14-mavzu. Buyuk Britaniya ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda


Download 381 Kb.
bet2/17
Sana16.06.2023
Hajmi381 Kb.
#1516558
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17
Bog'liq
doc 14- MAVZU docx

Parlament va uning vakolatlari.
1648 va 1689 yilgi inqiloblardan so‘ng Styuartlar dinastiyasi (1603-1714) o‘z mavqeini yo‘qota boshladi. Unga qarshi o‘laroq, parlamentning roli tobora kuchaya bordi. O‘sha davrdayoq parlament yuqori – Lordlar va quyi – Jamoalar palatasidan iborat edi. Parlament hayotida yetakchi rol o‘ynaydigan Lordlar palatasi merosxo‘rlar va qirol tomonidan tayinlanadigan zodagonlar, perlar va lavozimi bo‘yicha per bo‘lganlardan iborat edi. Jamoalar palatasi esa katta qishloqlar va shaharlarning vakillari bo‘lgan burjuaziya va kavalerlardan tashkil topib, davlat soliq siyosatiga qonunlar ishlab chiqish jarayoni orqali ishtirok etish huquqini allaqachon qo‘lga kiritgan edilar. 1968 yildan ingliz parlamenti yangi rivojlanish pallasiga kirdi. Shu vaqtdan e’tiboran hukumat vazirlarining Jamoalar palatasi tomonidan beriladigan ishonchsizlik – impichment xavfi paydo bo‘lishi bilan yakdil iste’fo berish amaliyoti odat tusiga kira boshladi. Unga qadar vazirlar alohida tartibda Jamoalar palatasi tomonidan ayblanar, Lordlar palatasi tomonidan esa hukm qilinar edi. Endilikda Bosh vazir boshchiligidagi mahkama - Kabinet qirol oldida emas, balki Jamoalar palatasi huzurida siyosiy javobgar bo‘lib qoldilar. 1832, 1865, 1872, 1884 yillarda parlament saylov tizimi isloh qilindi: umumiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri ovoz berish tartibi qabul qilindi, ovoz berish kafolatlari mustahkamlandi. 1918 yil esa ayollar va erkaklar o‘rtasida teng saylov huquqi joriy etildi. 1911 va 1949 yilgi parlament hujjatlari (parlament akt) qonun chiqaruvchi hokimiyat hayotiga bir qator yangilik olib keladi va shu tariqa zamonaviy ingliz parlamenti shakllandi.
Hozirga kelib mamlakat siyosiy tuzumiga ko‘ra cheklangan monarxiyadir. Monarx – qirol yoki qirolicha qoidaga ko‘ra, siyosiy hayotda betarafdir. U davlat boshlig‘i hisoblansa-da, ramziy hokimiyatga ega. Bosh vazirni tayinlaydi, biroq Bosh vazir parlament ko‘pchiligi tomonidan saylanadi.
Lordlar palatasi taxminan 1200 nafar a’zodan iborat. Ularning bir qismi dunyoviy merosxo‘r lordlar, yana bir qismi ruhoniy lordlar bo‘lsa, boshqa qismi esa 1958 yildan boshlab qirol tomonidan tayinlanadigan umrbod perlardir. Amalda 200 nafar atrofidagi lordlar palata ishlarida doimiy ishtirok etadilar, xolos. Palata Kabinet – hukumat ustidan hech qanday nazorat huquqiga ega emas. Buning ustiga 1911 va 1949 yilgi parlament to‘g‘risidagi hujjatlar uning qonunchilik vakolatlarini ham ancha cheklab tashladi. Jamoalar palatasi tomonidan qabul qilingan qonun loyihalari Lordlar qarshiligiga uchragan holatda ham eng kami bilan bir yildan so‘ng o‘tkaziladigan navbatdagi sessiyada qabul qilinishi mumkin. Chunonchi, lordlar palatasi muhim siyosiy ahamiyatga ega bo‘lgan qonun loyihalari bo‘yicha Jamoalar palatasi bilan raqobatdan o‘zini saqlaydi. Shuningdek, uning moliya-byudjet sohasidagi vakolatlari ham 1911 yildan e’tiboran cheklandi. Uning munosabati qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, har oyning boshida qabul qilinadigan loyihalar daxlsiz va hal qiluvchi hisoblanadi. 1958 yil 30 aprelda qabul qilingan Umrbod per unvonini olishga vakolat beruvchi hujjatga asosan qirol tomonidan umrbod per unvoniga ega bo‘lgan shaxslargina lordlar palatasiga qatnashish, uning majlislarida ishtirok etish va ovoz berish huquqiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga perlar baronlik huquqiga ham egadirlar.
Jamoalar palatasi hozirgi parlament tizimida mutloq ustivor mavqega ega. Barcha qonun loyihalari mazkur palata tomonidan ovoz berish asosida qabul qilinadi. “Ommaviy qonunlar” deb ataladigan loyihalar kelib chiqishiga ko‘ra, hukumat yoki parlament loyihalari bo‘lishi mumkin. Bu degani qonunchilik tashabbusi ham parlamentga, ham hukumatga tegishli demakdir. Palata moliyaviy hokimiyatga – hamyon huquqiga ham ega. Biroq moliya-byudjet sohasida kredit ochish va xarajatlarni moliyalashtirishga qaratilgan qonunlar ovoz berish bilan qabul qilinsa-da, palata bu sohada tashabbus huquqiga ega emas. Byudjet sohasidagi debatlar ham qat’iy chegaralangan: bor-yo‘g‘i 29 parlament seansi kreditlar ochish masalasiga bag‘ishlanadi. Nihoyat, Jamoalar palatasi hukumat ustidan nazorat qilish huquqidan foydalanadi va uni siyosiy javobgarlikka tortishi mumkin. 1924 yil sodir bo‘lgan bunday holat 1979 yil yana bir bor qayta takrorlangan.
Palata dastavval o‘z raisi – spikerni 5 yil muddatga saylaydi. Garchi yangi parlament saylovlarida siyosiy tarkib o‘zgarsa-da, muayyan shaxs ikkinchi marta raislikka saylanishi mumkin. Spiker parlament faoliyatining bir butunligini ta’minlaydi. Har qanday qonun Jamoalar palatasida qabul qilingach, aynan spiker tomonidan imzolangan ilova bilan birga qirolga topshiriladi. Spiker bu guvohnomani topshirishdan oldin, agar iloji bo‘lsa, palataning ikki a’zosi bilan maslahatlashib oladi.
1978 yil 20 iyulda qabul qilingan Jamoalar palatasini boshqarish to‘g‘risidagi hujjat palata faoliyatining ichki tartibini belgilaydi. Jamoalar palatasi komiteti Spiker, Jamoalar palatasining yetakchi lideridir, palataning muxolifat yetakchisidan iborat bo‘lib, parlamentning barcha tashkiliy vazifalarini bajaradi. Chunonchi, parlament to‘g‘risidagi hujjatning 2-moddasiga asosan “komitet palata xizmatlarining barcha xodimlarini tayinlaydi va ularning sonini, ularga haq to‘lash va boshqa shartlarni, shuningdek, ularning xizmat maqomini belgilaydi”.
Parlament deyarli bir yil davom etadigan sessiyalarda ish ko‘radi. Bo‘lib o‘tgan va yangi sessiya noyabr oydagi bir necha kunlik tanaffus bilangina ajralib turadi, biroq palatalar sessiyani kechiktirishlari mumkin. Shunday qilib amalda parlament olti oy davomidagina to‘planadi va ish ko‘radi. Har bir sessiya Bosh vazirning asosiy nutqi bilan boshlanadi. Shu orqali hukumat rahbari o‘zining asosiy maqsadlari va rejalarini bayon qiladi. Shundan so‘ng mazkur ma’ruzaga javob tariqasida Murojaat ovozga qo‘yiladi va qabul qilinadi. Shu asnoda asosiy siyosiy Dastur xususida debat-bahs boshlanib ketadi. Parlament seanslarga kelsak, unda hukumatning parlament deputatlari tomonidan berilgan og‘zaki savollarga javob berishi asosiy o‘rin egallaydi. Haftaning birinchi to‘rt kunida bo‘lib o‘tadigan seanslar boshida roppa-rosa 45 minut vaqt og‘zaki savol-javoblarga beriladi va bu qat’iy nazorat qilinadi.
“Lordlar palatasi va Jamoalar palatasi vakolatlari o‘rtasida munosabatlarni aniqlash uchun hamda parlament vakolatlari muddatini cheklash uchun parlament to‘g‘risida”gi 1911 yilgi hujjatda vakolatlar taqsimoti masalasi o‘z aksini topgan. Ya’ni, mamlakatga yozma konstitutsiya mavjud emasligi bois, mazkur muammo ushbu qonun bilan tartibga solingan.
Hujjatning 1-moddasiga asosan, Jamoalar palatasi qabul qilgan moliyaviy qonun sessiya tugamasdan bir oy oldin Lordlar palatasiga yuboriladi. Keyingi bir oy ichida lordlar palatasining tuzatishlarisiz qabul qilinmasa ham qirol ma’qullashi bilan u parlament hujjati bo‘lib qoladi. 1-moddaning 2-bandi esa moliyaviy qonun tushunchasiga aniqlik kiritadi: soliqlar solishni belgilash, bekor qilish, qo‘shimcha, o‘zgartirishlar kiritish yoki tartibga solish, jamg‘armalardan mablag‘ ajratish, o‘zgartirish va bekor qilish, kreditlar ochish va ehtiyot jamg‘armalar hosil qilish kabi sohalardagi qonunlar shu ma’noda ko‘zda tutilgan. Hujjat Lordlar palatasining nomoliyaviy (ommaviy) tarzdagi billarga (qonun loyihalariga) nisbatan vakolatlarini ham Jamoalar palatasi foydasiga qisqartiradi.
Endilikda, agar ommaviy qonun Jamoalar palatasi tomonidan ketma-ket uchta sessiya ovozga qo‘yilib, tasdiqlansa va har gal Lordlar palatasiga kami bilan sessiya tugashidan bir oy oldin yuborilgan bo‘lsa va har gal palata tomonidan rad etilgan bo‘lsa, shundan so‘ng Jamoalar palatasi qarori bilan qirolga taqdim etiladi. Qirollik ma’qullashi bilan Lordlar palatasining roziligi yo‘q bo‘lishiga qaramay, u parlament hujjati bo‘lib qoladi.




Download 381 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   17




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling