari, noto’liq oilada farzandlarning o’ziga va onalariga beradigan baholari, shu oiladagi onaning ma’naviy-ruhiy va tarbiyaviy ta’siri masalalari maxsus o’rganilgan (189).
P.S.Ergashevning ilmiy ishlarida faol o’zaro ta’sir ro’y bermaydigan va munosabat davom etmaydigan sharoitda odam haqidagi ilk taassurotning davomiyligi masalalari maxsus o’rganilgan (183). Lekin oiladagi shaxslararo munosabatlarning farzand ijtimoiy persepsiyasiga ta’sirining o’ziga xos tomonlari talqin etilmagan.
F.R.Ro’ziqulovning ilmiy ishlarida o’zbek oilasida ajralishning ijtimoiy-psixologik asoratlari, ajralish tufayli oilada tarbiyalanayotgan bola shaxsining shakllanishiga ta’siri, oilaviy o’zaro munosabatlardagi nizolar va ziddiyatli holatlarning keskinlashuvi muammolari ilmiy tadqiq etib berilgan (140).
Biroq ilmiy izlanishlarda oila barqarorligiga shaxslararo munosabatlarning farzand ijtimoiy persepsiyasiga ta’siri xususiyatlari maxsus tadqiqot predmetiga kiritilmagan.
Bu keltirilgan qisqa tahlildan ko’rinadiki, shaxslararo munosabatlar, oila maskanida ota-ona va farzandlar orasidagi o’zaro munosabatlar qanchalik o’rganilgan va tadqiq etilgan mavzu bo’lishiga qaramay, uning juda ko’p jihatlari, jumladan, oila muhitida farzand va ota-ona orasidagi muomala, o’zaro munosabatlarda amaliy va hissiy tomonlarning ta’siri, shu jihatlarga ko’ra oiladagi bolaning rivojlanish xususiyatlari, oiladagi farzandning ota-ona munosabatlariga ko’ra o’z oilaviy hayotiga nisbatan munosabati o’rganilmagan. Shuning uchun biz ushbu monografiyamizda ota-onalarning o’z farzandlariga nisbatan his etadigan va amaliy jihatdan namoyon etadigan munosabatlarini, shuningdek, farzandlarning ota-onalariga nisbatan kechiradigan hislarining psixologik xususiyatlarini namoyon bo’lishini ko’rsatib berishga urinib ko’rdik.
Ota-ona va farzandlar orasidagi munosabatlar masalasi hamisha dolzarb bo’lib kelganligi tufayli, ular orasida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan kelishmovchiliklarni kuzatib tegishli tavsiyalarni ishlab chiqishga harakat qildik.
Demak, juda ko’p olimlarning ishlarini ko’rib chiqish orqali, oila maskani va u bilan bog’liq muammolarni ilmiy tadqiq etilganligini, oila masalari har bir millat uchun nihoyatda muhim masala ekanligidan dalolat berishini kuzatdik.


    1. Download 0.8 Mb.

      Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   18




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling