6-sinf. Botanika 7-dars: gul


Download 290.5 Kb.
bet6/7
Sana20.10.2020
Hajmi290.5 Kb.
#134917
1   2   3   4   5   6   7
Bog'liq
6-sinf biologiya


Ikkinchi (moychechakdoshlar) oilacha to‘pgulining aksariyat qismini naychasimon gullar tashkil etadi. Faqat ayrim turlarda savatchaning atrofida soxta tilchasimon yoki voronkasimon gullar bo‘ladi. Bu oilachaga O‘zbekistonda keng tarqalgan shuvoq, tirnoqgul, kungaboqar, bo‘znoch, andiz, bo‘yimodaron kabi turkumlarning turlari kiradi. Turlarga boyligi jihatidan shuvoq turkumi oilachada alohida o‘tinda turadi.

Shuvoq turkumiga mansub o‘simliklar chorvachilikda o‘ziga xos o‘rinni egallaydi.

O‘zbekistonda shuvoqning 39 turi uchraydi. Bular bir yillik hamda ko‘p yillik o‘tlar va yarim butalardir.



Oq shuvoq, turon shuvog‘i (qora jusan), yovshan shuvoq kabi turlari O‘zbekistonda keng tarqalgan. Yozning quruq va jazirama kunlarida shuvoqda «yozgi tinim» davri boshlanadi. Kuz kelgach, shuvoqlar yana o‘sa boshlaydi. Sentabrning ikkinchi yarmida gullaydi. Shuvoq savatchalari ro‘vak xilidagi to‘pgulga o‘rnashgan. Savatchalarning har birida 5–7 tadan ikki jinsli tilsimon gullar bo‘ladi. Mevasi oktabrning oxiri yoki noyabrning boshida pishadi va to‘kiladi.

Cho‘l o‘tloqlaridagi shuvoqlar qorako‘1 qo‘ylari va tuyalarning kuzgi hamda qishki asosiy ozig‘idir. Shuvoqlarni o‘rib qish uchun xashak g‘amlanadi.

Shuvoqlar bebaho shifobaxsh o‘simlik hamdir. Bunga misol qilib, ermon shuvog‘ini ko‘rsatsa bo‘ladi. Uning bargi, poyasi va to‘pgulidan tayyorlangan dorilar ilmiy tabobatda kasalliklarni davolashda ishlatiladi.

Tabiiy holda uchraydigan dorivor o‘simliklarga bo‘yimodaron, bo‘znoch turkumining vakillari kiradi.

Gulzorlarda to qish kelguncha chaman bo‘lib ochilib turadigan qashqargul, xrizantema, qo‘qongul, kartoshkagul va dastargullar ham qoqio‘tdoshlarga mansub madaniy-manzarali o‘simliklardan hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, mazkur oilaning 13 turkumga mansub 50 turi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan. Ulardan 30 tasi karrak turkumiga mansub.



21-DARS: BIR URUG‘PALLALI O‘SIMLIKLAR SINFI
(LOLASIMONLAR)

Bir urug‘pallali o‘simliklar sinfiga 67 oilaga mansub 58000 ga yaqin tur kiradi. O‘zbekistonda esa ularning 700 ta turi o‘sadi.



Og3+3 Ch3+3 U(3)
21.1. Loladoshlar oilasi


Oila vakillari: Boychechak, xolmon, lola, olg`i

Loladoshlar oilasi dunyoning deyarli hamma qismidagi cho‘l, adir va tog‘larda o‘sadigan 250 turkum va 400 ga yaqin turni o‘z ichiga oladi. Ularga ildizpoyali, piyozboshli yoki tugunakli ko‘p yillik o‘tlar va qisman butasimon o‘simliklar kiradi.

Bu oila vakillarining barglari oddiy, butun, parallel yoki yoysimon tomirli, ko‘pchiligining shakli (qalami) nashtarsimon, tasmasimon yoki ellipssimon bo‘lib, poyada ketma-ket o‘rnashgan. Gullari to‘g‘ri, ikki jinsli, yakka-yakka yoki to‘pgulda joylashgan. Gulqo‘rg‘oni oddiy, ko‘pincha gultojsimon, 6 ta erkin yoki bir-biriga qo‘shilgan gulqo‘rg‘on bargchalaridan tashkil topgan. Changchilari ham 6 ta, 3 tasi tashqi, 3 tasi esa ichki halqada o‘rnashgan.

Urug‘chisi 3 ta. Mevasi ko‘sakcha yoki rezavor meva.

Bu oila vakillaridan biri lola turkumiga mansub qizil loladir. U aprelning oxiri – mayning boshlarida adir va tog‘larning quyi qismidagi yonbag‘irlarda ochiladigan yirik gulli o‘simlik. Bo‘yi 20-45 sm. Piyozboshli tuxumsimon yoki yumaloq. Barglari 3-4 dona, ustida to‘q binafsha rangli dog‘lari bor. Guli bitta, yirik, sarg‘ish-qizil, pastki qismi qora dog‘li. Changchi iplari qora, changdonlari sariq. Mevasi 3 chanoqqa bo‘linib ochiladigan ko‘sakcha.

Qizil lola urug‘idan va piyozboshidan ko‘payadi. Keyingi paytlarda odamlarning shafqatsiz ravishda yulishi va piyozboshilarining kavlab olinishi natijasida uning soni juda kamayib ketgan. Hozirgi vaqtda u muhofaza qilinadi va O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan. Uni yulish va piyozboshilarini kavlab olish qat’iy man qilingan. Shu bilan bir qatorda qizil lolani madaniylashtirish ustida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Botanika ilmiy-ishlab chiqarish markazida tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

O‘zbekistonda lolalarning 25 ta turi uchraydi. Ular bir-birlaridan gullarining rangi, katta-kichikligi, bargi, piyozboshi va mevasining shakli va boshqa belgilari bilan farq qiladi. Bularning hammasi ham O‘zbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan.

Bahorning birinchi darakchilari sifatida mart oyining boshlaridayoq boychechaklar unib chiqadi. Bular bo‘yi 10-15 sm keladigan, ingichka poyali va ingichka bargli, tubida piyozboshchasi bor ko‘p yillik o‘tlardir. Gullari sariq yoki och sariq. Guli va mevasining tuzilishi umuman lolanikiga o‘xshaydi. O‘zbekistonda boychechak turkumining 30 ga yaqin turi o‘sadi.

Shuningdek, loladoshlarga yovvoyi holda o‘sadigan olg‘i va xolmonlar ham kiradi.

Loladoshlar oilasiga mansub turlardan 25 tasi O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan. Ulardan 23 tasini lolalar tashkil etadi.



Og3+3Ch3+3 U1
21.2. Piyozdoshlar oilasi


Oila vakillari: Barcha turdagi piyozlar (anzur, gul, qum,matur piyozlari)

Bu oila vakillari Yer yuzida keng tarqalgan, faqat Avstraliyada uchramaydi.

Oila 32 turkumga mansub 750 turni o‘z ichiga oladi. Ular ko‘p yillik piyozboshli o‘simliklardan iborat. Barglari shishgan yoki yassi nashtarsimon, ipsimon, qalami, keng qalami, tasmasimon, ellipssimon, yaprog‘i butun yoki qirqilgan, bandsiz, pastki qismi novsimon. To‘pguli yoshligida qobiq bilan o‘ralgan. To‘pguli (soyabonsimon), asosan sharsimon va yarimsharsimon, ko‘p gulli. Gullari ikki jinsli. Gulqo‘rg‘oni oddiy, to‘g‘ri gultojsimon. Gultojbarglari 6 ta, qo‘shilmagan, ikki doirada joylashgan. Changchisi 6 ta, urug‘chisi 1 ta.

Quyida O‘zbekistonda keng tarqalgan bosh piyoz (osh piyoz) bilan tanishamiz.

Bosh piyoz piyozboshli ko‘p yillik o‘t. Piyozboshi asosan tuxumsimon va yumaloq shakllarda bo‘ladi. Qobig‘i qattiq, butun, qo‘ng‘ir, oqish va qizg‘ish rangli. Poyasi 100 sm gacha yetadi, qalin, yarmidan pastki qismi shishgan. Barglari ham shishgan. To‘pguli (soyaboni) sharsimon, zich, ko‘p gulli. Gulbandi gulqo‘rg‘onidan bir necha marta uzun. Gulqo‘rg‘oni yulduzsimon oqish-yashil rangli. Changchisi 3 ta. Bosh piyoz may-iyunda gullab, mevasi iyulda pishadi.

Piyozlarning xalq xo‘jaligidagi ahamiyati nihoyatda katta. Ular bevosita iste’mol qilinishidan tashqari turli oziq-ovqat mahsulotlari tayyorlashda ishlatiladi. Bosh piyoz fitonsidlarga juda boy. Shuning uchun undan dorivor o‘simlik sifatida turli kasalliklarni davolashda foydalaniladi.

Foydali, ayniqsa dorivorlik xususiyatlariga ko‘ra sarimsoq piyoz bosh piyoz bilan yonma-yon turadi.

Tabiiy holda o‘sadigan turlari orasida iste’mol qilinadiganlari ham ko‘p. Bularga pskom piyozi, oshanin piyozi, mador piyoz (matur), qum piyoz, anzur piyoz kabilar kiradi.

Bulardan tashqari tabiatda barglari va to‘pgullari nihoyatda chiroyli turlarni ko‘plab uchratish mumkin. Gul piyoz, cho‘chqaquloq piyoz, suvorov piyozi, nor piyoz va qo‘shbarg piyozlar xushmanzara turlardan hisoblanadi.
Og(2)+2 Ch3,6 U1
21.3. Bug‘doydoshlar (boshoqdoshlar) oilasi


Oila vakillari: Ajriq, g`umay, bug`doy, chayir ajriq, javdar, makkajo`xori, oqjo`xori, piyozli arpa, qamish, qo`ng`irbosh, barcha turdagi arpalar, savag`ich, sholi, tak-tak, tariq, xarduma

Bu oilaga Yer sharidagi quruqlikning deyarli hamma qismida tarqalgan 600 turkum va 10 000 ga yaqin turga mansub bir yillik, ikki yillik va ko‘p yillik o‘tlar, qisman daraxtsimon o‘simliklar kiradi. O‘zbekistonda bug‘doydoshlarga mansub 91 turkumga kiruvchi 271 tur o‘simlik o‘sadi.

Bug‘doydoshlarning ildizi qo‘shimcha ildizlar yig‘indisidan tashkil topgan popuk ildiz tizimli. Poyasi silindrsimon, tik o‘sadi, bo‘g‘imlarga bo‘lingan. 100 – (150 – 200). Bug‘doydoshlarga mansub o‘simliklar poyasi poxol yoki somon poya deb ataladi.

Barglari oddiy, ikki qator bo‘lib bo‘g‘imlarda o‘rnashgan. Barg ikki qismdan: poyani o‘rab olgan pastki qismdan – barg qinidan va qayrilgan qayishsimon, nashtarsimon, tuxumsimon yoki bigizsimon shaklli barg yaprog‘idan iborat. Barg yaprog‘ining tagida tilcha yoki uning qindan ajralgan yerida kichkina, yupqa, pardasimon o‘simta bo‘ladi. U tilcha deb ataladi. Tilcha yomg‘ir paytida, barg qinining ichiga suv kirishidan saqlaydi.

Gullari mayda, rangsiz, ko‘kimtir, boshoqchalarda joylashgan. Boshoqchalar esa 1–10 yoki undan ko‘p gulli bo‘lib, o‘z navbatida murakkab boshoq, so‘ta, ro‘vak sulton kabi to‘pgulga yig‘ilgan. Gullari ikki jinsli yoki bir jinsli. Har bir boshoqcha ostidan ikkita (ostki va ustki) boshoqcha qipig‘i bilan o‘ralgan. Uning ichida ikki gul qipig‘i bilan o‘ralgan gulning asosiy qismi – changchilar va urug‘chi o‘rnashgan. Gul qipig‘ining boshoqcha o‘qidan chiqqan etli va kattarog‘i ostki gul qipig‘i, uning qarshisidagi gulbanddan chiqqan, kichikroq, nozik va mayini ustki gul qipig‘i deyiladi. Changchilari ko‘pchiligida 3 ta, ba’zan 2 ta yoki 6 ta. Urug‘chisi bitta, tumshuqchasi 2-3 ta bo‘lib, patsimon shoxlangan. Mevasi quruq, bir urug‘li dondir.

Adirning yuqori va tog‘ning o‘rta qismida joylashgan yalangliklarda bo‘yi 50-150 sm keladigan piyozli arpa o‘sadi. Uni javdar, xarduma, tak-tak, tog‘arpa deb ham atashadi.

Bu tur respublikamiz tabiiy pichanzorlarini hosil qiluvchi o‘simliklardan biridir.

O‘zbekistonda oilaning tabiiy holda tak-tak, g‘umay, qo‘ng‘irbosh, ajriq, qamish kabi turlari o‘sadi.

O‘zbekistonda begona o‘t – g‘umayni bilmaydigan odam kam. G‘umay jo‘xori turkumiga oid, bo‘yi 50-150 sm keladigan ildizpoyali ko‘p yillik o‘t. U asosan sug‘oriladigan ekinlar orasida, ayniqsa, paxtazorlarda ko‘p o‘sadi, hosildorlikka katta zarar keltiradi.

Ko‘pchilikka tanish bo‘lgan begona o‘tlardan yana biri chayir ajriqdir. U uzun va sershox ildizpoyali ko‘p yillik o‘t.

Poyonsiz cho‘l va adirlarda joylashgan qorako‘lchilik yaylovlarida o‘sadigan yem-xashak o‘simliklardan biri qo‘ng‘irbosh turkumiga mansub o‘simliklardir. O‘zbekistonda qo‘ngirbosh turkumiga mansub 26 ta tur o‘sadi. Bularning hammasi ham chorvachilikda katta ahamiyatga ega bo‘lgan yem-xashak o‘simligi hisoblanadi.

Oziq-ovqatning asosiy manbalaridan biri va qadim zamonlardan beri ekilib kelinadigan o‘simlik – bug‘doy, sholi, tariq, makkajo‘xori va oqjo‘xorilar ham bug‘doydoshlar oilasiga mansubdir.

Bug‘doydoshlar oilasidan faqat 2 ta tur O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan.

22-DARS: O‘ZBEKISTONNING O‘SIMLIK BOYLIGI

Respublikamiz o‘simliklarga nihoyatda boy. Ular cho‘llarda, to‘qaylarda, adirlarda, tog‘larda va yaylovlarda tarqalgan.



22.1. Cho‘l va to‘qay o‘simliklari

O‘zbekiston hududining juda katta qismini cho‘llar tashkil etadi.

Cho‘lda qum uyumlari, sho‘r, gipsli va toshli tuproqlar katta maydonlarni egallaydi. Har bir tuproqning o‘ziga xos o‘simliklari va ular hosil qiladigan o‘simlik qoplami bor.

Qizilqumdagi qum uyumlarida tashqaridan qaraganda o‘simlik yo‘qdek ko‘rinadi. Aslida esa u yerda o‘ziga xos bir yillik, ko‘p yillik o‘t-o‘simliklar, buta va saksovul kabi daraxtlar o‘sadi.

Qumliklarda saksovul, turli sho‘ralar (sag‘an, qumtariq), juzg‘un, selin, iloq va boshqalar birgalikda o‘sadi. Ular o‘sishi bilan bir qatorda ko‘chma qumlarni mustahkamlaydi.

Kuzda va bahorda yog‘gan yomg‘irdan keyin qumliklarda o‘simliklarning urug‘i unib chiqadi. Ko‘p hollarda yosh nihollar bahorda kunlar isishi bilan qurib qoladi. Saqlanib qolganlari esa o‘sib, meva beradi. Qumliklarda o‘sadigan o‘simliklar suvni uzun ildizi orqali qum orasidagi namlikdan va tunda tushadigan shudringdan oladi. Qumliklarda o‘sishga moslashgan o‘simliklardan biri juzg‘undir.

U ayniqsa ildiz tizimi yaxshi taraqqiy etganligi bilan ajralib turadi. Uning yoniga o‘sgan ildizlari hatto 30 m gacha taraladi.

Iloq ko‘p yillik ildizpoyali o‘t bo‘lib, qumning ustki qatlamiga mayda yon ildizchalari bilan yopishib oladi. Qum yuzasiga asosan uning kalta (15–20 sm) poyasi, 7–10 ta ingichka barglari chiqib turadi.

Qumliklarda o‘sadigan o‘simliklar turlarining ko‘p yoki kamligi kuz va bahorning quruq yoki seryog‘in kelishiga bog‘liq.

Cho‘llardagi turli darajada sho‘rlangan tuproqli yerlarda tanasi turli shiraga boy bo‘lgan seret baliqko‘z, qizil sho‘ra, sarsazan, qorabaroq kabi o‘simliklar o‘sadi. Ustyurtga o‘xshagan tuprog‘i gipsga boy joylarda qora boyalich, buyurg‘un, shuvoq singari o‘simliklar uchraydi.

Cho‘l o‘simliklari qorako‘1 qo‘ylar, tuyalar va boshqa cho‘l hayvonlari uchun oziq manbai hisoblanadi.

To‘qay deganda, daryo bo‘ylaridagi sernam yerlarda joylashgan turli daraxt, buta va o‘tlardan tashkil topgan chakalakzorlar tushuniladi. To‘qaylar daryo suvlari bilan chambarchas bog‘langan. O‘zbekistondagi eng katta to‘qaylar Sirdaryo bilan Amudaryo bo‘ylarida joylashgan.

To‘qaylarda ham xilma-xil o‘simliklar o‘sadi. U yerlarda keng tarqalgan namsevar o‘tlardan qamish, ro‘vak, shirinmiya, qo‘g‘a, yantoq; daraxt va butalardan esa turang‘il, yulg‘un, tol, jiyda kabilarni ko‘rsatish mumkin. To‘qaylardagi o‘simliklar bir tekis tarqalmagan.

Shuni ham aytish kerakki, Sirdaryo bilan Amudaryo suvlari kamayishi bilan uning bo‘yidagi o‘rmon va to‘qaylar ham ancha qisqarib ketgan. Ayniqsa so‘nggi yillarda daryolar suvidan insoniyat noto‘g‘ri foydalanishi tufayli qamish, shirinmiya, turang‘il kabilarning maydonlari tobora qisqarib bormoqda.

To‘qaylarning mohiyati benihoya katta. Birinchi navbatda, ular o‘ziga xos o‘simliklar qoplamiga ega. To‘qaylar daryo sohillarini (qirg‘oqni) yemirilishdan saqlaydi, chorva mollari uchun oziq manbai hisoblanadi, cho‘llarning quruq havosini ma’lum darajada yumshatadi va uni kislorod bilan boyitadi. Bulardan tashqari, to‘qaylar turli mo‘ynali va boshqa foydali hayvonlarni saqlash va ko‘paytirish uchun ham zarur.



22.2. Adir, tog‘ va yaylov o‘simliklari

Dengiz sathidan 1200–1600 metrgacha balandlikka ko‘tariladigan adirlar cho‘llarga qaraganda tuproq unumdorligi, iqlimining nisbatan yumshoqligi va o‘simliklar turiga boyligi bilan farq qiladi.

Adirlarda bir yillik, ko‘p yillik o‘tlar hamda butalar keng tarqalgan. Bular orasida bo‘yimodaron, ermon, andiz, isfarak, itqo‘noq, shirach, qo‘ziquloq, oqquray, marmarak, partak, beh, kakra va boshqalar bor.

Adir o‘simliklariga xos xususiyatlardan yana biri shuki, ularning ko‘pchiligi tuproqda chim hosil qiladi va uni turli xil nurashdan (suv, yomg‘ir, shamol eroziyasidan) saqlaydi.

O‘zbekistondagi adirlarda asosan lalmi ekinlar (arpa, bug‘doy, no‘xat), sug‘oriladigan yerlarda esa mevali daraxtlar (olma, nok, yong‘oq, bodom, pista) va tok o‘stiriladi. Shuningdek, adirlarda chorva mollari ham boqiladi.

O‘zbekistondagi tog‘lar, asosan Tyan-Shan va Pomir-Oloy tog‘ tizmalarida joylashgan. Boshqacha qilib aytganda, tog‘lar Farg‘ona vodiysi atroflarida, Toshkent, Samarqand, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hududlaridan keng o‘rin olgan. Dengiz sathidan 1200–1600 metrdan


2700–2800 metrgacha baland bo‘lgan joylar tog‘larga kiradi.

Tog‘larda o‘rmon hosil qiladigan daraxtlar bilan bir qatorda o‘tloqlar va butazorlar ham keng tarqalgan. Tog‘ o‘rmonlari, ayniqsa mevali daraxtlarga juda boy. U yerlarda yong‘oq, olma, tog‘olcha, do‘lana, bodom, qatrong‘i, nok kabi mevali daraxtlar bilan bir qatorda archa, terak, qayin va kamxastak kabi daraxtlar ham ko‘plab uchraydi. O‘zbekistondagi tog‘larda yong‘oq va archadan tashkil topgan o‘rmonlar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Tog‘lardagi o‘rmonlarning deyarli hammasida ko‘plab butalar (na’matak, uchqat, zirk, tobulg‘i, irg‘ay), ko‘p yillik va bir yillik o‘tlar o‘sadi.

Tog‘larda chorva mollari boqiladi. O‘zbekiston tog‘lari keng iste’mol qilinadigan mevali daraxtlarga va boshqa foydali (dorivor, oziq-ovqat) o‘simliklarga nihoyatda boy. Eng yaxshi oromgohlarimiz ham tog‘larda joylashgan.

Tog‘ o‘simliklari muhofazaga molik turlarga (lola, shirach, kovrak, piyozlar) boyligi bilan ajralib turadi.

Tog‘larning eng yuqori qismida, ya’ni dengiz sathidan 2700–2800 metr balandda yaylovlar joylashgan. Yaylovlarga yozda mollar o‘tlaydigan katta-katta tekisliklar va uning yuqorisida joylashgan qorli cho‘qqilar kiradi. Yaylovlardagi o‘simliklarning aksariyatini ko‘p yillik o‘tlar tashkil etadi. Bu yerda o‘sadigan butalarning bo‘yi juda past bo‘ladi, chunki u yerning havosi nihoyatda sovuq bo‘lib, qish-u yoz kuchli shamol esib turadi. Shuning uchun ham yaylovlarda tog‘lardagiga o‘xshagan yirik daraxtlar bo‘lmaydi.

Yaylovlarda yer bag‘irlab o‘sadigan archa va irg‘ay, na’matak, uchqat kabi past bo‘yli butalarni, toron, shuvoq, sutlama, sug‘uro‘t, betaga, sanchiqo‘t, yunona kabi ko‘p yillik o‘tlari, yastiq hosil qilib o‘sadigan kirpio‘t (qiziltikan) va zirako‘t kabilarni ko‘plab uchratish mumkin. Yaylovlardan asosan o‘tloq va pichanzor sifatida foydalaniladi.

Shunday qilib, O‘zbekistonda tarqalgan o‘simliklar xilma-xil bo‘lib, turli mintaqa (cho‘l, to‘qay, adir, tog‘, yaylov)da va sharoitda o‘sishga moslashgan.

23-DARS: O‘SIMLIKLAR VA ATROF-MUHIT

Fuqarolar atrof, tabiiy muhitga ehtiyotkorona
munosabatda bo‘lishga majburdirlar.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. 50-modda.


23.1. O‘simliklar dunyosiga ekologik omillarning ta’siri

O‘simliklarning hayoti tashqi muhit bilan uzviy bog‘langan. Tashqi muhitning o‘simlik hayot faoliyatiga ta’sir etuvchi ayrim tarkibiy qismiga ekologik omil deb ataladi. Ekologik omillar yig‘indisi o‘z navbatida o‘simliklarning yashash sharoiti, ya’ni ularning tashqi muhitini belgilab beradi.

Ekologik omillar abiotik va biotik guruhlarga ajratiladi.

Abiotik omillarga o‘lik tabiatning tarkibiy qismlari kiradi. Ulardan eng muhimlari tuproq, harorat, suv, yorug‘lik va havodir. Biotik omillarga tirik tabiatning tarkibiy qismlari kiradi. Bularga bakteriyalar, zamburug‘lar, hayvonlar va o‘simliklar kiradi. Tuproq o‘simliklarning yashash muhiti hisoblanadi. Ularni suv va mineral ozuqa moddalar bilan ta’minlaydi.

Yorug‘lik va harorat ta’sirida o‘simlikda fotosintez, nafas olish, o‘sish, urug‘ning unishi va mevalarning pishishi kabi muhim hayotiy jarayonlar sodir bo‘ladi.

Suv o‘simlik organizmi umumiy vaznining 60–90% qismini tashkil etadi. Sitoplazmadagi suvli muhitda o‘simlik hujayrasining asosiy hayotiy jarayonlari kuzatiladi. Suv oqimi bilan ozuqa moddalarning harakati ham amalga oshadi. O‘simliklar suv bilan ta’minlanishiga ko‘ra bir necha ekologik guruhlarga bo‘linadi.

Yorug‘lik yashil o‘simliklar uchun juda zarur, chunki faqat yorug‘likda fotosintez jarayoni boradi. O‘simliklar yorug‘likka munosabatiga qarab, soyasevarlar, yorug‘sevarlarga ajratiladi.

Havo gazlar aralashmasidan iborat bo‘lib, ular orasida o‘simlik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan kislorod va karbonat anrigrid gazi bor. Karbonat angidrid fotosintez jarayonida o‘zlashtiriladi, kislorod esa nafas olish uchun zarur. Shamol ham o‘simliklarning suv bug‘latishi hamda ba’zi o‘simliklarning changlanishi, urug‘ va mevalarning tarqalishida katta rol o‘ynaydi.

Biotik omillar. O‘simliklar hayotiga tirik organizmlar ham ta’sir etadi. Tuproqdagi turli organizmlar, jumladan, bakteriyalar tuproqda erkin yashab havo tarkibidagi azotni o‘zlashtirib, tuproq tarkibini unumdor qilishda, dukkakli o‘simliklar ildizida yashovchi tugunak bakteriyalar o‘simliklarni ozuqa bilan ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi. Bundan tashqari tuproqdagi mikroorganizmlar ta’sirida organik moddalar parchalanadi. Parchalangan moddalarni yashil o‘simliklar o‘zlashtiradi.

O‘simliklar bir-biriga ijobiy va salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, yorug‘sevar o‘simliklar soyasevar o‘simliklarga sharoit yaratsa, zarpechak, devpechak, shumg‘iya kabi parazit o‘simliklar ayrim yovvoyi va madaniy o‘simliklarning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Archa, qarag‘ay, terak va boshqa o‘simliklar o‘zidan uchuvchan moddalar (fitonsidlar) ajratib chiqaradi. Ajralgan moddalar ko‘pchilik zararli mikroorganizmlarni holdan toydiradi va hatto nobud qiladi.

O‘rta Osiyo cho‘llaridagi o‘simliklar qoplamiga yumronqoziq va qo‘shoyoqlar katta talafot ko‘rsatadi. Cho‘lning eng muhim o‘simligi hisoblangan iloqning 60% ini yumronqoziqlar yeb qo‘yar ekan. Ma’lum bo‘lishicha, qo‘shoyoq uyasidan qo‘ng‘irboshning 1240 g og‘irlikdagi piyozboshi zaxirasi topilgan.

Shunday qilib, o‘simliklar hayoti tashqi muhitning ayrim ekologik omillari ta’sirida bo‘ladi. O‘simliklar turlarining kamayishiga va yashash sharoitiga inson bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

23.2. O‘simliklarga odam faoliyatining ta’siri

Odamlar xo‘jalik faoliyatida o‘simliklar dunyosiga juda katta ta’sir etadi. Ularning o‘simliklarga ta’sirini ijobiy va salbiy ta’sirlarga ajratish mumkin. Ijobiy ta’sirlarga katta maydonlarda xilma-xil madaniy o‘simliklarni ekishi va yuqori hosil olishi, o‘rmonlarni tiklash, ochiq joylarga daraxtlar ekish, shahar va qishloqlarni ko‘kalamzorlashtirish kabilar kiradi. Salbiy ta’sirlarga o‘rmonlarni kesish, o‘simliklarni ildizi, tugunagi va ildizpoyasi bilan yig‘ish va o‘rish, mol boqish, suv omborlari qurish, yangi yerlarni o‘zlashtirish, tashqi muhitni zararli kimyoviy moddalar bilan ifloslanishi kabilar kiradi.

Odamlarning o‘simliklarga salbiy ta’sirlari natijasida Yer yuzida o‘simliklar qoplami qisqarib, turlar tarkibi kamayib bormoqda. Ma’lumotlarga qaraganda hozirgi vaqtda dunyoda o‘rmonlarning umumiy maydoni 50% ga qisqarib ketgan.

O‘zbekiston o‘rmon xojaligi fondi maydoni 9119 ming gektar bo‘lib, uning o‘rmon bilan qoplangan maydoni 2776 ming gektarni tashkil etadi. Tog‘ yonbag‘irlaridagi o‘rmonlarni kesish ancha kuchaygan, shuning uchun hukumatimiz tashabbusi bilan yog‘ochbop terakzorlarni ko‘paytirish umumxalq harakati boshlab yuborildi.

Insonning suvdan noto‘g‘ri foydalanishi oqibatida Orol dengizining sathi pasayib ketdi, natijada zaharli chiqindilar bilan ifloslangan tuproq o‘simliklarga salbiy ta’sir etmoqda. Daryo bo‘ylaridagi to‘qaylar quriy boshladi. Ilgarigi hosildor o‘tloq va pichanzorlarning mahsuldorligi keskin o‘zgardi.

O‘rmonlar yong‘inlardan va suv bosishlardan ham katta zarar ko‘radi.

Chorva mollarini beto‘xtov boqish oqibatida foydali o‘tlar kamayib, ular o‘rnini chorvachilik uchun foydasiz o‘simlik turlari egallamoqda, ayniqsa, tekisliklardagi o‘tloqzorlarda sun’iy suv omborlari qurilib, o‘simliklar qoplamiga katta zarar keltirilmoqda.

Inson dorivor o‘simliklardan keng foydalanadi. Hozirgi davrda dorivor o‘simliklarning 1500 dan ortiq turidan dunyo miqyosida foydalaniladi. Kelajakda ularning turlari yana ham ortadi. Shuning uchun ham ba’zi bir dorivor o‘simliklar doimiy ravishda yig‘ilishi natijasida ularning zaxiralari kamayib ketmoqda.

Shunday qilib, odamlarning o‘simliklar dunyosiga ta’siri natijasida ko‘pchilik o‘simliklar kamyob yoki yo‘qolib borayotgan turlarga aylanmoqda.

23.3. O‘simliklar dunyosini muhofaza qilish

Yer, yer osti boyliklari, suv, o‘simlik va hayvonot dunyosi hamda
boshqa tabiiy zaxiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona
foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. 55-modda.

Mustaqil Respublikamiz hukumati muntazam ravishda o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish masalasiga e’tibor berib kelmoqda. Shu munosabat bilan tabiatni, shu jumladan, o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish borasida respublikamizda qator tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, Respublikamizda Tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi 1997-yil 26-dekabrda o‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqladi. Kamyob o‘simliklarni asrab-avaylash maqsadida hukumat qarorlari asosida O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobini nashr etish yo‘lga qo‘yildi. O‘simliklar dunyosini muhofaza qilish bilan bir qatorda ulardan oqilona foydalanish va mahsuldorlikni oshirish, qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Shu jumladan, o‘rmonlardan foydalanish va o‘rmon xo‘jaliklari ishi ilmiy asosda yo‘lga qo‘yildi.

Yaylovlar O‘zbekiston hududida 22,8 mln gektar maydonni tashkil etadi. Hozirgi davrda o‘tloqlardagi 700 ga yaqin yovvoyi o‘simliklar o‘rganilib, ulardan oqilona foydalanish usullari ishlab chiqilmoqda. Bunda tabiiy o‘tloqlarning hosildorligini oshirish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Sayyoramizda biologik xilma-xillikni saqlash maqsadida turli mamlakatlarda odamlarning tabiatga salbiy ta’sirini cheklash maqsadida maxsus muhofazaga olingan hududlar tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda ana shunday hududlarga respublikamizdagi qo‘riqxonalar, buyurtmaxonalar, milliy bog‘lar va tabiat yodgorliklari kiradi.



Qo‘riqxonalar – tabiiy holda tabiatning barcha tarkibiy qismlari muhofaza qilinadigan maydon. Ularning asosiy vazifasi o‘simlik va hayvonlarning ayrim turlari, hamjamoalari ayniqsa, kam va yo‘qolib borayotgan turlarni o‘rganishga, ularni muhofaza qilishga alohida e’tibor berishdan iborat.

Buyurtmaxonalar – tabiatning ayrim bir burchagidagi hayvonlar yoki o‘simliklar qoplami, ayrim o‘simlik turlari va boshqalar saqlanadigan joy. Masalan: ovchilik, baliqchilik, o‘rmonchilik va boshqa buyurtmaxonalar.

Milliy bog‘lar – tabiiy landshaftlarning (noyob o‘simliklar va hayvonot turlari, o‘ziga xos o‘simliklar hamjamoalari) muhofaza qilinadigan maydon. Milliy bog‘lar qo‘riqxonalardan farq qilib, ulardan aholi dam olish, sog‘lomlashtirish va estetik zavq olish maqsadlarida foydalanadi.

Tabiat yodgorliklari – milliy, madaniy va tarixiy jihatdan tabiatning ayrim qismlarini muhofaza qilish uchun tashkil etiladi. Ularga ayrim asrdosh, kamyob daraxtlar, g‘orliklar, buloqlar, sharsharalar, tarixiy obidalar va boshqalar kiradi.

Shunday qilib, hozirgi davrda insoniyat oldida biologik xilma-xillikni saqlashdek muhim ekologik muammolar vujudga keldi.



Download 290.5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©fayllar.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling