14-mavzu. Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda


A.Iden hukumati. Suvaysh inqirozi


Download 381 Kb.
bet9/17
Sana16.06.2023
Hajmi381 Kb.
#1516558
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17
Bog'liq
doc 14- MAVZU docx

A.Iden hukumati. Suvaysh inqirozi.
Bosh vazir lavozimiga konservativ partiyaning sobiq rahbari Antoni Idenning kelishini ko‘pchilik Cherchill siyosatining davomi sifatida qabul qildi.
1955 yilda Bosh vazir lavozimini egallagan va oldingi davlat siyosatini unchalik o‘zgartirmaslikka qaror qilgan Iden “o‘rta avlod” vakillarining partiyadagi mavqeini kuchaytirdi. Makmillan tashqi ishlar vaziri lavozimiga ega bo‘ldi. Batler moliya vaziri lavozimida qoldi. “Partiya yoshlari”ning eng yorqin vakillaridan biri Edvard Xit partiya “qamchisi” (parlament fraksiyasining bosh tashkilotchisi) qilib tayinlandi. Shu birlan birga Iden hukumat tarkibida “eski tori”lar va aristokratlar avlodidan bo‘lgan vakillarni ham saqlab qoldi.
Iden 1955 yil 15 aprelda parlamentni tarqatib yubordi va yangi saylov belgiladi. 1955 yil saylovlari konservatorlarga ishonchli g‘alaba keltirdi. Ular jamoalar palatasida 345 deputatlik o‘ringa, leyboristlar 277 o‘ringa va liberallar 6 o‘ringa ega bo‘lishdi.
Ammo, Iden hukumatining g‘olibona faoliyati yarim yil ham davom etmadi. 1955 yil yozidan boshlab mamlakatda iqtisodiyotda salbiy holatlar sezila boshladi. Hukumat bir qator ijtimoiy dasturlarni qisqartirishga, ba’zi bir egri soliqlar miqdorini oshirishga hamda pochta xizmati narxlarini oshirishga majbur bo‘ldi. Mamlakatda norozilik harakatlari kuchaydi, ilgari hukumatni to‘la qo‘llab-quvvatlab turgan matbuot fikri o‘zgardi. Davlat siyosatini o‘zgartirish kerakligini tan olgan Iden hukumat tarkibida ba’zi bir o‘zgarishlar qildi. Moliya vaziri Batlerning o‘rnini Makmillan egalladi.
Xalqaro maydondagi vaziyat ham tobora murakkablashayotgan edi. SSSRdagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin xalqaro keskinlikni yumshatish imkoni tug‘ildi. Yangi xalqaro vaziyatdan Buyuk Britaniya obro‘sini oshirish uchun foydalanishga uringan Iden dunyoning dolzarb muammolar bo‘yicha muzokaralar olib borish tashabbusi bilan chiqdi. Britaniya diplomatiyasining sa’y-harakatlari tufayli 1955 yil 18 iyulda Jenevada AQSh, SSSR, Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari ishtirokida oliy darajadagi kengash bo‘lib o‘tdi. Ammo, kengash davomida SSSR va G‘arb mamlakatlari bir-birlarining takliflariga sinchkovlik bilan munosabatda bo‘lganliklari tufayli kengash natijasiz tugadi. Kengashda bor-yo‘g‘i iqtisodiy va madaniy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida rasmiy bayonot qabul qilindi, xolos.
1956 yil aprelda Xrushchev va Bulganin Londonda bo‘lishdi. Safarning siyosiy dasturi uchinchi dunyo mamlakatlari bilan o‘zaro munosabat muammolariga bag‘ishlangan edi. Xuddi, Jenevadagidek tomonlar biror-bir jiddiy siyosiy kelishuvga erishilmadi. Bundan tashqari, safar davomida mash’um diplomatik mojaro ro‘y berdi. 19 aprelda Portsmut qirg‘oqlarida suvga sho‘ng‘ish paytida ofitser-g‘avvos Layonel Krabb sirli halok bo‘ldi. Bu paytda Portsmut havzasida esa sovet delegatsiyasini olib kelgan “Ordjonikidze” kreyseri turardi. Bu voqeaning maxsus uyushtirilganligiga hech kimda shubha qolmadi.
Yaqin Sharq 50-yillarning o‘rtalariga kelib dunyo siyosatining eng muhim mintaqalaridan biriga aylandi. Londonda eng yirik arab mamlakatlari ishtirokida Yaqin Sharqda ulkan harbiy-siyosiy blok yaratish fikri paydo bo‘ldi. 1955 yilda Britaniya hukumatining qo‘llab-quvvatlashi bilan Turkiya va Iroq davlatlari mudofaa majburiyatlari haqida o‘zaro kelishib olishdi. Buyuk Britaniya bu bitimga qo‘shilgan holda Iroq bilan xuddi shunday kelishuvga erishdi. Keyinroq bu bitimga Eron va Pokiston qo‘shildi. Shunday qilib, 1978 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan Markaziy tashkilot shartnomasi (SENTO) yoki Bog‘dod pakti paydo bo‘ldi.
Britaniya siyosatchilari Misrni ham SENTO tarkibida ko‘rishni kutgandilar, ammo, Nosir hukumati bu blokka a’zo bo‘lishga shoshilmadi, aksincha u Sovet ittifoqi bilan aloqalarni mustahkamlab bordi. Iden Iordaniyaning ham Bog‘dod paktiga qo‘shilishiga urindi. Bu mamlakat hududida general Glabb qo‘mondonligi ostidagi ingliz qo‘shinlari saqlanib turardi, Husayn esa Londonga moyillikni namoyon qilardi. Iordaniyaning Bog‘dod paktiga a’zo mamlakatlar bilan iqtisodiy hamkorlik o‘rnatish to‘g‘risidagi shartnomani tuzishni tashkil etish uchun Makmillan Iordaniyaga jo‘nab ketdi. General Glabb rahbarligidagi kuchlar esa ommaning antiilingliz namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirishga kirishdi. General Glabbning bu harakati teskari natija berdi. 1956 yil 2 martida qirol Husayn general Glabbni bosh qo‘mondonlik lavozimidan chetlashtirdi va ingliz zobitlarining katta guruhini mamlakatdan chiqib ketishini talab qildi. Iordaniya 1955 yil kuzida Nosir tashabbusi bilan tuzilgan Suriya-Misr birlashgan qo‘mondonligiga qo‘shilish haqida qaror qabul qildi.
1956 yil 26 iyulida Nosir Suvaysh kanalining milliylashtirilganligini ma’lum qildi. Bu London uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Buning bevosita sababi Buyuk Britaniya va AQShning Asuan to‘g‘oni qurilishini moliyalashtirishdan bosh tortganligi bo‘ldi. Bunday o‘ta keskin yo‘l tutgan Nosir SSSR tomonidan katta yordamga umid bog‘lagan edi. Suvaysh kanalining milliylashtirilishi Buyuk Britaniya iqtisodiy manfaatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berdi. Bu kanal uning import va eksportining choragini ta’minlab turardi. Buyuk Britaniyaning O‘rta Sharqda qazib olayotgan neftining deyarli 40%i shu kanal orqali o‘tardi. Iden hukumati keskin javob qaytardi. 26 iyuldayoq Misrning barcha funt sterling hisobidagi kapital mablag‘lari muzlatildi. Buyuk Britaniya Suvaysh kanali aksiyalarining bir qismiga egalik qiluvchi Fransiya bilan birgalikda BMT Xavfsizlik Kengashiga Misr ustidan norozilik bilan murojaat qildi. Biroq, Xavfsizlik Kengashida SSSR veto huquqidan foydalanib rezolyusiya qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymadi. Iden kuch ishlatish maqsadida Eyzenxauer bilan maxfiy muzokaralar olib bordi, ammo, saylovoldi kompaniyasini boshidan kechirayotgan AQSh prezidenti bunday harbiy to‘qnashuvdan manfaatdor emas edi. Shunga qaramasdan, Londonda harbiy xarakatlarga tayyorlanish haqida qaror qabul qilindi.
1956 yil avgustidan Yaqin Sharq mintaqasiga ingliz va fransuz harbiy qismlarining jalb etilishi boshlandi. Bu mamlakatlarining ittifoqchisi Isroil davlati bo‘ldi. Avgust oxiridan boshlab Isroilning Misr va Iordaniyaga tutashgan chegaralarida jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. 15 oktyabrda esa Iordaniya Isroilni rasman agressiya (bosqinchilik)da aybladi. 25 oktyabrda Buyuk Britaniya va Fransiya tashqi ishlar vazirlari Isroil bosh vaziri Ben-Gurion bilan Misrga qarshi birgalikda harbiy harakatlar olib borish to‘g‘risida maxfiy bayonnomani imzoladilar. Maxsus operativ reja ishlab chiqildi. Unga ko‘ra birlashgan kuchlar Sinay yarim orolini egallab, kanal boshqaruvini o‘z qo‘llariga olishlari kerak edi. Bu operatsiyaning boshlanishiga Isroil armiyasining Sinay yarim oroliga hujum (“Kadesh”-“Tozalash”) operatsiyasi signal bo‘lishi kerak edi. Hujum operatsiyasi “Mushketyor” deb nomlandi, qo‘mondonlik esa ingliz generali Charlz Keytliga topshirildi. 50 mingdan ortiq Britaniya askarlari va 100 ga yaqin harbiy kema safarbar qilindi.
29 oktyabr 1956 yil 29 oktyabr kechqurun soat 17 da 400 ta isroillik parashyutchilar polkovnik A.Sharon rahbarligida Sinay yarim orolining o‘rtasiga tushirildi, tank qismlari esa Sinayning shimoli-sharqidan hujumga o‘tdi. 30 oktyabr Isroil qo‘shinlari hali Suvaysh kanaliga yetib bormasdan Britaniya va Fransiya hukumatlari Misr va Isroilga Suvaysh kanali mintaqasidan butun qo‘shinlarini olib chiqish va kanaldan erkin foydalanishni taklif qildilar. Misr tomonining javobini kutmasdan ingliz-fransuz harbiy-dengiz kuchlari Maltadan chiqdi, 31 oktyabrda Britaniya aviatsiyasi barcha Misr aviabazalariga hujum uyushtirdi. 5 noyabrda mingdan ortiq ingliz-fransuz parashyutchilari Sinay yarim orolining strategik nuqtalariga tushirildi. Agressiyaga faqat SSSRning o‘ta maxfiy mavqei nuqta qo‘ydi. O‘zining Idenga jo‘natgan ultimatum xatida Xrushchev SSSR hatto yadro qurolidan foydalanishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. 1956 yil 7 noyabrda Angliya hukumati Misrdagi urush harakatlarini to‘xtatish to‘g‘risida buyruq berdi.
Shunday qilib, Britaniya konservativ doiralarining Suvaysh kanali atrofidagi siyosiy o‘yini mamlakatni yadro to‘qnashuvi yoqasiga olib kelayozdi. 22 dekabrda ingliz-fransuz qo‘shinlari Misr hududini tark etdi, 1957 yil 8 martga kelib esa Isroil qo‘shinlari Sinay yarim orolidan olib chiqildi. To‘qnashuv mintaqasiga BMT qo‘shinlari kiritildi. Suvaysh voqeasi bilan bog‘liq siyosiy mag‘lubiyatdan so‘ng Iden hukumatining taqdiri hal bo‘lgan edi.



O‘zgarishlar shamoli”.
Iden o‘z ixtiyori bilan iste’foga ketgandan keyin (1957 yil 9 yanvar) konservativ partiya rahbariligi lavozimini egallash uchun Batler va Makmillanning imkoniyatlari teng edi. Partiyadagi obro‘li Makmillanni qo‘llab-quvvatlagan partiyadagi obro‘li torilar fikri hal qiluvchi rol o‘ynadi. Ular Makmillanning partiyaga bosh bo‘lishini xohladilar. Garold Makmillan davlat siyosatini o‘zgartirish tarafdori edi. U “o‘zgarishlar shamoli ” shiorini elon qildi .
Makmillan hukumati ijtimoiy siyosatni ancha faollashtirdi. Bu nafaqat mafkuraviy tamoyillarga balki yangi makroiqtisodiy strategiyaga asoslangan edi. 1957 yilda Britaniya hukumati faoliyatida ikki asosiy yo‘nalish ko‘zga tashlandi - ijtimoiy byudjet dasturlari keng ko‘lamining saqlab qolinishi va bank foizlari darajasini oshirish hamda g‘aznani to‘ldirish maqsadida davlat qimmatli qog‘ozlari qiymatini keskin ko‘tarish. Ammo, oxirgi bir yarim, ikki yil ichida iqtisodiy vaziyat ancha yomonlashdi. Suvaysh inqirozidan keyin yomonlashgan vaziyat dunyo bozorida ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Makmillan hukumati “qimmat kredit” siyosatidan voz kechishga majbur bo‘ldi.
Foiz stavkalar pasayishi bilan birga olib borilgan faol ijtimoiy siyosat 1950-1960 yillarda ishbilarmonlik faoliyatining keskin faollashishiga olib keldi. Bunday qulay vaziyatda konservatorlar 1959 yil saylovlarida ishonchli g‘alabani ko‘lga kiritdilar. 49,4% saylovchilar konservatorlarni, 43,8% leyboristlarni, 2,7% esa liberallarni qo‘llab-quvvatlashdi. Jamoalar palatasida ham torilar ixtiyoridagi mandatlar leyboristlarga qaraganda 100 taga ortiq edi. Hukumat to‘la ishonchni qo‘lga kiritdi, ammo, 1960-1961yillardayoq inflyatsiyaning keskin o‘sishi davrida uning ahvoli yana yomonlashdi.
Iqtisodiy ahvol yomonlashuvining bevosita sababchisi funt sterling mavqeini pasaytirgan xalqaro valyuta bozoridagi keng ko‘lamli chayqovchilik edi. Ammo, bu o‘z navbatida, Britaniya iqtisodiyotidagi chuqur ichki nomutanosibliklarning ham natijasi edi. Urushdan keyingi davrdagi muvaffaqiyatlarga qaramasdan Buyuk Britaniya sanoatining ixtisoslashish darajasi, texnologiya bilan ta’minlanishi ko‘rsatkichlari sohasida Amerika, Germaniya va Yaponiyadan keyingi o‘rinlarda edi. Unda mahsulotlar tannarxi ham yuqori edi. Britaniya iqtisodiyotining oldingi davridagi yetakchilari-mustamlakachi xom ashyo monopoliyalari tez suratlarda o‘z mavqelarini boy bera boshlashdi.
1961-1962 yillarda “to‘xta, harakat qil” siyosati doirasida Makmillan hukumati mavjud iqtisodiy ahvolni “muzlatish” bo‘yicha qadam tashladi. Angliya bankidagi hisob stavkasi yana oshirildi, soliq va boshqa to‘lovlar ko‘paytirildi, kredit berish cheklandi, byudjetning xarajat qismi qisqartirildi. Britaniya hukumati tomonidan “to‘xta, harakat qil” taktikasining qo‘llanilishi dunyo bozorida raqobatga dosh beruvchi yirik ishlab chiqaruvchilarning soliq va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashlari bilan birga kechdi. Bu masalaning yechilishini siyosiy jihati ham bor edi. Yangi iqtisodiy vaziyatda Buyuk Britaniyaning sobiq mustamlakalar bilan munosabati va uning Yevropa integratsiyasi jarayoniga qo‘shilishi katta rol o‘ynardi.
Konservatorlarning yangi hukumati ham oldingi hukumatlar siyosati natijasida yuz bergan holat bilan hisoblashmay, “sovuq munosabatlar urushi”ni, zo‘ravonlik siyosatini davom ettirdi. Angliya manfaatlari AQSh ga yanada bo‘ysundirildi. 1957 yil martda Bermud orollarida bosh vazir Makmillan bilan AQSh prezidenti Eyzenxauerning uchrashuvida AQShning Yaqin va O‘rta Sharqdagi siyosatini qo‘llab-quvvatlash, Angliya hududida o‘rta radiusdagi Amerika raketa qurollarini joylashtirish va yadro qurollari sinovini davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi. Angliya hukumati yangi harbiy programmani qabul qildi. 1957 yil 15 mayda Tinch okeanida Rojdestvo oroli rayonida birinchi vodorod bombani portlatdi.
1957 yil oktyabrda Vashingtonda Makmillan bilan Eyzenxauer yangidan uchrashib, g‘arbiy davlatlarning yangi tipdagi qurollar ishlab chiqarish ishini koordinatsiya qilish va bu qurollarni NATO ga kirgan mamlakatlar, shu jumladan Angliya hududiga joylashtirish to‘g‘risida kelishib olindi. 1958 yil fevralida AQSh va Angliya o‘rtasida Angliya hududida Amerika raketa qurolarini joylashtirish to‘g‘risida bitim tuzildi. 1960 yil noyabrida Xoli-Lox ko‘rfazini (Shotlandiya) “Polyaris” raketasi bilan qurollangan Amerika atom suv osti kemalariga topshirildi. Amerika samolyotlari vodorod qurollari bilan Angliya hududi ustidan uchib o‘ta boshladi.
Angliya hukumati Adenauer hukumatini aktiv suratda qo‘llab-quvvatladi. Ikki tomon o‘rtasida yaqin aloqalar o‘rnatildi. 1961 yil martida GFR ning Angliyadan qurollar sotib olishi evaziga GFR bundesveriga Angliya hududida “mashq uchun bazalar” berilishi to‘g‘risida bitim imzolandi. Ayni vaqtda Angliya hukumati Buyuk Britaniyaning shimolidagi “Skapa-Flou” ko‘rfazini GFR harbiy-dengiz kuchlariga topshirishga qaror qilindi.
Shu bilan birga jahon kapitalistik bozorida raqobat kuchaya bordi; ayniqsa 6 davlat ishtirokida GFR va Fransiya boshchiligida 1957 yil martida tuzilgan “Evropa iqtisodiy hamkorligi” (“Umumiy bozor”) Angliyaning jiddiy raqobatchisi bo‘lib chiqdi. 1959 yil noyabrida 7 davlat ishtirokida Angliya boshchiligida “Evropa ozod savdo assotsiyatsiyasi” tuzildi. Bu bir-biriga qarshi ikkita davlat –monopolistik uyushmasi edi. Angliya bir necha marta “Umumiy bozor” ga qo‘shilishga urindi. Bunda Fransiya va “Umumiy bozor” ning boshqa davlatlari qarshi chiqdi. Angliyaning “Umumiy bozor” ga kirishi avvalo, uning iqtisodiyotiga putur yetkazardi va Yevropadagi reaksion kuchlarga yanada jiddiy yon bosish bo‘lardi. Shuning uchun mamlakat so‘l kuchlari bunga qarshi chiqdilar.
Angliya AQSh bilan yanada ko‘proq yaqinlashdi, undan hatto “Polyaris” raketalarini sotib olib “mustaqil” yadro quroliga ega bo‘lish yo‘liga o‘tdi. Bunda AQSh shartlarini qabul qilib, AQSh ga yanada qaram bo‘lib qoldi. Sovet hukumatining taklifi va keng jamoatchilik talabi bilan 1959 yil fevral-martida Angliya bosh vaziri G.Makmillan o‘z tashqi ishlar vaziri bilan Moskvaga viziti bo‘ldi. Ikki tomon munosabatlarida yanada birmuncha siljish yuz berdi. Shu yili may oyidan 5 yil muddatga Angliya-Sovet savdo bitimi imzolandi. Angliya XXR, KXDR, VDR bilan taqiqlangan savdoni birmuncha joylashtirishga majbur bo‘ldi.
Makmillan hukumati Misrga qarshi qilingan avantyura saboqlaridan xulosa chiqarmay, Sharq mamlakatlarida zo‘ravonlik siyosatini davom ettirdi. Yamanga qarshi urush harakatlari davom etdi. Shu yili avgust oyida Ummonni bosib oldi.
Angliya hukumati 1958 yil kuzida Suriyaga qarshi agressiyani tayyorlashda, xalqaro munosabatlarni yanada keskinlashtirishda AQSh hukumatiga hamroh bo‘ldi. Biroq, Suriyaga qarshi qaratilgan fitna barbod etildi. 1958 yil iyulida Iroqda bo‘lgan revolyusiya Angliya va umuman xalqaro imperializm pozitsiyasiga berilgan yangi, jiddiy zarba bo‘ldi. Angliya AQSh bilan birgalikda Iroqqa qarshi agressiyani uyushtirish maqsadida o‘sha vaqtda Iordaniyaga harbiy intervensiya qildi. Intervensiya barbod bo‘ldi. Osiyoda esa ko‘p yillardan beri davom etgan milliy ozodlik kurashi natijasida “Millatlar hamkorligi” ramkasida Malayya Federatsiyasi 1957 yil avgustida mustaqillikka, Singapur esa 1958 yil yanvarda ichki avtonomiyaga erishdi. 1957 yil martida 1948 yilgi Angliya-Iordaniya tengsizlik shartnomasi bekor qilindi.
Afrikada 1957 yil martida Oltin Qirg‘oq Gana nomida mustaqil davlatga aylandi. Angliya “sivilazatorlari” majburan yon bosish bilan birga terror yo‘li bilan tez yemirilib borayotgan mustamlakachilikni saqlab qolishga zo‘r berib urindilar.
Lekin milliy ozodlik harakatlarining avj olib borishi Angliyaning, ularning Makmillan boshliq hukumatini yana yon bosishga majbur etdi. 1959 yilda Tanganikada ba’zi konstitutsion islohotlar o‘tkazdi va 1961 yil dekabrida mustaqillikka erishdi. 1960 yil aprelida Serra-Leone, 1960 sentyabrida Kipr, 1960 yil noyabrida Nigeriya va so‘nggi yillarda bir qator mustamlaka mamlakatlari mustaqillik oldi. Masalan, Uganda 1962 yil martida ichki avtonomiyaga, shu yil oktyabrida esa mustaqillikka erishdi.
50-yillardagi Britaniya mustamlakachilik imperiyasining parchalanish jarayonining orqaga qaytmasligi aniq bo‘ldi. Makmillan torilar partiyasi rahbarlaridan biri bo‘lib bu sohada o‘zgarishlar amalga oshirish kerakligini ta’kidladi. “O‘zgarishlar shamoli” shiorining o‘zi mustamlakachilikdan keyingi davridagi real vaziyatni tasvirlash uchun ishlatilardi. 1960 yildayoq Makmillan hukumati Afrika mamlakatlariga nisbatan “ohistalik va liberal rivojlanish” siyosatini qo‘llashga bel bog‘laganini e’lon qildi. Bunda Buyuk Britaniya hukmronlikni qora tanlilarga topshirgan holda Sharqiy va Markaziy Afrikadan sekin-asta ketishi ko‘zda tutilgan edi.
Britaniya hukumatining harakatlari doim ham mustaqillikka erishgan mamlakatlarda yangi ijtimoiy tuzumning yuzaga kelishi bilan birga ro‘y beruvchi millatlararo va irqlararo to‘qnashuvlarni bartaraf eta olmasdi. Masalan, Britaniya diplomatiyasi Nigeriyadagi fuqarolik urushining oldini ololmadi. 1962 yilda mustamlakachilar ma’muriyati ketgandan so‘ng qabilalararo to‘qnashuvlar natijasida qon to‘kishlar sodir bo‘ldi. Keniya uchun esa eng o‘tkir muammo partizanlar harakati va siyosiy terrorchilik bo‘ldi. Britaniya diplomatiyasi Markaziy Afrikada jiddiy mag‘lubiyatga uchradi. 1984 yilda London vositachiligida Malavi (sobiq Nyasalend), Zambiya (sobiq Shimoliy Rodeziya) va Janubiy Rodeziyalarni o‘z ichiga oluvchi federatsiya tuzish haqidagi loyiha tayyorlangan edi. Ammo, Janubiy Rodeziyada oq tanli muhojirlar siyosiy hukmronlikni to‘la saqlab qolishdi. Natijada, mamlakatda ochiq irqiy to‘qnashuvlar boshlanib ketdi. Shunga o‘xshash voqealar 1960 yilda o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Janubiy Afrikada ham rivojlanayotgan edi.
Yevropa Hamjamiyatiga Britaniya “troya oti” qabul qilinishining asosiy raqibi Fransiya prezidenti Sh. de Goll bo‘ldi. 1962 yildagi Makmillan bilan shaxsan uchrashgan paytida u ma’lum qildiki, faqatgina Fransiya va Britaniyaning Yevropa yadro qurolini yaratish borasidagi hamkorligining boshlanishigina Buyuk Britaniyaning “Umumiy bozor”ga kirishiga asos bo‘la oladi. Britaniya diplomatiyasi “Atlantik hamjihatlik” siyosatini qo‘shilish rejalari yo‘lida qurbon qilishga tayyor emas edi. Bunga javoban Buyuk Britaniyaning YeIH (EES)ga qo‘shilishi borasidagi har qanday muzokoralarga Fransiya veto huquqini qo‘lladi.
Makmillanning diplomatik mag‘lubiyati shu qadar xavfli ediki, u hukumatning iqtisodiy strategiyasi samaradorligini shubha ostida qoldirdi. Hukumat inqirozi Makmillanning qattiq kasal bo‘lib qolish vaqtiga to‘g‘ri keldi. Bunday vaziyatda u iste’foga chiqishga qaror qildi. 1963 yilda Alek Dugles Xyum yangi bosh vazir bo‘ldi.
A.Duglos Xyumning bosh vazir lavozimiga kelishi Britaniya davlatchiligining huquqiy bazasidagi muhim o‘zgarishlar bilan boy bo‘ldi. Unga 1958 yildayoq Makmillan hukumati tomonidan o‘tkazilgan Lordlar palatasining isloh qilinishi sabab bo‘ldi. Islohotda umrining oxirigacha “per”lik unvoni haqidagi Akt qabul qilingan edi. Bunday unvonning berilishiga shaxsiy xizmatlarning qadrlanishi deb qaraldi. Yuqori palata xizmat ko‘rsatgan siyosatchilar va mashhur jamoat arboblari hisobidan to‘ldirilardi. Shu bilan u o‘zining siyosiy qarashlariga muvofiq zamonaviylashayotgan, Britaniya jamiyati ko‘z oldida obro‘liroq bo‘layotgan edi.
Keyingi qadam 1963 yildagi perlar haqidagi Akt bo‘lib - Makmillanning eng oxirgi tashabbuslaridan biri edi. Unda merosiy per bo‘lganlarga o‘z ixtiyori bilan bu unvondan voz kechish huquqini berish ko‘zda tutilgan edi. 1963 yildagi perlik haqida Akt tufayli per bo‘lgan torilar partiyasining obro‘li siyosatchilari eng oliy siyosiy lavozimga o‘z nomzodlarini qo‘yishlari mumkin edi. Lord Xeylshem va Lord Duglos-Xyum birinchilardan bo‘lib bu huquqdan foydalanishdi. Perlik huquqidan voz kechganlaridan keyin ikki hafta o‘tgach Duglos-Xyum bosh vazir lavozimini egalladi.
Ikki sobiq lord va boshqa partiya rahbarligiga da’vogarlarning bellashuvi torilar partiyasidagi ichki o‘zgarishlar bilan bir vaqtda ro‘y berayotgan edi. Konservativ partiyaning an’analarida hech qachon rahbarni demokratik yo‘l bilan saylash ko‘zda tutilmagan edi. Torilarning parlamentdagi fraksiyasi a’zosi E.Pretimenning 1921 yilda aytgan iborasi juda mashhur bo‘ldi: “Partiyaning buyuk yetakchilari saylanmadi. Ular o‘z-o‘zidan tanlanadi. Menimcha, biz tantana bilan rahbarni saylash uchun to‘plangan kunimiz ayanchli bo‘ladi”. Ammo, 60-chi yillar boshlarida torilar partiyasi ancha o‘zgardi. Siyosiy sahnadan uning “eski gvardiyasi”ning ketishi bilan partiya rahbariyati va uning parlamentdagi fraksiyasi vakillari o‘zlarini jamiyatning o‘rta qatlamiga mansub ekanliklarini uqtira boshlashdi.
1961 yilda ro‘y bergan yangi bosh vazir nomzodligi borasidagi ichki partiyaviy bahs munozara konservativ partiyaning demokratiyalashuvida hal qiluvchi hodisa bo‘ldi. Birinchi marta tori-parlamentariylar orasida eng maqbul va nomaqbul nomzodlar to‘g‘risida so‘rov o‘tkazildi. Parlament fraksiyasi va partiya faollari orasida Duglos-Xyumning nomzodini ko‘pchilik quvvatlamadi. Ammo sobiq rahbar - Makmillanning fikri hal qiluvchi bo‘ldi. Partiya ichidagi keskin bahs munozaralar rahbariyat mahkamasi obro‘siga putur yetkazdi.
Konservativ partiyaning siyosiy inqirozi davlat boshqaruv strategiyasida ham chuqur o‘zgarishlar qilish zarurligini ko‘rsatdi. Chunki Britaniya iqtisodiyoti o‘sish sur’atlari bo‘yicha G‘arb mamlakatlaridan orqada qolayotgan edi. 50-60 yillarda Britaniyada sanoat ishlab chiqarishining o‘sishi yiliga atigi 3% ni tashkil etgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich AQShda - 4%, GFR va Italiyada 7,4%, Poraugaliyada - 6,2%, Ispaniya va Gresiyada - 7,5%, Yaponiyada - 15,2% ni tashkil etdi. G‘arbning yetakchi mamlakatlari ichida Buyuk Britaniyada ta’lim darajasi eng past ko‘rsatkichda edi. Mehnat bozorida malakasi past bo‘lgan ishchi xodimlar ko‘p edi. Ixtisosliklar, mutaxassisliklar va sohalar bo‘yicha ishchi kuchiga bo‘lgan talab va taklifning mos kelmasligi mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga to‘sqinlik qilardi.
60-yillarda Britaniya jamiyati yangi psixologik muammolarni his etishiga to‘g‘ri keldi. Bu muammolar asosan mustamlakachilik imperiyasining parchalanishi bilan bog‘liq edi. Inglizlarni hayajonga soluvchi narsa ko‘proq vatanning xalqaro obro‘sining tushishi, buyuk mamlakat mavqeini boy berishi edi. O‘sish sur’atlarining pasayishi, G‘arb yetakchi mamlakatlari safining ikkinchi qatoriga tushib qolishi ham tashvishlantirar edi. Yaqinginada raqib bo‘lgan Germaniya, Yaponiya, Italiya kabi mamlakatlarning muvaffaqiyatlari alamli edi. Bularning hammasi uchun javobgarlik konservatorlar zimmasiga yuklandi. Leyboristlarning “zoe ketgan o‘n uch yil”da konservatorlarni ayblashlari chaqiriq sifatida qabul qilinadigan vaqt kelgandi.



Download 381 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   5   6   7   8   9   10   11   12   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling