Farg’ona tarixi
II.BOB. “Farg’ona Tarixi ” asarining g`oyaviy-badiiy tahlili
Download 80.49 Kb.
|
Ibratning “ Farg’ona tarixi ” asari manba sifatida
II.BOB. “Farg’ona Tarixi ” asarining g`oyaviy-badiiy tahlili
2.1.“Farg’ona Tarixi ” asarining yaratilishi, tuzilishi va mavzular olami Ishoqxon Ibrat o`z davrining yirik muarrixi sifatida “Ta`rixi Farg’ona”, “Tarixi madaniyat”, “Mezonul - zamon” ilmiy asarlarini yaratdi. Ibrat ushbu asarlarini yaratishda Sharq tarixchilari bilan bir qatorda rus va Evropa sharqshunoslarining asarlaridan ham foydalandi. Adabiyotshunos G’.Murodov tarixnavislikning o’ziga xos mashaqqatli ish ekanini shunday ta’kidlaydi: “Yaqin yoki uzoq o’tmish haqida asar yozayotgan ijodkor buzilib, vayron holiga kelgan tarixiy obidani qayta tiklayotgan me’morga o’xshaydi. Bunday binoni qayta tiklash uchun qo’shimcha materiallar talab qilinadi. Shundagina obida ko’hna davr me’morchiligi namunasi tarzida ko’z oldimizda namoyon bo’lishi mumkin” . Ishoqxon to’ra ham “ko’hna davr obida”sini qayta tiklash uchun ko’pgina tarixiy ilmiy asarlarni o’rgangan. Ayniqsa, o’z salaflari tomonidan xonlarga bag’ishlangan, ularning qonli urushlarini maqtab, mubolag’a tarzida yaratilgan asarlarni, xonlarga va beklarga bag’ishlab yaratilgan dostonlarni tanqid qilgan. Shu nuqtai nazardan, uning quyidagi so’zlari tarixiy asar yaratishda ko’zda tutgan maqsadini, estetik ko’rinishlarini yaqqol ifodalaydi: “ Tarixni islom muarrixlari aksariyat ila hama tarixlari umaroiy bo’lub, jug’rofiy, madaniy yoki sanoiy bo’lmay, faqat u xonlarning urushlari birla ado qiladurlar.Binobarin men bu tariximda mubolag’aga oshurub, maktab va aqlning kosasig’a sig’adurgan so’zlarni oldim va aqlning kosasig’a sig’maydurgan so’zlarni olmay ba’zi xurofiy so’zlarni yozmay, to’g’ri so’zlarni oldim… Bu “Farg’ona Tarixi ”ni yozmoqdin maqsad izhori hunar yoki musannif qatoriga kirmak yoki ta’mini tiriklik yo’lidan bo’lmay, balki bani basharni tiriklik qilish, sanoat va ziroatlari, madaniyat va badaviyatlarini xalqlarga ko’rsatmak, bizdan keyin keladurganlar o’tganlarni turmush va qilmush va bilmush ishlaridan ibrat olsun. O’z zamoni bilan o’tgan zamonni tarozu qilib, vaznini bilsun uchun va ham ilmu tarix bir ilmi ta’rifdur” .11 Olimning tarixiy asarlarga bunday to’g’ri munosabatda bo’lishi, xalq hayotini haqqoniy aks ettirishiga intilishi shundan dalolat beradiki, muallif Sharq tarixnavislari bilan bir qatorda rus va Evropa sharqshunos olimlarining asarlarini ham chuqur bilgan. Uning tarixiy asar yaratish usuliga va tarixiy voqealarga bo’lgan munosabati Xorazmda yashab ijod etgan atoqli tarixnavis olim va shoir Muhammad Yusuf Bayoniyning tubandagi so’zlariga hamohangdir: “Afsuski, mendan ilgarigi davr tarixini yozganlar. Ularning qancha – qancha ayblarini berkitib kelganlar. Asfandiyordan qo’rqib, men bu masalalar haqida (“Shajarai Xorazmshohiy” asarimda) hech narsa aytolmagan edim. Tarix kitobi yozishning bir sharti bor. Tarix kitobi yozishda voqealarni yozuvchi tarafdorlik etmasdan, bo’lgan voqealarni rostlik bilan bayon etilmasa, uning so’zlari hech bir odamga ma’qul bo’lmaydi”. Bu ikkala ijodkorning dunyoqarashidagi umumiylikni ularning bir xil ijodiy – estetik nuqtada turib ijod qilganliklaridan dalolat beradi. Bayoniyning yuqoridagi so’zlari 1920 yilda aytilgan bo’lib, Ibrat so’zlarining yanada rivojlantirilgan shaklidir. Ibrat ushbu asarini yaratishda rus sharqshunoslari: V.V.Radlov, V.V.Bartol’d, 1863 yilda O’rta Osiyoga sayohat qilgan turkshunos, etnograf, sayyoh G.Vamberi asarlaridan foydalanish bilan bir qatorda, ularning asarlariga o’z munosabatini ham bildirgan: “…Sulton Sodiq Bug’roxon amri bilan nazm “Qutadg’u bilig” degan tarix Yusyf Hojib tarafidan uyg’urcha – o’zbek tilida yozulub, oni Rodlov ruscha, turkcha, nemischa, ko’b jildda ta’b qilgan. Mundan boshqa islomdan avval bo’lgan asarlar Farg’onada matruk12 bo’lgan, bu sababdan hozirda islomdan avvalgi hali bizga qorong’u…Bartol’d degan Peterburgdan kelib munda yurub, necha vaqtlar muomala va ma’lumotlar olib ketgan edi.Mana, tarix qilib, matbuotda nashr bo’ldi. Ko’b kishilar foyda ko’rubdurlar va so’ngidan Vamberi degan Xitoyiston Qoshg’arini aylanib chiqib, ko’b tarixlar nashr etdi, bizga tarix bo’lub turubdur. Bularni ko’rganda bizga nega o’z mamlakatimiz ning hama ishlaridan avlodi basharga bir nishona qoldurmaduk degan afsus bor” .Bundan tashqari V.P.Nalivkinning asarlaridan, ayniqsa “Kratkaya istoriya Kokandskogo xanctvo” (Qozon – 1886 yil) asarlaridan unumli foydalangan va ba’zi o’rinlarda unga tanqidiy munosabatda bo’lgan. Ishoqxon Ibrat ilmiy – tarixiy asarlarini yaratishda katta mas’uuliyatni his qilgan. Chunki yozgan har bir satri uchun o`zini javobgar hisoblaydi. Kelajak avlod uning har bir so`zidan o’sha davrga, shaxslar hayotiga o’z munosabatini va qarashini bilib oladi. U tarixiy voqealarni, ma’lumotlarni xolisona baholashga katta e’tibor bera olgan. Bundan shuni bilish mumkinki, olim juda ko’p sharqshunoslarning asarlarini chuqur o’rgangan va bu uning ijodiga o’zining ijobiy ta’sirini ko’rsatgan. Ishoqxon Ibrat “Farg’ona Tarixi ” asarida tarixiy voqealarga xon va beklarning munosabatini tasvirlashga alohida e`tibor berdi. Muallif Buxoro amiri Nasrulloning 1842 yilda Qo`qonda mash`um voqeaga qarshi chiqib qo`qon xonligi bilan birlashish va yaqinlashib kelayotgan rus bosqinining oldini olish harakatlarini qilish taklifi bilan chiqqan amir Nasrullo vazirlaridan biri Abdusamad noyibning oqilona so`zlarini keltiradi. “Xolo Xo`qand zabt o`ldi, Farg’ona katta mamlakatdur, qancha askar va sipohu xazina sarf o`lub olindi, alholda Rusiyaning kelmagi mahalliy xavfdur, agarda xonni onti aqd berib, tavba qildurub, Ho`qandga qo`yub, Buxorog’a tobe` qilib, bir mulk bizlarga kelgan dushmanlarga bir qalqon bo`lur edi”, -deganida, so`zi amirga ma`qul bo`lmay og’zig’a kafsh bilan urdurg’on ekan”.13 Ishoqxon Ibrat “Ta`rixi Farg’ona” asarida O’rta Osiyoning Rossiya tomonidan bosib olinishi va u keltirgan fojealarga keng o’rin beradi. Ma’lumotlar asosida izohlab berishga harakat qiladi. Ishoqxon Ibrat o`z xalqining porloq kelajakka, ozod va hur hayot qurajagiga zo`r umid va ishonch bilan qaradi. Uning ilmiy-tarixiy asarlari Vatanimiz tarixini o`rganishda, shubhasiz, zarur mo`tabar manba hisoblanadi. Olimning “Ta`rixi Farg’ona” asari katta tarixiy - madaniy ahamiyat kasb etib, o’zbek xalqining qimmatli yozma yodgorliklaridan hisoblanadi. U bu asarni qayta ishlash niyatida bo’lgani uchun, uni nashr etmagan. Bizga ma’lumki, musulmon olamida har bir ish “Bismillahir rohmanir rohim” bilan boshlanadi. Bu odat bevosita adabiyot olamiga ham singgan. Ibrat ham Sharq va salaflari an’anasiga sodiq qolgan holda “Ta`rixi Farg’ona” asarini “Bismillahir rohmanir rohim” ila Ollohga hamd bilan boshlaydi: “Hamdimiz ul zoti vojib ul vujudg’akim, mavjudotu maxluqotlarini “kun” iborasi ilan vujudga chiqorib, xoliq ul xalq va-s-samo va soni’ ul-kavokib va-l-havo ul zoti pok aqdae ekonin zu-l-uqullarg’a ayon va oshkora etub, alar maishati va foidasig’a anvoi favokihot va nag’amotlarni kurrai arzda xalq etib, mujdai “xalaqa lakum ma fi-l-arzi jamian” oyatin yubordi. “Kun” iborasi bilan barcha mavjudotu maxluqotlarni yaratganga hamdu sanodan so’ng, anbiyoi nabiy va chahoryorlar madhi berilgan. Shundan so’ng asarni yozishdan maqsadi nima ekanligi keltirilgan. Uning umri ko’pgina voqea – hodisalarga boy bo’lgani va bu hayoti davomida ko’pgina tarixshunoslarning asarlarini o’qib hayratga tushganligi va alohida mehr qo’yganligini yozadi. Ba’zi bir insonlarning yuz yil umr ko’rib g’aflat uyqusida yotganligidan, atrofida sodir bo’layotgan o’zgarishlardan, voqea – hodisalardan bexabar ekanligidan afsuslanadi. Shu bilan bir qatorda bunday insonlarni uyg’oqlikka chorlaydi. Va har bir kishi mushohada etib, “fa’olun limo yuridu”14 irodasig’a marbut15 va bu davrda mazbutdur16”, - deydi. Insonning jonli mavjudotlardan farqli tomoni shundaki, avvalambor, u fikrlaydi, mushohada yuritadi, ya’ni: “Men fikrlayapmanmi? Demak, men dunyoda yashayapman”. Bu olamda hamma ham yashaydi, lekin hamma ham fikrlamaydi. Ibrat aytganidek, g’aflat uyqusida yotganlar ham bo’ladi. Qachonki inson o’zligini anglasagina, u oliy darajaga ko’tariladi. O’zligini anglashda uning oldida, birinchi navbatda: “ Men kimman? Ona tuprog’im tarixini qay darajada bilaman? Mening ajdodlarim kimlar? Ular kelajak avlod uchun nima ishlar qilishgan va men nima ish qilaman? Men ularning avlodi bo’lishga munosibmanmi?” – degan savollar turadi. To’g’ri, bu savollarga javob berish ancha mushkul. Lekin inson dunyoga bir marotaba keladi. Mana shu savollarni o’ylab ko’rishi shart deb o’ylayman. Ibrat ham inson oz bo’lsa-da, “ilmi bashariyat tavorixidan” bilishi kerakligini aytib: “Loaqal kishi o’z muvattin erini bilmak zaruriyotdandur. Bilmasa, tafosir va hodisalarda va tavorixlarda mubayyindurki, ko’rmak va bilmak ilmdandur”. Yuqorida ta’kidlab o’tganimizdek, bu asarni yozishdan asosiy maqsadi ostida biror manfaat yotmagan. Bu asar biror kishining farmoni yo buyrug’i asosida yozilgan emas. Asar ichki bir hissiyotning mahsulidir. U bani basharni tiriklik qilish, uning madaniyati, ma’naviyatini xalqlarga ko’rsatish, o’zidan keyin keladigan avlod o’tganlarning turmushidan, yumushidan ibrat olishlarini ko’zda tutgan edi. Asarni yozishdan maqsadi nima ekanligini bayon qilgandan so’ng: “Turkiston muzofotida Farg’ona deb mashhur va bu lafz ilan mazkurdur va muni ta’rixi qadimlarda bo’lsa ham kimlar o’tgan va kimning tarafidan bino bo’lg’onligi hech kimni ma’lumi bo’lmay, Farg’ona ismi ilan iktifo qilganlar” satrlari bilan Farg’ona tarixi davom ettiriladi. Shuningdek, Ho’qand, Andijon va Hamangan shaharlarining tarixi, istiqomat qilayotgan xalqning turmush tarzi ham keltiriladi.17 Bu o’rinda shuni ta’kidlash lozimki, Narshaxiyning “Buxoro tarixi” yoxud Bayoniyning “Shajarai Xorazmshohiy” asaridek “Ta`rixi Farg’ona” qism va boblardan tashkil topmagan. Faqatgina alohida sarlavhalar ostida berilgan. Farg’ona tarixini etimologiyasi, kim tomonidan bunyod etilgani, yuqorida keltirilgan shaharlarda kimlar hukmdor bo’lgani keltiriladi. Faqatgina “Asri Norbo’taxon”dan boshlab hukmdorlar alohida sarlavha ostida berilgan. Boshqa sultonlarning hukmdorlik yillari bevosita Farg’ona va Xo’qand tarixi ichida keltirib o’tilgan. Asosiy e‘tiborni esa “Oltin beshik”dan keyingi voqealarga, ya’ni hukmdorlarga qaratadi. Bu asosda berishda ma’lum bir sabablar bo’lsa kerak. Ibrat o’zigacha bo’lgan davr ko’pgina tarixshunos olimlar tomonidan yaratilganini qayd etadi. Masalan, Farg’onani kim tomondan bunyod etilganini ochib berish uchun ko’pgina asarlarni keltirib o’tadi. Shuning uchun bo’lsa kerak, u o’z davriga yaqin bo’lgan hijriy 1213 dan to Xudoyorxongacha bo’lgan davr keng yoritilgan. Ayniqsa, Chor Rossiyasining Turkistonga yurishi davridagi parokandalik, davlat tepasidagi hukmdorlarning ketma – ket almashib turishi va Xudoyorxon davri aniq ochilgani bilan bir qatorda muallif o’zining bu davr siyosiy – ijtimoiy hayotiga xolisona munosabatini bildiradi. Bizga ma’lumki, Ibrat tarixnavis bo’lishi bilan bir qatorda shoir hamdir. Shoirlikka xos bo’lgan xususiyatlar bevosita asarda ham yaqqol namoyon bo’lgan. “Ta`rixi Farg’ona” ilmiy – tarixiy bo’lishi bilan birgalikda badiiy asar hamdir. Muallif asarning badiiy qimmatini oshirish maqsadida o’sha davrda ijod etgan shoirlarning she’rlaridan parchalar, marsiyalar va hikoyalar keltiradi. Shuningdek, Mallaxonning Xudoyorxonga qilgan nasihatini Shavqiy shoir “nazm” qiladi va bu ham asardan bevosita joy olgan.18 Yuqorida shaharlar, hukmdorlar tarixi keltirilgan deb, asar haqida umumiy ma’lumotlar berildi. Shundan keyingi qismlarda esa alohida to’xtalib, batafsil yoritib berishga harakat qilinadi. Shu o’rinda yana bir ma’lumotni keltirib o’tsak, foydadan xoli bo’lmasa kerak. Bizga ma’lumki, sho’ro davrida ma’naviyatimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimiz oyoq osti qilindi. Qanchadan – qancha xalqimizning buyuk namoyandalariga, ularning ishlariyu, yozgan asarlariga nisbatan noto’g’ri xulosalar chiqarildi. Xalqimizni ham shu ruhda tarbiyalab, o’zligidan mahrum qilmoqchi bo’lishdi. Lekin ular shum niyatlariga yeta olishmadi. Mustaqillikka erishganimizdan so’ng eng dolzarb masalalardan biri sifatida tariximizga chaplangan qorani xolisona baholab, uni artishga qaratiladi. Bir qancha ijodkorlarimizning asarlari nashr qilindi. Ibratning “Ta`rixi Farg’ona” asari 1991 yil “Meros” seriyasi ostida nashrdan chiqdi. Ishoqxonning bu asari O’z SSJFA Sharqshunoslik ilmgohining qo’lyozmalar xazinasida saqlanayotgan Inoyatxon To’raqo’rg’oniy qalami bilan ko’cnirilgan nusxasi asosida N.Bobobekov va M.Hasaniy tomonidan nashrga tayyorlangan. Ishoqxon Ibrat bu asarni qayta ishlash niyatida bo’lgani uchun uni nashr etmagan. Shuning uchun ham asarda ayrim kamchilik va nuqsonlar uchrashishini nashrga tayyorlovchilar ko’rsatib o’tishgan: “Xo’qand” shahri kelib chiqishini “Xuk – kand” so’zlaridan tuzilgan bo’lib, uning binosini 1709 yilgi voqeaga bog’laydi. Vaholanki, “Xo’qand” shahri X asrlarda ham shu nom bilan mashhur bo’lgan. Ma’nosi esa “yaxshi”, “latif” so’zlariga to’g’ri keladi. Asarda Qo’qon xonligining ayrim tarixlari xususida ham yanglish aytilgan fikrlar bor. Masalan, Muhammad Alixon 1822 – 1842 yillarda hokimlik qilgan emas, balki 1822 – 1841 yillarda xon bo’lgan. U 1841 yil noyabrda taxtdan voz kechadi va Qo’qon taxtiga ukasi Mahmud o’tiradi. Lekin bu haqda Ishoqxon Ibrat hech narsa yozmaydi. Haqiqatdan ham, asarni o’qib, tarix kitoblarini varaqlaydigan bo’lsak, ularning e’tirozlari o’rinlidir.19 Shuningdek, “1865 yili Toshkent ostonalarida Mullo Alimqulning yarador bo’lib vafot etishini ham fikrimcha noto’g’ri bayon etgan va shu kabi ayrim, uncha ahamiyatga ega bo’lmagan kamchiliklar uchraydi. Ammo bu kamchiliklar asarning qiymatini tushirmaydi. Umuman, asarda mazmun jihatidan voqealar to’g’ri bayon etilganini ham qayd etishgan. Xullas, Ishoqxon Ibrat faoliyatidan shu narsa ayon bo’ladiki, u ma’rifatparvar, xalqparvar shaxslardan biri bo’lgan. Uning barcha faoliyati, yozgan asarlari, she’rlari bevosita millatni, uning porloq kelajagi uchun bo’lgan. U har bir narsaga sinchkovlik bilan yondashib, doimo izlanishda bo’lgan. Shu xususiyatining mahsuli sifatida u ko’pgina: mexanika, texnika, fizika, muhandislik kabi sohalarni chuqur bilgan. Bu sohalarni amaliyotda ham keng targ’ib qila olgan. “Ta`rixi Farg’ona” asarining yaratilgani olimning ulkan ishlaridan biri bo’lib hisoblanadi. Biz bu asar orqali xalqimizning o’tmishini, ularning boshidan kechirgan kechmishlarini bilib olishimiz bilan birgalikda, biz uchun ibrat ko’zgusi bo’lib ham xizmat qiladi. Download 80.49 Kb. Do'stlaringiz bilan baham: |
Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling
ma'muriyatiga murojaat qiling