Farg'ona vodiysi Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 1-qism


Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 1-qism


Download 0.63 Mb.
bet2/2
Sana16.08.2020
Hajmi0.63 Mb.
#126474
1   2
Bog'liq
Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar

Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 1-qism


Muallif: Axmed Rahmanov Rukn: MDH va Rossiya

Hammamizga ma'lumki Farg'ona vodiysi O'rta Osiyoning "Porox Bochkasi" sifatida qaraluvchi hududi hisoblanadi. Butun 20 asr tarixi davomida Farg'ona vodiysi O'rta Osiyo xalqlarining taqdirini belgilashda muhim rol o'ynab keldi va bu jarayon 21-asrda ham davom etmoqda.

Ayniqsa Sobiq Sovet Ittifoqining zaiflashishi va keyinchalik qulashidan keyingi bu vodiyda yuz bergan geopolitik voqea va hodisalar bizdan bu hududni sinchiklab o'rganishni talab qiladi. Hududdagi to'qnashuvlar ketma-ketligini faqat chegaralar muammosi yoki etnik hilma-hillik bilan bog'lagan holda hulosa chiqarish bu masalaga yuzaki yondashishimizga sabab bo'ladi. Bugungi kunda Farg'ona vodiysi "Buyuk O'yin"dan to'g'ridan to'g'ri aziyat chekmoqda desak adashmagan bo'lamiz.

Farg'ona vodiysidagi to'qnashuvlarning tub sabablarini tushunish uchun birinchi o'rinda O'rta Osiyoning 20-asrdagi shakllanish tarixi, Ingliz-Rus raqobati, Kommunistik tuzimning kirib kelishi, Stalin buyrug'i ostidagi milliy-hududiy chegaralanishlar va boshqalar haqida ma'lumotlarga ega bo'lish kerak. Undan tashqari Farg'ona vodiysining tarixiy shakllanishi, geografik joylashishuvi hamda vodiyda chegaradosh davlatlar o'rtasidagi munosabatlar haqida bilimlarga ega bo'lish bizga bu hudud haqida yorqinroq tushunchaga ega bo'lishga imkon yaratadi.

Bugungi maqolani O'rta Osiyoning hozirgi siyosiy holatga kelishida va dunyoning qudratli davlatlari tomonidan bu hududga bo'lgan qiziqishga asosiy sabab bo'lgan, Britaniya Geopolitika va Geostrategiya maktabining otasi hisoblanmish - Halford Jon Makkinderning "Heartland"   (Dunyo yuragi, markazi) nazariyasiga bag'ishlayman.

Makkinder Buyuk Britaniya zamonaviy geografiyasini asoschisi hamda ko'pchilik tomonidan geopolitika va geostrategiya fanlarining otasi sanaladi. U dunyoni ikki toifadagi kuchlar tomonidan boshqarilishini ta'kidlaydi, quruqlikdagi kuchlar va dengiz kuchlari. Uning fikricha dunyo orollardan tashkil topgan umumiy okean bolib qit'alar esa ulkan orollardir va dunyoning eng asosiy katta oroli Evrosiyo va Afrika bo'lib, qolgan qit'alar - Amerika va Avstraliya dunyo okeanidagi tashqi orollar sanaladi. Butun dunyoni boshqarish uchun esa aynan mana shu "Dunyoning Yuragi"ni qo'lda ushlab turish kerak.



Bu hudud yuqoridagi xaritada ko'rib turganingiz kabi o'z ichiga O'rta Osiyo, sharqiy Yevropa, G'arbiy Sibir va Uzoq Sharqni oladi. Aynan shu hudud bir nechta sivilizatsiya, dinlarning ta'siri to'g'ridan to'g'ri yo'naltirilmagan va ideologik bo'shliq bo'lib, ayni paytda bu hududni boshqargan mamlakat Xristianizm va g'arb dunyosining asosi Yevropani, Xitoy sivilizatsiyasi va Buddizmning beshigi bo'lmish Osiyo va Sharqiy Osiyoni, Hinduizm va Hind sivilizatsiyasining o'zagi Hindston yarim orolini va Islom sivilizatsiyasini o'ziga asos qilib olgan, Arab, Turk va Fors dunyolariga to'g'ridan to'g'ri ta'sir o'tkazib butun Yevrosiyoning gegemoniga aylanishi mumkin. O'z o'zidan Yevrosiyoni o'z ta'siri ostiga olgan kuch qo'shni orollar Afrika, Yaponiya, Okeaniya va Amerikani o'z qaramog'iga oladi, natijada u dunyo hokimiga aylanadi. U o'zining bu nazariyasini Chungizxon boshchiligidagi Mo'g'ullarning Yevrosiyodagi yurishlari va Temurning qudratli imperiyani qisqa vaqtda qurgani bilan isbotlashga harakat qilgan.  Uning fikricha Yevropadagi sivilizatsiya rivoji faqatgina Osiyoning bosqinidan himoyalanishning natijasidir, Mo'g'ullar, keyinchalik Usmoniylar Imperiyasi, "Yevropa bugungi kundagi madaniy yuksalishga faqatgina o'zining tabiy geografiyasi tufayligina erishgan" deb yozar edi u, "Shimoldagi sovuq dengizlar, janubda Sahroi Kabir, g'arbda ulkan okean, sharqda esa poyonsiz rus tekisliklari, shuningdek tog'lar, vodiylar va yarim orollar Yevropani Osiyolik, dashtlarda harakatlanishga moslashgan qudratli qo'shinlarning bosqinidan asrab qoldi". U o'zining bu izohi bilan Yevropa qanchalik urinmasin, hatto Amerika qit'asini egallash ham, Avstraliyani mustamlaka qilinishi ham, Hindiston va Hindixitoyda hukmronlik qilish ham Yevropani hech qachon dunyoga hukmron qilib qo'ya olmaydi, unga hukmronlik qilish uchun Evrosiyo egallanishi shart degan fikrnii olg'a surgan.

Garchi "Heartland" nazariyasi 20-asrda ko'pchilik olimlar tomonidan geografik determinizmga asoslangan va geopolitik reallikdan yiroq deb hisoblangan bo'lsada, amalda dunyoning qudratli davlatlari bu nazariyani o'zlarining tashqi siyosatini asosi qilib oldilar, jumladan Buyuk Britaniya va Uchinchi Reyx hukumatlarining O'rta Osiyoni va Sobiq Sovet Ittifoqi hududlarini egallashga bo'lgan harakatlari bundan dalolatdir.

Aynan Buyuk Britaniya va Rossiya Imperiasi orasidagi O'rta Osiyo uchun bo'lgan raqobat "Buyuk O'yin"ni kelib chiqishiga sabab bo'ldi va hozirgi O'rta Osiyodagi yuz berayotgan jarayonlarning ko'pchiligi aynan shu geopolitik o'yinlarning oqibatidir. Bu haqda biz keyingi maqolalarimizda batafsil yozamiz.

Ho'sh, agar 20-asrda Heartland nazariyasi tashlab qo'yilgan bo'lsa bugungi kunda unga qanday qaralmoqda?

Makkinder uchun dengiz davlatlari va quruqlik davlatlari o'rtasidagi raqobat bu eski hikoyadir, Afina va Sparta yoki Venetsiya va Prussiya o'rtasidagi raqobat bizga Rossiya va Yevropa orasidagi munosabatlarini eslatmasdan iloji yo'q. Chunki dengiz davlatlarga bir biri bilan axborot almashishni tezlatishdan tashqari chegarasiz xavfsizlikda bo'lish imkoniyatini beradi va bunday davlatlarda ko'proq demokratik jamiyat qurilishi kuzatiladi, quruqlik davlatlarida esa ko'proq xalqlarning va axborotlarning almashinishi to'qnashuvlar tarzida kechadi natijada bu davlatlar o'z qobig'iga o'ralgan va tashqi axborotlarga juda ehtiyotkorlik bilan yondashadilar. Bu fikrlar hozigi kunda amalda isbotini topib kelmoqda, haqiqatdan ham hozirgi dunyo xaritasiga nazar solsak demokratik tizimdagi davlatlarning aksariyatining iqtisodi va geografik joylashishi dengiz yo'llari bilan bog'langan bo'lsa, qolgan avtoritar rejimli davlatlar asosan tarixiy va geografik jihatdan quruqlik bilan bog'liq davlatlardir, albatta ular orasida siyosiy interventsiyalar oqibatida bu nazariyadan mustasno davlatar ham yo'q emas, masalan Vetnam, Birma, Kuba va hakozolar.



Xaritada demokratik davlatlar yashil va to'q yashil rangda berilgan, demokratik indikatorlarning darajasiga bog'liq holda, Avtoritar rejimlar esa och sariq va to'q qizil ranglarda, mavjd rejimning avtoritarlik darajasiga bog'liq holda. 

Undan tashqari Makkinder ta'kidlab o'tgan davlatlarning kuchayishidagi geografik determinizm o'zini oqlab kelmoqda. Lekin dengiz sivilizatsiyalari bilan quruqlik sivilizatsiyalari bir biridan rivojlanishini ko'rinishi bilan faqr qilgani uchun quruqlikdagi rivojlanishlar ko'zga ko'rinmas ravishda yuz beradi. Masalan dengiz mamlakatlari Suvaysh kanalini qurish orqali dunyoda strategik manzarani o'zgartirishayotgan bir paytda O'rta Osiyoda temir yo'llar qurilishi bu hududdagi ichki rivojlanishni kuchaytirgan, albatta Suvaysh kanalini qurilishi ko'zga yaqqol tashlanganiga qaramasdan, uning O'rta Osiyodagi qurilgan temir yo'llar bilan ahamiyati shu davrda deyarli bir hil bo'lgan.

Bu narsa Rossiya Imperiyasi yemirilib uni o'rnida Sovet Ittifoqi paydo bo'lishi va uning iqtisodiy krizis ahvolidan dunyoning eng qudratli davlatiga aylanishida yanada yaqqol ko'zga tashlanadi. Ikkinchi Jahon urush vai Gitlerning Sovet Ittifoqi orqali dunyoni egallamoqchi bo'lishi, keyinchalik sovuq urushi davridagi harbiy bazalarning asosan Heartlandda va shu hududni mo'ljalga oluvchi hududlarda paydo bo'lishi, Sovet-Afg'on urushi, Eron Islomiy revolyutsiyasi, keyinchalik AQSHning Afg'oniston va Iroqga interventsiyasi, AQSH bilan Rossiya o'rtasidagi O'rta Osiya va Kavkaz hususidagi tortishuvlari va nihoyat Xitoyning dunyoning qudratli davlatlardan biriga aylanishi, O'rta Osiyoga iqtisodiy yo'l orqali ta'sir o'tkazishlari Heartland nazariyasini qanchalar geopolitik haqiqatga yaqinligini ko'rsatib kelmoqda. Agar Makkinderni 20-asr boshida yashab o'tganini hisobga olsak, uning bu nazariyasini zamonga moslab amalda qo'llash bu bizning vazifamizdir, chunki u 20-asrda bunday katta geopolitik jarayonlar yuz berishini u oldindan ko'ra bila olmas edi.

Garchi geografik determinizm ko'pchilik olimlar tomonidan mutloq jarayonni belgilab beruvchi omil sifatida tan olinmasada, bizni kundalik hayotimizdagi tajribalarimiz insonni vaqt va makon bilan hisoblashishga majburligini ko'rsatib bormoqda. Davlatlar qanchalik qudratli bo'lmasin ular shu ikki omilni oldida ojizdirlar. 

Farg'ona vodiysi - Geopolitik manfaatlar to'qnashgan hudud? 2-qism

Muallif: Axmed Rahmanov Rukn: Yevrosiyo

Hammamiz "Buyuk O'yin" geostrategik konseptsiyasi haqida oz muncha bo'lsa ham eshitgan bo'lgan bo'lsak kerak. Chunki "Buyuk O'yin" aynan biz yashab turgan hududlarni egallash uchun o'z vaqtining buyuk imperiyalari bo'lmish Rossiya va Buyuk Britaniya orasida bo'lib o'tgan geopolitik raqobatdir. Bu holatning kelib chiqishi uzoq tarixga va bosqichlarga ega, uning oqibatlari esa nafaqat O'rta Osiyo balki butun dunyoning siyosiy tuzilishiga katta ta'sir ko'rsatgan. Hatto hozir ham bu geostrategik o'yin "Yangi Buyuk O'yin" nomi bilan davom etmoqda, tarixiy aktyorlar va kuchlar nisbati o'zgargan bo'lsa ham, ko'z ostiga olingan xudud hali ham o'sha o'shadir, ya'ni biz yashab turgan O'rta Osiyo xududlariga to'g'ri keladi. "Yangi Buyuk O'yin" haqida keyingi maqolamda to'liqroq ma'lumotlar berishga harakat qilaman, bugun esa O'rta Osiyoning geopolitik jihatidan kashf qilinishi va "Buyuk O'yin"ning boshlanishi haqida.

Buyuk O'yinning boshlanishiga asosan dunyoning ikki buyuk imperiyasining o'z mustamlakalari ustidan nazorat o'rnatishga harakati asosiy sabab bo'lgan bo'lsa ham, o'tgan maqolamda aytib o'tganimdek Makkinderning "Heartland" nazariyasi ingliz imperiyasining Yevrosiyoning markazini mustamlakalashtirish ishtiyoqini yanada kuchaytirgan. Napoleon Bonapartning yuksalishi, AQSH mustaqilligining e'lon qilinishi kabi Buyuk Britaniyaning og'ir yo'qotishlari uning dengiz dunyosida hukmronlik qilishning o'zi yetarli emasligini yaqqol ko'rsatib berdi. Natijada AQSH mustaqilligidan so'ng Buyuk Britaniya imperiyasi o'zining mustamlakachilik tizimiga katta o'zgartirishlar kiritdi. Agar ilgari inglizlar mustamlakalardan faqat resurslarni ishg'ol qilishda foydalanishgan bo'lsa, shu voqeadan keyin mustamlakalar ichida ham rivojlanishni, inglizlashtirishni kuchaytirdilar. Ayni paytda esa dunyoni bo'lib olishda buyuk imperiyalar orasida ayovsiz raqobat bormoqda edi.

Bir tomonda g'arb dunyosi dengiz orqali Amerika, Afrika va Osiyoning janubiy qismlarini mustamlakaga aylantirayotgan bir paytda, sharqda Rus davlati kuchaydi va asta sekinlik bilan o'zining yuksalishini deyarli kuchli raqobatchilarsiz davom ettirdi. Rossiya podshohlari Sibir va O'rto Osiyoga bir nechta bor ekspeditsiyalar yuborib, asta sekinlik bilan slavyan dexqonlarini shu joylarga ko'chirib dunyoning eng ulkan davlatiga asos sola boshladilar. Bunday yuksalishga rus imperatori Pyotr I o'zining eng katta hissasini qo'shgan desak adashmagan bo'lamiz. XVIII-asr boshidagi "Uzoq Rus-Shved urushi" natijasida Shvetsiya mag'lubiyatga uchrab chekinadi, bu esa Rus imperiyasiga nihoyat Boltiq dengiziga yo'l ochdi. Pyotr I tezda imperiya poytaxtini Sankt-Peterburg shaxriga o'zgartirib Rus imperiyasini Yevropa mamlakati ekanligini ta'kidlashga harakat qiladi. Lekin Yevropaning qudratli davlatlari uchun Rossiyaning kuchayishi faqatgina havf olib kelishi mumkin edi. Bundan tashqari Rus imperiyasi Yevropa davlati bo'la olmas edi, geografik jihatidan ham, tarixiy bosib o'tilgan bosqichlar ham Rossiyaning Yevrosiyo davlatiligini ko'rsatib beradi. Rus imperiyasining Yevropa davlati bo'la olmasligiga yana bir muhim tarihiy sabab bordir. Hammamizga ma'lumki qadimgi Rim davlatining zaiflashib ikkiga bo'linishi natijasida qadimgi G'arbiy Rim va Vizantiya davlatlari paydo bo'lgan. 1472-yil 12 noyabrida rus shaxzodasi Ivan III ning Vizantiya imperiyasi malikasi Sofiyaga uylanishi, keyinchalik esa Vizantiya Imperiyasining butunlay yo'q bo'lib ketishi oqibatida Rus shohlari o'zlarining Vizantiya imperiyasining davomchilari sifatida "Sezar" degan unvon bilan atay boshlashgan. Garchi Mo'g'ul-Tatar xalqlarining Rossiyani ishg'ol qilishlari natijasida bu unvon vaqtinchalik ular tomonidan unvon sifatida ishlatilgan bo'lsa ham, keyinchalik Rus davlatining qayta qurilishi bilan Rus shohlari o'zlarini "Sezar", "Tsar" deb atashda davom etishgan. Bundan tashqari Rus imperiyasi Xristian dinining provaslav mazhabida, g'arbiy yevropa mamlakatlarining esa katolik mazhabiga mansubligi ham ularning tashqi siyosatiga juda katta ta'sir ko'rsatgan, shu davrlardagi cherkovning davlat apparatiga ta'siri haqida eslashning o'zi bunga kifoya.

"Buyuk O'yin" garchi asosan iqtisodiy va geopolitik manfaatlarni ko'zlash oqibatida kelib chiqqan raqobat bo'lsa ham, bu davlatlar o'zlarining dini va tarixi bilan bu to'qnashuvlarni oqlashga harakat qilganlar. Bu geopolitik hodisani 20-asrdagi "Sovuq Urush"ga taqqoslasak adashmaymiz. Hatto "Sovuq Urush" aynan shu to'qnashuvlar oqibatida kelib chiqqan ikki sivilizatsiyaning uzoqlashishining oqibati deb qo'rqmasdan ta'kidlashimiz mumkin. Garchi "Buyuk O'yin"da asosiy raqobatchilar Rus imperiyasi va Buyuk Britaniya bo'lgan bo'lsa ham, boshqa qudratli davlatlarning ham bu geostrategik o'yindagi roli ham katta bo'lgan. Jumladan Fransiya, Usmoniylar imperiyasi, Eron, Xitoy va Yaponiya geopolitik muvozanatga kuchli ta'sir ko'rsatganlar.

O'sha davrning siyosiy xaritasi juda ham murakkabdir. Bir tomondan Usmoniylar imperiyasi yemirilishni boshlagan bo'lsa, boshqa tomondan Angliya va Fransiya butun dunyoni egallashga bel bog'lashgan, ayni paytda esa ular bir biriga dushman. Rus imperiyasi esa ham Usmoniylardan, ham Napoleon qo'shinlaridan, ham Angliyaning O'rta Osiyoga kirib kelishidan havfsiragan holda o'zining tashqi siyosatini yakka holatda davom ettiradi. Napoleon Misr va Suriyani bosib olgandan so'ng u Hindistonga yurish boshlamoqchi ekanligi haqida mish mishlar tarqaladi. Natijada bundan havfsiragan Rossiya o'zining  janubiy hududlarini, jumladan Qora dengiz bo'ylaridagi kuchlarini mustahkamlaydi. 1812-yilda Napoleon Bonapartning Rus qo'shinlari tomonidan mag'lubiyatga uchrashi Buyuk Britaniyaning iqtisodiy blokadadan chiqishga yordam berdi, lekin Rus-Ingliz munosabatlari sovuqligicha qoldi. Shunday qilib Napoleon Bonapartning mag'lubiyatidan so'ng dunyoda eng kuchli davlatlar orasida Rus va Britaniya imperiyalari alohida ajralib chiqishdi. Qolgan imperiyalar hali inqirozga yuz tutmagan bo'lishsa ham, ularning bosib olish qobilyatlari ancha susaygan edi. Shimoldan Ruslar O'rta Osiyoga kirib kelishni boshlashgan bir paytda Buyuk Britaniya qo'shinlari Hind yarimorolining shimoliy qismlarida o'z qarorgohlarini qura boshladilar.

Rus imperiyasi janubda Eron xududiga, g'arbda Usmoniylarga tegishli bo'lgan Bolqon mamlakatlariga Xristianlarini ozod qilish shiori ostida va O'rta Osiyoga yurishlar qilib o'z hududini kengaytirishda davom etadi. Bu voqealarni Britaniya imperiyasi havfsirab kuzatib turadi va nihoyat 1838-yilda Angliya o'zining 30ming kishilik qo'shini bilan Afg'onistonga bostirib kirib Qobulni o'ziga bo'ysundiradi. Lekin bu okkupatsiya ko'p davom etmaydi, uch yildan so'ng ya'ni 1841-yilda Afg'onistonda inglizlarga qarshi qo'zg'olon ko'tariladi. Ko'p ingliz amaldorlari vahshiylarcha o'ldiriladi, qolagnlari mamlakatni tark etadi, asir tushganlar esa katta miqdorda boj evaziga ozod qilinadi. Bu qo'zg'olonning tashkil etlilishida Rus imperiyasining qo'li borligi ba'zi tarixiy ma'lumotlarda aytib o'tiladi.



Eron, Rus va Britaniya imperiyalari ta'siri ostida.      

1853-yilda Rus imperiyasi va Usmoniylar imperiyasi orasida muqaddas hududlar bahonasida, Bosfor qo'ltig'i va O'rta yer dengizidagi strategik nuqtalarni egallash maqsadida "Qrim urushi" boshlanadi. Garchi Angliya va Fransiya Usmoniylar imperiyasining shimoliy Afrikadagi yerlarini ishg'ol qilib unga nisbatan dushmanlik munosabatida bo'lishgan bo'lsa ham bu urushda ular Usmoniylar bilan koalitsiya tuzib Rus imperiyasiga qarshi urushga kiradilar. 1856-yilda "Qrim urushi" ruslarning mag'lubiyati bilan tugaydi. Lekin 1877-1878 yillarda "Rus-Turk urushi" aynan "Qrim urushi" oqibatida yo'qotilgan mavqeini qaytarib olish maqsadida ruslar tomonidan boshlandi. Bu safar Usmoniylar imperiyasi mag'lubiyatga uchraydi. Bu mag'lubiyat oqibatida Rossiya nafaqat Qrim yarimoroli va Qora dengiz balki Bolqon mamlakatlari orasida ham katta obro' qozondi. Bu esa Angliya uchun juda ham havfli holat keltirib chiqardi. Avstriya-Vengriya, Prussiya va Rus imperiyalari Angliyaning dunyodagi gegemoniyasini qattiq shubha ostiga qo'yishlari mumkin edi. 1878-yilning o'zidayoq Angliya ikkinchi marta Afg'onistonga o'zining 39 ming kishilik qo'shini bilan kirib uni ishg'ol qiladi. Lekin bu safar ham ingliz qo'shinlariga qarshi qo'zg'olon ko'tarilib ular mamlakatdan haydab chiqariladi. 1885-yilda rus qo'shinlari Afg'onistonning shimoliy qismlariga hujum qilishadi, Angliya hujumni to'htatishni qat'iy talab qiladi, lekin Rus qo'shinlari bu yerlarning Turkman qabilalariga qarashli ekanligini sabab qilib ko'rsatgan holda o'z harakatida davom etadi. Angliya Afg'onistondan Rossiyaga qarshi chiqishni talab etadi, Rus-Afg'on qo'shinlari Kushka shahri yaqinida to'qnashadilar. Afg'on qo'shinlarining mag'lubiyatidan so'ng Rossiya va Angliya o'rtasida sulh tuzilib, Kushka shahri va Pomir, Rus imperiyasi hududi deb tan olinib, Afg'oniston ikki ulkan imperiya orasidagi ochiq zona sifatida qoldirilishga kelishildi. Ayni shu yili Rus imperiyasi O'rta Osiyoning ohirgi bo'ysundirilmagan davlati Xiva xonligini bosib oladi va hozirgi O'rta Osiyo butunlay rus mustamlakasiga aylanadi. 



Afg'oniston va O'rta Osiyo ruslar hisobiga bir yoqli bo'lgandan keyin ikki imperiya o'rtasidagi raqobat XX-asrning boshlarida boshqa xududlarda, jumladan Eronda, Qoshg'ar va Tibet provinsiyalarida davom etadi. Eron ikki uch qisimga bo'linib, shimolda ruslar, janubda inglizlar o'rtada esa neytral xudud joriy qilindi. 1904-1905-yillarda bo'lib o'tgan Rus-Yapon urushida Angliya Yaponiyani qo'llab quvvatlab Rossiya mag'lubiyatga uchraydi, bu esa uning uzoq sharqdagi mavqeioni kuchsizlantiradi. Natijada Tibet va Qoshg'ar viloyatlari Xitoy qaramog'ida qoldiriladi. Keyinchalik Germaniyaning kuchayishi, 1-jahon urushi va Rus imperiyasidagi Oktyabr revolyutsiyalari natijasida "Buyuk O'yin" ikki davlat tashqi siyosatining kun tartibidan olib tashlanadi. 

Albatta o'quvchi bu maqolani o'qib biror joyda ham Farg'ona so'zini ko'rmay mavzu bilan aloqasini topolmay hayron bo'lishi aniq. Lekin yuqoridagi voqea va hodisalar O'rta Osiyoning taqdirida juda katta rol o'ynagan, Farg'ona vodiysi esa O'rta Osiyoga ta'sir etish uchun qo'l keladigan hududdir. Keyingi mavzularimiz orqali tarixni keyingi bosqichlarini va qanday qiloib O'rta Osiyoning hozirgi ahvolga kelgani haqida yoritishga harakat qilamiz.
Download 0.63 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling