Farhod va shirin


Download 42.25 Kb.
Sana04.11.2020
Hajmi42.25 Kb.
#140486
Bog'liq
Farhod va Shirin maqola


Shodmonov G‘iyosiddin Nafasovich,

Tayanch doktorant,

Qarshi davlat universiteti

FARHOD VA SHIRIN” DOSTONI QO‘LYOZMA MANBALARINING SHAKL VA MAZMUN JIHATIDAN QIYOSIY TAHLILI


Annotatsiya

Maqola matnshunos olim Porso Shamsiyev ilmiy laboratoriyasi tadqiqiga bag‘ishlangan. Unda, asosan, olim tomonidan tuzilgan Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin” dostoni ilmiy-tanqidiy matni va unga asos bo‘lgan qo‘lyozma manbalarning tavsifi, qiyosiy thlili hamda tadqiqot tamoyillari yoritilgan. Shuningdek, ilmiy-tanqidiy matn tuzish yuzasidan mulohazalar yuritilgan va tavsiyalar berilgan.



Kalit so‘zlar: matn, matn tarixi, matnshunos, matnshunoslik, ilmiy laboratoriya, kotib, qo‘lyozma, manba, toshbosma, Navoiy, Xamsa, doston, kulliyot, xattot.
O‘zbek matnshunosligining yuksalishida katta hissa qo‘shgan matnshunos olim Porso Shamsiyev Alisher Navoiy “Xamsa”si tarkibidagi “Sab’ai sayyor” dostonining ilmiy-tanqidiy matni[1]ni tuzishda (1960) tayanch va yordamchi nusxa sifatida qabul qilgan Abduljamil[2], Sultonali Mashhadiy[3] va XVI asrga oid M belgili[4] qadimiy qo‘lyozmalarni (keyingi o‘rinlarda dostonning Abduljamil nusxasi A, Sultonali Mashhadiy nusxasi S, XVI asrga oid qo‘lyozmasi M tarzida shartli qisqartma bilan beriladi – G‘.Sh.) “Farhod va Shirin” dostoni tanqidiy matni uchun ham asos qilib oladi[5]. Matnshunos olim ilmiy-tanqidiy matn (keyingi o‘rinlarda ITM – G‘.Sh.) tuzishda mazkur qo‘lyozma nusxalarda uchragan farqlarni sinchikovlik bilan o‘rganib chiqadi va imkon qadar bu tafovutlar ichidan eng to‘g‘ri variantlarni tanlab matnga kiritadi. Qo‘lyozmalardagi ushbu tafovutlarni mazmun va shakl jihatidan guruhlarga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiqdir.

1. Bayt mazmuniga ta’sir etuvchi tafovutlar. ITMning VIII bob 63a misrasidagi “ويرانه لاردا” (vayronalarda) so‘zi Abduljamil va Sultonali nusxalarida xuddi shunday yozilgan, biroq uchinchi, yordamchi M nusxada esa bu so‘z “ديوانه لالرغا” (devonalarg‘a) tarzida beriladi. Bayt:

قويوب ويرانه لارداتيلبه ليكنى

يانا بير كنج سارى سون ايليكنى

Bu bobda Navoiy “Xamsa”ning ikkinchi dostonini yozishga chog‘lanayotganini qalam tilidan bayon qiladi. Baytda Navoiy o‘ziga murojaat qilib: endisen (Navoiy) vayronalarda telbalik qilishni qo‘yib, yana bir xazina (Farhod va Shirin)ga qo‘l urgin, deydi. Agar bu so‘z o‘rniga “devonalarg‘a” so‘zi qo‘yilsa, mantiq yo‘qoladi. Shu boisdan P.Shamsiyev ITMga A va M nusxalaridagi variantlarni tanlaydi.

ITMning XII bob 36b misrasidagi “كشوريمغه” (kishvarimg‘a) so‘zi A va M nusxalarida shunday kelgan, S nusxasida bu so‘z “لشكريمغه” (lashkarimg‘a) deb berilgan:

اياق قويغاى فراش و بستريمغه

ايليك سونغاى سپاه و كشوريمغه

Bayt mazmuniga e’tibor qaratsak, buyerda “sipoh” so‘zining o‘zi “qo‘shin”, “lashkar” ma’nosida kelganini ko‘ramiz. Shu jihatdan qaraganda, S nusxadagi “lashkar” so‘zi faqatgina “sipoh”ning sinonimi bo‘lib qo‘llangan, xolos.

Ma’lumki, arab alifbosi o‘ziga xos murakkabliklari bilan boshqa alifbolardan ajralib turadi. Uning yozilishida ozgina e’tiborsizlik ham jiddiy xatoliklarni yuzaga keltirishi mumkin, masalan, bir nuqtaning orttirilishi yoki kamaytirilishi so‘zning butunlay o‘zgarishiga sabab bo‘ladi. Ana shunday (mexanik ravishdagi yoki yanglish yozilgan) kamchiliklarni S nusxada A va M nusxaga nisbatan ko‘proq uchratish mumkin. Quyida keltiriladigan misollar so‘zimizning isboti bo‘la oladi. ITMning XIII bob 25a misrasidagi “ياشى” so‘zi S nusxada “باشى” tarzida beriladi. Bunda ham kotib yanglish yozganini ko‘rish mumkin:

بو ينكليغ چون بر اولدى ياشى آنينك

شرف دريغه ييتى باشى آنينك

Mazkur bobda Navoiy Farhodning bir yoshga to‘lish voqeasini bayon qiladi. misrada “yosh” so‘zining ishlatilishi mazmunga putur yetkazish bilan birga qofiyaning ham buzilishiga olib kelgan. Mazkur bobning 60a misrasidagi “ياپيلدى” (yopildi) so‘zi S nusxada “ياييلدى” (yoyildi) tarzida beriladi.

ياپيلدىبربرچوناوراقى عولوم

دلاورليق سلاحى ميلى قيلدى

Ko‘rib o‘tilganidek, misrada Farhod uchun ilm varaqlari yopilgani, ya’ni uning barcha ilmlarni egallab bo‘lgani haqida aytilyapti. XVI bobning 80b misrasida ham shunday holat kuzatiladi. “اوﭺدين” so‘zi S nusxada “ايشتىن” shaklida keladi. Bunga aniqlik kiritish uchun oldingi baytlarga ham e’tibor qaratish lozim:

ايكينﭺى خود جناندين بو العخب راق

اوچونچى قسر اندين بو العجب راق

بولوب تورتونچىدا بس كيم لطافت

بو اوچدين داغى آرتوغراق غرابت

Ushbu bobda Farhod, Qoran, Moniylar birgalikda podsho buyug‘i bilan to‘rt qasr bunyod etganlari voqeasi va u qasrlarning ta’rifi keltirilib, bir-biridan go‘zal, g‘aroyib ekani tasvirlangan. Bob mazmunidan kelib chiqsak, buyerda “ishdin” deyish mutlaqo noto‘g‘ri.



2. Shakily tafovutlar. “Farhod va Shirin” dostoni qo‘lyozma nusxalardagi shakily tafovutlar ham “Sab’ai sayyor”dagi kabi, asosan, so‘z oxiridagi qo‘shimchalarning yozilishidagi tamoyil bilan bog‘liqdir. Biz bunda faqat mazkur shakily tafovutlarni ikki guruhga ajratdik, ya’ni: a) so‘z oxiridagi qo‘shimchalarning yozilishi; b) so‘zlarda harflarning tushirilishi yoki orttirilishidagi farqlar:

a) So‘z oxiridagi qo‘shimchalarning yozilishi. ITMning I bob 11b misrasida “ايچرا(ichra) so‘zidagi “ra” qo‘shimchasi M nusxasida “ايچره” tarzida, alif (ا) bilan emas, hoyi havvaz(ه) bilan beriladi. II bob 34a misrada ham shunday holatni ko‘rish mumkin. Undagi “تاغيدا(tog‘ida) so‘zi S nusxada “تاغيدهshaklida keladi. III bob 36b misradagi “اوتقه(o‘tqa) so‘zidagi holat yuqoridagilardan boshqacharoq tarzda namoyon bo‘ladi, ya’ni S nusxada mazkur so‘z “اوتغاshaklida kelib, bunda ikkita o‘zgarish sodir bo‘lgan.

Bundan tashqari, qo‘lyozma manbalarda qo‘shimchalarning qo‘shib yoki ajratib yozilishida ham farqlar mavjud. Masalan, ITMning II bob 17a misradagi “عاشق نى” (oshiqni) so‘zi A va M nusxalarda “-ni” qoshimchasi ajratib yozilgan. Matnshunos ham ITMga shu variantni tanlaydi. S nusxada esa bu qo‘shimcha “عاشقنى” tarzida qo‘shib yoziladi. Yana bir misol: shu bobning 33a misrasidagi “تاغيدا”(tog‘ida) so‘zi S nusxada “تاغى دا” shaklida ajratib yozilgan. Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, eski o‘zbek yozuvi qoidasida munfasil va muttasil harflar tushunchasi mavjud, ya’ni munfasil – faqat o‘zidan oldingi harfga qo‘shib yoziladigan, muttasil – o‘zidan oldingi va keying harfga qo‘shib yoziladigan harflar. Ko‘rib o‘tilgan misollarda “ن”(nun) muttasil va “د” (dol) munfasil harf hisoblanadi. Qo‘lyozma manbalarda, xususan, Navoiy davridagi qo‘lyozmalarga e’tibor qaratsak, mazkur qoidaga ko‘pincha amal qilinmay, qo‘shimchalarni odatda ajratib yozish rasm bo‘lganini ko‘ramiz. P.Shamsiyev tuzgan ITMni ko‘zdan kechirganimizda ham ushbu qoidaga ba’zida amal qilinib, ba’zida esa amal qilinmaganiga guvoh bo‘ldik. Olim ITMning muqaddima qismida imkon qadar Abduljamil qo‘lyozmasi xususiyatlarini saqlashga uringanini aytadi. Shunday bo‘lgan taqdirda ham ITM tuzishda qo‘lyozmalardagi shu kabi prinsipsizlik holatidan qochish lozimdir. Ya’ni qo‘shimchalarni goh ajratib, goh qo‘shib yozish emas, ularning birini tanlash to‘g‘ri bo‘ladi.



b) So‘zlarda harflarning tushirilishi yoki orttirilishi. Yuqorida kuzatilganlardan tashqari, qo‘lyozma manbalarda so‘zlarda harflarning tushib qolish holatlari ham ko‘p uchraydi. Masalan, ITMning III bob 14b va 16b misralaridagi “تومان” (tuman) so‘zi S nusxada “تومن” shaklida berilib, undagi “ا” (alif) tushirib qoldirilgan. Shu bob 42b misradagi “نى دى سين” (ne deysen) so‘zi Sda “نى ديرسين” ko‘rinishida kelgan.

Yuqoridagi tahlillardan xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Porso Shamsiyev tomonidan aniqlangan qo‘lyozma manbalarni tahlil qilish, chop etilgan ilmiy-tanqidiy matn va nashrlarni tadqiq qilish, matnshunos olimning ilmiy laboratoriyasiga chuqurroq kirib borish hamda uning matnshunoslik nazariyasiga oid qarashlari, tanlagan ilmiy prinsiplarini teranroq anglashga katta yordam beradi. Bundan tashqari, olimning ilmiy faoliyati, tajribalarini o‘rganish ilmiy-tanqidiy matn tuzish va nashr masalalari bilan bog‘liq yangi ilmiy-nazariy tamoyillarni joriy qilish imkoniyatini yuzaga keltiradi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi kun matnshunosligi uchun Porso Shamsiyev ilmiy laboratoriyasining o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.


FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

1. Navoiy Alisher. “Sab’ai sayyor” (ilmiy-tanqidiy matn). Tuzuvchi: Porso Shamsiyev. O‘zFA nashriyoti. – Toshkent, 1956.

2. Navoiy Alisher. “Sab’ai sayyor”. Qo‘lyozma. O‘zFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondi. Inv. №5018.

3. Navoiy Alisher. “Sab’ai sayyor”. Sankt-Petrburg. Saltikov-Shchedrin nomidagi xalq kutubxonasi. Inv. №13563.

4. Navoiy Alisher. “Sab’ai sayyor”. Qo‘lyozma. O‘zFA Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondi. Inv.7554.

5. Shamsiyev P. Alisher Navoiy. “Farhod va Shirin” (ilmiy-tanqidiy matn). – Toshkent, 1963.




F.I.O: Shodmonov G‘iyosiddin Nafasovich

Ishjoyi: Qarshi davlat universiteti



E-mail:shodmonov786@gmail.com

Tel: +998973822131
Download 42.25 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling