Фарғона давлат университети Jahon tarixi kafedrasi Р. А. Арслонзода архившунослик бакалавриатнинг
Download 195.79 Kb.
|
Архившунослик (маъруза матни)
- Bu sahifa navigatsiya:
- 4-mavzu: Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda arxiv ishi Reja
- O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishining huquqiy asoslari
Manbalar va adabiyotlar
Алимов И.А. Архившунослик. Ўқув қўлланма. - Андижон, 2005. Исакова М. Из истории создания в Ташкенте Центрального государственного архива // O'zbekiston tarixi. 2009. 1-son. B. 41-48. Исакова М.С. Становление и развитие архивного дела в Узбекистане. – Т.: Университет, 2017. Справочник по архивному делу в Узбекистане (1918-1968). - Т., 1970. Тилеукулов Г.С. Архивное дело в Узбекистане (1918-1980): опыт и проблемы. Автореф. дис. …канд. ист. наук. - Т., 1995. 4-mavzu: Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda arxiv ishi Reja: 1. O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishining huquqiy asoslari 2. Istiqlol yillarida O‘zbekistonda arxiv ishining rivojlanishi Tayanch iboralar: arxiv ishining huquqiy asoslari, Milliy arxiv fondi, hujjatlarining elektron sug‘urta nusxasi, saqlov birligi, alohida qimmatli hujjat, noyob hujjat, elektron axborot banki. O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishining huquqiy asoslari O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng xalqimizning o‘z tarixiga bo‘lgan qiziqishi beqiyos darajada ortdi. Sovet davrida obdon soxtalashtirilgan Vatanimiz tarixini xolisona, yangi konseptual-metodologik asosda o‘rganish muhim ahamiyat kasb etdi. Bu hol xalqning tarixiy xotirasi bo‘lmish arxivlar faoliyatini tubdan yaxshilash vazifasini kun tartibiga qo‘ydi. Istiqlolga erishgan O‘zbekiston huquqiy davlat barpo etish sari yo‘l tutdi. Buning mazmuni shundan iboratki, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida qonun ustivor bo‘lmog‘i darkor. Bu arxiv ishi sohasiga ham taalluqlidir. Shuning uchun mustaqil O‘zbekistonda arxiv ishining huquqiy asoslarini yaratishga e’tibor berildi. Arxiv ishining huquqiy asoslari deganda arxiv ishi sohasiga tegishli qonunlar hamda ularga mos ravishda chiqarilgan qonunosti hujjatlar – Prezideht farmonlari, hukumat qarorlari, nizomlar, yo‘riqnomalar ba hokazolar tushuniladi. Mustaqillikning dastlabki yillaridayoq respublika hukumati arxivlar faoliyatiga alohida e’tibor qaratdi. 1992-yil 19-iyunda Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (“O‘zbosharxiv”) to‘g‘risidagi Nizom”ni tasdiqladi va “Respublika markaziy davlat arxivlari tarmog‘ini tasdiqlash haqida”gi 296-sonli qaror qabul qildi. Nizomda respublikada arxiv tizimini boshqaruvchi vakolatli davlat organi – Bosh arxiv boshqarmasining vakolatlari va funksiyalari belgilab berildi. Qabul qilingan qarorda respublikada 3 ta markaziy davlat arxivi – O‘zbekiston Respublikasi Markaziy davlat arxivi, O‘zbekiston Respublikasi kinofotofonohujjatlar markaziy davlat arxivi, O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-texnikaviy va tibbiyot hujjatlari markaziy davlat arxivlari faoliyat ko‘rsatishi belgilab qo‘yildi. O‘zbekistonda arxivlar faoliyatining huquqiy asoslarini yaratishda Oliy Majlis tomonidan 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan “Arxivlar to‘g‘risida”gi Qonun muhim qadam bo‘ldi. Ushbu qonun O‘zbekiston arxiv fondlarining yaxlitligini saqlab qolish, hujjatlarni hisobga olish, ekspertiza qilish, ro‘yxatdan o‘tkazish, arxivlarni butlash va arxiv hujjatlaridan foydalanishning yagona tartibini belgilab berdi. Istiqlol yillarida ilk marotaba oldingi davrlarda O‘zbekistondan olib ketilgan arxiv hujjatlarini qaytarish masalasi kun tartibiga qo‘yildi. Bu muammo eng oliy darajada – respublika parlamentida ko‘rib chiqildi. Natijada O‘zbekistondan chetga olib ketilgan arxiv hujjatlarini olib kelish bo‘yicha 1999-yil 11-mayda O‘zbekiston Oliy Majlisi huzurida maxsus komissiya tashkil etildi. Ushbu komissiyaning asosiy vazifasi o‘tmishda turli sabablarga ko‘ra chet ellarga olib ketilgan, ilmiy ahamiyatga molik hujjatlarni aniqlash, ularni o‘rganish va mamlakatimizga qaytarib olib kelish bo‘yicha takliflar tayyorlash va bu takliflarni tegishli davlat tashkilotlariga taqdim etishdan iboratdir. “Arxivlar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingandan keyin mavjud me’yoriy hujjatlarni unga mos ravishda qayta ko‘rib chiqish, ayrim yangi me’yoriy hujjatlarni qabul qilish zarurati tug‘ildi. O‘zR Vazirlar Mahkamasi 1999-yil 30-oktabrda 482-sonli qarori bilan 4 ta ana shunday me’yoriy hujjatni tasdiqladi: • “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risidagi Nizom”; • “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish Tartibi”; • “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (O‘zbosharxiv) to‘g‘risidagi Nizom”; • “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va davlat boshqaruv organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi idoraviy arxivlar to‘g‘risidagi Namunaviy Nizom”. Ushbu me’yoriy hujjatlarning qabul qilinishi va hayotga tadbiq etilishi arxiv ishini qadam-baqadam yaxshilash imkoniyatini berdi. Istiqlol yillarida arxiv ishlarida ro‘y bergan muhim yangilik – bu Milliy arxiv fondi (MAF) ning tashkil etilishi bo‘ldi. Qonunda va boshqa me’yoriy hujjatlarda Milliy arxiv fondiga davlat arxiv fondi va nodavlat arxiv fondi hujjatlari kiritilishi belgilab qo‘yildi. MAFning tashkil etilishi nafaqat davlat arxiv fondlarini, balki nodavlat yuridik shaxslar va ayrim fuqarolarga tegishli bo‘lgan muhim hujjatlarni ham hisobga olish va asrab qolish imkoniyatini berdi. Mustaqillik yillarida arxiv tizimini boshqaradigan vakolatli davlat organlarining faoliyati tubdan yaxshilashga e’tibor qaratildi. Shu maqsadda 2004-yil 3-fevralda O‘zR Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi 49-sonli qaror qabul qildi. Ushbu qarorga binoan, hukumat huzuridagi Bosh arxiv boshqarmasi (“O‘zbosharxiv”) tugatilib, uning o‘rniga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi ta’sis etildi. Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining arxiv bo‘limlari o‘rniga hududiy arxiv boshqarmalari tashkil etildi. “O‘zarxiv” agentligi va hududiy arxiv boshqarmalari zimmasiga butun respublika va mintaqalar miqyosida arxiv ishi sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish vazifasi yuklatildi. O‘zbekistonda “Arxivlar to‘g‘risida”gi qonun birinchi marta qabul qilinganligi bois, keyinchalik bu unda arxivlar faoliyatining barcha qirralari qamrab olinmaganligi ayon bo‘ldi. Shuning uchun qonunga ma’lum o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish zarur bo‘lib qoldi. 2004-yilning 30-aprelida Oliy Majlis “Arxivlar to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahririni qabul qildi. Qonunning yangi tahririda hamda hukumatning arxivlar faoliyatiga doir qarorlarida belgilangan vazifalarni hayotga tadbiq etib borib, “O‘zarxiv” agentligi o‘zining 2007-yil 4-yanvardagi 1-sonli buyrug‘i bilan “O‘zbekiston Respublikasi davlat arxivlarining ish qoidalari”ni tasdiqladi. Qoidalarni ishlab chiqishda davlat arxivlari oldiga qo‘yilgan talablar, shuningdek, ko‘p yillik arxiv ishi amaliyoti inobatga olindi. Qoidalarda davlat arxiv muassasalarining MAFni tashkil etish, hujjatlar saqlanishini ta’minlash, ularni hisobga olish, arxiv hujjatlarining ilmiy-ma’lumot apparatini yaratish, hujjatlarni ekspertiza qilish, ulardan foydalanishni tashkil etish borasidagi vazifalari o‘z aksini topdi. Arxiv ishi sohasidagi muammolarni kompleks tarzda hal etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi 2008-yil 26-avgustda “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 104-sonli qaror qabul qildi. Ushbu qaror bilan hukumat “2011-yilga qadar arxiv ishi va ish yuritishni rivojlantirish Dasturi” ni tasdiqladi. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, yuqorida nomlari zikr etilgan me’yoriy hujjatlar hamda ularning negizi bo‘lgan “Arxivlar to‘g‘risida” gi 1999-yil 15-aprelda qabul qilingan qonun va uning 2004-yil 30-aprelda qabul qilingan yangi tahriri istiqlol yillarida O‘zbekistonda arxiv ishini rivojlantirishda g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Ammo o‘tgan yillar mobaynida mamlakatda hamda arxiv ishida katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Hayot “Arxivlar to‘g‘risida” gi qonunni tubdan yangilash vazifasini kun tartibiga qo‘ydi. Shundan kelib chiqqan holda, “O‘zarxiv” agentligi yangi qonun loyihasini ishlab chiqdi. 2008-yil 26-dekabrida Toshkent shahrida arxivlar bo‘yicha Jamoatchilik Kengashining yig‘lishida ushbu loyiha muhokama qilindi. Yig‘ilishda qonun loyihasi ma’qullandi, ayni vaqtda uning mazmunini boyitishga qaratilgan takliflar ilgari surildi. O‘zbekiston Respublikasining “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi yangi qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2009-yil 3-noyabrda qabul qilindi, Senat kengashida 2010-yil 7-mayda ma’qullandi. “Arxiv ishi to‘g‘risida” gi qonun oldingi qonundan jiddiy ravishda farq qiladi. Avvalgi qonun boblarga bo‘linmagan va 21 moddadan iborat edi. Yangi qonun esa 6 ta bob va 35 moddadan iborat. Yangi qonunning boblarga bo‘linishi va moddalar miqdorining ortishi unda arxiv ishining yangi-yangi qirralarini qamrab olish imkoniyatini berdi. Yangi qonunda “alohida qimmatli hujjat”, “noyob hujjat”, “arxiv”, “ish yuritish”, “Milliy Arxiv fondi”, “Milliy arxiv fondining davlat katalogi”, “sug‘urta nusxa”, “shaxsiy tarkib hujjatlari” kabi yangi tushunchalar kiritilgan. “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonunning alohida bobi arxiv ishi sohasidagi davlat boshqaruvi masalasiga bag‘ishlangan. Unda arxiv ishini boshqarish sohasida Vazirlar Mahkamasi, “O‘zarxiv” agentligi hamda mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari ko‘rsatib o‘tilgan. Yangi qonunda Milliy arxiv fondining tarkibi, hujjatlarni Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritish va undan chiqarish, MAFning davlat katalogini yuritish masalalari o‘z aksini topgan. Shuningdek, qonunga hujjatlar qimmatdorligini ekspertiza qilish, arxiv hujjatlarini kirib ko‘rish, arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar, arxivlarning turlari to‘g‘risidagi yangi moddalar kiritildi. Keyingi yillarda “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonundan kelib chiqqan holda, arxiv sohasiga doir yangi me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. O‘zR Vazirlar Mahkamasi o‘zining 2012-yil 5-aprelda qabul qilgan “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 101-sonli qarori bilan quyidagi nizomlarni tasdiqladi: • “Arxiv hujjatlarini jamlash, davlat hisobiga olish, saqlash va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida Nizom”; • “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi Davlat katalogi to‘g‘risida Nizom”; • Arxivlarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi to‘g‘risida Nizom”; • “Arxivlar va idoraviy arxivlar tomonidan xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida Nizom”; • “Arxiv mutaxassislarini O‘zbekiston Respublikasi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari hujjatlarini tartibga keltirishga kompetentligi yuzasidan attestatsiyadan o‘tkazish tartibi• to‘g‘risida Nizom”; • “Arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish va arxiv hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish tartibi to‘g‘risida Nizom”. Ҳозирги кунда Ўзбекистон Президенти ва ҳукумати архивлар фаолиятини янада такомиллаштиришга доимий эътибор беришмоқда. Масалан, Президент “Ўзбекистон Республикаси “Ўзархив” агентлиги фаолиятини такомиллаштириш тўғрисида” 2019-йил 20-сентябрда ПҚ-4463-сонли Қарор чиқарди. Ушбу қарор ижросини таъминлаш мақсадида Вазирлар Маҳкамаси 2020-йил 19-мартда “Архив иши ва иш юритиш соҳасида айрим норматив-ҳуқуқий ҳужжатларни тасдиқлаш тўғрисида” 174-сонли қарор қабул қилди. Ушбу қарорга биноан, “Ўзархив” агентлиги ҳузурида ташкил этилган Архив иши ва иш юритиш бўйича малака ошириш илмий-методик марказининг устави тасдиқланди. Бундан ташқари “Ўзархив” агентлиги қошида Архив ишини ривожлантириш жамғармаси ташкил этилди. Архив иши ва иш юритиш ҳолати бўйича давлат назоратини амалга ошириш тартиби белгиланди. Shunday qilib, istiqlol yillarida O‘zbekistonda arxiv ishining huquqiy asoslari yaratildi. “Arxiv ishi to‘g‘risida”gi qonun va boshqa me’yoriy hujjatlarning hayotga tadbiq etilishi arxivlar faoliyatini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil etish imkoniyatini berdi. Download 195.79 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling