2–mavzu. Falsafiy tafakkur taraqqiyoti bosqichlari: sharq va G’arb falsafasi. Reja


Nominalistlar ma’lum darajada XVII-XVIII asr empiriklarining o’rta asrdagi, hamda XIX-XX asrlar pozitivistlari va pragmatiklarining o’tmishdoshlari bo’lganlar


Download 55.74 Kb.
bet3/3
Sana16.05.2020
Hajmi55.74 Kb.
#106744
1   2   3
Bog'liq
2-seminar


Nominalistlar ma’lum darajada XVII-XVIII asr empiriklarining o’rta asrdagi, hamda XIX-XX asrlar pozitivistlari va pragmatiklarining o’tmishdoshlari bo’lganlar. Nominalistlar ilohiy karomatni inkor qilmaganlar. Unga tafakkur ishtirokisiz ishonish kerak, deb ta’kidlaganlar, chunki ularning fikricha, cherkov ta’kidlagan narsaning haqiqiyligi, ishonchliligi aql bilan isbot qilinmaydi. Akvinskiy ta’limotini tanqid qila boshladilar. Bu tanqid nominalistlar ta’limotining shakllanishiga olib keldi. Nominalizm XIV asrda sxolastikaning tanazzuli davrida ustunlikka erishdi. Uilyam Okkam (1280-1349)gina to’liq nominalizmni rivojlantiradi. Uning ta’kidlashicha, ilohiyot aqidalari aql yordamida isbot qilinmaydi. Ular faqat muqaddas kitoblar nufuzi tufayligina qabul qilinadi. Bu ta’limot e’tiqod va aqlni bir-biridan ajratadi va ilohiy karomat va aqlni sintez qilishni inkor qiladi. Okkam, shuningdek, ob’ektiv universaliylarni ham inkor qiladi va ular faqat tafakkur tushunchalari uchun ismlardir, deb hisoblaydi. Bu ismlarni odam o’z ongida ishlab chiqadi, deydi u. Uningcha, yakka odam guruhga nisbatan muhimroq va realroqdir. Okkam ratsional tarzda tashkil qilingan tashkilot sifatida cherkovning nufuzini inkor qiladi. Bu narsa bir asrdan keyin uning asarlariga Lyuterning qiziqishini kuchaytiradi.

Rojer Bekon (1214—1292) ham Okkam oqimiga mansub bo’lgan. Lekin u ko’proq ilmiy tajribalarga e’tibor qaratgan. Ular asosida R. Bekon tajribaviy fanga asos soladi. Bu metod XVII asrda Frensis Bekon tomonidan ishlab chiqiladi. Haqiqatga tabiatni tajribaviy o’rganish orqali erishish yo’lini tanlagan bunday usul butunlay nominalistlarning qarashlariga mos keladi.

Nominalistlar bilan realistlar o’rtasidagi qarama-qarshilik jiddiy muammolardan bo’lib, sxolastikaning dastlabki davridayoq (1050 — 1150) ular o’rtasida keskin kurash ketgan. Bu davrda Anselm va Bernard boshchiligidagi realistlar ustunlikka erishganlar. Sxolastikaning ravnaqi davrida (1150— 1300) Foma Akvinskiyning mu’tadil realizmi nominalizm ustidan g’alab qozonadi. 1300 yildan boshlab, cherkov ilohiyotchilari tafakkurida nominalizm ustunlik qila boshlaydi. Nominalizm ayrim odam guruhga nisbatan realroqdir, deb insonga e’tiborni kuchaytiradi. Bu e’tibor Uyg’onish davri falsafasiga ta’sir ko’rsatadi hamda olamni bilishda tajribaviy usul afzal ekanligini tasdiqlashda katta ahamiyatga ega.

2.G’arbiy Yevropa Uyg’onish davrida ijtimoiy-falsafiy fikrlarning rivojlanish. Uyg’onish davri Yevropa XIV asrning ikkinchi yarmidan to XVII asrning boshlarigacha bo’lgan davrni o’z ichiga oladi. Renessans iborasi- qayta tirilish, ya’ni antik madaniyat, fan, falsafaning yangidan qayta tirilishi, jonlanishi ma’nosini anglatadi.

Bu davrga kelib, ko’pchilik mamlakatlarda asta-sekinlik bilan eski ishlab chiqarish munosabatlarining o’rniga yangi ishlab chiqarish munosabatlari kurtak shaklida vujudga kela boshlagan edi. Bu davrda, ayniqsa, Italiya eng taraqqiy etgan davlat bo’lgan.



Ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi bu o’zgarishlar, geografik va texnik kashfiyotlar Yevropa xalqining bu davrdagi ma’naviy hayotida ham tub o’zgarishlarga olib keldi. Jumladan, bu davrda cherkovning ma’naviy hokimiyati xristian dini negizida vujudga kelgan islohchilik harakatlari ta’sirida ham singdirilgan edi. Bu islohchilik harakatlarida feodalizm quroli bo’lgan rim katolik cherkovi ta’siridan qutulishga harakat qilayotgan, tobora mustahkamlanib borayotgan yangi tabaqalarning intilishlari aks etardi. Cherkov ma’naviy hokimiyatining zaiflanishiga faqat turli islohotchilik harakatlari ta’sir qilibgina qolmay, balki cherkov, din bilan hech qanday aloqasi bo’lmagan dunyoviy madaniyat va ma’naviyatlarning keng tarqalishi ham sabab bo’ldi. XIV asrlarda dastlab Italiyada vujudga kelgan bu yangi madaniyat gumanizm nomini oladi. Umuman gumanizm iborasi lug’aviy jihatdan insoniylik, degan ma’noni anglatadi. O’z mohiyati jihatdan bu madaniyat cherkov, ilohiyotga xos bo’lgan ma’rifatlilikka zid bo’lgan ma’rifatni anglatardi. Gumanistlar dunyoviy fanlarni cherkov sxolastik «olim»ligiga qarshi qo’yardilar. Keyinchalik bu oqim Yevropaning boshqa qator mamlakatlariga ham keng tarqaldi. Bu madaniyat badiiy adabiyot, tasviriy san’at, haykaltaroshlik, arxitektura va me’morchilik, fan va falsafada erishilgan ajoyib yutuqlarni o’zida mujassamlashtirgan edi. Bu madaniyatning eng asosiy mohiyatlaridan biri- asrlar davomida feodal zo’ravonlik va cherkov tomonidan inkor etilgan inson shaxsining manfaatlari va huquqlarini himoya qilgan gumanizm edi, chunki u har tomonlama rivojlangan inson shaxsi haqida gapirsa ham, butun xalqni nazarda tutmas edi. Balki uning ayrim, nisbatan cheklangan tabaqasi haqida gapirardi. Ikkinchidan, bu gumanizm insonni feodal zo’ravonlikdan, cherkov hukmronligidan ozod qilish haqida orzu qilsa ham, umuman, insonni ijtimoiy ozod qilish masalasini qo’ymagan, ya’ni keng mehnatkashlar ommasini ijtimoiy ozoddikka olib chiqishni xayoliga ham keltirmagan edi. Shuning uchun bu gumanizm o’z mohiyati jihatidan tor doiradagi gumanizm ediki, uning asosiy xususiyati invidualizm, raqobat kabi tamoyillardan iborat edi. Ammo shunga qaramasdan, madaniyatdagi bu yangi oqim o’sha davrda ilg’or tabiiy-ilmiiy va ijtimoiy-falsafiy fikrlar rivojlanishida katta ahamiyatga ega bo’ldi.

Bu davrda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ilmiy hayotdagi keskin o’zgarishlar o’z navbatida Uyg’onish davri falsafasining rivojlanish xususiyatlarini belgilab berdi. O’z mohiyati jihatdan bu falsafiy rivojlanish nisbatan ilmiy yo’nalishda bo’lib, uning asosiy maqsadi sxolastikaga tobora ko’proq zarba berish edi. Bu zarbaning mohiyati shundan iborat ediki, falsafa gumanistik madaniyatning tarkibiy qismlaridan biri bo’lib qolib, ilohiyotning xizmatkori bo’lishdan butunlay voz kechadi. Shuni ham qayd qilib o’tmoq kerakki, sxolastika hali ham cherkov tomonidan rasmiy tan olingan davlat falsafasi edi. Shuning uchun ham bu narsa Uyg’onish davri falsafasining eng katta yutug’i edi.



XV-XVI asrlardan fan tobora ilohiyot bilan o’z aloqasini uza boshlaydi. Asta sekin mustaqil rivojlanish yo’liga o’tib din, cherkovga qarshi chiqa boshlaydi. O’sha paytda jamiyatning ilg’or tabaqalari texnikaning nazariy asosi va diniy ideologiyaga qarshi kurashda qurol bo’lgan tabiatshunoslik rivojlanishidan manfaatdor edi. Chunki sanoatni rivojlantirish uchun fan kerak edi.

Uygonish davri madaniyati, mafkurasi va tafakkurining muhim tamoyil va an’analaridan biri-dunyoni teotsentrik (dunyo asosiga xudoni qo’yish) tushunishdan antropotsentrik (olamning asosiga odamni qo’yish) tushunishga o’tishdir. Bu jarayon murakkab, qarama-qarshi xarakterda bo’lib, u asta-sekinlik bilan turli shakllarda amalga oshgan.

Gumanizm insonning dunyodagi o’rni, mohiyati va vazifasi, borlig’ining mazmuni va maqsadi haqida o’ylay boshlashidan yuz beradi. Bu mulohazalar hamma vaqt aniq tarixiy va ijtimoiy sharoitlardan kelib chiqadi. Umuman, gumanizm ma’lum ijtimoiy va umummilliy manfaatlarni aks ettiradi. Uning mazmuni va maqsadi antik davr adabiyoti, san’ati, madaniyati va tillarini tarqatishdir.

Dante Alegeri (1265-1321) o’rta asrlarning so’nggi, yangi davrning birinchi shoiri sifatidagi ulkan siymodir. Dante o’zining gumanistik dunyoqarashini o’lmas asari «Komediya», «Ziyofat» va «Monarxiya» risolalarida bayon etgan. Uning adabiy va g’oyaviy ijodi bir butundir. Dante xristian dini aqidalarini o’zgarmas haqiqat, deb tan oladi. Lekin u ilohiy va insoniy munosabatlarni yangicha talqin qilardi. U bularning har ikkisini ham bir-biriga zid qo’ymaydi, balki ularni o’zaro birlikda deb biladi. Uningcha, xudoni insonning ijodiy kuchiga qarshi qo’ymaslik kerak. Inson ikki tomonlama: birinchidan, xudo tomondan, ikkinchidan, tabiat bilan sababiy bog’langan. Shunday qilib, insonni rohat-farog’atga ikki yo’l olib boradi: falsafiy «ta’lim» yoki inson tafakkuri va muqaddas ruhdan kelib chiquvchi «ma’naviy ta’lim». Insonda ilohiylikning mavjudligini tan olish, o’rta asr an’analaridan og’ish hisoblangan. Shuning uchun Dante Foma Akvinskiy tarafdorlari tomonidan tanqid qilingan. Dante gumanizmi tarkidunyochilik (asketizm)ga qarshi qaratilgan, inson kuchiga to’liq ishonch bilan sug’orilgan. Uningcha, inson o’z farovonligi uchun o’zi mas’ul. Bundagi hal qiluvchi omil boylik yoki meros qolgan nufuz emas, balki shaxsiy sifatlardir.

U o’zining «Monarxiya» asarida cherkovga qarshi qaratilgan siyosiy nuqtai nazarini ishlab chiqadi. Uningcha, cherkov faqat «mangulikka xos”, ya’ni «narigi dunyo» masalalari bilan shug’ullanishi kerak, dunyoviy masalalar esa odamlarning tashvishidir. Odamlarning bu sohadagi faoliyati baxtga, farovonlikka, mustahkam tinchlikka asoslangan ijtimoiy tuzumni qurishdir. Dante o’z gumanizmini ikki haqiqat haqidagi nazariya bilan uzviy bog’lagan mutafakkirlardan biri edi.

Franchiska Petrarka (1304-1379) «birinchi gumanist», «gumanizmning otasi», degan nomlar bilan mashhur bo’lgan. U xristian dinini tan oladi. U insonning faol, £zo’zini namoyon qilishi mumkinliga g’oyasini ilgari suradi. O’rta asr teotsentrizmiga qarshi chiqadi. Petrarka eng avvalo insonning ichki, axloqiy muammolariga e’tibor qaratadi. Bu narsa Uyg’onish davri individualizmining muhim belgisi edi. «Mening sirim», degan falsafiy asarda Petrarka insonning eng chuqur ichki ziddiyatlari va ularni bartaraf qilish yo’llarini ko’rsatadi. Petrarka ijodi inson quvonchi va intilishlarini to’la anglash, ularning dunyoviy xususiyatga ega ekanligani ko’rsatish bilan xarakterlanadi.

Nikolay Kuzanskiy dunyoqarashi. Uyg’onish davri yirik natur faylasuflaridan biri nemis kardinali Nikolay Kuzanskiy (1401-1464)dir. U o’rta asrlar va Uyg’onish davri oralig’idagi yangi davr tafakkuriga asos solgan birinchi mutafakkirlardan. Uning tabiat haqidagi va kosmologik ta’limoti din chegarasidan chetga chiqqan emas. U cherkovning yuqori pogona vakillaridan biri sifatida o’rta asr tartiblariga rioya qilgan. Lekin uning dunyoga va insonga bo’lgan qarashlari kelajakka qaratilgan edi. Bilish haqidagi qarashlari: hodisalarni mantiqiy solishtirish va farqlash yo’li bilan inson narsalar mohiyatini chuqur anglab yetadi, deydi. Lekin fikrlash ham to’liq bilish imkoniyatini bermaydi. Insonning eng oliy fikrlash qobiliyati-aql intuitiv bilishga ega. Aql tafakkur faoliyatidan yuqori turadi. Tafakkur narsaning cheklangan dunyosini bilishdan nariga va yuqoriga o’tolmaydi. Aqlning funksiyasi esa narsa va hodisalar mohiyatini oliy darajada bilishdir, cheksiz bilishdir. Tafakkur orqali dunyoning cheksiz mohiyatini bilish mumkin emas.

Kuzanskiy bilishning predmeti haqida «Ruhiy va hissiy ko’rish uchun faqat bitta ob’ekt bor. Ularning birinchisi ruhiy ko’rishdir, o’zida u qanday mavjudligini ko’radi, ikkinchisi esa, hissiy ko’rish- belgilar orqali qanday bilishni ko’radi. Yagona ob’ekt- bu imkoniyatning o’zi», - deb yozadi. Demak, bilishning yakka yo’li xudo. Hissiy qabul qilinadigan dunyo bilan ajralmas birlikda, deb talqin qilinadigan xudo. Hissiy bilish qobiliyati «qandaydir hissiy predmet»ga qaratiladi. Shu bilan birga u shunday ob’ektni faqat sezgiga ma’lum bo’lgan belgilar orqali biladi. Kuzanskiyning bu mulohazalari mohiyat va hodisa munosabatlari masalasini ham o’z ichiga oladi. Uning fikricha, aqliy-ratsionalistik bilish orqali narsalarning mohiyati anglanadi. Bu mohiyat, Kuzanskiy iborasicha, «o’zicha imkoniyat»ga, xudoga mos keladi. Narsalarning mohiyati - bu qarama-qarshiliklar mos keladigan cheksizlik bo’lganligi uchun, bilish jarayoni bu mos kelishlikni yoritib berishdan iborat. Bu cheklangan narsalarni bilishdan ularning cheksiz mohiyatini bilishga qarab, ko’tarilib boruvchi jarayondir.

Falsafa va fan rivojlanishiga katta hissa qo’shgan Uyg’onish davrining mutafakkirlaridan yana biri polyak olimi Nikolay Kopernik (1473-1543)dir. Ma’lumki, fan tarixida Kopernik o’zining fanda tub to’ntarish yasagan geliotsentrik ta’limoti bilan mashhur bo’lgan. Uning ta’limoticha, insonlar tomonidan kuzatiladigan Quyosh va yulduzlarning harakati aslida yerning o’z o’qi atrofida kundalik aylanishidan va Quyosh atrofida yillik aylanishidan iborat. Sayyoramizning markazi yer emas, quyoshdir. Uning bu ta’limoti 1543 yilda bosilib chiqqan «Osmoniy sayyoralarning harakati haqida» kitobida bayon qilinadi. U teotsentrik nazariyani inkor qilib, qadimda Aristarx Samosskiy tomonidan ilgari surilgan fikrni asoslab berdi. U o’z ta’limotini asoslash va Ptolomey ta’limotini rad qilishda falsafiy tafakkurga suyanadi. U hissiy bilishning rolini ilmiy talqin qiladi va tor empirizmning cheklanganligani ko’rsatadi. Uning fikricha, Ptolomeyning xatosi shundaki, u ehtimoliy xarakterga ega narsani haqiqiy narsa deb o’ylagan. Agar haqiqatan ham yer harakat qilsa, yerdaga odamga undan tashqaridagi hamma kosmik jismlar shunday tezlikda qarama-qarshi tomonga qarab harakat qilishi kerak edi. Ptolomey xuddi shunday ehtimol bo’lgan harakatni haqiqiy harakat deb tushungan va yer koinot markazida, harakatsiz, deydi. Haqiqiy va ehtimol bo’lib ko’ringan harakatni bir-biridan ajratish zarurligi tufayli Kopernik ko’rsatadiki, haqiqiy yillik harakat quyoshga emas, yerga oid. U shunday deydi: «Quyosh harakati bo’lib ko’ringan narsa uning harakatidan emas, balki yer va uning sferalari harakatidan kelib chiqadi. U bilan birga biz boshqa har qanday sayyora kabi Quyosh atrofida aylanamiz. yer bir necha harakatga ega. Bizga ko’ringan sayyoralarning harakati ular harakatidan kelib chiqmaydi, balki yer harakatidan kelib chiqadi. Harakatning o’zi samoda juda ko’p ko’rinib turgan tengsizliklarni tushuntirishga kifoya».

Shunday qilib, ilohiyotga nisbatan zarba eng kerakli paytda berilgandi. Kopernikning buyuk kashfiyoti dunyoga ilohiyot ruhida qarashga zarba berib, tabiatshunosliklda inqilob yasadi. Ma’lumki, bu kashfiyot muqaddas kitobning dunyo tuzilishi haqidagi o’zgarmas, deb tanilgan ta’limotiga berilgan zarba edi. Agar yer olamning markazi emas, balki Quyosh atrofida aylanuvchi sayyoralarning biri bo’lsa, unda dunyoni, koinotni maqsadga muvofiq xudo tomonidan odamlar uchun yaratilganligi haqidagi ta’limot asossiz bo’lib qoladi.

Kopernik xizmatlaridan biri shundaki, bevosita ko’rinib turgan narsa hamma vaqt haqiqat bo’lavermaydi. Kopernik bu bilan ilmiy bilish nazariyasini ishlab chiqishga yangicha turtki berdi. Uning nomi fan va falsafa tarixiga haqiqiy ijodkor olim sifatida muhrlandi. Butun o’rta asr reaksiya namoyondalari, birinchi navbatda papa «Kopernik kufriga» qarshi hujumga o’tdi. Uning kitobi kufrona asar hisoblanib, ta’qiq qilingan kitoblar ro’yxatiga kiritildi. Protestantlar ham geliotsentrik nazariyani tan olmadilar.

Kopernikning geliotsentrik nazariyasidan chuqur ilmiy xulosalar chiqargan mutafakkirlardan biri italiyalik Jordano Bruno (1548-1600)dir. 15 yoshida u dominikan monaxi edi. O’zining ilgor fikrlari uchun Bruno dahriylikda ayblanadi va cherkovdan haydaladi. U Italiyadan qochishga majbur bo’ladi va uzoq vaqt Shveysariya, Fransiya, Angliya va Germaniyada quvg’inda yuradi. 1592-yilda Bruno Italiyaga qaytib keladi, lekin inkvizitsiya tomonidan ushlanib turmaga tashlanadi. Qiynoqlarga qaramasdan, u o’zining ta’limotidan voz kechmaydi, natijada 1660 yilning 17-fevralida u Rimda Gullar maydonida gulxanda yoqib o’ldiriladi. Uning asosiy asarlari: «Kul ustida ziyofat» «Sabab, boshlang’ich va yagona narsa haqida», «Koinot va dunyoning cheksizligi haqida», «Monadalar, sonlar va figuralar haqida», «G’alaba qilayotgan yirtqichning quvg’in qilinishi», «Pegas siri» va boshqalar. U tabiatshunoslik yutuqlariga asoslangan holda Kopernik ta’limotining ilmiy ahamiyatiga yuqori baho beradi. Shu bilan birga Aristotel fizikasini tanqid qilib, bir necha muhim kosmologik va astronomik g’oyalarni ilgari suradi. Masalan, u koinotning cheksizligi va dunyolarning sanoqsizligini ko’rsatadi, quyosh va yulduzlarning o’z o’qi atrofida aylanishi mumkin, degan farazni ilgari suradi. Moddiy dunyo va uning qonunlarining ob’ektivligini ko’rsatadi. Bruno geliotsentrik nazariyani himoya qilish va targ’ib qilish bilan cheklanib qolmadi. U tabiatshunoslik tajribalarini hisobga olib bir necha muhim nazariy xulosalar qiladiki, ular falsafani yanada boyitdi.



Bruno ta’limoticha, haqiqiy falsafa ilmiy tajribaga, kuzatuvga suyanishi kerak. U bilimni dinga bo’ysundirishga qarshi chiqadi. Chunki ikki xil haqiqat nazariyasi maqsadga muvofiq emas, deb hisoblab, diniy haqiqatni inkor qiladi, faqat ilmiy haqiqatni tan oladi. U antik faylasuflarning an’analariga ergashib, koinot haqida yangi ilmiy konsepsiyani ishlab chiqdi. Uning ta’limoticha, Koinot yagona, moddiy, cheksiz va abadiy. Juda ko’p dunyolar Quyosh tizimidan tashqarida mavjuddir. Biz ko’rib turgan narsalar koinotning eng kichik bir qismidir. Yulduzlar bu boshqa sayyoralar tizimining quyoshidir. Yer-cheksiz dunyoning kichik bir zarrasi.

Demak, Bruno tabiiy-ilmiy qarashlarda Kopernikdan ilgarilab ketib, koinotning cheksizligi haqida fikr yuritadi. Kopernik esa koinotni chekli deb hisoblagan edi. Bruno Kopernik ta’limotini quyosh tizimining tuzilishi haqidagi bir necha to’g’ri g’oyalar bilan boyitdi. Brunoning qarashlari panteistik qobiqqa o’ralgan edi. Butun borliqning asosi, deb u yagona moddiy boshlang’ichni tushungan. U cheksiz ijodiy kuchga ega. Sxolastlar va ilohiyotchilarga qarama-qarshi Bruno tabiatni ulug’laydi. Uning fikricha, tabiat moddiy dunyo bo’lib, o’zidan hayotning son-sanoqsiz shakllarini ishlab chiqadi. Uning ko’rsatishicha, tabiat-bu narsalardagi xudo.



Bruno ta’limoticha, falsafaning vazifasi hamma tabiiy hodisalarning boshlang’ichi va sababi bo’lgan yagona substansiyani bilishdir. Sxolastikaga qarama-qarshi u tabiatda yagona moddiy substansiya mavjud, deydi. Moddiy substansiyaning asosiy xususiyati-yagonalik, boshlang’ichlik va sabablilik. Bruno ta’limoticha, boshlang’ich shunday narsaki, ichki tomondan narsalarning tuzilishini belgilaydi va oqibatda o’zi saqlanib qoladi.

Umuman, Bruno ta’limoticha, tabiat hamma moddiy va ruhiy hodisalarning yagona umumiy asosidir. Brunoning dialektika rivojlanishi to’g’risidagi fikrlari muhim ahamiyatga ega. U koinotning cheksiz va yagonaligida «qarama-qarshiliklarning mos kelishi» haqidagi dialektik fikrni olg’a surdi. U ayniqsa, qadimgi Yunoniston dialektigi Geraklitni juda ulug’laydi. Brunoning o’zida ham tabiatga dialektik yondoshish elementlari mavjuddir. Uning ta’limoticha, tabiatda hamma narsa: eng mayda zarracha- atomlardan tortib sanoqsiz koinotlargacha aloqada, harakatda bo’ladi.

Falsafa tarixida Brunoning bilish nazariyasi ham muhim ahamiyatga ega. Nufuz va dinga asoslangan qonunlarga qarama-qarshi qilib tajriba va aqlga tayangan haqiqatni qo’yish kerak. Brunoning ta’limoticha, bilimning mavzui tabiatdir. Brunoning bilish nazariyasicha, bilishning uch bosqichi mavjud. Ular hissiy bilish, aql va, intellektdan iborat. Sezgilar, uning ta’limoticha, qorong’ulik ko’zgusi. U tufayli narsalarning tashqi ko’rinishi bilinadi. Aqliy bilish tabiatni «ochiq derazalar» orqali bilishdir, lekin hali ham haqiqat oxiriga qadar ochib berilmaydi. To’liq haqiqat intellekt orqali bilinadi.

Bruno feodal jamiyatining haqiqiy tanqidchisi bo’lgan. Bu uning «Killen eshagi», degan asarida yaqqol namoyon bo’ladi. Bruno o’zining bu asarida o’rta asr sxolastikasini tanqid qilib, u narsalarning mag’zini yig’ish o’rniga so’z po’choqlarini yig’ish bilan shug’ullanadi, deydi. Uning cherkov va dinni tanqid qilishi uni kufrda ayblanishiga sabab bo’ldi. Shuning uchun ham reaksion ruhoniylar uni tiriklayin o’tda yoqishga hukm qildilar.



Galileo Galiley. Brunoning qarashlarini rivojlantirgan, ilmiy dunyoqarashning rivojlanishiga katta hissa qo’shgan mutafakkirlardan biri Galileo Galiley (1564-1641)dir. U qomusiy olim bo’lib, matematik, fizik, astronom, faylasuf, va san’atshunos edi.

Galileyning tabiatshunoslikdagi xizmatlaridan biri shuki, u harakat haqida hukmron bo’lgan o’rta asr sxolastik ta’limotni inkor qiladi. U o’z tajribalariga asoslangan holda yangi tajribaviy mexanikaga asos soldi. Jismlarning harakati doimiy kuch ta’siri natijasda doimiy harakat bilan amalga oshadi, deb o’ylardilar. Galiley esa, jismlarning harakati bir xil vaqt o’lchovida o’sha darajada oshib boradi, deydy. Uning ta’limoticha, birorta jismga berilgan harakat o’z-o’zidan yo’qolib ketmaydi, balki uni bironta tashqi predmet qabul qilmaguncha to’g’ri chiziq bo’ylab tekis harakat qiladi. Galileyning astronomiya sohasidagi kuzatishlari katta ahamiyatga ega edi. 1609 yilda u mustaqil ravishda teleskop yasaydi. Birinchi marta u tufayli osmon sirlarini bilish imkoniyati tug’iladi. Galiley Yupiter yo’ldoshlarini, quyosh yuzidagi dog’ni kashf qildi, Oy sathida chuqurlik va tog’lar mavjudligini aniqladi. Astronomiyada teleskopning kashf qilinishi fanda haqiqiy inqilob yasadi.

Galiley Kopernikning izchil tarafdori edi. Galileyning juda ko’p astronomik kashfiyotlari geliotsentrik nazariya foydasiga hal bo’ladi. Natijada bu masalalar faqat ma’lumotli odamlar o’rtasida emas, balki oddiy xalq o’rtasida ham keskin bahslashuvlarga sabab bo’ldi. Galileyni «Osmon Kolumbi» deb ataydilar. 1632 yili Galileyning «Dunyoning ikki asosiy tizimi-Ptolomey va Kopernik tizimi haqida dialog» asari nashr qilinadi. Dialogning asosiy mazmuni shunga kelib taqaladiki, natijada, kopernik tizimining ustunligi isbot qilinadi.

Galiley moddiy dunyoning ob’ektiv majudligini e’tirof etadi. Bu dunyo abadiy va cheksiz, mutlaq, yo’qolib ketmaydi, hech narsa, hech nimadan paydo bo’lmaydi. Faqat jismlar o’rtasida o’zgarish sodir bo’ladi. Galiley Yunoniston atomistlarining ta’limotini o’zgartiradi. Materiyaning butun xususiyati o’lchovsiz, sof miqdoriy elementlardan iborat. Uning harakati esa yagona, universal mexanik harakatdir. Materiya- bu borliqning imkoniyati emas, balki real borliqning o’zidir.

Galileyning bilish nazariyasi ham falsafa tarixida izchil rol o’ynadi. U sxolastlarning haqiqatni tanilgan nufuzlarning fikrini solishtirish bilan aniqlash mumkin, degan ta’limotini tanqid qiladi. Uning ta’limoticha, fanning asosi tajriba, «bizning ko’zimiz oldida ochiq bo’lgan ulug’ kitobda yozilgan» haqiqiy falsafadir. Bu kitob- koinot, tabiatdir. Uni o’qishni o’rganish kerak. Galiley ilmiy bilish erkinligining tarafdori bo’lgan. Galileyning fikricha, ikki kitob mavjud. Tabiat kitobi va najot kitobi. Bu bilan Galiley hukmron teologik dunyoqarashga bo’ysunadi. Uning fikricha, din ko’proq axloqiy ahamiyatga ega, aql din ishlariga aloqador emas. Lekin din ham ilmiy ishlarda e’tiborga ega emas. Xudo tomonidan tabiatga daslabki turtki berilgandan keyin, u o’z-o’zicha, o’zining o’zgarmas, tabiiy qonunlari bilan rivojlana beradi. Galiley haqiqatni nufuzli shaxslar matnlarini solishtirish bilan emas, balki tajriba bilan aniqlash mumkin, deydi. Haqiqatni bilish, Galiley ta’limoticha, moddiy jismlar va ular harakatining qandayligini, shaklini va miqdorini bilishdir. Lekin Galiley xatoga yo’l qo’yib, jismlar ta’m, rang, hid va boshqa xususiyatlarining ob’ektiv mavjudligini inkor qiladi. U materiyaning faqat miqdoriy xususiyatlarini ob’ektiv deb hisoblaydi.

Galileyning bilish nazariyasicha, sezgilar bilishning boshlanishidir, yuqori bosqichi esa aql faoliyati bilan tugallanadi. Miqdoriy hissiy tahlil uning ma’lumotlarini aqliy tiklash bilan davom ettiriladi. Galiley ta’limoticha, hodisalarni oddiy tavsiflash bilan to’xtamasdan, sababiy aloqalar, qonunlarni bilish darajasiga yetkazish lozim. Sababiy aloqani bilib olgandan keyin, noma’lum bo’lgan hodisalarni bilish mumkin. Galileyning ontologik va gnoseologik ta’limoti falsafa rivoji tarixida muhim ahamiyatga ega bo’ldi.

1 Mo’minov I.М. Tanlangan asarlar. 1-т. –Т., 1960.

Download 55.74 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling